HomeMaqolalarIlmiy ishlarni plagiat tekshiruvidan o‘tkazish tizimlari

Ilmiy ishlarni plagiat tekshiruvidan o‘tkazish tizimlari

Raqamli texnologiyalar rivojlangan bugungi kunda intellektual mulk huquqlariga rioya qilish juda dolzarb masalalardan biri bo‘lib bormoqda. Mualliflik huquqlari buzilishining eng keng tarqalgan turi birovning g‘oya va fikrlarini o‘zlashtirib, ularni o‘zining nomidan jamoatchilikka, ilmiy dunyoga taqdim etish, ya’ni plagiat hisoblanadi.

Plagiat muammosi hozirgi kunda dunyoda jiddiy muammolardan biriga aylanib ulgurdi. U har bir mamlakatda turli sohalarning xizmatlariga taalluqlidir. Misol tariqasida eng mashhur sud ishlaridan birini keltirish mumkin. 2010-yildan 2015-yilgacha bo‘lgan davr yetakchi IT-kompaniyalari o‘rtasida katta patent tortishuvlari bilan ajralib turdi. Lekin bir nechta yil bo‘yi davom etgan tortishuvlardan so‘ng tomonlar nizolarni hal qildi va hamkorlik haqida kelishuvga erishildi.

2010-yilda “Apple” “HTC”ni 20 ta patentning (slide-to-unlock blokdan yechish funksiyasini, interfeys tizimini va multi-touch ko‘p vazifali tizimi) buzilishida aybladi. 2012-yilda 2022-yilgacha o‘zaro litsenziyalash kelishuviga erishishdi. “HTC” har bir android-smartfonning sotuvidan 6-8 dollar miqdorida to‘lov qilish majburiyatni oldi. Lekin o‘sha vaqtning o‘zida “Apple”ning slide-to-unlock va boshqa ayrim original funksiyalaridan erkin foydalanish huquqiga ega bo‘ldi1.

Axborot-kommunikatsiya texlogiyalarining rivojlanishi natijasida mualliflik huquqlariga rioya
qilish masalalarining dolzarbligi oshdi. Raqamli dastur va ilovalarni ishlab chiqaruvchilarning
kompetentligi tufayli bugungi kunda muallif tayyorlagan ishning originalligini tekshirish imkoniyati mavjud bo‘ldi.

Hozirgi kunda internetda ilmiy ishlarni plagiat tekshiruvidan o‘tkazish imkonini beruvchi bir nechta dastur bor. Bularga text.ru, antiplagiat.ru, advego.ru tizimlarini misol keltirish mumkin.

text.ru plagiat tekshiruvchi dasturida matn originallik darajasining foizi ko‘rsatiladi. Shu bilan birga matnning “suv”i, ya’ni hajmini ko‘paytiruvchi, lekin mazmun jihatidan qimmati yo‘q qismlari, shuningdek, bog‘lovchi so‘zlarning foizi ham ko‘rsatiladi. Dastur tekshirishdan so‘ng tekshirilgan matnda rang bilan izoh beruvchi joylarga ishlatilgan foiz bilan internet havolalarni ko‘rsatadi.

Undan tashqari, dastur algoritmi so‘zlar, iboralar va gaplarning joylari almashganda ham plagiatni aniqlaydi.

Yana bitta ahamiyatli narsa shundan iboratki, dastur matndagi orfografik xatolarini ham avtomatik tarzda tekshiradi. Muallif tekshirilayotgan matnda xatolarini ko‘rish imkoniga ega bo‘lib, o‘zining savodxonligini oshirishi mumkin.

antiplagiat.ru dasturi tekshirishda matn hajmi jihatidan belgilar soni bilan chegaralamasdan kengroq imkoniyatlarni taqdim etadi. Lekin tekshirilayotgan ma’lumotlar bazalarining hajmini toraytiradi. Ushbu tizim o‘zining bazalaridan bepul foydalanishga ruxsat beradi, lekin u chegaralangan: faqat ochiq internet-bazalaridan foydalaniladi. Pulli variantini sotib olgan foydalanuvchi esa dasturning to‘liq bazalar majmuasidan foydalanadi.

Biror tarifni sotib olgandan so‘ng tekshiruvga katta ma’lumot bazalari qo‘shiladi. Bular Internet plyus qidiruv moduli, BMK dissertatsiyalari qidiruv moduli, Universitetlar halqasi qidiruv moduli kabilardir.

Dasturning bepul varianti to‘liq ma’lumot bazalarini tekshirmagani sababli pulli variantga nisbatan originallikni pastroq ko‘rsatadi.

Ko‘rib chiqilgan plagiatni tekshirish dasturlaridan tashqari Advego dasturi ham bor. Ushbu tizim bilan birinchi marta tanishishda ozgina qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramasdan, uning tekshirish sifati juda yuqori darajada.

Bu tizimda intellektual algoritmlar ishlatilishi sababli plagiat tekshiruvi noinsof usullarni yengillik bilan aniqlamoqda:

• harflarni boshqa shriftga almashtirish: bundan almashgan joylarni antiplagiat dasturi rang bilan ko‘rsatadi va avtomatik tarzda to‘g‘ri belgilarni o‘z o‘rniga qo‘yadi;

• so‘zlarning joylashuvini almashtirish, sinonimayzing, eski tildagi so‘zlarga almashtirishlar: manbalar matnning leksik tarkibi bilan solishtirish orqali topiladi va o‘xshamaslik ko‘rsatkichi past bo‘ladi;

• so‘zlar o‘rtasiga qo‘shimcha so‘zlarni kiritish, kelishik va zamonlarni o‘zgartirish: algoritm original matnni topish maqsadida “suv”siz matnni o‘xshash so‘zlar shakllari bilan solishtiradi;

• matnga “antiplagiatdan qochish” servislari orqali ishlov berish, maxsus va ko‘rinmas belgilarni qo‘shish: matn avtomatik tarzda begona belgilardan tozalanadi, bu esa sifatli tekshiruvni kafolatlaydi.

Plagiat tekshiruvining turli tizimlarining tahlili asosida O‘zbekistonda “antiplagiat.ru”ning
keng imkoniyatlaridan foydalanishga qaror qilindi. Mamlakatimiz ushbu tizimning “OTMlar halqasi” tizimiga kirgan va milliy domen nomi antiplag.uz bilan ishga tushirilgan2.

Biroq ushbu milliy dastur bo‘yicha ham bir nechta e’tiroz mavjud. Shulardan biri mazkur tizim faqat davlat tilida o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Bu esa boshqa tillarda tadqiqot olib boruvchilarning imkoniyatlarini chegaralab qo‘ymoqda. Undan tashqari, aynan milliy dasturdan foydalanish imkoni bo‘lmasa, aksariyat tadqiqotchilar plagiat tekshiruvini boshqa tizimlardan foydalangan holda o‘ziga qulay deb topadi. Shu orqali milliy dasturning nufuzi pasayishi ehtimoli baland bo‘ladi.

Shu sababli mazkur dasturga O‘zbekistonda ilmiy tadqiqot olib borilayotgan tillarni tatbiq qilish maqsadga muvofiqdir.

Shuni ham inobatga olish kerakki, ilmiy ishlardagi plagiatni shunchaki aniqlab qo‘yish hech qanday natijaga olib kelmaydi. Shu sabab har bir plagiatchiga nisbatan chora ko‘rilishi shart.

Shu munosabat bilan har bir oliy ta’lim muassasasi va ilmiy tadqiqot instituti ilmiy ishlarning originallik darajasini aniqlash bo‘yicha o‘zining talablarini ishlab chiqishi lozim. Shuningdek, “qora mualliflar reyestri”ni yuritish, ya’ni boshqalarning ilmiy ishlarini o‘zlashtiradigan shaxslarni ro‘yxatga olish maqsadga muvofiq.

Bunday noinsof mualliflarni aniqlash mexanizmining tatbiq etilishi birovlarning aql-tafakkuri mahsuli orqali pul va obro‘ topayotgan odamlarni ajratib olish, qonunchilikka ko‘ra ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortishga imkon yaratadi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarning tahliliga asosan ilmiy sohada mualliflik huquqlarining
targ‘ibotini takomillashtirish hamda ularni himoya qilish yuzasidan quyidagi takliflar bildiriladi:

1. antiplag.uz milliy plagiat tekshiruv tizimiga joriy etish maqsadida Rossiya Federatsiyasi analogik saytlaridagi imkoniyatlardan namuna olgan holda chegaralangan bepul foydalanish tartibini tatbiq qilish;

2. antiplag.uz milliy plagiat tekshiruv tizimida interfeysning yana bir nechta tilini tatbiq qilish, ya’ni kamida ingliz tilini. Hozirgi vaqtda sayt faqat o‘zbek tilida faoliyat olib bormoqda.

3. O‘zbekistondagi har bir oliy ta’lim muassasasi antiplag.uz milliy plagiat tekshiruv tizimidan foydalanishini baholash maqsadida o‘zining baholash mezonlarini yaxshilashi lozim. Bunga misol sifatida o‘quv jarayoniga antiplag.uz tizimi hisobotining minimal o‘tish foiz ko‘rsatkichlarini uslubiy ko‘rsatma sifatida joriy qilish3.

4. O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalarini yagona axborot almashinuv tizimiga birlashtirish va undan keyin ishlarning originallik darajasini belgilovchi foiz ko‘rsatkichini belgilash. Bu antiplag.uz milliy plagiat tekshiruv tizimidan kengroq foydalanishga imkon yaratadi.

Zuxra MURAKAYEVA,
Jamoat xavfsizligi universiteti mustaqil tadqiqotchisi

 

1 MEDIA RELEASE Joint Launch of the State Courts Centre for Dispute Resolution and “Mediation in Singapure: A Practical Guide”, a Thompson Reuters Publication on 4 March 2015.

2 http://antiplag.uz

3 Р.Д.Рузиев, З.И.Муракаева. (2023). Оригинальность авторского произведения как качественный показатель при издании научной работы. Universal Journal of Law, Finance and Applied Sciences, 1(2), 25–36. Retrieved from https://humoscience.com/index.php/lfas/article/view/1454. – С.34.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa