HomeMaqolalarAyollarni oilaviy zo‘ravonlikdan muhofaza qilish masalalari

Ayollarni oilaviy zo‘ravonlikdan muhofaza qilish masalalari

Mamlakatimizda 2019-yil 2-sentabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi 561-qonun qabul qilindi hamda 2023-yil 11-apreldagi 829-qonun bilan Jinoyat kodeksi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” deb nomlanuvchi 1261-modda bilan to‘ldirilib, oilaviy zo‘ravonlik kriminalizatsiya qilindi. 2023-yilda mazkur modda bo‘yicha 203 kishi sudlanib, 59 nafariga ozodlikdan mahrum etish jazosi, 144 tasiga esa boshqa jazo chorasi qo‘llangan.

Taʼkidlash lozimki, oilaviy zo‘ravonlik boshqa jinoyatlardan latentligi va ko‘p uchrashi bilan ajralib turadi. Bu borada E. Z. Ilgamova taʼkidlaganidek, “oilaviy zo‘ravonlik – davomiyligi doimiy ravishda oshib boradigan jismoniy, og‘zaki, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik bo‘lib, nazorat qilish, qo‘rqitish, qo‘rquv hissini singdirish maqsadida sodir etiladi”1.

I. R. Shikula va T. S. Kandabarovalar esa ayollarga nisbatan zo‘ravonlik shahvoniy shilqimlik, xotini(o‘ynashi)ning harakatlarini doimiy nazorat qilish, ruhiy zo‘ravonlik, jarohat yetkazish, iqtisodiy zo‘ravonlik, o‘z manfaati yo‘lida bolalarni manipulyatsiya qilish, imo bilan qo‘rqitish, oila uchun muhim qarorlarni yakka o‘zi qabul qilish, turli shakllarda kamsitish kabilarda namoyon bo‘ladi2 deb hisoblaydi.

Shubhasiz, oilaviy zo‘ravonlik har qanday jamiyatga xos bo‘lgan jiddiy muammolardan bo‘lib, mamlakatimiz uchun ham begona emas.

Xususan, O‘zbekiston 2022-yilda Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 77,1 ball to‘plagan, bu erkaklarga tegishli bo‘lgan huquqning 77 foizi va erkaklar 1 dollar oladigan ishda ayollar 77 sent olishini anglatadi. Garchi O‘zbekiston bu sohada eng salmoqli islohotlarni amalga oshirayotgan 18 ta davlatdan biri sifatida tan olingan bo‘lsa-da, bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p.

Shu bilan birga, yuridik oqibat va javobgarlikning mavjud emasligi javobgarlikdan qutulib qolish hissini oshiradi va oilaviy zo‘ravonlikni takrorlash uchun turtki bo‘ladi3.

O‘z vaqtida oilaviy zo‘ravonlikning oldini olmaslik uning ko‘p takrorlanishiga va oxiri jabrlanuvchiga og‘ir jarohat yetkazilishi yoki o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, Xorazm viloyati Shovot tumanida 72 yoshli erkak xotinini sehr-jodu qilganlikda ayblab, boshiga bolta bilan 17 marta urib o‘ldirgan.

Shu bilan birga xorijiy mamlakatlarda ayollarni oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha
maxsus qonunlar ham qabul qilinganini qayd etish lozim.

XUSUSAN:

AQSHda “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish to‘g‘risida”gi (1994-yil), Malayziyada “Oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risida”gi (1994), Buyuk Britaniyada “Oilaviy zo‘ravonlik, ushbu sohadagi jinoyatlar va jabrlanuvchilar to‘g‘risida”gi (2005), Sloveniyada “Oilada zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi (2008), Qozog‘istonda “Maishiy zo‘ravonlik profilaktikasi to‘g‘risida”gi (2009), Ozarbayjonda “Maishiy zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi (2010) qonunlar qabul qilingan.

Avstriyada “Xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun (1991-yil) bilan ayollar ham politsiya muhofazasiga olingan va politsiyaning bu boradagi majburiyatlari belgilab berilgan. “Oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risida”gi qonunda (1997-yil) esa bir qator muhim qoidalar belgilandi: politsiyaga zo‘ravonni 10 kundan 20 kunga qadar muddatga uydan olib chiqib ketish; jabrlanuvchiga fuqaroviy yustitsiya tizimi orqali uzoq muddatga himoya orderi olish huquqi berildi.

“Oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan mamlakatning har bir hududida
politsiya va ijtimoiy xizmatlar harakatlarini muvofiqlashtirish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida intervensiya markazlari tizimi tashkil etildi. Markazlar Ichki ishlar vazirligi va Ayollar ishlari vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi, lekin ularni ayollarga oid nodavlat notijorat tashkilotlar boshqaradi.

Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksiga ham bir qator tuzatishlar kiritildi, ularga ko‘ra har qanday zo‘ravonlik taʼqib etiladi, qolaversa, takroriy zo‘ravonlik uchun jazo choralari kuchaytirildi4.

Turkiyada oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish ancha takomillashtirildi. Xususan, Turk jazo qonunidagi 2004-yilgi o‘zgarishlar natijasida nikohdagi nomusga tegish va madaniy odatlar, shu jumladan, ayollarni o‘g‘irlash jinoyat sifatida tan olindi, bokira bo‘lmagan va turmushga chiqmagan ayollarni kamsitish taqiqlandi, ish joyidagi shilqimlik kriminalizatsiya qilindi. Turkiyada, shuningdek, jabrlanuvchilarni himoya qilish bo‘yicha maxsus huquqiy choralar ham qabul qilingan.

Masalan, 1998-yildan himoya orderi instituti ishlab kelmoqda, unga ko‘ra oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan har qanday ayol va ushbu zo‘ravonlik guvohi bo‘lgan boshqa shaxslar politsiya yoki sudga himoya orderini so‘rab murojaat qilishlari mumkin. Himoya orderi 6 oylik muddat bilan cheklangan va uni buzgan zo‘ravon 3 oydan 6 oygacha muddatga qamoqqa olinishi mumkin5.

Moldova Jinoyat kodeksida ham oiladagi zo‘ravonlik (2011-modda) uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Unga ko‘ra oila aʼzosining boshqa aʼzosiga nisbatan quyidagi harakatlari oilaviy zo‘ravonlik hisoblanadi: a) do‘pposlash, yengil jarohat yetkazish yoki sog‘lig‘iga jiddiy bo‘lmagan zarar yetkazish; b) o‘z irodasiga bo‘ysundirish yoki nazorat qilish maqsadida ajratib qo‘yish, qo‘rqitish; v) iqtisodiy vositalardan, shu jumladan, yashash uchun mablag‘dan mahrum qilish (jazo – 150 soatdan 180 soatgacha haq to‘lanmaydigan jamoat ishlarida ishlash yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum etish)6.

Braziliyada 2006-yil 7-avgustda kuchga kirgan 11340-federal qonun (Mariya da Penya qonuni) ayollarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish uchun fuqarolik, jinoyat, protsessual, mehnat va tibbiy mexanizmlarni shakllantirdi. Mazkur qonunda oilaviy zo‘ravonlikka inson huquqlari buzilishining bir shakli, ayollarga nisbatan o‘lim, jarohat, jismoniy yoki ruhiy azob, shuningdek, ruhiy yoki maʼnaviy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakat yoxud harakatsizlik sifatida taʼrif berildi.

Bunday jinoyatlar qonun chiqaruvchi tomonidan uncha og‘ir bo‘lmagan va o‘rtacha og‘ir jinoyatlar toifasidan chiqarilib, ular uchun jazo chorasi ancha kuchaytirildi. Shuningdek, 2015-yilgi “Feminitsid to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksiga tuzatish kiritildi. Unga ko‘ra ayollarni ayol jinsiga mansubligi uchun o‘ldirish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi (JKning 121-moddasi)7.

Taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda ham tazyiq o‘tkazgan, zo‘ravonlik sodir etgan yoki ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun maʼmuriy javobgarlik (Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2061-moddasi) nazarda tutilgan.

