HomeMaqolalarFiribgarlikni tergov qilish va fosh etishda organlar hamkorligi

Firibgarlikni tergov qilish va fosh etishda organlar hamkorligi

Hozir xususiy mulkka ehtiyoj va qiziqish ortishi bilan firibgarlik jinoyatining turi ham ko‘paymoqda. Ushbu jinoyatlarni tez va to‘la ochishda tergov organlari hamda tezkor qidiruv organlarining hamkorligi muhim rol o‘ynaydi. Jinoyatni ochish samaradorligini ta’minlash uchun tergovchi va surishtiruv organlariga zarur protsessual vakolatlar berilgan.

Ichki ishlar organlarining tergovchilari firibgarlikka oid jinoyat ishlari yuzasidan dastlabki tergovni olib boradi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 168-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan firibgarlik jinoyati alomatlari bo‘yicha surishtiruv organi surishtiruv harakatlarini amalga oshiradi1.

Firibgarlikni tergov qilish jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga muvofiq ichki ishlar organlari tergovchilarining vakolatiga berilgan bo‘lsa-da, uni fosh etish va jinoyatchilarni qidirish choralarini ko‘rish tezkor bo‘linmalar va ichki ishlar organlari vazifasi hisoblanadi.

Tergovchi protsessual lavozimiga ko‘ra tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishga va ularda ishtirok etishga haqli emas. Bundan tashqari, tergovchi maxsus tayyorgarlikka ega emas. Biroq bu holatlar tergovchining tergovga noma’lum va ma’lum bo‘lgan shaxslar va narsalarni qidirishga qaratilgan harakatlarni mustaqil amalga oshirish huquqini cheklamaydi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonun, Bosh prokuraturaning idoraviy normativ hujjatlari, tezkor-qidiruv va jinoiy-protsessual faoliyat doirasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi nizomlar asosida o‘zaro munosabatlarning huquqiy asoslari shakllanadi.

O‘zaro hamkorlikning tashkiliy asoslari jinoyatchilikka qarshi kurashda nazariya (kriminalistika, tezkor-qidiruv) va amaliyotga ko‘ra ishlab chiqilgan. Bular yuqorida ko‘rsatilgan idoraviy normativ hujjatlar bilan belgilanadi.

Eng keng tarqalgan tashkiliy choralarga:

• tergovchiga, surishtiruvchiga tergov yoki surishtiruv davomida yoki alohida tergov harakati yoki bir qator tergov harakatlari davomida tezkor-qidiruv bo‘linmalari xodimlari yordam ko‘rsatishi, shuningdek ularga tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishni topshirish;

• turli maqsadlarda va tarkibda tezkor-tergov guruhlarini tuzish;

• jinoyatlar to‘g‘risidagi arizalarni (xabarlarni) tekshirish va ko‘rib chiqishda, shuningdek ularni fosh etish hamda tergov qilishda protsessual harakatlarni, tezkor-qidiruv, tashkiliy va boshqa tadbirlarni kelishilgan holda rejalashtirish va o‘tkazish;

• voqea joyini ko‘zdan kechirish ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlardan foydalangan holda jinoyatchilarni “issiq ta’qib”da qidirishni birgalikda tashkil etish;

• ish bo‘yicha ular to‘plagan ma’lumotlarni birgalikda muhokama qilish uchun xabardor qilish, versiyalarni ilgari surish, ularning eng samaralisini protsessual va operativ-qidiruv yo‘li bilan tekshirish usulinibelgilash kiradi.

Tezkor-qidiruv faoliyati natijalari hali dalil emas. Tezkor vositalar bilan olingan ma’lumotlar, agar ular tergov harakatlari davomida tekshirilgan va baholangan bo‘lsa, daliliy qiymatga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun tezkor-tergov guruhi o‘zarohamkorlikning bosh asosini tashkil qiladi.

O‘zaro ta’sirning asosiy vazifalari:

• jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish jarayonida tezkor tergov harakatlari va tezkor qidiruv faoliyatini ta’minlash;

• jinoyatlarni har tomonlama va xolisona tergov qilish, ularni sodir etgan shaxslarni o‘z vaqtida fosh etish va jinoiy javobgarlikka tortish, shuningdek yashirin jinoyatchilarni qidirish choralarini ko‘rish;

• mulkchilik shaklidan qat’i nazar, fuqarolar va tashkilotlarga aybdorlarning jinoiy harakatlari bilan yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Firibgarlikni aniqlash va tergov qilishda tergovchilar va tezkor xodimlar o‘rtasida to‘g‘ri tashkil etilgan hamkorlik quyidagilarga imkon beradi:

• o‘zaro ta’sir subyektlarining (tergovchilar va tezkor xodimlar) vakolatlaridagi farq qiluvchi imkoniyatlardan optimal foydalanish;

• aniqlash, oshkor qilish, tergov qilish, oldini olish va oldini olishning ommaviy (protsessual va protsessual bo‘lmagan) usullarini birlashtirish;

• yashirin (tezkor-qidiruv) vositalar va usullardan foydalangan holda jinoyatlarning oldini olish;

• jinoyatlarning oldini olish, ularga chek qo‘yish va fosh etish, ularni sodir etgan shaxslarni qidirish bilan bog‘liq muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qilish va ularga nisbatan jinoyat qonunida nazarda tutilgan majburlov choralarini darhol qo‘llash;

• firibgarlikni amalga oshirishga yordam beradigan sabablar va shartlarni aniqlash va bartaraf etish.

Huquqiy va maxsus adabiy manbalarni ilmiy tahlil qilish ularning ro‘yxatini quyidagi tarkibiy qismlar bilan kengaytirish imkonini berdi:

• ishtirokchilar tomonidan uning maqsad va vazifalarining o‘zaro ta’sirini aniq tushunish;

• tergovchilar va surishtiruv organlarining protsessual mustaqilligi, protsessual faoliyatiga aralashmaslik, ularga noqonuniy ta’sir ko‘rsatishga chek qo‘yish;

• o‘zaro hamkorlik ishtirokchilari va uning tashkilotchilari hamda boshqaruvchilari tomonidan qonuniylik talablariga rioya etilishi;

• tergovchilar va tezkor bo‘linmalar xodimlari o‘rtasida vakolatlarning aniq taqsimlanishi;

• jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yishda tergovchilar va tezkor bo‘linmalar ixtiyoridagi kuch va vositalardan kompleks foydalanish;

• o‘zaro hamkorlik jarayonida foydalaniladigan protsessual, tezkor-qidiruv, axborot va boshqa faoliyat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etmaslik;

• surishtiruv, tezkor-qidiruv, tashkiliy va qonun hujjatlari bo‘yicha faoliyat yurgizgan hamkorlarning boshqa harakatlarini kelishilgan holda rejalashtirish va amalga oshirish;

• o‘zaro bog‘liq ishtirokchilar, tashkilotchilar va rahbarlarning uzluksiz axborot almashuvi;

• dastlabki tergov jarayonida o‘zaro harakatni protsessual nazorat qilish va hamkorlikni protsessual boshqarish;

• hamkorlikni idoraviy nazorat qilish va uni idoraviy boshqarish;

• tergovchi va tezkor bo‘linmalar rahbarlarining tergov harakatlari, shuningdek tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishi va natijalari uchun shaxsiy javobgarligi;

• jinoyat ishi bo‘yicha qaror qabul qilingunga qadar tashkiliy faoliyat, jinoyatlarni tergov qilish va fosh etishda o‘zaro hamkorlikning doimiyligi;

• uning ishtirokchilari va rahbarlari tomonidan ish jarayonida qonunlarning ijro etilishi ustidan prokuror nazorati2.

Tergovchi va tezkor xodimga ajratilgan vazifalar ularni qonun va idoraviy normativ hujjatlarda belgilangan vakolatlar doirasidan chiqarmasligi lozim. Tergovchi tezkor-qidiruv faoliyatida ishtirok etishga haqli emas.

Tergovchi ko‘rib chiqilayotgan ish bo‘yicha, tezkor xodim tergovchining mutlaq vakolatiga kiruvchi tergov harakatlarini, masalan, ayblov e’lon qilish va ayblanuvchini so‘roq qilish kabi harakatlarni amalga oshirishi mumkin emas.

Tergovchi va tezkor xodimlar ixtiyorida bo‘lgan kuch va vositalardan kompleks foydalanish, birinchidan, o‘zaro hamkorlik muayyan vaziyatlarni hisobga olgan holda barcha shakllarda amalga oshirilishini ko‘rsatadi; ikkinchidan, tergov harakatlari va tezkor-qidiruv faoliyati ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashning yagona usulidir.

O‘zaro harakat jarayonida kuch va vositalardan foydalanishda kompleks yondashuv samara beradi. Tergovchi va tezkor xodimlarning jinoyatni ochish harakatlari bir-birini to‘ldirishga qaratilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasidagi ma’lumotlar asosida tergovchi jinoyat ishi qo‘zg‘atadi.

O‘zaro hamkorlikni tashkil etish boshqaruv subyektlari – ichki ishlar organi boshlig‘i, tergov bo‘limi va kriminalist bilan bog‘liq, ular quyidagi ishlarni qilishga majburdirlar:

a) firibgarlik belgilarini o‘z vaqtida va faol aniqlash, ushbu jinoyatlarning oldini olish, fosh etish va tergov qilish uchun sharoit yaratish;

b) ichki ishlar organlari bo‘linmalarining firibgarlikni fosh qilishga tayyorligini ta’minlash;

v) navbatchilik bo‘linmalari, tezkor xodimlar, tergovchilar va boshqa xizmatlar xodimlarining firibgarlik to‘g‘risida ma’lumot olingandan keyin bir kun ichida firibgarlikni fosh etish va tergov qilish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish;

g) jinoyat ishining dastlabki bosqichining keyingi uch kunida firibgarlik jinoyatlarini fosh etish va tergov qilishni tashkil etish.

Firibgarlik to‘g‘risidagi ariza olingandan so‘ng darhol samarali harakatlarni boshlash uchun tezkor xodimlar va tergovchilarning tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratish lozim.

Tergovchi va tezkor xodimning hamkorligini tashkil etish tezkor vositalar bilan olingan materiallardan foydalanish hamda tezkor-qidiruv faoliyati natijalari masalasi bilan chambarchas bog‘liq.

“Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga muvofiq tezkor-qidiruv faoliyati natijalaridan faqat tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun foydalanadi3.

Tezkor-qidiruv faoliyati materiallari jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladi. Jinoyat ishi o‘z yurituvida bo‘lgan surishtiruv, tergov organlariga, prokurorga tergov harakatlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish uchun taqdim etiladi. Shuningdek, bu materiallardan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi normalariga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha isbot qilishda foydalanilishi mumkin.

Tezkor-qidiruv tadbirlarining natijalari Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq tekshirilgani va baholanganidan so‘ng dalil sifatida e’tirof etilishi mumkin.

Shunday qilib, materiallardan foydalanishni yo‘lga qo‘yishda o‘zaro hamkorlikni tashkil etish mohiyatan ushbu materiallarni surishtiruvchi organ tomonidan tergovchiga topshirish uchun tayyorlash va qo‘shma ish rejasi tuzishni bildiradi.

Bir guruh firibgarlar haqida gap ketganda, tizimlashtirish ham tavsiya etiladi.

Jinoyat ishini tergov qilishda tezkor-qidiruv faoliyati natijasida olingan ma’lumotlar ikkita asosiy yo‘nalishda qo‘llaniladi:

• protsessual rasmiylashtirilgandan keyin tergov harakatlarini tayyorlash;

• va amalga oshirish hamda jinoyatni isbotlash jarayoni.

Bundan kelib chiqadiki, tergovchi va surishtiruv organining hamkorligi o‘z mazmuniga ko‘ra nafaqat jinoyat sodir etgan shaxslar va faktlarni aniqlash, jinoyatning oldini olish va ularga chek qo‘yish bo‘yicha profilaktika choralarini ko‘rish, balki hujjatlarni rasmiylashtirish va tezkorlik bilan amalga oshirish imkonini ham beradi.

Shunday qilib, surishtiruv organlari va dastlabki tergov organlari o‘rtasidagi munosabatlarning samaradorligini oshirishga tergov bosqichlarida protsessual va tezkor-qidiruv vositalari hamda turli usullardan foydalanish orqali erishiladi.

Shuningdek, qilmish uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash tezkor xodimlar, tergovchilar, prokurorlar va sudyalarning kasbiy mahorati va halolligiga ham bog‘liq. Shunday ekan, jinoyatning ochilishi, isbotlanishi hamda uning oldi olinishida barcha ishtirokchilar mas’uldir.

Bekzod XUJAMURATOV,
Huquqni muhofaza qilish
akademiyasi mustaqil izlanuvchisi

1 https://lex.uz/acts/111453

2 Жиноий полиция ва дастлабки тергов органлари фаолиятини суд-тиббий таъминлаш. –М., 1997. С. 15-16

3 Ўзбекистон Республикасининг “Тезкор-қидирув фаолияти тўғрисида”ги қонуни. 2012 йил ЎРҚ-344-сон.

 

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa