HomeMaqolalarSun’iy intellektning fuqarolik huquqiy javobgarligi va yetkazgan zararni hisoblash

Sun’iy intellektning fuqarolik huquqiy javobgarligi va yetkazgan zararni hisoblash

Sun’iy intellektga asoslangan avtonom mahsulotlardan foydalanish javobgarlikning mavjud konsepsiyalari (modellari) doirasida yangi muammolar chiqaradi. Agar mashinalardan foydalanishda jiddiy nosozlik, xatolik yuz bersa, “Nima uchun bunday vaziyat yuz berdi?”, “Bu holat murakkab uskunaning birlamchi nuqsonlari tufaylimi?”, “Dasturlash kodi noto‘g‘ri tuzilganmi?” yoki “Uskunadan foydalanishda o‘qitish tizimi sifatsiz olib borilganmi?” kabi savollar tug‘iladi1.

Sun’iy intellekt tizimlarining bilvosita javobgarligi modellarini olimlar Buyers J., Galasso A., Hong L., Beard J.M., Prakken H., Del Castillo A.P., Leyenes R., Lucivero F., Rodrigo Zapatalarning ilmiy tadqiqot ishlarida ko‘rish mumkin.

Aksariyat hollarda sun’iy intellekt xatolari uchun ularni ishlab chiqaruvchilar, yaratuvchilar va dasturchilarini javobgarlikka tortish asosli bo‘ladi. Ammo sun’iy intellekt oldindan ko‘ra bilmay ishlagan holatlar bundan mustasno. Iste’molchilar (Sun’iy intellekt (SI) operatorlari)ning xavflarni ko‘rishi cheklanganligi javobgarlik yuki ishlab chiqaruvchilarga o‘tishi ehtimolini kuchaytiradi.

Boshqacha ifoda etganda, SI xavflarining oldini olish va nazorat qilish iste’molchilarga qaraganda ishlab chiqaruvchilar uchun qulay va osondir. Biroq ko‘p vaziyatda ayrim iste’molchilarning sun’iy intellekt ishlashiga texnik jihatdan aralashuvi qimmatga tushadi.

Shu sababli SI texnologiyalari va mahsulotlaridan foydalanuvchilar ehtiyot choralarini ko‘rishi va treninglarga mablag‘ sarflashi zarurdir2.

Bugungi kunda SI yetkazgan zarar uchun kim, qanday asosda, qanday sharoitlarda, qay darajada va qanday tartibda javobgar bo‘lishi kabi savollarga aniq (qonun doirasida yoki hatto oddiygina ilmiy asoslangan) javoblar mavjud emas:

– sun’iy intellekt mahsuloti sodir etgan xato (aybsiz harakat), masalan, diagnostika roboti noto‘g‘ri tashxis qo‘ygan bo‘lsa, buning natijasida bemor shikastlangan bo‘lsa;

– sun’iy intellekt bloki yoki uni harakatga keltiruvchi qismini (jismoniy boshqaruvchi) ishlab chiqarishdagi nuqsonlar;

– sun’iy intellekt blokining dasturiy komponentini buzish yoki ruxsatsiz qayta dasturlash;

– sun’iy intellekt mahsulotining xatti-harakati yoki holati;

– insonga zarar yetkazish maqsadida robotni o‘zboshimchalik bilan yaratish.

Shunday ekan, sun’iy intellekt mahsulotlariga nisbatan obyektiv ravishda, zudlik bilan hal qilinishi talab etiladigan ko‘plab muammolar bor3.

Elektrotexnika va elektronika muhandislari instituti (xalqaro jamoat tashkiloti) sun’iy intellekt mahsulotlarini qo‘llash va rivojlantirish uchun quyidagi tamoyillarni taklif qiladi:

– barcha sun’iy agentlarning (sun’iy intellekt mahsulotlari) identifikatsiya qilinishini va ularning faoliyati uchun yuridik javobgarlikni ta’minlash;

– qonun chiqaruvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar sun’iy intellekt mahsulotlaridan foydalanishda suiiste’mol qilinmasligini ta’minlashi zarur;

– sun’iy intellekt mahsulotlaridan foydalanuvchi va ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning bunday tizimlardan foydalanishni aniq tartibga soluvchi yozma rasmiylashtirilgan qoidalarni o‘rnatish (va ularni qo‘llash), xususan, ulardan aniq kim (va qanday) foydalanishga haqli ekanligi to‘g‘risida, ularning malakasini aniqlash majburiyatini belgilash kabi talablarni qo‘yish maqsadga muvofiq4.

Bu tamoyillar yuridik javobgarlikning predmetini belgilashning murakkabligini hisobga olgan
holda qo‘llanishi mumkin. Yevropa kengashi Parlament assambleyasining 2017-yil 28-apreldagi “Texnologiyalar, sun’iy intellekt va inson huquqlari bilan qo‘shilish” nomli 2102-tavsiyasida5 sodir etilgan harakatlar uchun javobgarlik shaxsga yuklanishi ta’kidlangan. Sun’iy intellekt mahsulotlarining mustaqil qarorlariga havolalar ularning yaratuvchilari, egalari va operatorlarini bunday tizimlardan foydalangan holda sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun, hatto harakatning o‘zi shaxsning bevosita ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilmagan holatlarda ham javobgarlikdan ozod qila olmaydi (9.1.1-band).

Tabiiy ehtimoliy oqibatlar modeli va sun’iy intellekt mahsulotining to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarligi modeli, boshqa narsalar qatori, sun’iy intellektning salbiy oqibatlarini minimallashtirishga qaratilgan profilaktika choralarini taklif qiladi. Henri Prakkenning so‘zlariga ko‘ra, bunday choralardan biri sun’iy intellekt mahsulotlarini mashinaning nomaqbul (yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan) harakatlarining imkoni (mumkin emasligi) yo‘qligini kafolatlaydigan tarzda loyihalashni ta’minlashdir. Biroq bu usul cheklangan avtonomiyadagi sun’iy intellekt mahsulotlari uchun mos keladi6.

Ronald Lines va Federika Lusiveroning fikriga ko‘ra, sun’iy intellekt mahsulotlari foydalanuvchilarga yoki uchinchi shaxslarga zarar yetkazmasligi uchun xavfsizlik normalari va standartlarini qabul qilish orqali yasalishi kerak7.

Biz Ronald Lines, Federika Lusivero bildirgan fikrlarga qo‘shilamiz, robotlashtirishning standartlarida har bir tarafning javobgarligiga doir shaffof va aniq talablar bo‘lishi zarur.

Yevropa parlamentining bu boradagi pozitsiyasi katta qiziqish uyg‘otadi. Yevropa parlamentining robototexnika sohasidagi fuqarolik huquqini tartibga solish bo‘yicha komissiyasi robotlarning javobgarligiga (mulk huquqidan tashqari) qanday huquqiy yechim qo‘llanishidan qat’i nazar, kelajakdagi qonunchilik hujjati zararning turi yoki hajmini cheklamasligi kerak deb hisoblaydi. Kompensatsiya to‘lanishi va zararni gumanoid bo‘lmagan agent yetkazsa ham tovon shakllari cheklanmasligi kerak8.

Amaliyotda SI natijasida bilvosita yetkazilgan zararni hisoblash muammoli hisoblanadi. Ayniqsa, ma’lumotlar intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun yoki shunga o‘xshash huquqiy rejim bilan himoyalangan bo‘lsa. Misol uchun, ma’lumotlar bazasini yoki tijorat sirini himoyalash (IPR – intellektual mulk huquqi obyektlari) jarayonida, SI bilan bog‘liq holda (masalan, sun’iy intellektni ta’minlash uchun kirishda) zarar yetkazish yuz berishi mumkin. Biroq bunda zarar miqdorini hisoblash nozik masala hisoblanadi.

Fuqarolik javobgarligi ma’lumotlar maxfiylik qoidalari bilan himoyalangan shaxsiy ma’lumotlar bo‘lsa ham qo‘llanadi. Shaxsning huquqlariga zarar yetkazilgan taqdirda alohida pul miqdori talab qilinishi mumkin, uning jiddiyligi qo‘shimcha alohida pul miqdori talabiga asos bo‘ladi.

Bizning fikrimizcha, ma’lumotlarning tarqalib ketishi shaxsiy ma’lumotga zarar sifatida tan olinishiga asos bo‘ladi va dalil ham talab etiladi.

Darhaqiqat, shaxsiy ma’lumot tovarga aylandi, chunki foydalanuvchilar odatda boshqa xizmatlar evaziga shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishga rozi bo‘lishadi. Internet uchun odatiy biznes modelida ushbu ma’lumotlar onlayn platformalar (ijtimoiy tarmoq, qidiruv tizimi, kontent va boshqalar) tomonidan boshqa mahsulot yoki xizmatlar uchun maqsadli reklama taklif qilishda ishlatiladi.

Ma’lumotlarni himoya qilish organlari shaxsiy ma’lumotlarga oddiy tovar sifatida qarashni istamasa ham shaxsiy ma’lumotlar bozor almashinuvi va “shartnoma amaliyoti”ning bir qismi ekanini ma’lum darajada tasdiqlab, axborotni mulk sifatida ko‘radi. Shuning uchun har safar shaxsiy ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanilganda, axborot subyekti shunga asoslanib, asossiz orttirilgan boylik uchun royalti shaklida zararni talab qilishi kerak.

Biroq avvaldan esda tutish kerak, barcha shaxsiy ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanish ham zarar keltirib chiqarishi mumkin emas. Xususan, sudlarda ochiq ko‘riladigan ishlarda, ochiq litsenziyalarda9 hech qanday zarar mavjud emas degan xulosa qilinadi, chunki bunday holatlarda huquq egasi o‘z ishini erkin tarqatishni maqsad qiladi. Lekin shaxsiy ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanishning hammasi ham zarar keltirib chiqarmaydi.

Yaqindan buyon iqtisodchilar shaxsiy ma’lumotlar qiymati haqida gapira boshlashdi. Xuddi
shunday qonun chiqaruvchilar shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy tarqalib ketishi bo‘yicha jazo choralari qo‘llashni o‘ylashmoqda (masalan, General Data Protection Regulation – GDPR “Umumiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi nizom” asosida). Binobarin, huquqbuzarliklar odatda miqdor bilan bog‘liq yo‘qotish emasligini inobatga olgan holda advokatlar va sudlardan zararni hisoblash so‘raladi. Iqtisodiy usullar ichida zararni “qat’iy” (fiksatsiya qilingan) baholash usuli bunga javob bera oladi. Shaxsiy ma’lumotlar qimmatli aktivdir10, lekin har qanday shaxsiy ma’lumot yoki axborot bazasining haqiqiy qiymati uning mazmuniga bog‘liq. Uning bahosi shaxsiy ma’lumotlar toifasi (yosh, jinsga oid ma’lumotlar kabi asosiy foydalanish ma’lumotlari), etnik kelib chiqishi, pochta indeksi, muayyan kredit tarixi, bankrotlik yoki biznes ma’lumotlariga qarab o‘zgaradi.

Masalan, yirik axborot bazasiga ega brokerning har bir yozuvi taxminan 1 dollar turadi.

SUDLARGA ZARARLARNI BAHOLASHDA KO‘MAK SIFATIDA QUYIDAGI MISOLLARNI KELTIRISH MUMKIN:

Shaxsiy ma’lumotlar toifasi quyidagi belgilarga ko‘ra tavsiflanadi:

– demografik ma’lumotlar (masalan, ism, jins, yosh, manzil, millat, daromad darajasi, kasb, yuz, ovoz, DNK kabi biometrik belgilar);

– geografik (masalan, IP manzil, joriy joylashuv, tashrif buyurilgan joylar);

– xulq-atvor (masalan, ko‘rilgan veb-saytlar, boshqa veb-saytlar bilan o‘zaro aloqa, xarid, iste’mol qilingan kontent, foydalanilgan qurilmalar);

– psixografik (masalan, imtiyozlar, qadriyatlar, e’tiqodlar, motivlar, turmush tarzi).

O‘z navbatida biznesda zararlar quyidagi shakllar asosida baholanadi:

– foydalanishga asoslangan narxlar;
– paket narxlar;
– qat’iy belgilangan narx;
– erkin (bozor) narxi.

Avtonomlashgan robotlar yetkazgan zarar uchun javobgarlikni taqsimlash muammosining yechimi sifatida, masalan, avtomobil transportida bo‘lgani kabi, majburiy sug‘urta tizimini joriy etish talab etiladi.

Biroq transport sug‘urtasi tizimidan farqli o‘laroq, robototexnika sug‘urta tizimi zanjir bo‘ylab barcha potensial javobgarlarni hisobga olishi zarur. Bu sug‘urta tizimining sug‘urta qoplamasi mavjud bo‘lmagan hollarda zararni qoplashni ta’minlash uchun maxsus sug‘urta fondini tashkil etish kerak. Sug‘urtalovchilar robototexnika sohasidagi yangi mahsulotlar uchun taklif turlarini ishlab chiqishlari lozim.

Masalan, ushbu sug‘urtalashda quyidagilar inobatga olinishi tavsiya etiladi:

a) robot bloklarining alohida toifalari uchun asosli majburiy sug‘urta sxemasini yaratish,
unga ko‘ra (avtomobil ishlab chiqaruvchilar kabi) robot ishlab chiqaruvchilari yoki uning
egalari zararni qoplash uchun sug‘urta majburiyatlarini zimmalariga olishlari mumkin;

b) tashkil etiladigan sug‘urta kompensatsiyasi jamg‘armasi, agar robot yetkazgan zarar
sug‘urta bilan qoplanmagan bo‘lsa, tovon to‘lanishini kafolatlashga xizmat qiladi;

v) ishlab chiqaruvchi, dasturchi, mulkdor yoki foydalanuvchi ko‘rsatilgan kompensatsiya sug‘urta fondiga o‘z hissasini qo‘shgan taqdirda, shuningdek, ular yetkazgan zararni qoplashni kafolatlash uchun birgalikda sug‘urta shartnomasi tuzgan taqdirda ularning javobgarligi solidar tartibda taqsimlanadi;

g) barcha avtonom sun’iy intellekt mahsulotlari uchun umumiy sug‘urta jamg‘armasini yaratish yoki robotlarning har bir toifasi uchun alohida fondlar yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilish zarur;

d) robot va tegishli fond o‘rtasidagi aloqada maxsus reyestrda ko‘rsatilgan yagona ro‘yxatga olish raqamidan foydalanish kerak, bu robot bilan aloqada bo‘lgan har bir kishiga fondning maqomi, zarar yetkazgan robot, uning egalari va boshqa barcha ma’lumot, shu jumladan, mulkiy javobgarlik chegaralari to‘g‘risida xabardor bo‘lish imkonini beradi;

e) uzoqroq kelajakda robotlar uchun maxsus huquqiy maqom yaratish, hech bo‘lmaganda eng murakkab avtonom robotlar yetkazilishi mumkin bo‘lgan har qanday zarar uchun javobgar bo‘lgan elektron shaxslar sifatida huquqiy maqomga ega bo‘lishi mumkin.

Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, quyidagi xulosa va takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq deb topdik:

1. Sun’iy intellekt ishlashi oqibatida yuzaga kelgan huquqiy javobgarlik subyektini belgilash
muammosi ham bugungi kunda dolzarbdir. Chunki hozirda sun’iy intellekt avtomobilni boshqarishdan tortib, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatishgacha, uy ishlarini bajarish va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida qo‘llanmoqda. Fikrimizcha, ayni damda sun’iy intellekt javobgarlik subyekti bo‘la olmaydi, uning faoliyati uchun javobgarlik egasiga yoki zarar sun’iy intellekt nuqsoni oqibatida yetkazilgan bo‘lsa ishlab chiqaruvchiga yuklatilishi maqsadga muvofiq. Biroq bunda uchinchi shaxs – jabrlanuvchining huquqiy maqomi (iste’molchi ekanligi)dan kelib chiqib javobgarlik subyektini tanlash imkoniyatini berish mumkin.

2. Biz ilm-fan doktrinasida mavjud yondashuvlarni tahlil qilgan holda sun’iy intellektning zararli oqibatlarni keltirib chiqargan xatti-harakatlari (harakatsizligi) uchun javobgarlikni belgilashda quyidagi asosiy modellarni ajratib ko‘rsatish mumkin deb hisoblaymiz:

– haqiqiy aktor modeli, bunda sun’iy intellekt prinsipial jihatdan aybsiz, huquqbuzarlikning haqiqiy ijrochisi quroli (vositasi) sifatida qabul qilinadi;

– tabiiy ehtimoliy oqibatlar modeli, bunda sun’iy intellekt uni ishlab chiqarish/dasturlashning
tabiiy, mantiqiy va ehtimoliy oqibati bo‘lgan harakatlarni amalga oshiradi, javobgarlik uni yaratgan yoki qo‘llagan shaxs zimmasida bo‘ladi;

– kvazijavobgarlik modeli, bunda sun’iy intellekt egasi yoki operatori uning niyatlari va harakatlarini to‘g‘ri talqin qilmaganligi va ushbu xatti-harakatlarning oldini olmaganligi uchun salbiy oqibat kelib chiqadi;

– bevosita javobgarlik modeli, bunda sun’iy intellekt o‘z harakatlari (yoki harakatsizligi) uchun mustaqil va to‘liq javobgar hisoblanadi.

3. Huquqiy tafakkur hamda sivilistik doktrinaning bugungi rivojlanish darajasidan kelib chiqib sun’iy intellekt xatti-harakati uchun huquqiy javobgarlik subyektliligini belgilashda oshiqcha xavf manbayi maqomidan kelib chiqish ham ahamiyatlidir.

Zero, insonning bevosita nazoratidan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan har qanday obyekt faoliyati uchun uning egasi javobgar sanaladi. Shu nuqtayi nazardan sun’iy intellekt uchinchi shaxslar bilan munosabatga kirishganida yoki bevosita tashqi muhit bilan to‘qnash kelishi mumkin bo‘lganida u egasining nazoratida bo‘lishi hamda har qanday kutilmagan nosozlik yuzaga kelganda qaror qilish yoki faoliyat yuritish egasi (inson) tomonidan amalga oshirilishi lozim.

4. Sun’iy intellektning huquqiy javobgarligini e’tirof etish muqarrar ravishda uning huquq va majburiyatlarini normativ tartibda belgilash, shuningdek ularning, davlat tomonidan ro‘yxatga olinishini ta’minlash kafolatlarini talab qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, normativ-huquqiy hujjatlar bazasini tubdan qayta qurish bilan birga, inson tafakkurini o‘zgartirishni, huquqiy madaniyatni tubdan rivojlantirishni talab qiladi.

Shunga ko‘ra, garchi bir qarashdan hozirgi kunda ushbu masalalarni kun tartibiga qo‘yish shart emasdek tuyulsa ham, jamiyat yaqin kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sun’iy intellekt bilan bog‘liq xavflarni bashorat qilishi, iqtisodiyot va boshqa sohalarda faol qo‘llana boshlagan sun’iy intellektning fuqarolik-huquqiy javobgarligiga oid qonunchilikni ishlab chiqishga e’tibor qaratishi shart.

5. Bizningcha, qonun hujjatlarida sun’iy intellekt yetkazgan zarar uchun fuqaroviy javobgarlikni belgilashda jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni undirish hajmi va tovon to‘lash shakllarini cheklamaslik kerak.

Jumladan, hozir ilgari surilayotgan huquqiy javobgarlikning qat’iy miqdorini belgilash yoki xatarlarni boshqarish yondashuvi kabi modellarni qo‘llashda chuqur ijtimoiy-iqtisodiy tahlillarni o‘tkazish kerak.

Bunda, nazarimizda, quyidagilarga urg‘u berish shart:

– qat’iy javobgarlik faqat yetkazilgan zarar sun’iy intellekt noqonuniy harakatlari tufayli ekanini isbotlashni talab qiladi;

– javobgar taraf aniqlanganda, uning javobgarligi sun’iy intellektga berilgan ko‘rsatmalar va uning avtonomligi darajasiga mutanosib bo‘lishi kerak;

– sun’iy intellekt avtonomligi qanchalik past bo‘lsa, uning egasi (foydalanuvchi) shaxsning javobgarligi shuncha yuqori bo‘lishi kerak;

– avtonom sun’iy intellekt yetkazgan mulkiy zarar uchun javobgarlik muammosi yechimi sifatida, masalan, avtomobil transportida bo‘lgani kabi, majburiy sug‘urta tizimini joriy etish mumkin.

6. Nazarimizda, milliy qonunchilikda universal sun’iy intellekt sug‘urta tizimini joriy etish zarur bo‘ladi. Bu tizimning sug‘urta qoplamasi bo‘lmaganda zararni qoplashni ta’minlash uchun maxsus sug‘urta fondi tashkil etilishi mumkin.

Ushbu sug‘urtalashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:

a) zarur bo‘lganda va sun’iy intellektli robot bloklarining alohida toifalari uchun asosli majburiy sug‘urta sxemasini yaratish, unga ko‘ra (avtomobil ishlab chiqaruvchilar kabi) sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchilari yoki egalari zararni sug‘urta qilish majburiyatlarini zimmalariga oladi;

b) tashkil etiladigan sug‘urta kompensatsiyasi jamg‘armasi, agar sun’iy intellekt yetkazgan
zarar sug‘urta bilan qoplanmagan bo‘lsa, tovon to‘lanishini kafolatlashi zarur;

v) sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchisi, dasturchisi, egasi yoki foydalanuvchisi kompensatsiya sug‘urta fondiga hissa qo‘shganda, shuningdek, ular yetkazgan zararni qoplashni kafolatlash uchun birgalikda sug‘urta shartnomasi tuzgan taqdirda javobgarlik solidar tartibda taqsimlanishi mumkin;

g) barcha avtonom sun’iy intellektlar uchun umumiy sug‘urta jamg‘armasini yaratish yoki
ularning har bir toifasi uchun alohida fondlar yaratish lozim;

d) sun’iy intellektni sug‘urtalash fondi maxsus davlat reyestrida ko‘rsatilgan yagona ro‘yxatga olish tizimidan foydalanishi kerak. Bu narsa sun’iy intellekt zarar yetkazgan shaxsga, SI egalariga mulkiy javobgarlik chegaralari to‘g‘risida xabardor bo‘lish imkonini beradi.

7. Sun’iy intellekt uchun umumiy sug‘urta jamg‘armasini yaratish taklifidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga quyidagi o‘zgartishlarni kiritish maqsadga muvofiq: 9201-modda. Sun’iy intellekt oshiqcha xavfini sug‘urta qilish Sun’iy intellekt oshiqcha xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘z faoliyatida qo‘llanadigan sun’iy intellekt oshiqcha xavfi faqat uning foydasiga sug‘urtalanishi mumkin.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lmagan shaxsning sun’iy intellekt oshiqcha xavfini sug‘urta qilish shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas. Sug‘urta qildiruvchi bo‘lmagan shaxsning foydasiga sun’iy intellekt oshiqcha xavfini sug‘urta qilish shartnomasi sug‘urta qildiruvchi foydasiga tuzilgan hisoblanadi.

922-modda. Majburiy sug‘urta Qonunda quyidagilarni sug‘urta qilish majburiyati belgilab qo‘yilishi mumkin: qonunda ko‘rsatilgan boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulki ularning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi ehtimolini nazarda tutib;

boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi yoxud boshqa shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarning buzilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zining fuqaroviy javobgarligi xavfi;

qonunda yoki shartnomada belgilangan sun’iy intellekt oshiqcha xavfi.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lish majburiyati qonun bilan unda ko‘rsatilgan shaxslar zimmasiga yuklanadi.

10331-modda. Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar.

Sun’iy intellektning dasturiy-apparat va dasturiy vositalari majmuasi tomonidan avtonom tarzda yaratilgan intellektual faoliyat natijasiga bo‘lgan huquqlar, ya’ni insonning sezilarli shaxsiy ijodiy hissasi bo‘lmagan taqdirda quyidagilarga tegishlidir:

1) ushbu sun’iy intellekt kompleksini ishlab chiqaruvchiga;

2) sun’iy intellekt dasturiy-texnika kompleksi ishlab chiqaruvchisi bilan ushbu kompleksdan
yoki uning imkoniyatlaridan foydalanish uchun litsenziya shartnomasini tuzgan jismoniy yoki yuridik shaxsga;

3) agar sun’iy intellektning dasturiy-apparat kompleksi ishlab chiqaruvchisi, undan foydalanish uchun ochiq litsenziya taqdim etgan bo‘lsa, ushbu natijani yaratish uchun sezilarli ijodiy hissa qo‘shgan fuqaroga, bunday fuqaro bo‘lmagan taqdirda – umumjamoat mulki hisoblanadi.

8. Fuqarolik kodeksining 999-moddasi 1-qismini quyidagi tahrirda bayon etish lozim: Faoliyati tevarak-atrofdagilarga oshiqcha xavf tug‘diradigan yuridik shaxslar va fuqarolar (transport tashkilotlari, sanoat korxonalari, qurilishlar, transportlarning egalari va boshqalar), shuningdek, sun’iy intellekt mahsulotlaridan foydalanuvchilar, oshiqcha xavf manbayi yetkazgan zararni, agar zarar bartaraf qilib bo‘lmaydigan kuch yoki jabrlanuvchining qasddan qilgan harakati oqibatida yuzaga kelganini isbotlay olmasalar, to‘lashlari shart.

9. Fuqarolik kodeksini yangi 10041-modda (“Sun’iy intellekt xatti-harakatlari uchun javobgarlik”) bilan to‘ldirish taklif etiladi:

1. Sun’iy intellekt egasi uning xatti-harakatlari uchun sun’iy intellektga egalik qilish va (yoki) foydalanishga o‘tgan vaqtdan boshlab o‘z mulki doirasida javobgar bo‘ladi.

2. Sun’iy intellektning javobgarligi uning shartnomaviy-huquqiy yoki boshqa qonuniy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda (shu jumladan, boshqalar uchun oshiqcha xavf tug‘diradigan faoliyat bilan zarar yetkazilgan taqdirda) uning xatti-harakati uchun javobgarlik egasiga subsidiar tartibda yuklanadi.

3. Ushbu moddada ko‘rsatilgan har qanday holatda sun’iy intellekt egasi va (yoki) foydalanuvchisi sun’iy intellektning xatti-harakatlari uchun javobgar bo‘ladi, ular javobgarlik sun’iy intellektni yaratish, ishlab chiqarish va (yoki) texnik xizmat ko‘rsatishni amalga oshirgan shaxsning harakatlari natijasida sodir etilganligini isbotlagan holatlar bundan mustasno.

4. Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sun’iy intellektni yaratgan, ishlab chiqqan va (yoki) unga xizmat ko‘rsatgan shaxs aybining mavjudligidan qat’i nazar, ushbu moddaga muvofiq javobgar bo‘ladi.

10. Banklar faoliyatida sun’iy intellekt qo‘llanishi va javobgarligini belgilash maqsadida “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga quyidagi moddani kiritish taklif etiladi: 411-modda. Bank xizmatlari va operatsiyalarida sun’iy intellekt qo‘llanishi Xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini bank tomonidan uzluksiz asosda amalga oshirish uchun sun’iy intellekt qo‘llanishiga yo‘l qo‘yiladi.

Bank xizmatlari va operatsiyalarining ayrim turlarini sun’iy intellektga topshirishga faqat bu
haqda mijozlarni ogohlantirgan holda yo‘l qo‘yiladi.

Xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari sun’iy intellekt tizimi tomonidan amalga oshirilishi shartnomada aks ettirilishi kerak.

Bank sun’iy intellekt tizimiga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari bilan
bog‘liq tavakkalchiliklar uchun javobgar bo‘ladi.

Xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini sun’iy intellekt tizimiga topshirishda bank dastur talablariga, shu jumladan, uni qo‘llash vaqtidagi nosozliklar yoki topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari yuzasidan axborot taqdim etish bo‘yicha talablariga javob berishi kerak.

11. “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasiga quyidagi bandni kiritish taklif etiladi:

26-modda. Yo‘l harakati qatnashchilarining huquq va majburiyatlari
. . .
sun’iy intellekt orqali yarim avtomat yoki to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruvda transportlar tomonidan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida jarohat olgan, transport va yukka shikast yetkazilgan hollarda qonunchilikda belgilangan tartibda zarar qoplanishi.

12. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-dekabrdagi 318-qarori bilan tasdiqlangan “Davlat notariusi tomonidan o‘z kasb majburiyatlari buzilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 7-bandini quyidagicha bayon etish taklif etiladi: “7. Adliya boshqarmasi tomonidan qoplangan summa keyinchalik aksincha talab (regress) tartibida notariusdan undirib olinishi kerak, sun’iy intellekt tizimi xatoligi tufayli zarar yetkazilishi holatlari bundan mustasno”.

13. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi nizomning 2-bandini quyidagicha bayon etish taklif etilgan: “2. Korxona hududida va uning tashqarisida mehnat vazifalarini bajarayotganda (shuningdek, xizmat safarlarida) yuz bergan jarohatlanish, zaharlanish, issiqlik ta’siri, portlash, falokatlar, imoratlar, inshootlar va konstruksiyalar buzilishi, kuyish, muzlash, qizish, elektr toki va yashin urishi, sun’iy intellekt tizimlari, hayvonlar, hasharotlar va sudralib yuruvchilar tomonidan, terroristik harakatlar natijasida shikastlanishlar, shuningdek, tabiiy ofatlar (zilzilalar, o‘pirilishlar, suv toshqinlari, to‘fonlar va boshqalar) tufayli salomatlikning boshqa xil shikastlanishlari”.

Ushbu nizomning IV bobini 61-band bilan to‘ldirish taklif etilgan: “61. Sun’iy intellekt tizimlari harakati oqibatida inson o‘limi kelib chiqqan baxtsiz hodisa sun’iy intellekt tizimini ishlab chiqargan dastur yaratuvchisi, ishlab chiqaruvchining vakillari ishtirokida ko‘rib chiqiladi”.

Sardor BOZAROV,
Toshkent davlat yuridik universiteti Kiber huquqi kafedrasi
professori v. b., yuridik fanlar doktori

 

1 Buyers J. Liability Issues in Autonomous and Semi-Autonomous systems / Osborne Clarke LLP //. –2015. – P. 1. – URL: https://www.slideshare.net/ JohnBuyers1/liability-issues-in-autonomous-and-semiautonomous-systems.

2 Galasso A., Hong L. Punishing Robots: Issues in the Economics of Tort Liability and Innovation in Artificial Intelligence // . – 10 p. – P. 5–6. – URL: https:// www.hbs.edu/ris/Publication%20Files/GalassoLuo_AIChapter_April152018_bf07ab42-b33a-4e9a-a375-9fbdda5fcb84.pdf.

3 Prakken H. On how AI & law can help autonomous systems obey the law: a position paper // AI4J – Artificial Intelligence for Justice. – 2016. P. 42–46, 264 [Elektron manba] – URL: https://www.ai.rug.nl/~verheij/AI4J/papers/AI4J_paper_12_prakken.pdf.

4 Ethically Aligned Design: A Vision for Prioritizing Human Well-being with Autonomous and Intelligent Systems Version 2 / The IEEE Global Initiative on Ethics of Autonomous and Intelligent Systems // P. 92–93.

5 Recommendation № 2102 (2017) of Parliamentary Assembly of the Council of Europe «Technological convergence, artificial intelligence and human rights», 28 April 2017 [Elektron manba] – URL: http://assembly.coe.int/nw/xml/XRef/Xref-XML2HTML-en.asp?fileid=23726

6 Prakken H. On how AI & law can help autonomous systems obey the law: a position paper // AI4J – Artificial Intelligence for Justice. – 2016. – P. 42–46.

7 Leenes R., Lucivero F. Laws on Robots, Laws by Robots, Laws in Robots: Regulating Robot Behaviour by Design – URL: https://www.researchgate.net/ publication/271603540_Laws_on_Robots_Laws_by_Robots_Laws_in_Robots_Regulating_Robot_Behaviour_by_Design

8 Report with recommendations to the Commission on Civil Law Rules on Robotics (2015/2103(INL)), 31.05.2016 / Committee on Legal Affairs / European Parliament; Rapporteur: Mady Delvaux // – 22 p. – P. 10.

9 Creativecommons.org or General Public Licenses (GPL) for software by the Free Software Foundation.

10 Rodrigo Zapata, How much is data worth?, available at – URL: https://www.researchgate.net/publication/ 328692193_How_much_is_data_worth.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni