HomeMaqolalarYuzlashtirish uning mazmuni va protsessual-huquqiy tahlili

Yuzlashtirish uning mazmuni va protsessual-huquqiy tahlili

Tergov harakatlari dalillarni to‘plashning asosiy vositasidir, ular ichida yuzlashtirish alohida o‘rin egallaydi. Jinoyat-protsessual kodeksining 122-moddasida “yuzlashtirish ilgari so‘roq qilingan ikki shaxs ko‘rsatuvlari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda bu qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash uchun o‘tkaziladi” deb belgilangan. Yuzlashtirish aksariyat jinoyat ishlarida o‘tkaziladi va samara beradi.

Jinoyat protsessida yuzlashtirish orqali dalillarni to‘plash, tekshirish va ularga huquqiy baho berish isbotlash jarayonining ajralmas qismi bo‘lib kelmoqda.

Yuzlashtirishning protsessual tartibi va kriminalistik taktikasi orqali jinoyatlarni tergov qilishda dalillarni to‘plash, tekshirish va ularga huquqiy baho berish mezonlarining protsessual jihatlari O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksida qonuniylik (11-modda), odil sudlovni fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshirish (16-modda), shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish (17-modda), fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish (18-modda), haqiqatni aniqlash (22-modda), aybsizlik prezumpsiyasi (23-modda), dalillarni bevosita va og‘zaki usulda tekshirish (26-modda) hamda boshqa demokratik prinsiplar bilan mustahkamlangani shaxsning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanidan darak beradi.

Yuzlashtirishning mazmun-mohiyati hozirga qadar protsessualist va kriminalist olimlar o‘rtasidagi bahsga sabab bo‘lib keladi. Ularning aksariyati yuzlashtirishni so‘roqning bir turi deb biladi, boshqalari esa uni alohida tergov harakati sifatida tan oladi1.

Yuzlashtirishda tergovchi va surishtiruvchilar so‘roq qilishning umumiy qoidalariga rioya qilishadi va ushbu tergov harakatini o‘tkazishdan oldin har bir so‘roq qilinuvchidan navbat bilan ularning o‘zaro tanish yoki tanish emasligini, munosabatlari qanday ekanini aniqlab, javoblarini bayonnomada qayd etadi. Shundan so‘ng har bir so‘roq qilinuvchiga navbat bilan qarama-qarshilik kelib chiqqan holatlar to‘g‘risidagi savollarga javob berish taklif qilinadi.

Hozirgi vaqtda yuzlashtirishga ancha ko‘p tarqalgan oddiy qo‘rquv, jinoyatchilarning o‘ch olishidan xavotirlanish sabab bo‘lmoqda. Ko‘pincha guvohlar ayniqsa uyushgan jinoyatchilikka oid ishlar bo‘yicha kuchli bosimga duch keladi, bunga qarshi tura olmaydi. Bizda haligacha guvohlarni himoya qilishning aniq protsessual mexanizmi yo‘qligi sababli yuzlashtirishda ishtirok etuvchi guvoh aslida tahdid va qo‘rqitishlar oldida himoyasiz qolmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda yuzlashtirishda bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berish holatlari ham
uchrab turibdi. Buning sababi xayolparastlikdir (to‘qib chiqarish). Katta yoshli kishilarda bu kam uchraydi, ammo yoshlar xayolparastlikka moyil bo‘ladi. Shuning uchun yuzlashtirish jarayonida ko‘rsatuvlarni baholashda ushbu holatlarni inobatga olish taktik jihatdan maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berishning oldini olish uchun yuzlashtirish jarayoni ham videoyozuv orqali qayd etilishi shart va buni jinoyat-protsessual qonunchilikda aniq belgilab qo‘yish lozim.

Ana shunda so‘roq qilinayotgan shaxs ko‘rsatuv berishdan oldin yaxshilab o‘ylab, xayolparastlikka berilmay haqiqatni aytish kerak degan fikrga borishi tabiiy.

Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksining 91-moddasi 4-qismida 7 ta protsessual harakat, jumladan:

1) o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish;
2) tintuv;
3) ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish;
4) tergov eksperimenti;
5) shaxsni ushlash;
6) himoyachidan voz kechish;
7) shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Ushbu protsessual harakatlar qatoriga yuzlashtirishni ham kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yuzlashtirishda jinoyat protsessi ishtirokchisining ko‘rsatuvlari nafaqat axborotni qasddan buzish natijasida, balki yanglishish, xato qilish oqibatida ham haqiqatga mos kelmasligi mumkin. Ularning ko‘rsatmalari shakllanishi uchta bosqichdan iborat jarayon bo‘lib, idrok etish, eslab qolish va bayon etishni o‘z ichiga oladi. Ushbu bosqichlarning har birida xatoga yo‘l qo‘yish mumkin.

Hodisani idrok etayotganda xato ishtirokchining sog‘lig‘iga, shaxsiy psixofiziologik xislatlariga (masalan, ko‘zining ancha ojizlanib qolgani, kuzatuvchanligi yo parishonxotirligi), uning idrok etish paytidagi ahvoliga (masalan, mastligi yo charchagani), idrok etish paytidagi sharoitga (sutkaning qaysi vaqti ekanligi, yorug‘lik darajasi, ob-havo) ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Eslab qolishning aniqligi guvohning shaxsiy xislatlariga, shuningdek, hodisa kuzatilgan paytdan to so‘roq paytigacha qancha vaqt o‘tganiga ham bog‘liqdir.

Idrok etilgan narsani bayon etish chog‘ida ham turli xatolarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Hamma ham ko‘rganini yoki eshitganini savodli, aniq va ravshan bayon eta olmaydi. Bu ayniqsa yosh bolalarga taalluqli. Shuning uchun har qanday holda ham so‘roq vaqtida yetarlicha aniqlanmagan va noaniq ifodalarning barchasiga aniqlik kiritish lozim.

Masalan, guvoh ayblanuvchi odobsizlik qilganini aytsa, bu aynan nimada namoyon bo‘lganini, u aynan qanday harakatlar qilganini, ya’ni qo‘pol, hayosiz harakatlar bo‘lganmi yoki oddiy qo‘rslik, tarbiyasizlik, o‘zini odamlar orasida tuta bilmaslik bo‘lganmi – ana shularni aniqlash shart. Shuningdek, guvoh ishlatgan sheva va jargon ifodalar ham ish materiallarida doimo izohlanishi kerak.

Umum e’tirof etgan qoidaga ko‘ra, guvohlarning ko‘rsatuvlarida guvohning xulosalari emas, balki idrok etilgan faktlar haqidagi ma’lumotlargina ahamiyatga ega. Aniq faktlarga asoslangan xulosalarni faqat tergovchilar va sudlar chiqarishimumkin.

Jinoyat protsessi ishtirokchilarining ko‘rsatuvlari ularning mazmuni, to‘liqligi, ziddiyatsizligi kabi jihatlari orqali tekshiriladi. Bundan tashqari ularning ko‘rsatuvlari jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar, jumladan, boshqa ishtirokchilarning ko‘rsatuvlari bilan qiyoslanadi.

Demak, jinoyat ishi bo‘yicha o‘z manfaatlarini himoya qiluvchi shaxslarning ilgari so‘roq qilishda olingan ko‘rsatuvlarida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda yuzlashtirish o‘tkazilishi zarur. Ushbu tergov harakati aslida so‘roq qilishning turlaridan biri bo‘lib, u isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar yuzasidan, shuningdek, ishtirokchilarning o‘zaro munosabatlari haqida ma’lumot beradi2. Shu bois ishtirokchilar o‘zining ko‘rsatuvlarida o‘ziga ma’lum bo‘lgan aniq faktlarni aytib berishdan tashqari o‘zining roziligi yoki rozi emasligini ham bayon etishi mumkin.

Protsessual ishtirokchi sifatida jabrlanuvchining ko‘rsatuvlaridagi aniq daliliy axborot ham guvoh ko‘rsatuvlarining baholanishiga asos bo‘ladigan qoidalar asosida baholanadi. Chunki jabrlanuvchi ham guvoh kabi ko‘rsatuv berishdan bosh tortgani yoki yolg‘on ko‘rsatuv bergani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu uning ko‘rsatuvlari to‘g‘ri bo‘lishining muhim kafolatlaridan biridir. Shu bilan birga, jabrlanuvchi, guvohdan farqli ravishda, ishning natijasidan manfaatdordir. Bu holat uning sodir etilgan jinoyat bo‘yicha bergan ko‘rsatuvlarining xolisligiga ham ta’sir etishi mumkin.

Jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining yaqin qarindoshlarini
so‘roq qilish zarurati tug‘ilsa, ular gumon qilinuvchi, ayblanuvchiga taalluqli holatlar haqida guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat o‘zlarining roziligi bilan so‘roq qilinishi kerak, bu ilmiy adabiyotlarda qisman guvohlik immuniteti sifatida qayd etilgan3.

Yuzlashtirishda ham chaqirilgan guvoh yoki jabrlanuvchining shaxsi aniqlanadi va unga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntiriladi, so‘ngra u ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun Jinoyat kodeksining 238, 240-moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirilib, bu haqda bayonnomaga yozib qo‘yiladi. Shu bilan birga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilmaydi.

Guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida so‘roqqa chaqirilgan shaxs tegishli organlar va mansabdorlar tomonidan aniqlanayotgan holatlar o‘zida davlat sirlarini yoki kasb sirini yoxud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud boshqa shaxslar hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiradi degan bahona bilan ko‘rsatuv berishdan bosh tortishga haqli emas. Agar aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar o‘zida davlat sirini yoki kasb sirini aks ettiradi yoxud shaxslar hayotining sir tutiladigan tomonlariga tegishli deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, surishtiruvchi, tergovchi va sud guvoh yoki  jabrlanuvchini so‘roq qilish chog‘ida bu holatlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Masalan, tergovchi ishdagi materiallarni protsess ishtirokchilariga tanishtirish paytida dastlabki tergovning ma’lumotlarini oshkor qilmaslik to‘g‘risida tilxat olishi mumkin.

Protsessual ishtirokchilarning yuzlashtirish jarayonida bergan ko‘rsatuvlari jinoyat ishi uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Guvoh yoki jabrlanuvchi protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilganidan keyin jabrlanuvchi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar bilan munosabatlari, guvoh esa jabrlanuvchi bilan munosabatlari to‘g‘risidagi savollarga javob beradi. Shundan so‘ng so‘roq qiluvchining taklifiga ko‘ra guvoh yoki jabrlanuvchi ish bo‘yicha o‘zlari bilgan barcha ma’lumotlarni aytib beradi. Ular ish uchun ahamiyatli bo‘lgan yoki ahamiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday holat to‘g‘risida, shu jumladan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqalarning shaxsi haqida ham ko‘rsatuvlar berishi mumkin.

Yuzlashtirishning maxsus maqsadi bilan bir qatorda, u uni mustaqil protsessual harakat sifatida tavsiflovchi bir qancha xususiyatlarga ham ega. Bularga bir nechta shaxsni navbat bilan so‘roq qilishning obyekti, predmeti, joyi, hujjatlashtirish vaqtining birligi, tergovchi va yuzlashtirilayotgan shaxslar bir-birining ko‘rsatuvlarini idrok etishi muhimligi kiradi4.

Shunday qilib, xulosa sifatida shuni ta’kidlash lozimki, yuzlashtirish ikki nafar ilgari so‘roq qilingan shaxsning ko‘rsatuvlarida jiddiy qarama-qarshiliklar yuzaga kelganida o‘tkaziladigan tergov harakati bo‘lib, u isbot qilishda ishni qonuniy, asoslangan va adolatli hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi haqiqatni aniqlash maqsadida dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashning muhim manbasi hisoblanadi. Yuzlashtirish orqali ishdagi noaniqliklar samarali bartaraf etiladi.

Shaxobitdin G‘ANIYEV,
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti
katta o‘qituvchisi, mayor

1 Перякина М.П. Правовые основы и тактика очной ставки: Автореф.
дис. …канд. юрид. наук. – Иркутск, 2008. – С.4.

2 Матчанов А.А. Процессуальный порядок и криминалистическая тактика проведения допроса и очной ставки в досудебном производстве. Монография. – Т. Академия МВД Республики Узбекистан, 2015. – С.27

3
Максимов В.С. Повышение эффективности очной ставки на досудебном производстве // Вестник Омского университета. Серия: Право. 2011. N 1. С. 188.

4 Кригер А.Е. Очная ставка как разновидность допроса // Актуальные проблемы борьбы с преступлениями и иными правонарушениями. 2013. Ч.
1. С. 154

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa