O‘zbekiston Konstitutsiyasining 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi degan qoida mustahkamlangan.
O‘zbekiston tashqi siyosatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan aloqalarni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston davlati xalqaro muammolarni samarali hal qilish uchun BMT sessiyalarida taklif va tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.
2023-yil sentabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 78-sessiyasi bo‘lib o‘tgan edi.
19-sentabr kuni Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida ushbu sessiyaning umumsiyosiy munozaralari boshlangandi.
Munozaralarda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo mamlakatlar yetakchilari – Amerika
Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jozef Bayden, Braziliya Federativ Respublikasi prezidenti Luis
Inasiu da Silva, Turkiya Respublikasi prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an, Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa, Qatar pavlati amiri shayx Tamim bin Hamad ol Soniy va boshqa davlatlar rahbarlari ishtirok etgan edi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan ustun qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini qayd etdi.
Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti sessiyada shunday dedi: “Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik
va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat”.
O‘zbekiston rahbari BMTning 78-sessiyasida bir qator xalqaro e’tibordagi takliflarni ochiqladi.
Ushbu takliflarni amalga oshirish O‘zbekiston hamda boshqa davlatlar istiqboliga xizmat qiladi.
Yaqinda Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari davra suhbati o‘tkazdi. Davra suhbati O‘zbekiston rahbari
BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surgan taklif va tashabbuslarga oid bo‘ldi.
Jo‘rabek Rasulov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi dotsenti v.b.,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Mustahkam asos
O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqi mazmuniga ko‘ra, uni “O‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik – global tinchlik va farovonlikning mustahkam asosi” deb nomlagan bo‘lardim.
Davlatimiz rahbari sessiyada bir qator xalqaro tashabbus va takliflarni ochiqladi. Ularni uchta guruhga bo‘lish mumkin:
1-guruh tashabbuslar xalqaro norma ijodkorligini takomillashtirishga qaratilgan.
Bunga BMT Bosh assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surilganini keltirib o‘tish mumkin. O‘zbekiston rahbari mazkur hujjatning asosiy mazmunini 2024-yil Samarqandda o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etdi.
2-guruhga esa xalqaro institutsiyaviy tuzilmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini kiritish mumkin.
Xususan, BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish;
jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda UNESCO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish;
Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqish;
BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzish kabi takliflar ilgari surildi.
3-guruh tashabbuslar global va mintaqaviy muammo va xatarlarni muhokama qilib takliflarni ishlab chiqish maqsadida xalqaro forum va konferensiyalarni tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Bu yo‘nalishda 2024-yili BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” jahon konferensiyasini;
– shu yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini;
– yana shu yilda O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Mahmud Maxamatov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Hamkorlik borasidagi bo‘shliqni to‘ldirish
Davlatimiz rahbari BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasida xalqaro hamjamiyatning samarali hamkorligiga salbiy ta’sir etayotgan muammolar haqida to‘xtalib, xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar yuz berayotganini, jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotganini qayd etdi. Bu holat global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolarning keskinlashuviga va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida kelgusi yil BMT doirasida Kelajak sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Kelajak sammitini o‘tkazish BMT Bosh kotibi tashabbusi bilan e’lon qilingan. Unda umumiy maqsad va prinsiplar asosida birdamlikka erishish vazifasi qo‘yilgan. Mazkur vazifani samarali amalga oshirish uchun:
– muhim global muammolar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash;
– hamkorlikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish;
– ko‘p tomonlama tizimni faollashtirish zarur bo‘ladi.
Abdumuxtor Raxmanov,
Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari
kafedrasi professori v.b., yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Muhim takliflar
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida xalqaro hamjamiyatni yurtimizdagi islohotlar jarayoni, shuningdek, inson huquqlari, ijtimoiy-siyosiy modernizatsiya sohalarida erishilgan natijalar bilan tanishtirdi.
Mintaqaviy va global ahamiyatga ega qator tashabbuslarni ilgari surdi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, davlat rahbari islom diniga alohida e’tibor qaratib, bir necha taklifni bildirdi. Jumladan, so‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. Prezident O‘zbekistonda UNESCO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etishni bildirdi.
Shuningdek, davlat rahbari islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yili O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Dilfuza Abdullayeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro
huquq va inson huquqlari kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Ayollar muammosi tinglandi
Davlatimiz rahbari nutqida mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida
faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasi ekanini alohida ta’kidladi.
Hozir mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalasi muhim siyosiy darajaga chiqdi. Ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan normativ hujjatlar qabul
qilinmoqda.
O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha eng muhim xalqaro shartnoma – BMTning “Ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiyasi (CEDAW)ning ishtirokchisi hisoblanadi.
Xotin-qizlar jamiyatning a’zosi sifatida barcha sohalarda faol ishtirok etishi huquqiy kafolatlangan. Bunga O‘zbekiston Konstitutsiyasining 58-moddasi yaqqol misoldir.
Mamlakatning siyosiy va ijtimoiy hayotida ayollarning rolini oshirish uchun 2019-yil 2-sentabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunda birinchi marta “jinsi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kamsitish” va “jinsi asosida bilvosita kamsitish” tushunchalariga ta’rif berildi, majburiy huquqiy ekspertiza joriy etildi. Shuningdek, ayollarning mehnat va bandlik sohasidagi huquqlarini ta’minlash uchun 2019-yil 7-martda O‘zbekiston Prezidentining “Mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va ayollarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq ayollarni ayrim sohalar yoki kasblarga jalb qilish taqiqlari bekor qilindi hamda ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sohalar yoki kasblarning tavsiya etiladigan yangi ro‘yxati tasdiqlandi.
Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbari ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish maqsadida 2024-yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.
Daler Valijonov,
Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq
va inson huquqlari kafedrasi dotsenti v.b.,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
O‘zbekiston mehr yo‘lidan boradi
Davlatimiz rahbari nutqida jahon hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashishga undadi. O‘zbekiston Prezidenti BMT rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilashga chaqirdi.
Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy strategiya doirasida ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasi muhim o‘rin egallaydi. Ushbu vazifalar negizida besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasi o‘tkazildi. 530 nafardan ziyod fuqaro, avvalo ayollar va bolalar qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarilgandi. Bu raqamlar BMT minbarida xalqaro darajada e’tirof etildi.
Davlat rahbari BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashi tuzishga kirishilganini bildirdi.
Dilshod Egamberdiyev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va inson huquqlari
kafedrasi katta o‘qituvchisi
Yoshlarga e’tibor kelajakka umid uyg‘otadi
BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralaridagi nutqida
davlatimiz rahbari yoshlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. U “Markaziy Osiyo yoshlarining
kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.
BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, 2050-yilgacha rivojlanayotgan mamlakatlarda yoshlarning umumiy soni 336 millionga yetishi taxmin qilinmoqda. Shunday ekan, yoshlar jamiyatda o‘rnini topishida mamlakatlarda o‘ziga xos siyosat orqali ularning huquqlari ta’minlab berilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda yoshlar huquqlarini ta’minlashda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2016-yil 14-sentabrda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Sarbinaz Rasbergenova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va inson huquqlari
kafedrasi o‘qituvchisi
Ekoxavfsizlik – dolzarb masala
Mamlakatimiz rahbarining nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va islohotlar aks ettirilgan bo‘lib, mamlakatning barqaror rivojlanish, ekologik xavfsizlik va ijtimoiy adolatga intilishi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Prezident nutqida Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda eng zaif mintaqalardan biriga aylanib borayotganiga to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbari nutqining muhim qismini barqaror rivojlanish va ekologik xavfsizlik masalalari tashkil etdi. Xususan, O‘zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida faol ish olib borayotganini, ekologik jihatdan toza iqtisodiyot va barqaror energiya tizimini yaratishni maqsad qilganini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida birdamlik” rezolyutsiyasini qabul qilish va Samarqandda xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va atrof muhitni asrash uchun barcha mamlakatlarning hamkorligi zarurligini e’tirof etib, “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni tashkil etish bo‘yicha taklifni ilgari surdi.
Kamoliddin Xaliqulov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va inson huquqlari
kafedrasi o‘qituvchisi
Suv muammosini yechish muhim
Dunyoda ekologik vaziyatning og‘irlashib borishi natijasida tabiiy resurslarga, xususan, suv resurslariga talab ortdi. Jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlarda ham suv resursiga talab ko‘paymoqda.
Shunday ekan, BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Hozir Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiyoti tez rivojlanmoqda. Natijada tabiiy resurslarga ehtiyoj ortmoqda. Demak, Markaziy Osiyo davlatlari Amudaryo va Sirdaryo havzasidagi suv resurslaridan oqilona foydalanish va tejab ishlatish bo‘yicha darsturlar ishlab chiqishi muammoni yechishga yordam beradi.