HomeMaqolalarYuridik shaxslar uchun jinoiy javobgarlikni joriy qilish zarurati

Yuridik shaxslar uchun jinoiy javobgarlikni joriy qilish zarurati

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (Nyu-York, 2003-yil 31-oktabr, O‘zbekiston uchun 2008-yil 28-avgustda kuchga kirgan) 26-moddasining birinchi qismida har bir ishtirokchi davlat ushbu konvensiyaga muvofiq jinoyatlarda ishtirok etganlik uchun yuridik shaxslarning javobgarligini belgilashda o‘zining huquqiy prinsiplaridan kelib chiqqan holda choralarni ko‘rishiga doir norma bor. 26-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra ishtirokchi davlatning huquqiy prinsiplariga rioya qilgan holda yuridik shaxslarning javobgarligi jinoiy, fuqarolik yoki maʼmuriy bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston mazkur konvensiyaga qo‘shilishi bilan uning talablariga rioya qilishni zimmasiga olgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 14-maydagi 3723-qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida xalqaro huquq va xorijiy amaliyotda eʼtirof etilgan jinoyat-huquqiy institutlarning yetarli darajada, jumladan yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligini belgilash sohasida implementatsiya qilinmagani qayd etilgan.

Shundan kelib chiqqan holda xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasini o‘rganish, yuridik shaxsning asosiy belgilarini aniqlash hamda ularga nisbatan qo‘llanadigan jazo tizimi va ushbu institutni milliy huquq tizimiga joriy qilish mexanizmlarini ishlab chiqish talab etiladi.

Qonunchiligimizda yuridik shaxslarning faqat fuqaroviy javobgarligi nazarda tutilgan. O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 48-moddasiga ko‘ra yuridik shaxs o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi. Yuridik shaxs muassisi yoki uning mulkining egasi yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassis yoki mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.

Yuridik shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikni belgilash yuzasidan ilmiy doira vakillari ikki xil qarashni ilgari suradi.

Birinchi guruh olimlar, jumladan, V.Pavlov, А.Tarbagaev, R.Fillimor, G.Ivanov va boshqalarning fikricha, yuridik shaxslarda his qilish va fikrlash xususiyatining yo‘qligi, ularni qonun hujjatlariga rioya qilish ruhida tarbiyalab bo‘lmasligi, jamoani subyekt sifatida javobgar qilib bo‘lmasligi, yuridik shaxsda jazoni his etadigan vijdon, qalb, vujudning mavjud emasligi, bundan tashqari, korporatsiya yuridik fiksiya (haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan biror-bir aniq maqsadni ko‘zlab ongli ravishda o‘ylab topilgan yuridik holat) hisoblanib, qonunda o‘rnatilgan actus reus (aybli harakat) hamda mens rea (erkning aybdorligi, ayb) talablariga javob bera olmasligi sababli ularni jinoiy javobgarlikka tortib bo‘lmasligini taʼkidlaydi.

Ikkinchi guruh olimlar – А.Bastrikin, O.Remizova, R.Yapparov, N.Moskvitin, S.Boyko va boshqalar yuridik shaxsning qilmishi uchun jinoiy javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Ularning fikricha, ko‘p jinoyatlar bevosita yuridik shaxslar ishtirokida sodir qilinganda, ularning rahbarlari jinoiy javobgarlikka tortilib, jinoyatning o‘chog‘i bo‘lmish yuridik shaxslar javobgarlikka tortilmasdan, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlar va jinoyat qurollari musodara qilinmayapti1.

Bu borada olimlarimizdan Sh.Berdiyevning taʼkidlashicha, yuridik shaxslar sodir etgan huquqbuzarlik davlatning iqtisodiyotiga, iqtisodiy jarayonning sofdil ishtirokchilari manfaatiga jiddiy xavf tug‘diradi.

N.Xattobovning fikricha, yuridik shaxs huquqbuzarligidagi eng munozarali jihat uning aybi masalasidir. Chunki ayb uni sodir etgan subyektning xohishi, kechinmalari bilan belgilanadi.

Bu qoida jismoniy shaxsning aybini aniqlashga nisbatan tatbiq etiladi. Yuridik shaxsning qonunda nazarda tutilgan belgilarga javob beradigan korxona, tashkilot yo muassasa ekanidan kelib chiqsak, ularda bunday xususiyat bo‘lmasligi o‘z-o‘zidan ravshan.

Yuridik shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xorijiy davlatlarda 1970–1980-yillarda korporativ jinoyatchilikning xavfli ko‘rinishlari tarqala boshlagani sababli yuridik shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikni joriy etish masalasi ko‘tarilgan. Yevropa kengashi va Yevropa ittifoqi tomonidan ishtirokchi davlatlarga jinoyatchilikka qarshi kurash choralaridan biri sifatida yuridik shaxslarga jinoiy javobgarlikni joriy etishni taklif etuvchi qator hujjatlar ishlab chiqilgan. Masalan, Yevropa kengashi Vazirlar qo‘mitasining 1988-yil 20-oktabrdagi xo‘jalik yuritish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxs bo‘lgan korxonalarning javobgarligi to‘g‘risidagi R (88) 18-tavsiyasi bunga misol bo‘ladi.

Hozirgi kunda Niderlandiya (1976-yildan), Norvegiya (1991-yildan), Finlandiya (1995-yildan), Xitoy (1997-yildan), Daniya (1998-yildan), Аvstraliya (2001-yildan), Polsha (2002-yildan), АQSh (2003-yildan), Ruminiya (2004-yildan) va boshqa davlatlarning jinoyat qonunchiligida yuridik shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan.

АQShda yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi 1909-yilda konstitutsiyaviy tartibda Аmerika Oliy sudi tomonidan eʼtirof etilgan2.

So‘nggi paytlarda ko‘p davlatlarda yuridik shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilayapti. Jazo turlari ham xilma-xil: jismoniy shaxs uchun nazarda tutilganidan bir necha barobar ko‘p jarima; faoliyatni to‘xtatish yoki maʼlum vaqt davomida taqiqlash; kredit olishni taqiqlash, majburiy bankrotlik va boshqalar.

Fransiya jinoyat qonunchiligiga ko‘ra jinoiy qilmishning subyektlari ham jismoniy, ham yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin. Jinoyat kodeksining 121-moddasiga ko‘ra yuridik shaxslar mazkur modda qoidalariga muvofiq va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Yuridik shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladigan jinoyatlar belgilangan. Bular insoniyatga qarshi jinoyatlar, qasddan hayotga tajovuz qilish, insonning daxlsizligiga tajovuz qilish, narkotik moddalarni noqonuniy tarqatish, kamsitish, odamlarda tajriba o‘tkazish, shaxsiy hayotga daxl qilish, o‘g‘irlik va boshqalar. Yuridik shaxslar uchun maxsus jazolar ham belgilangan, jumladan, jarima, faoliyatni tugatish, maʼlum bir faoliyatni taqiqlash, sud nazoratiga olish, mulkni musodara qilish.

Xitoy Jinoyat kodeksining 30-moddasiga ko‘ra agar jamiyat uchun xavfli bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanadigan bo‘lsa jinoiy javobgarlik subyekti sifatida kompaniya, tashkilot, korxona, muassasa, jamoalar javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Moldovada ham yuridik shaxslar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksining 63-moddasida yuridik shaxslar uchun jarima, muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish, yuridik shaxsni tugatish kabi jazolar mavjud. Jarima asosiy jazo sifatida, muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish, yuridik shaxsni tugatish ham asosiy, ham qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llanishi mumkin.

Moldova Jinoyat kodeksining 21-moddasi 3-qismiga ko‘ra davlat boshqaruviga taalluqli bo‘lmagan yuridik shaxs quyidagi holatlardan birontasi mavjud bo‘lganda, jinoiy javobgarlikka tortiladi:

a) yuridik shaxs muayyan harakatni qilmaslikni yoki maʼlum majburiyatni bajarishni nazarda tutuvchi qonun talablariga rioya etmaydigan bo‘lsa;

b) yuridik shaxs o‘z belgilangan maqsadiga va moliyaviy hisob-kitob hujjatlariga amal qilmagan holda faoliyat olib borayotgan bo‘lsa;

v) yuridik shaxsning yoki uning nomidan ish ko‘rishga vakolatli bo‘lgan mansabdorning foydasi uchun qilingan harakatlar shaxsga, jamiyatga va davlatga katta zarar keltirgan bo‘lsa.

Gurjiston Jinoyat kodeksining 1073-moddasida yuridik shaxslar uchun yuridik shaxsni tugatish, muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish, jarima, mulkdan mahrum qilish kabi jazolar bor. Yuridik shaxsni tugatish, muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish faqat asosiy jazo sifatida qo‘llanishi mumkin. Jarima ham asosiy, ham qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llanadi. Mulkdan mahrum qilish faqat qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llanishi mumkin.

Аvstriya Jinoyat kodeksida yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi nazarda tutilmagan, faqat jismoniy shaxslar to‘g‘risida so‘z yuritilgan. Shunga qaramasdan, 28-moddada qaysidir yuridik shaxs jismoniy shaxs sodir etgan jinoyat natijasida noqonuniy boyigan bo‘lsa yoki mulkka ega bo‘lgan bo‘lsa, unda yuridik shaxs noqonuniy boyigan summa miqdorida jarimaga tortilishi nazarda tutilgan.

Belgiya qonunchiligida esa shunday norma mavjudki, unga ko‘ra kompaniyaning jinoiy javobgarlikka tortiladigan xodimi agar uning manfaati yo‘lida xizmat qilgan bo‘lsa kompaniyaga ham sanksiya qo‘llanadi.

Hozir milliy qonunchiligimizda yuridik shaxslar jinoyat subyekti hisoblanmaydi. Ushbu amaliyot boshqa mamlakatlarda ham bo‘lgan, ammo vaqt o‘tishi bilan o‘zgara boshladi. Masalan, Buyuk Britaniyada poraxo‘rlik to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra kompaniyalar pora berishning oldini olmagani uchun javobgarlikka tortiladi.

Jinoyat subyekti sifatida yuridik shaxsni tashkil etish g‘oyasi juda ziddiyatli bo‘lgani sababli uning tarafdorlari va muxoliflari mavjud. Shunday qilib, yuridik shaxslarni jinoyat subyekti sifatida belgilash g‘oyasiga fuqarolik va jinoyat qonunchiligi huquqiy layoqatning o‘xshash mezonlarini belgilashini ko‘rsatish mumkin. Yuridik shaxslar tomonidan jinoyat sodir etish imkoniyati bor, masalan, firibgarlik shartnomalarini tuzish.

Huquqiy imtiyozlarning mavjudligi sud qaroriga binoan ularni mahrum qilish imkoniyati bilan bog‘liq. Shuningdek, muxoliflar yuridik shaxsni jinoyat subyekti sifatida belgilash jinoiy javobgarlik tamoyillari va asoslarining ikkita tizimini o‘rnatishga olib keladi deb hisoblashadi. Iroda obyektiv ravishda faqat maqsadli harakatlarda ifodalanishi mumkin, uning yagona shakli insonning maʼlum bir harakatidir.

Bizning fikrimizcha, yuridik shaxsni jinoyat subyekti sifatida qonunchilikda mustahkamlashning turli muammolaridan farqli o‘laroq, ushbu institut jinoiy jazo maqsadiga erishish va umuman jinoyat huquqini rivojlantirish uchun zarurdir.

Turli tadqiqotchilarning fikrlarini tahlil qilish ushbu munozarali masalani hal qilishda to‘rtta yondashuvni ajratib ko‘rsatishga imkon beradi:

1. Yuridik shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Faqat jismoniy shaxs aqliy faoliyatga qodir, ammo yuridik shaxs emas3.

2. Yuridik shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak. Ushbu yondashuv mualliflari agar yuridik shaxslar jinoiy javobgarlik subyekti deb tan olinsa, aybning psixologik tushunchasini yangi mazmun bilan to‘ldirish, shuningdek, ko‘plab jinoyat huquqi institutlarining mazmunini aniqlashtirish kerakligini hisobga olishmaydi4.

3. Faqat jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyat subyekti hamda jismoniy va yuridik
shaxs bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyat subyekti tushunchalarini ajratish ilgari surilgan.

4. Yuridik shaxs jinoyat sodir etgani uchun emas, balki jinoyatga aloqadorligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin5.

Yuqoridagi olimlarning fikriga asoslanib mamlakatimizda ham yuridik shaxslarni jinoyat subyekti sifatida eʼtirof etishni taklif qilamiz. Chunki bugungi kunda soxta tadbirkorlik, tadbirkorlik niqobi ostida odamlarni aldash holatlari ko‘p uchramoqda. Misol tariqasida qurilish firmalarini olish mumkin. Ular fuqarolar bilan uy qurib berish maqsadida shartnoma tuzib, pulini olishmoqda. Lekin qurilish firmasi uyni belgilangan muddatda topshirmaydi yoki sifatsiz quradi. Bu esa fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layapti.

Jinoyat huquqida jinoyatning subyekti jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan shaxs hisoblanadi. Fuqarolik kodeksiga muvofiq yuridik shaxs – alohida mulkka egalik qiluvchi, uni boshqaradigan yoki boshqaruvchi va ushbu mulk bilan o‘z majburiyatlari bo‘yicha javob beradigan, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lishi va ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi mumkin bo‘lgan tashkilotdir. O‘zbekistonning “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining 27-moddasida “yuridik shaxslar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi” deb belgilangan. “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar qatoriga yuridik shaxslar ham kiritilgan. Аmaldagi Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid yoki odam savdosiga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarning javobgarligi belgilanmagan.

Yuqoridagilarga ko‘ra hamda xorijiy mamlakatlar qonunchiligi tahlilidan kelib chiqib jinoyat qonunchiligida yuridik shaxslarning javobgarligini belgilash maqsadga muvofiq.

Xullas, jinoyat qonunchiligiga oid normalarni takomillashtirish huquqni qo‘llash amaliyotidagi ayrim muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Otabek TOSHEV,
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi o‘qituvchisi

 

1 Berdiyev Sh. Yuridik shaxslar qilmishi, uni kriminalizatsiya va penalizatsiya qilishning huquqiy asoslari//Huquq va burch, №1/2014, 53-56-b.

2 Епифанов Е. Юридическое лицо как субъект преступления // Современное право. 2003. №2. С.45.

3 Павлов В. Субъект преступления. СПб., 2001. С.264-265. Крылова Н. Уголовная ответственность юридических лиц (корпораций): сравнительно-правовой анализ // Взаимодействие международного и сравнительного уголовного права: уч. пособие / науч. ред. Н. Кузнецова, отв. ред. В. Комиссаров. М., 209. С.78-79.

4 Антонова Е. Уголовная ответственность юридических лиц: монография / под ред. А. Коробеева. Владивосток, 2005. С.131-152. Клепицкий И. Система хозяйственных преступлений. М., 2005. С.78-80.

5 Полный курс уголовного права / под ред. А. Коробеева. СПб., 2008. Т.1. С.436-437.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa