Angliyada parlamentning vujudga kelishi va uning sud-huquq faoliyati

0
120

Parlament tarixi asrlar bilan o‘lchanadi. Zamonlar o‘zgarishi bilan parlamentlarning roli ham izchil o‘zgarib, uning mohiyati yangi g‘oyalar, tamoyillar bilan boyib boradi.

Parlamentarizm g‘oyasi birinchi ming yillik bo‘sag‘asida Rimda, Angliya va Ispaniyada xalq majlislari shaklida yuzaga kelgan bo‘lib, shundan so‘ng davlat anjumani darajasiga ko‘tarilgunga qadar yana bir necha taraqqiyot bosqichlaridan o‘tgan.

Parlamentning vatani albatta Angliya hisoblanadi. Parlamentning bu yerda paydo bo‘lish tarixini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, o‘zi parlament so‘zi fransuzchadan kelib chiqqan bo‘lib, “parler” – gapirmoq, so‘zlamoq degan ma’noni bildiradi. Siyosiy-huquqiy ma’noda esa qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi organni anglatadi1.

Parlamentning vatani Angliya, lekin nimaga u fransuzcha so‘zdan kelib chiqqan degan savol
tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, 1066-yil 14-oktabrda Gastings jangida Normandiya gersogi Vilhelmning g‘alabasi bilan Angliyada normandlar hukmronligi va shu bilan birga ingliz-sakson sivilizatsiyasining fransuzlashuvi ham boshlanadi.

Bosqindan keyingi birinchi asrlarda qirollarning o‘zlari, xotinlari, harbiy siyosiy zodagonlarning kelib chiqishi fransuz bo‘lgan. Qirollarning fransuz tilida qasamyod qilishlari ajablanarli hol emas edi, chunki bu til Angliyaning siyosiy tiliga aylanib bo‘lgandi. Hatto XVI asr boshlarida ham ingliz qonunlari fransuz tilida yozilgan.

1215-yilda qirol Ioann Yersiz va baronlari o‘rtasida uzoq kurash natijasida qo‘zg‘olon ko‘targanlarning talablari bayon etilgan “Magna karta”, ya’ni “Erkinlikning buyuk xartiyasi” qabul qilinadi.

Qirolga davlat daromadlarini soliqlar hisobiga ko‘paytirish uchun rozilik berish maqsadida butun qirollik 25 nafar barondan iborat kengash tuzadi. Kengash “Britaniya parlamentining nishonasi” edi2.

Bu konstitutsiyaviy davlat boshqaruvi evolutsiyasida muhim o‘rin tutgan voqea bo‘lib, monarxdan xalqqa oliy hokimiyatni ko‘chirish sari dastlabki urinish edi. Xartiya 63 ta moddadan iborat bo‘lib, u hozirgi Angliya konstitutsiyasining asosini tashkil etadi. Bu xartiyada sud-huquq tizimiga oid moddalar ham mavjud bo‘lib, ular feodallar o‘z yer-mulklarini meros qoldirish huquqiga egaligi, qirol cherkovning saylovlariga rioya qilishi, vassallaridan odatdagidan ko‘proq to‘lov olmasligi, baronlarni qamamaslik, ularni mol-mulkidan mahrum etmaslik kabilar edi. “Magna karta”da aks etgan g‘oyalar, Lokk va Sharl Lui Monteskyoning qarashlari yevropaliklar bilan birga Amerika qit’asiga yetib bordi va Amerika Qo‘shma Shtatlari konstitutsiyasining yaratilishiga ham katta ta’sir o‘tkazdi3.

1263-yil qirol Eduardga qarshi Simon de Monfor boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. 1264-yil 14-may kuni u qirol qo‘shini ustidan g‘alaba qozonadi va 1265-yil yanvarda mamlakatni boshqarish komissiyasi majlisini chaqiradi. Bu amalda Angliya parlamenti faoliyatining boshlanishi edi. 1267-yilda esa qirol Henrix IIIning o‘zi parlament yig‘adi.

1295-yilda “Namunaviy parlament” chaqirilib, uning tarkibiga 37 okrugdan ritsarlar sinfining ikki vakili va shahar kommunalaridan ikki vakil kirgan. Shu paytdan boshlab parlament sessiyalari muntazam ravishda o‘tkazila boshlanadi.

XIII – XIV asr boshlarida parlamentning sud-huquq tizimidagi faoliyati kamtarin va bo‘ysunuvchan tarzda edi. Aksariyat hollarda huquqiy ishlar parlament yoki magnatlar majlisida emas, balki qirollik kengashida ko‘rib chiqilar edi. Ba’zan qirol o‘zi uchun muhim siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan sud jarayonlariga butun parlamentni jalb qilgan holatlar ham bo‘lgan. Masalan, 1283-yili Eduard I tomonidan Uels knyaziga qarshi tashkil etilgan sud jarayonida butun parlament jalb qilingan. Bu jarayonda magnatlar va jamoatlar palatasi roli masalasini o‘rgangan Y. Gutnova ular mahbus ustidan hukm chiqargan yoki shunchaki sud jarayonida ishtirok etgan degan xulosaga kelgan edi4.

XIV asrda parlament Oliy sud sifatida passiv faoliyat olib borgan, chunki qirolning ko‘rsatmalariga bo‘ysungan. M. Chelsov-Bebutovning fikriga ko‘ra, parlament muhim ishlar bo‘yicha birinchi instansiya sudi va ikkinchi instansiya sudi sifatida ham faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan5.

Parlament o‘zining sudlov vakolatlarini qirollik sudlari bilan bo‘lishibgina qolmay, davlatning sud tizimi jarayonida o‘z o‘rniga ega edi. Shuning uchun biz ba’zi tadqiqotchilarning XIV asrda parlament faqat yuqori instansiya sudi vazifasini bajargan degan fikriga qo‘shila olmaymiz6.

Parlamentning yuqori palatasi Oliy sudga aylangani sari, uning a’zolari faqat o‘ziga teng bo‘lgan perlar palatasi tomonidan sud qilinishi mumkin degan tartib o‘rnatila boshlandi. 1342-yil parlament “Hech qaysi per parlamentning perlar palatasining qarorisiz o‘zining mulkidan mahrum qilinishi va qamoqqa olinishi mumkin emas” degan qonun qabul qildi7.

Parlamentning adolat o‘rnatishda yuridik sohada qo‘lga kiritgan vakolati haqida ham aytib o‘tish kerak. XIV asrning ikkinchi yarmida parlament yuqori mansabdagi shaxslarning faoliyatini nazorat qilish huquqini qo‘lga kiritdi, shuningdek, lordlar palatasi maxsus parlament tribunali sifatida jamoatlar palatasi tomonidan ayblangan a’zolarini sud qilish huquqini o‘rnatdi.

XIV asrga kelib Angliya parlamenti ikki palataga ajraldi, lekin faqat ikki asrdan keyin Lordlar palatasi va Jamoatlar palatasi deb atala boshlagan. Shu asrda spiker lavozimi ham joriy etiladi. Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, birinchi spiker Piter de la Mare 1376-yilda qirolni keskin tanqid qilib chiqqan. Ko‘rinib turibdiki, qirol va zodagonlarga qarshi bunday chiqishlar Jamoatlar palatasi a’zolarini hibsga olish xavfiga duchor qilishi mumkin edi, shuning uchun Palata deputatlik daxlsizligi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga erishgan edi.

Shu bilan birga amalda parlament qirol hokimiyatini cheklovchi uchta eng muhim vakolatga ega bo‘ldi, bular qonunlarni nashr qilishda ishtirok etish huquqi, qirollik xazinasi foydasiga soliqlar bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi, yuqori mansabdor shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish huquqi.

Bundan tashqari, XIV asrning oxiridan boshlab parlament lordlar palatasiga yuqori martabali mansabdor shaxslarni mansabini suiiste’mol qilgani uchun hokimiyatdan chetlatish huquqiga ega bo‘ladi. Tarixchilarning fikriga ko‘ra, parlamentning eng asosiy vazifasi bu petitsiyalarni ko‘rib chiqish va ularni qabul qilishdan iborat deb bilishgan. Shu maqsadda qirol parlamentni ma’muriy va sud sohasini amalga oshirishda unga ko‘maklashishi uchun chaqirtirgan8.

1689-yilga kelib Buyuk Britaniyada “Huquqlar to‘g‘risida”gi bill qabul qilinib, unda ilk bor qonun chiqaruvchi oliy hokimiyat maqomi huquqiy rasmiylashtirildi.

Zamira SAIDOVA,
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat
instituti bosh mutaxassisi

 

1 Юридик энциклопедия / Юридик фанлар доктори, профессор У.Таджихановнинг умумий таҳририда. – Т.: “Шарқ”, 2001. 365-б.

2 Ralph Mitchell. CQ’s Guide to the Constitution. Washington, DC. Congressional Quarterly Inc. 1994. – P. 2.

3 Carlton Jr A. P. Preserving Judicial Independence-An Exegesis // Fordham Urban Law Journal. – 2001. – Т. 29. – P. 835.

4 Гутнова Е.В. Возникновение английского парламента. М., 1966. С. 471–472.

5 Чельцов-Бебутов М.А. Курс советского уголовно-процессуального права. Очерки по истории суда и уголовного процесса в рабовладельческих, феодальных и буржуазных государствах. М., 1957. С. 321.

6 Roskell J.S. Parliamentand politics in late medieval England.-London, 1981. P. IV. 31.

7 Чельцов-Бебутов М.А. Указ. соч. С. 321.

8 Riess L.Geschichte des Wahlrechts. Leipzig, 1886.p.8

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here