Shaxs mol-mulkni qarzga yoki kreditga olar ekan, ikkinchi taraf bilan to‘lov shartlarini kelishadi. Agar to‘lov amalga oshirilmasa, qarzdor kelishuv qoidalarini buzgan hisoblanadi.
To‘lovga qodir qarzdordan muzokara yoki sud orqali qarzni undirish mumkin, agar qarzdor to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lsa-chi? Ushbu muammoga yechim topish uchun insoniyat tarixida ko‘plab unirishlar bo‘lgan, turli huquqiy mexanizmlar yaratilgan, qarzlardan voz kechib yuborish shaklidagi yengilliklardan tortib, qarzdorni qatl qilishgacha og‘ir jazolar qo‘llangan va shu yo‘l bilan to‘lovga qobiliyatsizlik bartaraf qilingan. Bankrot deb topilgan barcha qarzdorlar to‘lovga qobiliyatsiz hisoblansa, to‘lovga qobiliyatsiz qarzdorlarning barchasi ham bankrot deb topilmasligi mumkin.
Tadbirkorlik sohasida muntazam to‘lovlarning yagona manbasi sohaga yo‘naltirilgan kapital bo‘lsa, bank krediti bilan bog‘liq iste’mol sohasida to‘lovlarning asosiy manbasi ish haqi hisoblanadi.
Ish haqi miqdori yetarli bo‘lmaganda, fuqaroning boshqa mol-mulkidan to‘lovlar uchun manba sifatida foydalaniladi.
Hozirgi davrda jismoniy shaxslarning bank kreditlarini olishi keng tarqalayotganligi va to‘lovga qobiliyatsizlik holatida kreditni samarali bartaraf qilish zarurati jismoniy shaxsni himoya qilish yoki uning bankrotligiga doir maxsus qoidalar ishlab chiqish lozimligini ko‘rsatdi.
2022-yil 12-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonuni bilan shu kungacha amalda bo‘lmagan mexanizm – jismoniy shaxslarni bankrot deb topish mumkinligi belgilandi. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, qonunchilikka kiritilgan yangi normalar bevosita iste’molchi jismoniy shaxslar, ya’ni foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol maqsadida qarz (kredit) olgan shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligini tartibga solishga qaratilgan. Yangi qonun tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi bilan birga iste’molchilarning to‘lovga qobiliyatsizligini ham o‘zi ichiga oladigan bo‘ldi.
Kredit tashkilotlari va banklar taqdim qiladigan qarz ijtimoiy kreditning bir shakli sifatida aniq va puxta muhofaza qilinishi lozim. Shu maqsadda ko‘plab rivojlangan davlatlar to‘lovga qobiliyatsizlik mexanizmlaridan samarali foydalanadi. Xususan, 2021-yil davomida AQSHda 413 616 ta to‘lovga qobiliyatsizlik ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, shulardan biznes bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar soni 399 269 tani tashkil qiladi. Ko‘rib turganimizdek, biznes bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar jami ko‘rilgan ishlarning 96,5 foizini qamrab olmoqda.
O‘zbekistonda 2021-yil davomida 9 994 ta ish qo‘zg‘atilgan va ularning barchasi biznes bilan bog‘liq. Agar “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning jismoniy shaxslar bilan bog‘liq qoidalari 2023-yil 1-yanvardan kuchga kirishini hisobga olsak, keyingi yildan boshlab to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarning soni sezilarli o‘sishi kutilmoqda. Ishlar soni ko‘payishiga yana bir sabab – qonun normalari faqat jismoniy shaxs va bank o‘rtasidagi qarz-kredit munosabatlarini tartibga solmaydi, ular jismoniy shaxslar o‘rtasidagi tan olingan har qanday qarzdorlikka, jismoniy shaxsning soliq majburiyatlariga ham tatbiq qilinadi.
Bu, albatta, sud organlarining ish yuklamalariga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Ishlarni sifatli va adolatli ko‘rib chiqish va ularning murakkabligini e’tiborga olgan holda Polsha, AQSH, Xitoy kabi davlatlar to‘lovga qobiliyatsizlik nizolarini ko‘radigan maxsus sudlarni tashkil qilgan va ular samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ammo qonun jismoniy shaxs to‘lovga qobiliyatsizligi ishini ko‘rish qaysi sudning yurisdiksiyasiga tegishli bo‘lishini belgilamagan, umumiy qilib “sudlar ko‘radi” deyilgan.
Alohida tartibda ko‘riladigan yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor to‘lovga qobiliyatsizligi ishi hozir iqtisodiy sudlarning mutlaq yurisdiksiyasiga tegishli bo‘lganligi sababli, jismoniy shaxsnikini ham ushbu sudlarning yurisdiksiyasiga bog‘lash oqilonadek ko‘rinadi. Bunday yondashuv normalarni amaliyotga osonlik bilan tatbiq qilishga yordam beradi.
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligini hal qilish ikki usul bilan hal qilinadi:
– restrukturizatsiya (qonunda “Qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish” deb ko‘rsatilgan);
– bankrotlik (qonunda “Bankrotlikni tan olish va mol-mulkini sotish” deyilgan).
Demak, jismoniy shaxsning bankrotligi sudda ko‘riladigan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishning bir qismidir, ikkita tartib-taomildan biridir, ishning qo‘zg‘atilishi uning bankrot bo‘lganligini anglatmaydi.
Ishni qo‘zg‘atish shartlari, asoslari va ishni ko‘rish tartibi Ishni qo‘zg‘atish sharti – qarzdor jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari mavjudligidir. To‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari qanday aniqlanadi degan savolga qonun shunday javob beradi: majburiyatlar yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy ichida bajarilmasligi va talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobarini tashkil etishi kerak.
Kanadaning Bankrotlik va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi aktiga asosan jismoniy shaxsning qarzi kamida 1000 dollarni tashkil qilsa, ish qo‘zg‘atiladi. Ammo 1000 dollar qarz bilan kamdan-kam holatlarda ish qo‘zg‘atiladi (2018-yilda ish qo‘zg‘atish haqida ariza bergan kanadalik fuqarolarning majburiyati o‘rtacha 108 971 dollar bo‘lgan). Qarz miqdorining kamligi shu bilan izohlanadiki, qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi qanchalik erta aniqlansa uni bartaraf qilish imkoniyati shuncha ortadi. Ish qo‘zg‘atilgandan keyin joriy to‘lovlar va neustoykalar to‘xtalishidan qarzdorlar samarali foydalanadi va ishni qo‘zg‘atish tashabbuskorlari qarzdorlarning o‘zlari bo‘ladilar.
Rossiya qonunchiligiga muvofiq agar murojaat qiluvchi qarzdorning o‘zi bo‘lsa va qarzlarni restrukturizatsiya qilishni so‘rasa, talablar miqdorining ahamiyati yo‘q (Rossiya Federatsiyasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonuni 213.4-moddasi ikkinchi qismi).
O‘zbekiston qonunchiligiga qaytadigan bo‘lsak, kreditor, shuningdek davlat soliq xizmati va boshqa vakolatli organlar jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Qarzdor jismoniy shaxsning o‘zi to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud bo‘lganda bunday holat yuzaga kelgan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay o‘ziga nisbatan ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi shart. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 198-moddasiga muvofiq jismoniy shaxs o‘z arizasiga YTT maqomi mavjudligi yoki bekor qilinganligi (agar shug‘ullangan bo‘lsa), intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan mutlaq huquqlari (agar bo‘lsa), mol-mulklari, xususan qimmatli qog‘ozlari, yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlari, transportlari, uch yil ichida tuzilgan bitimlar, daromadlar, uch yil ichidagi davrda hisoblangan va to‘langan soliqlar hamda yig‘imlar, tijorat banklaridagi hisobvaraqlar va ulardagi pullarining qoldiqlari, jamg‘armalar (depozitlar), hisobvaraqlaridagi uch yillik operatsiyalar, omonatlar (depozitlar) bo‘yicha ma’lumotlar (mavjud bo‘lsa), sug‘urtalangan shaxs shaxsiy hisobvarag‘ining holati (mavjud bo‘lsa), ishsiz deb topilgani haqidagi qaror (mavjud bo‘lgan taqdirda), nikoh bilan bog‘liq ma’lumotlarini (mavjud bo‘lsa) ilova qiladi.
Ariza kreditor, davlat soliq xizmati yoki boshqa vakolatli organ tomonidan majburiyat mavjudligini tasdiqlovchi sudning qonuniy kuchga kirgan qarori mavjud bo‘lgan taqdirda berilishi mumkin. Shuningdek, notarial tarzda tasdiqlangan, notariusning ijro yozuvi bilan tasdiqlangan hujjati bo‘lsa, jismoniy shaxs tomonidan tan olingan, ammo bajarilmagan pul majburiyatlari bo‘yicha kreditor taqdim etgan hujjatlar asosida, otalikni belgilash, otalikni (onalikni) rad etish yoki boshqa manfaatdor shaxslarni jalb etish zarurati bo‘lmagan voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to‘g‘risidagi talablar asosida ham ish qo‘zg‘atilishi mumkin. Ushbu hujjatlar qarzdor tomonidan majburiyatlarning tan olinganligini bildiradi va ishni qo‘zg‘atishga asos bo‘ladi.
Ishni qo‘zg‘atish jismoniy shaxs uchun quyidagi huquqiy oqibatlarga olib keladi:
– kreditorlar o‘z talablarini qanoatlantirish uchun unga yakka tartibda murojaat qila olmaydi. Talablar moliyaviy boshqaruvchi tomonidan reestrga kiritiladi va navbat bo‘yicha qanoatlantiriladi;
– ijro hujjatlarini, xususan, undiruvni jismoniy shaxsning mol-mulkiga qaratish bo‘yicha ijro hujjatlarini bajarish to‘xtatib turiladi (ayrim ijro hujjatlaridan tashqari);
– qiymati baland bitimlarni (xususan, transportlarini sotib olish, kredit olish) kreditorlarning roziligi bilan tuzadi.
Agar arizani kreditorlar yoki soliq organi kiritadigan bo‘lsa, sud qarzdor jismoniy shaxsga “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 198-moddasida ko‘rsatilgan hujjatlarni (mol-mulklari haqidagi ma’lumotlarni) o‘n besh kun ichida taqdim qilish majburiyatini yuklaydi.
Sudning ishni ko‘rish muddatiga keladigan bo‘lsak, qonunda jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi haqidagi ishni sudda ko‘rish haqida maxsus normalar mavjud emas. Bunday holatda yuridik shaxs to‘lovga qobiliyatsizligi ishini ko‘rish uchun belgilangan ikki oylik muddat tatbiq qilinadi. Bu davr oralig‘ida qarzdor jismoniy shaxsning mulkiy holati o‘rganiladi, kreditorlar aniqlanadi va qarzdorni restrukturizatsiya qilish yoki bankrot deb topish masalasi kreditorlar yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Kreditorlar yig‘ilishi qaroriga tayangan holda sud arizani ko‘rib chiqadi va uning natijasiga ko‘ra quyidagi hujjatlardan birini qabul qiladi:
– restrukturizatsiya haqidagi ajrimni;
– bankrotlik to‘g‘risidagi qarorni;
– arizani qanoatlantirishni rad etish haqidagi qarorni.
Restrukturizatsiya Restrukturizatsiya tartib-taomili davrida jismoniy shaxs rejaga asosan ishlaydi, daromad ko‘radi va qarzlarni bartaraf qiladi. Ushbu jismoniy shaxslarga qonun ko‘plab imtiyozlarni taqdim qiladi, neustoykalar to‘xtatiladi, kreditorlar unga nisbatan alohida talablar qo‘ya olmaydi, umuman qarzdor himoyaga olinadi.
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 207-moddasiga ko‘ra ish qo‘zg‘atilganligi haqidagi e’lon rasmiy nashrlarda berilgan sanadan e’tiboran o‘n kun ichida jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejani (restrukturizatsiya rejasini) qarzdor jismoniy shaxs va (yoki) kreditor moliyaviy boshqaruvchiga taqdim etishga haqli.
Agar jismoniy shaxsning moliyaviy boshqaruvchisi ushbu muddat ichida restrukturizatsiya
rejasining birorta ham loyihasini olmagan bo‘lsa, u qarzdor bilan hamkorlikda rejani ishlab chiqish choralarini ko‘radi. Agar qarzdor bunga qarshi bo‘lsa, moliyaviy boshqaruvchi kreditorlar yig‘ilishiga qarzdorni bankrot deb topish taklifini kiritadi.
Restrukturizatsiya qilish uchun qarzdor daromad manbasiga ega bo‘lishi va iqtisodiy sohada jinoyat sodir qilmagan bo‘lishi, oldingi besh yil davomida bankrot deb topilmagan bo‘lishi, shuningdek sakkiz yil davomida unga nisbatan restrukturizatsiya rejasi tasdiqlanmagan bo‘lishi kerak. Aks holda restrukturizatsiya rejasini sud ma’qullamaydi. Sudlanganlik holati olib tashlanmaganligi yoki sudlanganlik tugatilmaganligi ham jismoniy shaxs to‘lov qobiliyatini tiklashga monelik qiladi.
Restrukturizatsiya rejasida jismoniy shaxs kreditorlarining talablari, shuningdek talablarni qanoatlantirish tartibi va muddatlari ko‘rsatiladi. Rejani bajarish muddati uch yilni tashkil etadi va ayrim holatlarda ushbu muddat yana olti oyga uzaytirilishi mumkin.
Qarzdor jismoniy shaxsning fuqarolar hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash, shuningdek aliment undirish, mehnatga oid va ularga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan, intellektual faoliyat natijalariga ko‘ra muallifga haq to‘lashga doir talablari rejaga kiritilishi shart.
Restrukturizatsiya rejasini tasdiqlash quyidagi oqibatlarga olib keladi:
– kreditorlar reja tasdiqlanganidan keyin o‘zi ko‘rgan zararni qoplash to‘g‘risida talablar qo‘yishga haqli bo‘lmaydi;
– jismoniy shaxsning pul majburiyatlari bo‘yicha talablarini qarama-qarshi talabni o‘zaro hisobga olish yo‘li bilan tugatishga, agar rejada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yilmaydi;
– neustoykalar (jarimalar, penyalar) va boshqa sanksiyalar, foizlar hisoblanmaydi, bundan joriy to‘lovlar mustasno.
Qarzdor restrukturizatsiya rejasini bajarish bo‘yicha moliyaviy boshqaruvchiga axborot taqdim qilib turadi. Rejaga kiritilgan majburiyatlar bajarilmasa, sud restrukturizatsiya tartib-taomilini muddatidan oldin tugatadi va qarzdorni bankrot deb topadi.
Bankrot Jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomili fuqaroning to‘lovga qobiliyatsizligi holatida qo‘llaniladigan yangi tartib-taomil hisoblanadi. Ushbu tartib-taomilni tartibga soluvchi huquqiy normalarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, u yuridik shaxslarga qo‘llaniladigan tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilining belgilariga to‘liq mos keladi.
Shunga bog‘liq ravishda, “qonun chiqaruvchi terminologiyani murakkablashtirmasligi va fuqaroning to‘lovga qobiliyatsizlik holatida to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarda “fuqaroning mol-mulkini sotish” atamasidan foydalanmasdan, tugatishga doir ish yuritish sifatida qoldirish kerak edi degan fikrga qo‘shilish mumkin.