Bu boradagi xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, ushbu harakatlarni takroran sodir etishning ijtimoiy xavfi oshishi va bu himoya orderi berilgan shaxslarning hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini inobatga olib, himoya orderi talablarini takroran buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish, shu maqsadda, Jinoyat kodeksini 1262-modda bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Shu bilan birga ayrim davlatlarda, masalan, Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 1211-moddasida o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksida o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish (129-modda) uchun javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, ushbu jinoyat tarkibi shahvoniy shilqimlikdan farqlanadi. Taʼkidlash lozimki, 2023-yil 11-apreldagi 829-qonunga asosan MJTKga shahvoniy shilqimlik uchun (411-modda) javobgarlik kiritilgan edi. Amalda ushbu modda bilan javobgarlikka tortish uchun huquqbuzar har qanday shaxsga, shu jumladan voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilishi asos bo‘ladi.

Ushbu qilmishning boshqalarga qaraganda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilishi uning ijtimoiy xavfini oshiradi. Shu sababli o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Yuqoridagilar asosida Jinoyat kodeksini quyidagi 1291-modda bilan to‘ldirish taklif etiladi:
“1291-modda. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga shahvoniy shilqimlik qilish

O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilish, yaʼni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etish,

– ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu harakatlar telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, –

uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan
mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Yana bir muhim yo‘nalish xotin-qizlar mehnati bilan bog‘liq diskriminatsiyadir. Xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganda mehnat sohasida kamsitishlarning taqiqlangani va jazo choralari belgilanganini ko‘rish mumkin. Xususan, bu kabi norma Qozog‘istonda (MJTKning 90-moddasi) mavjud.

O‘zbekistonda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi umumiy norma bor bo‘lsa-da, biroq mehnat sohasida kamsituvchi xarakterga ega bo‘lgan maʼlumotlarni (reklama va eʼlonlarni) joylashtirganlik yoki tarqatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi maxsus norma yo‘q. Shu bois MJTKni quyidagi 495-modda bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq:

“495-modda. Mehnat sohasida kamsitishga yo‘l qo‘yish

Mehnat sohasida kamsituvchi talablar keltirilgan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni joylashtirish yoki tarqatish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, –

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xodimning teng mehnat uchun teng haq olish, shuningdek teng ishlab chiqarish va yashash sharoitiga ega bo‘lish huquqining ish beruvchi tomonidan buzilishi, –

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, –

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Ayni damda ushbu harakatlarni bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiqdir.

Mazkur takliflar xotin-qizlar va bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Zulxumor IBROHIMOVA,
jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi sudya yordamchisi,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

1 Илгамова Э. З. Социальная обусловленность исследования повседневных проблем детей в семье// Вестник экономики, права и социологии. 2010. №4. – С.164.

2 Шикула И. Р., Кандабарова Т. С. Актуальные проблемы уголовно-правовой защиты женщин от домашнего насилия // Образование и право. 2023. №11. – С.505-506.

3 Криминальная агрессия женщин с психическими расстройствами / Т. Б. Дмитриева, К. Л. Иммерман, М. А. Качаева, Л. В. Ромасенко. – 2. изд., перераб. и доп. – М.: Медицина, 2003. – С. 125.

4 Роза Логар. Хороших законов недостаточно. Опыт Австрии в развитии комплексной системы вмешательства для предотвращения насилия в отношении женщин и поддержки жертв (октябрь, 2008) //www.osce.org/gender/item_6_32383.html.

5 Принося безопасность домой: борьба с насилием в отношении женщин в регионе ОБСЕ. Сборник примеров хорошего опыта. Секретариат ОБСЕ, Oфис Генерального секретаря, Гендерная секция. Июнь 2009 г.

6 Уголовный кодекс Республики Молдова. https://continent-online.com/Document/?doc_id=30394923

7 Шавьер Ф., Нету Ф. Опыт бразильского законодательства в области борьбы с домашним насилием: теория и практика // Вестник университета им. О. Е. Кутафина (МГЮА). 2021. №1. – С.93-95.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa