Tadbirkorlik faoliyatining taraqqiyoti uning prinsiplarining mohiyatini aniqlash muammosi mavjudligidan kelib chiqadi. Tadbirkorlik faoliyati yaxshi huquqni qo‘llash amaliyotiga doir xulosa va takliflar o‘rganilganiga qaramay, bir qator “oq dog‘lar” ham mavjud bo‘lib, ularni o‘rganish tadbirkorlikni rivojlantirishning samaraliroq yo‘lini aniqlashga imkon beradi.
Mazkur muammolarni hal etishda tadbirkorlik faoliyati prinsiplari tizimini aniqlash, mazkur prinsiplarning mazmuni hamda huquqni qo‘llash amaliyoti masalalari muhim ahamiyatga ega.
Tadbirkorlik huquqi prinsiplarining o‘zaro bog‘liqligi qonuniyatdek ko‘rinadi, chunki u yoki boshqa huquq sohasi doirasida yaratilgan va amal qiladigan xulq-atvor qoidalari bir-biri bilan o‘zaro ta’sirlashadi. Bundagi o‘zaro ta’sir ularni yaratishda ham, huquqni qo‘llas h jarayonida ham namoyon bo‘ladi. Konstitutsiyaviy hamda sohaviy prinsiplarga amal qilgan holda, tadbirkorlik faoliyatining bir butun tabiatini aks ettiruvchi xususiy va ommaviy manfaatlar muvozanatini ta’minlash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1-moddasida fuqarolik qonunchiligining asoslari, prinsiplari, Iqtisodiy protsessual kodeksining 2-bobida iqtisodiy sudda ishlarni ko‘rish prinsiplari, Jinoyat-protsessual kodeksining 2-bobi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 3-moddasida yo‘nalishlarga oid prinsiplar o‘z aksini topgan.
Shu bilan birga huquqiy prinsiplarning mazkur ro‘yxatlari yopiqdir. Huquqiy normalarda hali mustahkamlanmagan tamoyillarni huquqiy prinsiplar sirasiga kiritib bo‘lmaydi. Tadbirkorlik faoliyati prinsiplari O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksida belgilab berilishi va qonun bilan mustahkamlanishi lozimligi haqidagi taklif Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga kiritilgan. Unda tadbirkorlik faoliyatining 16 ta prinsipi belgilangan.
Shu o‘rinda qayd etib o‘tish joizki, Xalqaro tijorat shartnomalari prinsiplarining 2010-yildagi
tahriri 1.7-moddasida halollik va halol ishbilarmonlik amaliyoti prinsipi aks ettirilgan1. Unda har bir taraf xalqaro savdo amaliyotida qabul qilingan halollik va halol ishbilarmonlik amaliyotiga muvofiq harakat qilishi shartligi belgilangan. Bunda taraflar ushbu majburiyatni istisno qilishga yoki cheklashga haqli emas. Shuningdek, yuqorida zikr etilgan Xalqaro tijorat shartnomalari prinsiplarida insofsizlik oqibatlari, bir tarafga ikkinchi tarafning bog‘liqligidan insofsiz foydalanish oqibatlari, taraflarning halollik va halol ishbilarmonlik amaliyoti majburiyatini bajarmasligi oqibatlari qayd etib o‘tilgan. Nazarda tutilgan va boshqa holatlar kelib chiqadigan manba sifatida halollik va halol ishbilarmonlik amaliyoti ko‘rsatilgan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, ushbu prinsip faqat majburiyatlarni bajarishga emas, balki shartnoma huquqining umumiy qoidalariga taalluqli.
Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirishga yangi yondashuvlarni joriy yetish jiddiy ehtiyojga aylandi. Keyingi yillarda milliy qonunchilik tizimi yangicha yondashuvlar asosida isloh qilindi. Lekin ko‘pgina kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmagan.
Xususan, xususiy sektorga oid turli normativ-huquqiy hujjatlarda hamon tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga byurokratik to‘siqlar yaratuvchi nomuvofiqliklar, chalkashliklar, qarama-qarshiliklar, tez-tez takrorlanuvchi norma va talablar mavjud. Bundan tashqari, qoidalar shunchalik tez o‘zgarib turadiki, nafaqat tadbirkorlar, balki huquqshunoslar ham ularni o‘rganib, xotirasida saqlay olmaydi. Fikrimizcha, mazkur salbiy holatlar qanchalik tez bartaraf etilsa, shunchalik ijobiy samaradorlikka erishish mumkin.
Ta’kidlash joizki, qonunchilikda mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatini tartibga soluvchi yagona yondashuv mavjud emas.
Ekspertlarning fikricha, qonunlarda davlat organlarining bu boradagi faoliyati ayrimlarida “majburiyat”, ikkinchisida “vazifa”, uchinchisida “vakolat”, shuningdek “javobgarlik” sifatida belgilangan. Amaldagi nazorat tizimi esa ko‘proq rasmiy bo‘lib, ushbu normativ hujjatlarning bajarilishi va amalga oshirilishini tashkil etishda muammolarni aniqlash va hal qilishga qaratilmagan.
Shu sabablarga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasidagi faoliyatini takomillashtirish bugungi kun talabidir.
Bugungi kunda tadbirkorlik huquqi yetarli huquqiy bazaga ega, ko‘pchilik uni kodifikatsiya qilish bilan murakkablashtirish zarurati yo‘q deb hisoblaydi. Biroq ushbu muammoga retrospektiv nuqtayi nazardan qarash O‘zbekistonda turli ijtimoiy-iqtisodiy omillar ta’sirida tadbirkorlik huquqini kodifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar shakllangan degan xulosaga kelish imkonini beradi.
2022-yil 30-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Tadbirkorlik kodeksi loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Biroq mazkur kodeksning konsepsiyasi tayyorlanmasdan, muhokama qilinmasdan va tasdiqlanmasdan ishlab chiqilgani juda g‘alati. Bu esa “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi qonunning ochiqdan-ochiq buzilishidir. Qonunning 12-moddasida (Qonun loyihasining konsepsiyasi) qonun loyihasini tayyorlash uning konsepsiyasini ishlab chiqishdan boshlanishi belgilangan.
Adliya vazirligi kodeksni ishlab chiquvchi sifatida Tadbirkorlik kodeksi loyihasining konsepsiyasini yuqoridagi qonunning 12-17-moddalari, shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun (2012-yil 24-dekabr) talablarini inobatga olgan holda muhokamaga taqdim etishi shart degan taklifimizga ko‘ra, Adliya vazirligi Tadbirkorlik kodeksi konsepsiyasini tayyorlagan.
Tadbirkorlik faoliyatiga aniqroq va lo‘nda ta’rif berish maqsadida “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga (yoki Tadbirkorlik kodeksiga) tadbirkorlik faoliyatining quyidagi tushunchasini kiritish taklif etiladi:
“Tadbirkorlik faoliyati – jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq hamda tadbirkorlik faoliyati prinsiplari asosida amalga oshiriladigan, o‘z tavakkalchiligi va mulkiy javobgarligi ostida tizimli ravishda daromad (foyda) olishga qaratilgan faoliyat”.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda insoflilik prinsipini huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yish maqsadida Fuqarolik kodeksi 9-moddasining to‘rtinchi qismidagi “tadbirkorlar esa – ish odobi qoidalariga ham rioya etishlari” degan so‘zlarni chiqarib tashlash va mazkur qismni quyidagi mazmundagi tushuncha bilan to‘ldirish taklif qilinadi:
“Tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini insof bilan, bir-birining huquq va qonuniy manfaatlarini hisobga olgan holda, halollik va o‘zaro ishonchga asoslangan xulq-atvor qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirishi shart”.
Tadbirkorlik subyektlarini kontragentlarning insofsiz harakatlaridan huquqiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksini quyidagi mazmundagi 12a-modda bilan to‘ldirish taklif qilinadi:
“Sud bir tomonning (tomonlarning) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida boshqa tomonning qonuniy manfaatlariga beparvolik bilan yoki aldash yoxud huquqni suiiste’mol qilish bilan ifodalangan insofsiz xatti-harakati faktini aniqlab, o‘z majburiyatlarini buzgan tomonning aybdorligining isboti sifatida insoflilik prinsipi buzilishi faktini baholaydi”.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tadbirkorlik sohasidagi faoliyatini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida va milliy yuridik adabiyotlarda tadbirkorlik faoliyati prinsiplarining yagona, unifikatsiyalangan ro‘yxati mavjud emas.
Tadbirkorlik kodeksida quyidagi 11 ta prinsipdan iborat tadbirkorlik faoliyati prinsiplari tizimi qonunan mustahkamlab qo‘yilishi taklif qilinadi:
– qonuniylik;
– tadbirkorlik faoliyatining erkinligi;
– tadbirkorlik subyektlarining teng huquqliligi va hamjihatligi;
– raqobat erkinligi va monopolistik faoliyatni cheklash;
– shartnoma erkinligi;
– tadbirkorlik subyektlarining erkin harakatlanishi;
– mulkning barcha shakllarining daxlsizligi va yuridik jihatdan tengligi;
– tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish;
– shaxsiy va ommaviy manfaatlarning uyg‘unligi;
– tadbirkorlik subyektlarining insofliligi;
– tadbirkorlik subyektlarining javobgarligi.
Fikrimizcha, mazkur prinsiplar ro‘yxatini tizimga qo‘shimcha prinsiplarni kiritish hisobiga kengaytirish maqsadga muvofiq emas. Chunki Tadbirkorlik kodeksi loyihasida taklif etilgan prinsiplar yuqorida ko‘rsatilgan prinsiplarning mazmunini takrorlaydi yoki faqat deklaratsiya bo‘lib qoladi.
Tadbirkorlik kodeksi loyihasining 2-moddasi to‘rtinchi qismida “Boshqa qonunchilik hujjatlaridagi tadbirkorlikka oid normalar ushbu kodeksga mos bo‘lishi shart” deyilgan.
Bu qolgan barcha kodekslar, tadbirkorlik sohasidagi boshqa qonunlar va qonun hujjatlariga nisbatan Tadbirkorlik kodeksining ustuvorligini ko‘rsatadigan juda dadil qadam bo‘ladi.
Ushbu qoidani amalga oshirish uchun Tadbirkorlik kodeksiga Fuqarolik kodeksi va bir qator yirik qonunlarni (“Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunlar va h.) kiritish zarur bo‘ladi, buni amalga oshirishning esa albatta iloji yo‘q.
Bunda Qozog‘iston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va Tadbirkorlik kodeksini tartibga solish predmetini ajratish tajribasidan foydalanish mumkin. Agar zaruriyat bo‘lsa, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan ham xuddi shunday ajratish ishlarini amalga oshirish mumkin. Normativ-huquqiy hujjatlar va ular bilan tartibga solinadigan munosabatlarning mazkur shakli bilan ishlashni osonlashtirish uchun tadbirkorlik faoliyatining kengaytirilgan tushunchasini Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga kiritish maqsadga muvofiq.
Prezidentning 2023-yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandiga muvofiq Adliya vazirligiga milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish funksiyasi yuklatilgan. Shuningdek, mazkur qaror bilan 2023-yil 1-iyuldan boshlab JST qoida va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlangan.
Fikrimizcha, Tadbirkorlik kodeksining loyihasi ushbu talablarga mos kelishi kerak. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan holda Tadbirkorlik kodeksi loyihasi qoidalarini JST qoidalari va normalari bilan solishtirish hamda uning natijalariga ko‘ra o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarur.
Yuqorida bayon qilinganlarga asoslanib, Tadbirkorlik kodeksi loyihasi 2-moddasining to‘rtinchi qismidagi “Boshqa qonunchilik hujjatlaridagi tadbirkorlikka oid normalar ushbu kodeksga mos bo‘lishi shart” degan so‘zlarni chiqarib tashlash taklif qilinadi.
Bundan tashqari:
sudlar iqtisodiy ishlarni ko‘rish chog‘ida tadbirkorlik subyektlarining xatti-harakatlarini ular tomonidan qonunchilikda belgilangan tadbirkorlik faoliyati prinsiplariga rioya qilinishini hisobga olgan holda baholashlari;
sudlar iqtisodiy ishlarni ko‘rib chiqish chog‘ida insoflilik, oqilonalik va adolatlilik prinsiplarini
ro‘yobga chiqarish maqsadida boy berilgan foyda, neustoyka shaklida zararni undirishda ularning miqdorini yuqoridagi prinsiplarni hisobga olgan holda, shartnoma (bitim) summasining 50 foizidan oshmaydigan miqdorda belgilashlari;
Prezidentning 2021-yil 15-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talablarini o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarish maqsadida, Adliya vazirligi ushbu farmonning 12-bandiga muvofiq ularning mazmunini belgilagan holda tadbirkorlik sohasidagi davlat nazorati funksiyalarini ishlab chiqish va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etishga doir ishlarni jadallashtirishi maqsadga muvofiqdir.
Nuriddin MUROTOV,
Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi,
Sudyalar oliy maktabi mustaqil tadqiqotchisi
1 https://www.unidroit.org/wp-content/uploads/2021/06/Unidroit-Principles-2010-Russian-bl.pdf.