Quyidagi holatlarda jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomili joriy etilishi mumkin:
1) qarzdor ish qo‘zg‘atilgandan keyin (agar arizani kreditor bergan bo‘lsa) o‘zi haqidagi ma’lumotlarni o‘n besh kunlik muddat ichida sudga taqdim qilmaganda. Bu holat qarzdor o‘zining restrukturizatsiya qilinishidan manfaatdor emasligini va bankrot bo‘lishga qarshi emasligini anglatadi va o‘z-o‘zidan qarzdorni bankrot deb topishga asos bo‘ladi (“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 218-moddasi);
2) qonunda belgilangan muddatlarda restrukturizatsiya rejasi loyihasi moliyaviy boshqaruvchiga berilmaganda (218-modda);
3) restrukturizatsiya rejasini tasdiqlashni sud rad etgan bo‘lsa. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 212-moddasida sudning rejani tasdiqlashni rad etish asoslari keltirilgan. Xususan, reja qonun talablariga javob bermasligi, rejada qarzdorning mulkiy holatida yuz bergan jiddiy o‘zgarishlar haqida xabardor qilish tartibi belgilanmaganligi, rejaga noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritilganligi, reja shartlari qonun hujjatlariga zid bo‘lsa va boshqalar (218-modda);
4) tasdiqlangan restrukturizatsiya rejasida belgilangan majburiyatlar bajarilmasa yoki lozim
darajada bajarilmasa. Bundan tashqari reja tasdiqlangandan keyin yolg‘on ma’lumotlar taqdim qilinganligi aniqlansa, mulkiy holat o‘zgarganligi haqida oldindan kreditorlar xabardor qilinmaganda ham qarzdor bankrot deb topiladi (217-modda);
5) yakunlangan jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ish qayta tiklanganda.
Qarzdor jismoniy shaxsning mol-mulki yashirilganligi yoki jismoniy shaxsning mol-mulki qonunga xilof ravishda uchinchi shaxslarga berilganligi aniqlangan taqdirda ish qayta tiklanishi mumkin (223-modda);
6) kelishuv bitimi shartlari buzilganligi munosabati bilan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish qayta tiklangan taqdirda (225-modda).
Jismoniy shaxs bankrot deb topilishi mumkin bo‘lgan qoidalarni tizimli ravishda “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 218-moddasida keltirib o‘tish maqsadga muvofiq. Jismoniy shaxs bankrotligi tartib-taomili ko‘pi bilan olti oy muddatga joriy etiladi va bu muddat ishtirok etayotgan shaxslarning iltimosiga ko‘ra yoki sudning tashabbusi bilan ko‘pi bilan uch oyga uzaytirilishi mumkin.
Sud jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishga bo‘lgan huquqini vaqtincha cheklaydi, uzrli sabablar mavjud bo‘lsa, sud bunday cheklovni bekor qilishi mumkin (uzrli sabablarga qaysi holatlar kirishi qonunda aniq ko‘rsatilmagan).
Bundan tashqari, bankrotlik jismoniy shaxsga quyidagi huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:
– uning mol-mulkini moliyaviy boshqaruvchi tasarruf etadi;
– neustoykalarni (jarimalarni, penyalarni) va boshqa moliyaviy sanksiyalarni, foizlarni hisoblash tugatiladi, bundan joriy to‘lovlar mustasno;
– moliyaviy boshqaruvchi uning hisobvaraqlari hamda omonatlari mablag‘larini boshqaradi.
Jismoniy shaxs bankrot deb topilgan paytdan e’tiboran uning barcha mol-mulki tugatish massasini tashkil etadi. Ushbu mol-mulklar baholanadi va sotiladi, undan tushgan summa kreditorlar talablarini qanoatlantirishga yo‘naltiriladi.
Qarzdor va uning oila a’zolari normal turmush kechirishi uchun zarur bo‘lgan mol-mulklar tugatish massasiga kirmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi undiruv qaratish mumkin bo‘lmagan mol-mulklarni belgilagan.
Keditorlar bilan hisob-kitoblar tamomlanganidan keyin moliyaviy boshqaruvchi hisobotni, jismoniy shaxsning mol-mulki sotilganligini va kreditorlarning talablari qanoatlantirilganini tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini, shuningdek kreditorlarning qanoatlantirilgan talablari miqdorini ko‘rsatgan holda kreditorlarning talablari reestrini taqdim etishi shart. Hisobotni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra sud jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish tartib-taomilini (bankrotlikni) tamomlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Jismoniy shaxs kreditorlar bilan hisob-kitoblar tamomlanganidan keyin jismoniy shaxsning mol-mulki yetarli emasligi sababli kreditorlarning qanoatlantirilmagan talablarini, shu jumladan bankrotlik davrida kreditorlarning bildirilmagan talablarini bajarish majburiyatidan ozod etiladi.
Majburiyatlardan ozod etishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yilmaydi, agar:
– qarzdorning g‘ayriqonuniy harakatlari oqibatida qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikni vujudga keltirganligi yoki to‘lovga qobiliyatsizlikni yashirganligi uchun ushbu shaxsni jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortish haqida sudning qonuniy kuchga kirgan hujjati mavjud bo‘lsa;
– sudga jismoniy shaxs zarur ma’lumotlarni taqdim etmaganligi yoki bila turib soxta ma’lumotlar taqdim etganligi aniqlangan bo‘lsa;
– qarzdorning firibgarlik, qarzlarni to‘lashdan asossiz ravishda bo‘yin tovlash, soliqlar va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, shuningdek kredit olayotganda kreditorga bila turib soxta ma’lumotlar taqdim etish, mol-mulkni yashirish yoki qasddan yo‘q qilishi isbotlangan bo‘lsa.
Shuningdek yetkazilgan zararlar, bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash haqidagi talablar bo‘yicha ham jismoniy shaxs majburiyatlardan ozod qilinmaydi.
Restrukturizatsiya masalasiga qaytsak, pul majburiyatlarining miqdori, qoida tariqasida, fuqaroning ish haqi miqdori bilan bog‘liq bo‘ladi. Fuqaroning barcha mol-mulklarini ikki qismga ajratish mumkin: oylik ish haqi va mulk huquqi bo‘yicha unga tegishli bo‘lgan boshqa mol-mulklar. Fuqaro oylik to‘lovlarni mulk huquqi bo‘yicha unga tegishli bo‘lgan mol-mulklar hisobidan emas, balki ish haqi hisobidan amalga oshiradi. Agar fuqaro ish haqini davolanishga sarflaydigan bo‘lsa, bankdan yoki boshqa shaxslardan olingan kreditlarni boshqa mol-mulklar hisobidan qoplashiga to‘g‘ri keladi.
Agar jismoniy shaxs ish joyidan bo‘shatilsa va boshqa mol-mulklari mavjud bo‘lmasa, u vaqtincha to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qoladi. Qarzdor keyingi oyda oldingiday ish haqi bilan to‘laydigan boshqa ish topsa, unda uning to‘lov qobiliyati darhol tiklanadi va u muddati o‘tgan va joriy to‘lovlarni amalga oshiraveradi.
Agar fuqaro yo‘l-transport hodisasi natijasida butunlay (doimiy) muomalaga layoqatsiz bo‘lib qolsa yoki nogiron bo‘lsa, uning to‘lov qobiliyati butunlay yo‘qoladi, chunki mehnat qobiliyatini yo‘qotish uni muntazam to‘lovlar manbasidan, ya’ni ish haqidan mahrum qiladi.
Ya’na bir muammoli holatni misol bilan tushuntiradigan bo‘lsak, ish haqi 555 000 so‘m bo‘lgan fuqaroga 100 000 000 so‘m miqdorida o‘n yilga yillik 5 foiz kredit berildi, oylik to‘lovlar 200 000 so‘mni tashkil qiladi. Ishdan bo‘shatilgan qarzdor bir oy ichida emas, balki 6 oydan so‘ng yangi ish topadi. Bu holatda uning to‘lov qobiliyatini tiklashiga shubha bo‘lishi mumkin. Chunki qarz miqdori olti oy ichida 1 200 000 (200 000*6) so‘mga yetgan bo‘ladi, bundan tashqari penya va jarimalar mavjudligi 555 000 so‘m oylik bilan majburiyatlarni bajarishga imkon bermaydi. Shuningdek, ushbu holatda kredit beruvchi butun kredit miqdori va unga qo‘shilgan foizlarni muddatidan oldin talab qilish huquqiga ham ega bo‘ladi. Kredit beruvchi ushbu huquqni amalga oshirsa, fuqaroning to‘lov qobiliyatini tiklash imkonsiz bo‘lib qoladi va u bankrot deb topilishi muqarrar.
Ushbu misoldan xulosa qilish mumkinki, ish haqini vaqtincha yo‘qotish sharoitida qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash imkoniyati muddati o‘tgan qarz miqdori va ish haqi miqdori nisbatiga bevosita bog‘liqdir. Qarzdorning ish haqi miqdoridan kechikkan qarz miqdori oshib borgan sari qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash imkoniyati pasayib boraveradi. Bunday holatda oldingi ish haqi miqdorini tiklash to‘lov qobiliyatini tiklashga yordam bermaydi. Chunki muddati o‘tgan qarzning to‘plangan miqdori ish haqining tiklangan miqdoridan sezilarli darajada ortiq bo‘ladi.
Agar kredit beruvchi bank qarzdorga 6 oy davomida kreditni qaytarishni kechiktirsa (kredit ta’tillari), ish haqi miqdori qarz miqdoriga nisbatan oldingi holatni saqlaydi. Bu vaziyatda kreditorning to‘lovga qobiliyatsiz fuqaroga bo‘lgan ishonchining huquqiy shakli fuqarolik huquqining umumiy normalari bilan tartibga solinadigan shartnoma mohiyatiga mos keladi. Bu shuni anglatadiki, kreditorlarning ishonchi sharoitida fuqaroning to‘lov qobiliyatini tiklash mumkin.
Agar kreditorlarning ishonchi bo‘lmasa, qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash sudning nazoratida amalga oshiriladi. Agar bank fuqaroga kredit ta’tilini berishdan bosh tortsa, qarzdor sudga murojaat qilib, 6 oyga mo‘ljallangan restrukturizatsiya rejasini tasdiqlatib olishi va shu orqali o‘zini tiklab olishi mumkin.
Kreditorlarning ishonchi bo‘lish va bo‘lmasligidan qat’i nazar, doimiy daromad ko‘rish – restrukturizatsiyani samarali amalga oshirishning asosiy sharti bo‘lib qolaveradi. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 208-moddasi birinchi qismiga ko‘ra restrukturizatsiya rejasini tasdiqlash uchun qarzdor jismoniy shaxs daromad manbasiga ega bo‘lishi kerak.
Qonunda restrukturizatsiya rejasi loyihasini kreditorlar ham taqdim qilishi mumkinligi belgilangan bo‘lsa-da, qarzdorning bu rejaga rozi bo‘lish yoki bo‘lmasiligi masalasi ochiq qolgan.
Jismoniy shaxs irodasiga qarshi kiritilgan restrukturizatsiya tartib-taomili samarasiz bo‘ladi. AQSH Bankrotlik kodeksining 13-bobini qabul qilishda iste’molchilar reabilitatsiyasini tartibga soluvchi qoidalarni ishlab chiqishda Kongress uni majburiy qo‘llash g‘oyasini rad etgan va uni konstitutsiyaga zid deb hisoblagan.
Shubhasiz, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi qarz-kredit munosabatlarini tartibga solishning yangi bosqichini boshlab berdi. Jismoniy shaxs to‘lovga qobiliyatsizligi institutining maqsadi – fuqaroni iste’mol krediti munosabatlaridan chiqarish ekan, qarzdor bilan hamkorlikda va uning xohish-irodasiga asoslangan holda reabilitatsiya va bankrotlik taomillarini o‘tkazish, jismoniy shaxs to‘lovga qobiliyatsizligini hal qilishda qarzdorlarning tashabbuskorligini oshirish muhim ahamiyatga egadir.
Behzod XUDAYBERGENOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti doktoranti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)