HomeMaqolalarQishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini tijoriylashtirish

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini tijoriylashtirish

Ma’lum bir sohada bozor munosabatlarini joriy etishning asosida mazkur sohada mulk huquqining ta’minlanganligi yotadi. Mulk huquqisiz bozor munosabatlarini rivojlantirish, xususan, ashyoni bozor aktiviga aylantirish imkonsiz. Yer uchastkalarining iqtisodiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalada bo‘lishi, shartnoma asosida bir shaxsdan boshqa shaxsga o‘tkazilishi har bir mamlakat rivojlanishida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘ladi.

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 13-moddasida yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kreditlar olishda fermer xo‘jaligi tomonidan garovga qo‘yilishi mumkinligi belgilangan. Biroq qonunchilik hujjatlarida yer ijara huquqidan foydalanishga qo‘yilgan bir qancha talablar borki, ular mazkur huquqdan shartnoma bo‘yicha majburiyatning bajarilishini ta’minlash usuli sifatida foydalanishga to‘sqinlik qiladi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga ko‘ra, ijaraga berilgan yer uchastkalari oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash obyekti bo‘lishi mumkin emas.

Yer uchastkasini ijaraga olish huquqini kreditlar olishda garovga qo‘yish bilan bog‘liq huquqiy munosabatga fuqarolik qonunchiligi jihatidan baho bersak, kredit olish bo‘yicha tuziladigan mazkur bitim mazmuniga ko‘ra oldi-sotdi shartnomasi keltirib chiqaradigan huquq va majburiyatlarni paydo qilishi ham mumkin va bunda shartnomaning mazkur turi bilan aynan bir xil vazifani bajaradi.

Bu quyidagicha izohlanadi: agar qarz (kredit) oluvchi shartnoma bo‘yicha kreditor tomonidan taqdim etilgan pulni qaytarishga qobiliyatli bo‘lmasa yoki ularni ataylab qaytarmasa kreditor qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda undiruvni garov narsasiga qaratishga haqli bo‘ladi.

“Garov to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, undiruv qaratilgan, garovga qo‘yilgan mol-mulkni majburiy ravishda realizatsiya qilish qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida, elektron onlayn-auksion shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshiriladi.

Ya’ni, taraflar o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar qarz oluvchi tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda kreditor garovga qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini elektron onlayn-auksion shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish huquqiga ega bo‘ladi. Biroq bu qoida bosh-qa tomondan Yer kodeksining ijaraga berilgan yer uchastkalari oldi-sotdi obyekti bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi normasiga zid bo‘ladi. Bu esa amalda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini bozor aktivi sifatida garovga qo‘yishning o‘z-o‘zidan haqiqiy emasligiga olib keladi.

Bundan tashqari, undiruvni garov narsasi bo‘lgan ijara huquqiga qaratishda tadbirkorlik subyekti bilan tuzilgan yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish orqali huquqni boshqa shaxsga rasmiylashtirish zarurati yuzaga keladi. Biroq Yer kodeksining 36-moddasida ijara huquqini bekor qilish asoslari belgilangan bo‘lib, unda undiruvni garovga qaratish orqali ijara huquqini bekor qilish nazarda tutilmagan.

Ushbu sohada mulk huquqining mavjud emasligi va qonunchilikdagi mazkur nomuvofiqliklar ijara huquqidan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash usuli sifatida foydalanishga to‘sqinlik qiladi.

Ta’kidlash lozimki, ijara huquqi yer uchastkasiga nisbatan to‘liq egalik qilish huquqini bermasligi hamda Yer kodeksida belgilangan tartibda mazkur huquqdan mahrum bo‘lib qolish ehtimoli yuqoriligi sababli, ijara huquqining bozordagi aniq qiymati mavjud emas va uning taxminiy bahosini ham hisoblash imkoni yo‘q. Aksariyat hollarda u olinadigan kreditni qoplash uchun yetarli bo‘lmaydi.

Ma’lumki, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari va ularning kafolatlanishi sohada tadbirkorlik faoliyati olib borishning asosi va o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. Shunga qaramasdan yer uchastkalariga bo‘lgan huquq, uning turlari hamda ularni himoya qilishni tartibga solishda huquq va majburiyatlar o‘rtasidagi bir qancha nomutanosibliklar, noaniq normalar, normativ-huquqiy hujjatlardagi ziddiyatlarning mavjudligi ayrim hollarda tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarining buzilishiga olib kelayotgan edi.

Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar, ularni kafolatli himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish sohasida 1998-yilda O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi qabul qilingandan keyingi davrda ahamiyatga molik huquqiy islohotlar amalga oshirilmagan edi. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6243-farmoni asosida yer munosabatlarini tartibga solishda tub islohotlar boshlab berildi.

Mazkur farmonga asosan yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi belgilandi.

Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilindi. Ayni paytda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar saqlab qolindi. Bu orqali yer uchastkalariga nisbatan belgilanadigan huquqlar soni qisqartirildi va soddalashtirildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratilishi belgilandi. Mazkur holat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun shaffoflikni ta’minlashga va yer ajratish tizimida yagona tartibning joriy etilishiga olib keladi.

Biroq mazkur normativ-huquqiy hujjat qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga mulk huquqi asosida egalik qilish tartibi joriy etishni o‘z ichiga olmadi.

G.Uzakova mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlarining xususiylashtirilmasligining obyektiv
sababi sifatida O‘zbekiston Respublikasi, eng avvalo, sug‘orma dehqonchilikka asoslanganini qayd etadi1.

Ta’kidlash joizki, qishloq xo‘jaligidagi yer munosabatlarida mulk huquqini joriy qilish ayrim salbiy oqibatlarni vujudga keltirishi mumkinligi haqidagi prognozlar tahlil qilingan. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarining kamchilikni tashkil etuvchi yirik tadbirkorlik subyektlarining ixtiyoriga o‘tib ketishi va buning natijasida sohada monopoliyalarning vujudga kelishi shunday salbiy oqibatlardan biri bo‘lishi mumkin. Mamlakatimizda mehnatga layoqatli aholining aksariyati qishloq xo‘jaligida band ekanligi esa mazkur o‘zgarish jamiyatning ijtimoiy ahvoliga ta’siri ancha keng bo‘lishini tasdiqlaydi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarining mulk sifatida erkin muomalada bo‘lishi uning xorijiy fuqarolarga sotilishiga ham olib kelishi mumkin. Bu esa O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasligi haqidagi prinsiplarga ziddir.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini tijoriylashtirishning huquqiy tartibi to‘g‘risida turli fikrlar bildirilgan.

G.Uzakova bozor munosabatlariga asoslangan hozirgi O‘zbekiston sharoitida yerga nisbatan
umumiy tartibda davlat mulkchiligini saqlab qolgan holda tadbirkorlik maqsadida yerdan xususiy mulkchilik asosida foydalanish tartibini joriy qilish muhimligi to‘g‘risidagi fikrni ilgari suradi2.

Bizning fikrimizcha, qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa tamoyillar asosida tijoriylashtirishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadga muvofiq.

Bunda Litva Respublikasining qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish tajribasini mamlakatimizda qo‘llash va shu orqali yerlarni tijoriylashtirishni yo‘lga qo‘yish maqbul yechim bo‘lishi mumkin.

Litva qonunchiligiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ga mo‘ljallangan yerlar tadbikorlik subyektlariga ijara asosida beriladi. Biroq tadbirkorlar ijara huquqini ayrim talablarni inobatga olgan holda sotishi mumkin. Bunday taqiqlardan biri sifatida aytish mumkinki, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari faqatgina o‘z yerlariga yondosh hududda joylashgan yerga bo‘lgan ijara huquqini sotib olish huquqiga ega.

Masalaning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, ijara huquqining bahosi tadbirkor tomonidan mustaqil belgilanishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi. Shunga ko‘ra, ijara huquqi yangi ijaraga oluvchiga o‘tganda buni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatining mavjudligi mazkur huquqiy munosabatlarda nizo kelib chiqishining oldini oladi.

Bunday holda qonunchilikka:

– ijara huquqini sotish, garovga qo‘yish yoki begonalashtirish bilan bog‘liq boshqa shartnomalar notarial tasdiqlangandan keyin yuridik kuchga ega bo‘lishi va shartnoma tuzishning mazkur talabi bajarilmay tuzilgan shartnoma haqiqiy emasligi haqida, – ijara huquqi faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga o‘tkazilishi mumkinligi haqida;

– bir ijaraga oluvchi ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yer maydonining maksimal miqdorini belgilash haqida;

– ijara huquqi ijaraga oluvchining xohishi bilan boshqa shaxsga o‘tkazilganda ijara huquqi
bekor bo‘lishi haqida;

– ijara huquqi ijaraga oluvchining xohishi bilan boshqa shaxsga o‘tkazilganda hokimlik ijara
shartnomasini qayta rasmiylashtirishi shartligi haqidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni kiritish zarurati yuzaga keladi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini tijoriylashtirish ijobiy natijalarga erishilgan xorij tajribasini qo‘llash orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Bunda qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan ijara huquqini sotish tartibini joriy etish sohadagi keyingi islohotlarning dastlabki bosqichi vazifasini bajarishi maqsadga muvofiq.

Lazizjon NURIDDINOV,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi yuridik boshqarmasi bosh yuriskonsult

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa