HomeMaqolalarEkologik ta’lim va madaniyatni targ‘ib qilishning ahamiyati

Ekologik ta’lim va madaniyatni targ‘ib qilishning ahamiyati

Hozirgi vaqtda dunyoda biologik xilma-xillikning qisqarishi, iqlim o‘zgarishi, atrof muhitning ifloslanishi kuzatilmoqda. Bularning barchasi insonning dunyoqarashiga ta’sir qiladi. Insonning tabiatga va umuman ekologiyaga munosabati islohga muhtoj, xususan, bu g‘oyani bolalarga yoshligidanoq singdirish, ta’lim dasturlariga kiritish, ya’ni ekologik ta’limni rivojlantirish ekologik madaniyatni oshirishda asosiy omilga aylandi.

Ekologik ta’lim tizimli va uzluksiz jarayon bo‘lib, uning maqsadi nazariy va amaliy bilimlarni,
dunyoqarashni shakllantirishdan, xulq-atvorni, shu jumladan atrof muhitga, tabiatdan foydalanishga va umuman ekologiyaga munosabatni yaxshilashdan iborat.

O‘zbekiston qonunchiligida ekologik ta’limni rivojlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan, xususan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida barcha turdagi ta’lim muassasalarida ekologik ta’limning majburiyligi qayd etilgan. Ekologik ta’limning asosiy maqsadi aholining barcha qatlamlarida atrof muhitni muhofaza qilish muammolariga ongli munosabatni shakllantirishdan iborat.

1977-yilda Tbilisida ekologiya masalalari bo‘yicha birinchi hukumatlararo konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir BMT nomidan UNESCO va UNEP tomonidan tashkil etilgan. Aynan o‘sha yerda Atrof muhit bo‘yicha Tbilisi deklaratsiyasi qabul qilindi, unda ekologik ta’limning roli alohida ta’kidlandi.

Tbilisi konferensiyasining yakuniy hujjatida ekologik taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar belgilanib, tavsiyalar qabul qilindi.

Deklaratsiyaga ko‘ra ekologik ta’limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1. Shahar va qishloqlarning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ekologik jihatdan bog‘liqligini to‘g‘ri va aniq idrok etish, egalik hissini kuchaytirish.

2. Har bir shaxsga bilim va ko‘nikmalarni egallash, mas’uliyatni his etish, tabiatni muhofaza
qilish va atrof muhitni sog‘lomlashtirish burchini anglatish.

3. Jamiyatda atrof muhit va ekologiyaga nisbatan yangicha munosabat va xulq-atvorni shakllantirish.

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun davlatlarga quyidagilar tavsiya etiladi:

1. Ekologik xavfsizlik va atrof muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlangan fanlarni o‘quv
rejasiga kiritish.

2. Ekologik ta’lim sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish.

3. Ushbu sohada hamkorlik qilish va tajriba almashish.

4. O‘zaro tushunish va tinchlikni mustahkamlashning asosiy dastagi sifatida ekologik ta’lim
sohasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Muammolarni hal qilish va atrof muhitdan foydalanishda ta’limning roli juda muhim. Ekologik bilimlarni targ‘ib qilishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanish ham muhim ahamiyatga ega.

Ekologik ta’limning pirovard maqsadi jamoatchilikka atrof muhitning murakkabligini va mamlakatlar atrof muhitga ziyon yetkazmasdan rivojlanishi zarurligini tushunish imkonini berishdir. Ekologik ta’lim, shuningdek, fuqarolar dunyo mamlakatlari iqtisodiy, siyosiy va ekologik jihatdan o‘zaro bog‘liqligidan xabardor bo‘lishiga yordam berishi kerak. Bu global ekologik muammolarni, xususan, havoning ifloslanishi, daryo va dengizlarning qurishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishning zaruriy shartidir.

Ekologik ta’limda muayyan muammolarning ekologik, ijtimoiy, madaniy va boshqa jihatlarini o‘z ichiga olgan yaxlit yondashuvni qo‘llash kerak.

Shuning uchun u fanlararo uyg‘unlikni talab qiladi. Ekologik ta’lim o‘quvchi va talabalarni ekologik muammolarni hal qilishda ishtirok etishga o‘rgatishi lozim. Olimlardan A.Zaxlebniy ekologik ta’limning maqsadlari, vazifalari va tamoyillari, B.Ioganzen va N.Rikov tabiatga g‘amxo’rlik qilish motivlari, A.Sidelkovskiy maktab o‘quvchilarining tabiatga munosabatini yaxshilash omillari, S.Glazachev1, L.Sitak pedagogik kadrlar tayyorlashda ekologik ta’lim masalalari xususida ilmiy izlanish olib borishgan2.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi 434-qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlangan3.

Quyidagilar konsepsiyani va tadbirlar rejasini amalga oshirish doirasida ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan:

– “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq uzluksiz ta’lim tizimida ekologik ta’limni rivojlantirishning asosiy tamoyillarini belgilash, ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga izchillik bilan bosqichma-bosqich tatbiq qilish va shu asosda ekologik ta’limning samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarish;

– ta’lim dasturlarini mavjud ekologik muammolar va ularni bartaraf etish vazifalaridan kelib chiqib takomillashtirish;

– ta’lim oluvchilarning e’tiborini umumbashariy ekologik muammolarga qaratish orqali ularning ona tabiatning qayta tiklanmaydigan manbalarini saqlab qolish va ulardan oqilona foydalanish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish;

– ekologik ta’limning samarali shakllari va usullarini ishlab chiqish hamda joriy etish;

– ekologik ta’lim sifatini, kadrlar tayyorlash tizimi samaradorligini hamda barqaror rivojlanish kafolatlarini va ustuvorligini ta’minlovchi normativ-huquqiy, moddiy-texnik va axborot bazasini yaratish;

– ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari va ta’lim sohasining o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantirish.

Mazkur konsepsiyaga ko‘ra ta’lim tizimida zudlik bilan zarur chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo
etuvchi bir qator muammolar belgilandi.

Xususan, aholining barcha qatlamlarining bevosita ishtiroki, ekotizimni saqlash va atrof muhit barqarorligini qo‘llab-quvvatlash muammolariga yoshlarning kuch va e’tiborini jalb etish talab qilinadi. Biroq bugungi ta’lim tizimi, shuningdek, ekologiya bo‘yicha o‘quv dasturlari zamonaviy talablarga javob bermaydi. Malaka oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, ular asosida ekologik madaniyatni shakllantirishning aniq parametrlarini ishlab chiqish zarur.

Ta’lim muassasalarida ekologiya muammolarini tushuntirishning bugungi holati qoniqarsiz darajada bo‘lib, alohida e’tibor talab etadi.

Umuman olganda, aholining tabiatdan foydalanish, atrof muhitni muhofaza qilish mas’uliyati va ekologik faoliyatga qiziqishini shakllantirish ham faol marketing strategiyasini va agressiv reklamani talab qiladi. Ijtimoiy roliklarni namoyish qiluvchi shahar bilbordlari va reklama vositalaridan foydalanish, mahsulotlar uchun ekologik sumkalarni ishlatish madaniyatini joriy etish, ekologik toza tovarlar va xizmatlar uchun trend va moda yaratish maqsadga muvofiqdir.

Bugungi yoshlar ijtimoiy tarmoqlardagi trendlar ta’siriga juda moyil. Internet resurslaridan ommaviy axborot vositasi sifatida foydalanish zarur, ular orqali ekologik muammolar yoritiladi va internetdan foydalanuvchilarning ongiga yetkaziladi Ekologik bilimdon avlodni tarbiyalash, o‘z navbatida, ekologik madaniyatning tendensiyalari va modasini yaratadi, ishlab chiqaruvchilarni ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishga undaydi.

Insoniyat atrof muhitga ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’sir texnologik taraqqiyot, aholi soni va ishlab
chiqarish ko‘payishi bilan muntazam ravishda kuchayib boradi. Tabiiy resurslardan o‘ylamasdan foydalanish, ularni muhofaza qilish va tiklash choralarining yetishmasligi, atrof muhitning kuchli ifloslanishi halokatli iqlim o‘zgarishiga olib keladi. Oqibatda atrof muhit o‘zgarib, hayvonlar va o‘simliklarning ko‘p turlarining yashash sharoiti buzilayapti, kasalliklar ko‘paymoqda, umuman olganda, odamlarning turmushi va salomatligi yomonlashayotir. Shu munosabat bilan ekologik xavfsizlikni ta’minlash insoniyat uchun nihoyatda muhim vazifa ekanligini anglab yetish zarur.

Ushbu muammoni hal qilish uchun insonlarning tabiatga munosabatini o‘zgartirish, ekologik ongi va mas’uliyatini yoshligidan shakllantirish kerak. Ona yurtning, sayyoramizning ertasini o‘ylamaslik, ekologik muammolarni yuzaki tushunish ekologik bilimlarning pastligi yoki ularning butkul yo‘qligi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan tabiat va insonni birgalikda rivojlantirishga asoslangan yangicha tafakkur va mafkurani shakllantirishni chuqur ekologik ta’lim va tarbiyasiz amalga oshirib bo‘lmaydi.

Alisher ARZIYEV,
mustaqil tadqiqotchi

 

1 Glazachev S. O‘qituvchining ekologik madaniyati: Ekologik-gumanitar paradigmani tadqiq qilish va rivojlantirish. – М.: «Современный писатель», – 1998. С.432.

2 Sitak L. Pedagogika universitetlari talabalarining sinfdan tashqari mashg‘ulotlar orqali ekologik madaniyatini shakllantirish // Крымский научный вестник.. – №4. 2015 г., Том 2. «Педагогические науки», с. 242-248. [Elektron resurs]. http://krvestnik.ru/pub/2015/09/SitakLA1.pdf

3 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 434-qarori, 27.05.2019.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa