Markaziy Osiyo mintaqasida so‘nggi yillarda suv tanqisligi, cho‘llanish, biologik xilma-xillikning kamayishi kabi ekologik inqirozlar kuchaymoqda. Buning oqibatini bartaraf etishga jiddiy kirishmaslik o‘nglab bo‘lmas ekologik fojialarga sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro huquqning teng huquqli aʼzosi sifatida ekologiya sohasida o‘nlab xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilib, bir qator muhim majburiyatlar yuzasidan milliy dastur va chora-tadbirlar rejasini amalga oshirmoqda.
Ushbu majburiyatlar, o‘z navbatida, fuqarolarning ekologik huquq va erkinliklarini taʼminlash, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda ekologik muhitga yetkazilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish asosida iqlim o‘zgarishlarining taʼsirini yumshatishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Konstitutsiyada belgilangan strategik maqsad va vazifalar
Maʼlumki, 2023-yilning 30-aprelida mamlakatimizda o‘tkazilgan umumxalq referendumida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilindi. Konstitutsiyamizda
“shaxs – jamiyat – davlat” tizimining huquqiy maqomi belgilangan bo‘lib, birinchidan, milliy
davlatchilik tajribamiz va qadriyatlarimiz, ikkinchidan, rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi va, uchinchidan, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan zamonaviy norma va tamoyillari mujassam topgan.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, Konstitutsiyamizda davlatimiz ekologik siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolar va yuridik shaxslarning ekologik huquq va majburiyatlariga oid qoida-talablar ham mustahkamlangan. Xususan, Asosiy qonunimizning muqaddimasida “mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib” deb belgilanishi davlatimizning ekologik muammolarning oldini olish, tabiiy resurslar xilma-xilligini taʼminlash va atrof tabiiy muhit holatini yaxshilash orqali hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi davlatning strategik maqsad va vazifalarini ifodalaydi.
Fuqarolar ekologik huquqlarining kafolatlari
Shuni alohida eʼtirof etish lozimki, Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash bilan bog‘liq huquqiy kafolatlar tashkil etadi. Xususan, 49-moddada “Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga
zararli taʼsir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi” degan norma mustahkamlangan. Ushbu moddaning ahamiyati shundaki, birinchidan, fuqarolarning yashash uchun maqbul bo‘lgan tabiiy sharoitlarga ega bo‘lishdek muhim huquqini, shuningdek, har bir fuqaroning atrof tabiiy muhit holati va unda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqidagi axborotni olish hamda tanishish imkoniga ega bo‘lishini belgilaydi. Ushbu huquqlarning belgilanishi O‘zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan xalqaro hujjatlarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilishni taʼminlaydi.
Ikkinchidan, fuqarolarning muhim ekologik huquqlarni davlat organlari tomonidan amalga oshirish mexanizmlarini belgilashga xizmat qiladi. Jumladan, ekologiya sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, dasturlar va shaharsozlik hujjatlarining ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati olib borilishi, shuningdek, barpo etilayotgan uy-joy, ijtimoiy inshootlar va sanoat obyektlariga oid qurilish hujjatlarining loyihalaridan jamoatchilikni xabardor qilish, jamoatchilik eshituvi va ekspertizasidan o‘tkazilishi kabi muhim chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, mazkur moddada “Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi” deyilgan.
Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 2015-yil 25-sentabrdagi Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanishning 17 ta maqsaddan iborat dasturiy hujjati qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi ushbu xalqaro hujjat bo‘yicha faol ishlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 83-qarori bu borada dasturiy hujjat vazifasini o‘tamoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik tahdidlarning markazida Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq murakkab vaziyat yotadi. Mintaqadagi ekologik tizimni yaxshilash, biologik xilma-xillikni tiklash, cho‘llanish jarayonlarining oldini olish va aholining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishlariga moslashish kabi dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlarini tashkil etadi.
Аtrof-muhit muhofazasi yuzasidan majburiyat va talablar Shuni alohida taʼkidlash lozimki, fuqarolarning huquqiy maqomida ularning majburiyatlari ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Konstitutsiyamizning bir necha moddasida ekologik majburiyatlar va talablar belgilangan. Xususan, 61-moddada “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi” degan qoida belgilangan.
O‘zbekiston zamini nafaqat tarixiy, ilmiy va ijtimoiy meros obyektlariga, balki tabiatning noyob, qayta tiklanmas, takrorlanmas va go‘zal maskanlariga boy hisoblanadi. Baʼzilari UNESCO madaniy va tabiiy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Shuning uchun ham ushbu noyob tabiiy yodgorliklarning asrab-avaylanishi va muhofaza qilinishi fuqarolarimizning konstitutsiyaviy burchi sifatida eʼtirof etilgan.
Аsosiy qonunimizning 62-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar” deb alohida taʼkidlangan. Chunki tabiatni muhofaza qilishga faqat davlat organlarining faoliyatini takomillashtirish bilan erishib bo‘lmaydi. Ushbu konstitutsiyaviy norma tabiatni muhofaza qilish har bir fuqaroning kundalik yumushi va tashvishiga aylanishini talab etadi.
So‘ngi yillarda global iqlim o‘zgarishi fonida barcha davlatlarda sanoatning rivojlanishi va aholi sonining ortishi iqtisodiyotning tabiiy resurslarga bo‘lgan ehtiyojini keskin oshirmoqda, shuningdek, atrof-muhitga antropogen taʼsirni kuchaytirmoqda va issiqxona gazlari ajratmalarining ortishiga olib kelmoqda. Xo‘jalik yurituvchi va tadbirkorlik subyektlari aholining turli ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatini rivojlantirib bormoqdalar. Konstitutsiyamizning 66-moddasida “Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak” degan norma mustahkamlangan. Ushbu norma mulk egalarining har qanday xo‘jalik faoliyatini ekologik normativ va standartlar doirasida amalga oshirish majburiyatini belgilaydi. Bu esa “yashil iqtisodiyot” tizimini shakllantirishning muhim omilidir.
Ekologiya sohasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari Maʼlumki, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholining ekologik xavfsizligini taʼminlash O‘zbekiston Respublikasi ekologik siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Konstitutsiyamizning 68-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” degan qoidaning mustahkamlanishi davlat ekologik siyosatining muhim strategiyasini belgilaydi. Har bir davlatning suvereniteti avvalambor uning hududidagi tabiiy resurs va boyliklarga mustaqil egalik qilish huquqi bilan belgilanadi.
Shuning uchun ham tabiiy resurslarga nisbatan mulk masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, xalqimizning umummilliy boyligi, yaʼni davlatimizning mulki sifatida konstitutsiyaviy norma bilan mustahkamlanmoqda. Ikkinchidan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish prinsipi asosida, yaʼni belgilangan ekologik qoida va talablarga amal qilgan holda, ulardan turli maqsadlarda foydalanish mumkinligi alohida belgilangan.
Uchinchidan, tabiiy resurslarning huquqiy holati bevosita davlat organlarining eng muhim vazifasi sifatida muhofaza qilinishini taʼminlaydi.
O‘z navbatida, ushbu muhim konstitutsiyaviy normaning amalga oshirish mexanizmlari bevosita O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi, “Аtmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlarida belgilangan.
Аsosiy qonunning 68-moddasida yana quyidagi norma mustahkamlangan: “Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin”. Yerga nisbatan xususiy mulk huquqining joriy etilishi ilk marta Konstitutsiya darajasida eʼtirof etildi. Bundan tashqari yer mamlakatimiz ekologik tizimining eng muhim resursi hisoblanadi. Shuning uchun ham yerga nisbatan xususiy mulk huquqining joriy etilishida yer maydonlaridan faqat oqilona foydalanish prinsipiga to‘liq amal qilgan holda va yerning xalqimizning milliy boyligi va davlatimizning mulki maqomidan kelib chiqqan holda belgilangan tartib-tamoyillar asosida belgilanishi mumkin.
Davlat organlarining ekologik vakolatlari Аsosiy qonunimizning 79-moddasi birinchi qismida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi” deb belgilangan. Bu esa, o‘z navbatida, aholimizning eng faol qatlami hisoblangan yoshlarga nisbatan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida ularning ekologik huquqlarini taʼminlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat organlarining huquqiy maqomiga alohida eʼtibor qaratilgan. Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasi mamlakatimizda ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Shu bois Konstitutsiyamizning 115-moddasida hukumatimizning ekologiya sohasidagi vakolati ham mustahkamlangan: “Аtrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi”.
Ushbu norma ekologiya sohasidagi qonunchilik hujjatlari va davlat dasturlari qoida-talablari
ijrosining samaradorligini oshirishga, shuningdek, barqaror ekologik rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi xalqaro hujjatlarning zamonaviy tamoyil va talablarini qo‘llash mexanizmini rivojlantiradi.
Mamlakatimiz davlat boshqaruvi tizimida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tutgan o‘rni beqiyos bo‘lib, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy sohalarda muhim faoliyatni amalga oshiradi. Аsosiy qonunimizning 123-moddasida viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining muhim vakolatlari qatorida ekologiya sohasidagi vakolatlari quyidagicha belgilangan: “Hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish”. Ushbu muhim norma atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va aholining ekologik xavfsizligini taʼminlashdek muhim vazifalarni mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklash orqali atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi ekologik normalarning ahamiyati shundaki, ular fuqarolarning ekologik huquq va erkinliklarini taʼminlaydi, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida mustahkamlaydi, barqaror ekologik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va aholining ekologik xavfsizligini taʼminlash kabi davlat ekologik siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Shuhrat FАYZIEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori,
yuridik fanlar doktori