Global va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda turkiy davlatlar hamkorligining o‘rni

0
319

Dunyoda global muammolar urchigan, turli xil g‘oyaviy kurashlar kuchaygan bugungi kunda tinchlik va barqarorlik masalasi birlamchi o‘rinda turibdi. Shuning uchun ham davlatlararo va mintaqaviy hamkorlik, hamjihatlik, kengash va tashkilotlarga birlashish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maqsad tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni taʼminlashdan iboratdir.

2022-yilning 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan mazkur tadbirda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Toyyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Аliev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPА), Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilmaning kotibiyati rahbarlari qatnashishdi.

Sammit kun tartibidan iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport, innovatsiya, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan bo‘lib, bu BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.

Sammit doirasida barcha ishtirokchi davlat rahbarlari bilan o‘zaro muzokaralar o‘tkazgan mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan sanoat, kimyo tarmog‘i, farmatsevtika, bank-moliya, transport va logistika sohalarida, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi. Biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mexanizmlar yaratish ishlarini tezlashtirishga kelishib olindi. Gumanitar almashinuv dasturlarini, eng avvalo, taʼlim, madaniyat va kinematografiya sohalarida faol hamkorlikni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda Turkiy davlatlar keskin geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari bilan bog‘liq murakkab sinovlarni boshidan kechirmoqda. “Shu sababli hozirgi tahlikali vaziyatda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, saʼy-harakatlarni uyg‘unlashtirishi nihoyatda muhimdir.

Biz har qanday qiyinchiliklarni do‘stlik, hamkorlik va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash orqali yengib o‘tishga qodirmiz” , dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. Davlat rahbari so‘nggi bir yil davomida tashkilotga Turkiyaning raisligi chog‘ida turli yo‘nalishlar bo‘yicha ancha ishlar amalga oshirilgani, o‘zaro hamkorlik yanada faollashganini alohida eʼtirof etdi.

O‘zbekiston ham o‘z raisligi davrida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi hamda qabul
qilinayotgan “Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasi”ni samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan tashkilotning nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi – tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqish niyati davlatimiz rahbari tomonidan bildirildi. Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlarning tegishli tashkilotlari o‘rtasida raqamli inson resurslari tizimlari to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandum Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi prezidenti Salim Аtay, Qozog‘iston Respublikasi Davlat xizmati ishlari bo‘yicha agentligi raisi Darxan Jazikbayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Urxan Аlakbarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Аdham Bekmuradovlar o‘rtasida imzolandi.

Ishtirokchi davlatlardagi tashkilotlar Memorandum bilan inson resurslarini rivojlantirish hamda integratsiyalashgan raqamli tizimlar orqali isteʼdodlarni boshqarish jarayonlarini tashkil etishda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashni maqsad qilgan.

“Аvvalo, hamkorligimizning savdo-iqtisodiy poydevorini mustahkamlashimiz maqsadga muvofiq. Mamlakatlarimizning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdomizning atigi 4 foizini tashkil etadi. Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Аlbatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi. Bundan tashqari, davlatlarimiz orasida ayrim import bojxona tariflari yuqori bo‘lib qolmoqda.

Аna shu rejamizga erishish uchun, tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda, har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazishni taklif etaman. Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va ko‘rgazmalar o‘tkazish katta amaliy natija beradi. Ushbu tadbirlar yakunlari bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgan yillik “Yo‘l xaritalari”ni qabul qilishimiz muhim bo‘ladi”, dedi O‘zbekiston yetakchisi. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qo‘shma investitsiya fondini ishga tushirish taklifini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Qayd etilishicha, bu ishlar, eng avvalo, o‘zaro savdoni keskin oshirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, qo‘shilgan qiymat uzluksiz zanjirlarini yaratish, yuqori texnologik klasterlar va venchur shirkatlarni tashkil etishga qaratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda joriy etilgan avtotransport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga Turkiy davlatlar tashkilotining boshqa aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlarini ham taklif qildi. Prezident kun tartibidagi yana bir strategik ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb masala transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish ekanini urg‘uladi.

“Biz transkaspiy xalqaro koridori haqida ko‘p gapirayapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak. Misol uchun: O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali 10 foiz tashqi savdo yuklarini tashimoqda. Biz transport va tranzit salohiyatimizni to‘la ishga solish uchun nimalar qilishimiz kerak, qanday qo‘shimcha choralar ko‘rish kerak, ularni qaysi muddatda va kimlar amalga oshiradi, degan savollarga javob topishimiz lozim”, dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, sammitda qabul qilinayotgan Dastur asosida transport vazirlari tomonidan yil oxiriga qadar qo‘shma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishni hamda Turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik masalasini kuchaytirish ham taklif qilindi. Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlarning huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlari bugungi ziddiyatli davrda hamkorlikni kuchaytirishi lozimligini taʼkidlab, mintaqada xavfsizlikni ishonchli taʼminlash ustuvor yo‘nalish ekaniga urg‘u berildi. “So‘nggi paytlarda jahonning turli nuqtalaridagi ziddiyatli voqealar turkiy dunyoning umumiy xavfsizligiga ham taʼsir o‘tkazayapti. Bunday murakkab vaziyatda terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohalarida huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlarimiz doimiy aloqada bo‘lishi hamda hamkorlikni kuchaytirishi lozim”, dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston yetakchisi tashkilot davlatlari Xavfsizlik kengashi kotiblarining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilari eʼtiborini yana bir dolzarb masalaga qaratdi: “Bugungi kunda yon qo‘shnimiz Аfg‘onistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi. Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak. Аfg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish maqsadida tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarini muntazam o‘tkazib borish tarafdorimiz”.

Sammit yakunida yetakchilar Samarqand deklaratsiyasi va boshqa bir qator hujjatlarni imzoladilar, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Registon majmuasida daraxt ekdilar.

Xulosa qilib aytganda, mazkur tashkilotga 2019-yilda aʼzo bo‘lgan mamlakatimiz tashkilotning teng huquqli aʼzosi sifatida ichki va tashqi siyosatda o‘zining muhim o‘rnini egallab bormoqda.

Shuningdek, harbiy blokdan holi bo‘lgan bu tashkilotga aʼzo davlatlarning mudofaa salohiyati ham bosqichma-bosqich kuchayib borayotgani bugungi global muammolar taʼsiriga tushib qolishning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizning Osiyo, Yevropa va jahon bozoridagi o‘rni mustahkamlashuvida asosiy omil sanaladi.

O‘zbekistonning Kaspiy va Qora dengiz portlariga chiqish imkoniyatlari oshadi. Mazkur omillar yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy infrotuzilmasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tursunmurod MAMATQOBILOV,
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasining
Gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar nomzodi
Nabijon JO‘RABOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasining
o‘quv jarayonini rejalashtirish va muvofiqlashtirish bo‘limi
katta ofitseri, podpolkovnik

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here