Mazkur xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlar ishtirokidagi nizolarni sudda ko‘rishning ayrim jihatlari
Yurtimizda islom moliyasini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida” gi qonun 2022-yil 20-aprel kuni qabul qilindi, qonun bilan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatishi belgilandi.
Mazkur qonunning 4-moddasida islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar deganda islomiy moliyalashtirishni amalga oshirish standartlarini belgilovchi xalqaro tashkilotlarning qoidalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan tartibda ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar tushunilishi belgilandi1.
2024-yil 26-iyul kuni Adliya vazirligi “Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi 3536-nizomni ro‘yxatga oldi. Ushbu nizom bilan qonunchilikda birinchi marta islomiy ijara, islomiy moliya masalalarini muvofiqlashtiruvchi maxsus kengash, nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish (murobaha), oldindan to‘lovga asoslangan moliyalashtirish (salam), foydani taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (muzoraba), sherikchilik – foyda va zararlarni taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (mushoraka) kabi tushunchalarga ta’rif berildi2.
Biroq yurtimizda uzoq yillardan islomiy lizing xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan tijorat tashkilotlari mavjud bo‘lib, ular faoliyatida ayrim huquqiy muammolar uchramoqda.
Misol uchun, islomiy lizing kompaniyasi xususiy korxona bilan 2022-yil 1-aprel kuni lizing shartnomasini tuzgan. Shartnomaga ko‘ra islomiy lizing kompaniyasi xususiy korxonaga bir dona avtokranni keyinchalik sotib olish sharti bilan lizingga berish, javobgar esa uni qabul qilib olish va lizing to‘lovlarini to‘lab borish majburiyatini olgan. Biroq shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarni javobgar lozim darajada bajarmagani, jumladan lizing to‘lovlari vaqtida to‘lanmagani sababli islomiy lizing kompaniyasi tumanlararo iqtisodiy sudga xususiy korxonaga nisbatan da’vo bilan murojaat qilgan. Da’voda taraflar o‘rtasidagi shartnomani bekor qilish, 704 mln so‘m asosiy qarz undiruvini lizing obyektiga qaratish va xususiy korxona hisobidan islomiy lizing kompaniyasiga 53 mln so‘m boy berilgan foyda va 26 mln so‘m penya undirish so‘ralgan.
Sud nizoni mazmunan hal etishda Fuqarolik kodeksining nizoga taalluqli normalari, jumladan lizing shartnomasini tartibga soluvchi qoidalari (34-bob, 6-paragraf), amaldagi “Lizing to‘g‘risida” gi qonun, Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2015-yil 27-noyabr kungi “Lizing munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik normalari iqtisodiy sudlar tomonidan qo‘llanilishining ayrim masalalari haqida”gi 289-qarori va boshqa huquq normalariga asoslangan.
Tumalararo iqtisodiy sudning hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilgan, taraflar o‘rtasidagi lizing shartnomasi bekor qilingan, xususiy korxona hisobidan islomiy lizing kompaniyasiga 703 mln so‘m asosiy qarz, 53 mln so‘m boy berilgan foyda va sud xarajatlari undirilgan, undiruv 1 mlrd 715 mln so‘mga baholangan avtokranga qaratilgan, da’voning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan3.
Yana bir misol. Islomiy lizing kompaniyasi va mas’uliyati cheklangan jamiyat o‘rtasida 2021-yil 1-iyul kuni lizing shartnomasi imzolangan. Shartnomaga ko‘ra, kompaniya jamiyatga umumiy qiymati 1,8 mlrd so‘mlik ekskavatorni 36 oy muddatga lizingga berish, jamiyat esa har oyda belgilangan jadval asosida lizing to‘lovlarini to‘lab borish majburiyatini
olgan, lizing obyekti dalolatnoma asosida javobgarga topshirilgan. Biroq jamiyat lizing to‘lovlarinin vaqtida to‘lamagan, natijada kompaniya sudga murojaat qilib, 98 mln so‘m asosiy qarz, 25 mln so‘m lizing to‘lovi, 195 mln so‘m muddati kelmagan lizing to‘lovi hamda 60 mln so‘m penya undirishni so‘ragan.
Sud nizoni hal etishda Fuqarolik kodeksining nizoga taalluqli normalari, jumladan lizing shartnomasini tartibga soluvchi qoidalari (34-bob, 6-paragraf), amaldagi “Lizing to‘g‘risida”gi qonun, Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2015-yil 27-noyabrdagi “Lizing munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik normalarini iqtisodiy sudlar tomonidan qo‘llanilishining ayrim masalalari haqida”gi 289-qarori, Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 163-qarori va boshqa normalarga asoslangan.
Tumanlararo iqtisodiy sudning hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilgan, taraflar
o‘rtasida tuzilgan lizing shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilingan, jamiyat hisobidan kompaniyaga 98 mln so‘m asosiy qarz, 25 mln so‘m lizing to‘lovi, 198 mln so‘m muddati kelmagan asosiy lizing to‘lovi, 21 mln so‘m penya va sud xarajatlari undirilgan, da’voning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan. Penya undirishda sud shartnomadan kelib chiqib penya to‘g‘ri hisoblanganini e’tirof etgan holda Fuqarolik kodeksining 326-moddasida belgilangan va Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2007-yil 15-iyundagi 163-qarori 4-bandida mustahkamlab qo‘yilgan sudning neustoyka miqdorini kamaytirish huquqidan kelib chiqib, penya miqdorini kamaytirgan.
Yuqorida keltirilgan misollardan O‘zbekistonda islom moliyasi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish zaruriyati mavjudligini ko‘rish mumkin.
Jumladan, mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishda neustoyka undirishni takomillashtirish lozimligi anglashilmoqda.
Fuqarolik kodeksining 259-moddasiga muvofiq majburiyatning bajarilishi neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik, kafolat, zakalat hamda qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ta’minlanishi mumkin. Ushbu kodeksning 260-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, qonunchilik yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorga to‘lashi shart bo‘lgan pul summasi neustoyka hisoblanadi.
Islom moliyasida neustoyka masalasi bo‘yicha o‘ziga xos qarashlar mavjud. Jumladan, Muhammad Taqiy Usmoniyning fikricha, moliyaviy lizing bitimlarida ijara haqini muddatidan
kechiktirib to‘lagani uchun mijozdan undirilgan jarima kelgusida lizing beruvchining daromadiga qo‘shiladigan bo‘lsa, shariatda joiz hisoblanmaydi. Chunki ijara haqi muddati o‘tgandan so‘ng mijozning qarziga aylanadi va unga qarzdorning hukmi amal qiladi.
Qarzini kechiktirgan qarzdordan undirilgan har qanday to‘lov Qur’oni karimda taqiqlangan ribo hukmida bo‘ladi. Ushbu imtiyozni ayrim mijozlar o‘z manfaatlari yo‘lida suiiste’mol qilmasliklari uchun muqobil yechimni yo‘lga qo‘yish mumkin. Misol uchun, agar mijoz ijara haqini kechiktiradigan bo‘lsa, undan ma’lum bir miqdor mablag‘ni xayriya jamg‘armasiga o‘tkazishni talab qilishi mumkin. Olim lizing shartnomasiga quyidagi bandni kiritishni taklif etadi: “Ijaraga oluvchi ijara haqini belgilangan muddatda to‘lamasa, lizing beruvchi boshqaradigan xayriya jamg‘armasiga yiliga foiz miqdorida hisoblanadigan jarimani to‘lab beradi. Bu to‘lovlar shariat ruxsat bergan maqsadlarda faqat xayr-ehson ishlariga yo‘naltiriladi va hech qachon lizing beruvchining daromadiga qo‘shilmaydi”4.
O‘zbekistonda esa islom moliyasi sohasida xizmatlar ko‘rsatilayotganda neustoyka shartnomada qayd etilgan yoki etilmagan holatlar mavjud.
Fuqarolik kodeksining 263-moddasiga muvofiq neustoyka to‘lash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganidan qat’i nazar kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni to‘lashni talab qilishga haqli. Qonuniy neustoykaning miqdori agar qonun taqiqlamasa, taraflarning kelishuvi bilan ko‘paytirilishi mumkin.
“Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasi birinchi qismida to‘lov talabnomasi akseptini asossiz ravishda butunlay yoki qisman rad etganlik, shuningdek hisob-kitobning boshqa shakllarida tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini to‘lashdan bosh tortganlik (bank muassasasiga to‘lov topshiriqnomasini taqdim etmaganlik, chek bermaganlik, akkreditivni taqdim etmaganlik va h.) uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) mahsulot yetkazib beruvchiga o‘zi to‘lashni rad etgan yoki bosh tortgan summaning 15 foizi miqdorida jarima to‘lashi, moddaning ikkinchi qismida esa yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashi belgilangan.
Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2002-yil 4-martdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunini iqtisodiy sudlar amaliyotida qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 103-qarori 10-bandida berilgan tushuntirishlar mazmuniga ko‘ra xo‘jalik shartnomasida shartnoma intizomini buzish uchun javobgarlik belgilangan bo‘lsa, taraflarning javobgarligi shartnomaga asosan qo‘llanadi.
Shuningdek, shartnomada shartnoma intizomini buzish uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan bo‘lsa, faqat shu holat uchun javobgarlik qo‘llanadi. Shartnomada ko‘zda tutilmagan shartnoma intizomini buzish holatlari uchun esa javobgarlik qonunning 5-bobi moddalariga asosan qo‘llanishi lozimligi ko‘rsatilgan5.
Ushbu qoidalardan kelib chiqib, taraflar o‘rtasidagi shartnomada neustoyka kelishilmagan hollarda sudlarning Fuqarolik kodeksining 263-moddasi va “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan neustoykani undirishi amaliyoti mavjud.
Bu esa islom moliyasining ayrim ishtirokchilarining qonun hujjatlarida berilgan huquqlarni suiiste’mol qilishiga imkoniyat yaratib berishi mumkin. Shu sababli amaldagi “qonuniy neustoyka” tushunchasiga o‘zgartirish kiritish va shartnomada taraflar neustoyka undirmaslikka kelishgan taqdirda qonuniy neustoyka haqidagi qoidalar qo‘llanmasligini belgilash lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda islom moliyasida neustoykani qo‘llash orqali taraflarning shartnoma intizomiga rioya etishini mustahkamlash bo‘yicha ham ayrim masalalar mavjud.
Islom moliyasi xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan tuzilgan shartnomalarda neustoyka masalasi ko‘zda tutilgan, ammo taraflar shartnoma shartlariga rioya etmagan hollarda neustoyka qo‘llamagan holatlar bor. Biroq amaliyotda soliq idoralari shartnomada nazarda tutilgan, lekin hisoblanmagan va undirilmagan neustoykaga penya hisoblagan.
Mazkur masalaning yechimi sifatida qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritish taklif etiladi. Joriy qonunchilik doirasida esa islom moliyasiga asoslangan xizmatlarni ko‘rsatish haqidagi shartnomalarning penya undirishga oid qismida penya undiriladigan xayriya fondini aniq ko‘rsatish tavsiya etiladi.
Islom moliyasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda yuzaga kelayotgan navbatdagi muammo undiruvni garov mulkiga qaratish bo‘yicha oldinga surilgan takliflarga6 qo‘shimcha tarzda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 19-avgust kuni mamlakatimiz tadirkorlari bilan uchrashuvdagi nutqida ham aksini topdi. Uchrashuvda garov mulkini sotishdan oldin baholash haqidagi normani qonunchilikka joriy etish lozimligi bildirildi7.
Islom moliyasiga asoslangan xizmat ko‘rsatish shartnomasidan kelib chiqqan nizolar bo‘yicha boy berilgan foydani undirish haqidagi talabni sudlarda ko‘rish tartibga solinishini kutayotgan masalalardan biridir.
Yuqoridagi birinchi misolda islom moliyasiga asoslangan shartnomadan kelib chiqqan nizo bo‘yicha islomiy lizing kompaniyasi boy berilgan foydani undirishni so‘ragan va sud boy berilgan foydani kompaniyaga undirish yuzasidan hukm chiqargan.
Fuqarolik kodeksining 324-moddasi uchinchi qismida boy berilgan foydani aniqlashda kreditor tomonidan uni olish uchun ko‘rilgan choralar va shu maqsadda ko‘rilgan tayyorgarlik hisobga olinishi belgilangan8.
Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2007-yil 15-iyundagi 163-qarorining 19-bandi ikkinchi xatboshisida ololmay qolgan daromadning miqdori (boy berilgan foyda), agar majburiyat bajarilganida kreditor qilishi lozim bo‘lgan oqilona xarajatlarni hisobga olib aniqlanishi shartligi, xususan, xomashyo yoki butlovchi buyumlarni yetkazib bermaslik natijasida ololmay qolgan daromad tarzidagi zararni qoplash haqidagi talab bo‘yicha bunday daromadning miqdori ushbu tovarlarning xaridorlari bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan tayyor mahsulotlarni sotish bahosidan kelib chiqqan holda, yetkazib berilmagan xomashyo yoki butlovchi buyumlar qiymati, transport-tayyorlash xarajatlari va tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlarni chegirib tashlash yo‘li bilan aniqlanishi zarurligi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
Biroq islom moliyasi sohasidagi mutaxassislarning bildirishicha, boy berilgan foydani talab qilish shariat qoidalariga zid hisoblanadi9. Shuningdek bu haqida Muhammad Taqiy Usmoniy o‘zining “Islom moliyasiga kirish” asarida ham to‘xtalib, faqatgina real zararni undirish mumkinligini bildirgan.
Qayd etilganlarga ko‘ra, amaldagi qonunchilikka quyidagi qo‘shimchalarni kiritishni taklif etamiz.
1. Bugungi kunda sudlarda ko‘rilayotgan islom moliyasiga oid ko‘plab nizolar lizing shartnomasidan kelib chiqayotgan nizolar ekani, lekin qonunchilikda “islomiy lizing va islomiy lizing tashkiloti” tushunchasi mavjud emasligini inobatga olib, amaldagi lizing to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga “islomiy lizing va islomiy lizing tashkiloti” tushunchasini kiritish lozim.
Buning uchun Fuqarolik kodeksining moddalariga va amaldagi “Lizing to‘g‘risida”gi qonunga quyidagi qo‘shimchani kiritish taklif etiladi:
“Islomiy lizing – islom shariati qoidalariga va O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga mos lizing turi. Islomiy lizing tashkiloti faqat islomiy lizing bilan shug‘ullanuvchi tijorat tashkilotidir. Islomiy lizing tashkilotining faoliyati, uni soliqqa tortish masalasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi”.
2. Islom moliyasida neustoyka ko‘proq tarbiyaviy ahamiyatga ega. Shu sababli islom moliyasiga asoslangan xizmatlarni ko‘rsatish shartnomasida taraflar neustoykani ko‘rsatmasliklari yoki ko‘rsatgan taqdirda uni undirmasliklari mumkin.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 263-moddasida nazarda tutilgan qonuniy neustoykani ham talab qilishi mumkin. Shu tufayli taraflar o‘rtasidagi shartnomada neustoyka qo‘llamaslik haqida kelishuv bo‘lgan taqdirda Fuqarolik kodeksining 263-moddasida ko‘rsatilgan qonuniy neustoyka haqidagi qoidalar qo‘llanmasligi haqida qonunchilikka o‘zgartirish kiritish va Fuqarolik kodeksining 263-moddasi ikkinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etish taklif etiladi:
“Qonuniy neustoykaning miqdori agar qonun taqiqlamasa, taraflarning kelishuvi bilan ko‘paytirilishi, kamaytirilishi yoki qonuniy neustoyka umuman qo‘llanmasligi mumkin”.
3. Islom moliyasiga asoslangan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalardan kelib chiqqan nizolarni sudda ko‘rish jarayonida da’vodagi boy berilgan foydani undirish haqidagi talabni rad etish yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish lozim.
Jumladan, Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2007-yil 15-iyundagi 163-qarorining 19-bandi ikkinchi xatboshisini quyidagi norma bilan to‘ldirish taklif etiladi:
“Islom moliyasiga asoslangan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalardan kelib chiqqan nizolarni sudda ko‘rish jarayonida da’vodagi boy berilgan foydani undirish haqidagi talab rad etiladi”.
4. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda neustoykani kamaytirmaslik holati mavjud.
Oliy sud plenumining 1999-yil 24-sentabrdagi “Fuqarolik kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 16-qaroriga quyidagi qo‘shimchani kiritish lozim bo‘ladi:
“Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga muvofiq sud qarzdor tomonidan majburiyatlarning bajarilish darajasini, majburiyatda ishtirok etuvchi taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek
kreditorning manfaatlarini e’tiborga olib, neustoyka miqdorini kamaytirishga haqli. Shu bilan birga sudlar shuni e’tiborga olishlari lozimki, neustoykaning eng kam miqdori Fuqarolik kodeksining 327-moddasida ko‘rsatilgan foizlar miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak”.
Mirkomil MIRMAQSUDOV,
mustaqil tadqiqotchi
1 “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonun//O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik maʻlumotlari milliy bazasi-www. lex.uz sayti.
2 “Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom// O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik maʻlumotlari milliy bazasi-www.lex.uz sayti.
3 public.sud.uz saytidan olindi.
4 Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy “Islom moliyasiga kirish” T; 2023-yil, 201-202-b.
5 Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2002-yil 4-mart kungi “O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunini iqtisodiy sudlar amaliyotida qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 103-qarori // O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik maʻlumotlari milliy bazasi-www.lex.uz.
6 М. Мирмақсудов. Ислом молиясидан келиб чиқадиган низоларни Ўзбекистон Республикасида ҳал этишнинг ҳуқуқий асослари// “Одил судлов” журнали, 5/2024 й.
7 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvdagi nutqi///https://president.uz/oz/lists/view/7481.
8 O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi // O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik maʻlumotlari milliy bazasi-www.lex.uz sayti.
9 “Islom moliyasi” telegram kanali, 2024-yil 11-may kungi savol-javob.