HomeMaqolalarMahkumlar bilan ishlash jazoni ijro etish muassasalari xodimlari faoliyati tahlili

Mahkumlar bilan ishlash jazoni ijro etish muassasalari xodimlari faoliyati tahlili

Jazoni ijro etishga doir xalqaro-huquqiy standartlar mazkur sohada jahon tajribasida erishilgan ijobiy natija va insonparvarlik tamoyillarini o‘zida mujassamlashtirgan.

Mazkur standartlar jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi xalqaro huquq normalari tizimida markaziy o‘rinni egallaydi.

Bugungi kunga kelib dunyoning ko‘plab mamlakatlarida jinoyat-ijroiya siyosatini liberallashtirish, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni kengroq qo‘llash orqali jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan mahkumlar sonini kamaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xalqaro ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar soni 11 milliondan ortiq. Bu ko‘rsatkich har yili 1 foizga oshib bormoqda. Xususan, qamoqdagilar soni har 100 ming nafar aholiga nisbatan Germaniyada 70 kishini, Fransiyada 119 kishini, Rossiyada 326 kishini, AQSHda 629 kishini, Turkmanistonda 552 kishini tashkil etadi.

Jazoni ijro etish muassasalari (JIEM)da mahkumlar huquqlarining poymol etilish ehtimolining kattaligi hamda mahkumlarni saralash xarajatlari iqtisodiy jihatdan qimmatga tushayotgani muqobil jazolarni qo‘llash va ijro etish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangicha mexanizmlarni ishlab chiqish zaruratini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, jahon davlatlarida penitensiar tizimni takomillashtirish, mazkur tizimga oid
xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mahkumlar bilan jazoni o‘tash vaqtida insoniy muomalada bo‘lish, ular bilan tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish, mahkum jazoni o‘tab chiqqanidan so‘ng qayta jinoyat sodir etishining oldini olishga doir samarali mexanizmlarni ishlab chiqish, jazolarni liberallashtirish bo‘yicha ko‘plab ilmiy-amaliy ishlar olib borilayapti.

Shuningdek, jinoyat-ijroiya qonunchiligini rivojlantirish, ozodlikdan mahrum etish jazosini ijro etishning zamonaviy tizimlarini ishlab chiqish, mahkumlar bilan muomala qilishga oid universal va mintaqaviy xalqaro-huquqiy standartlarni tasniflash, jazolash o‘rniga jabrlanuvchilarning jinoyatdan ko‘rgan zararini bartaraf etish yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish hamda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimizda jinoyat-ijroiya tizimini isloh qilish va uni xalqaro standartlarga moslashtirish, umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillarga mos ravishda mahkumlar huquqlari doirasini kengaytirish, jinoiy jazolarning ijrosini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

“2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”da “mahkumlar va jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarning mehnat, ijtimoiy ta’minot va xalqaro e’tirof etilgan boshqa huquqlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy moslashuvi va jamiyatga reintegratsiyasiga ko‘maklashishning samarali mexanizmlarini joriy etish, ushbu yo‘nalishda davlat va jamiyat institutlarining birgalikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish” ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Oxirgi 5 yillikka e’tibor berilsa, O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jinoyat ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Xususan, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini
amalga oshirish doirasida 2023-yilning 15-fevralida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun1 qabul qilindi. Mazkur qonun bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lish, ularni qiynoqqa solish holatlariga to‘liq barham berishga doir amaldagi jinoyat ijroiya qonunchiligiga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.

JUMLADAN:

– qonun bilan JIEMlarda mahkumlarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy mustahkamlandi;

– ozodlikdan mahrum etilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vosita va moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerakligi nazarda (JIK 84-moddasi) tutildi;

– “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun 37-moddasining birinchi qismi ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, mahkumning ish stajiga qo‘shib hisoblanishini nazarda tutuvchi yangi norma (“k” band) bilan to‘ldirildi;

– mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda surdo tarjimon xizmatidan foydalanish huquqi (Jinoyat-ijroiya kodeksi 9-moddasi) hamda mahbuslarga nisbatan tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llash mumkin emasligi (Jinoyat-ijroiya kodeksi 70-moddasi chiqarib tashlandi) qat’iy belgilab qo‘yildi.

So‘nggi yillarda yuz bergan muhim o‘zgarishlarga qaramay, jazoni ijro etish tizimidagi o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro huquqiy sohaga integratsiyalashuviga, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning xalqaro standartlariga to‘liq mos kelmaydi. Sohaga oid qonun va qonunosti hujjatlarini yanada takomillashtirish zarurati mavjud.

Birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan norma va qoidalarning amalda bir xilda tushunilishi va ishlashini ta’minlash maqsadida ushbu qonunchilikda mavjud ayrim atamalarning huquqiy ma’nosi ishlab chiqilishi zarur. Ya’ni, “penitensiar tizim”, “penitensiar muassasa” kabi tushunchalarning amaldagi qonun hujjatlarida ma’nolari mavjud emasligini qayd etgan holda, mazkur atamalarning huquqiy jihatdan ta’rifi ishlab chiqilishi maqsadga  muvofiq deb hisoblaymiz.

Shuningdek, mahkumlarni deradikalizatsiya qilish jarayonining o‘ziga xos xususiyatli “yumshoq kuch” konsepsiyasi hamda nazorat ostidagilar ustidan elektron monitoring tizimini qo‘llash, mahkumlar reabilitatsiya dasturlarini ularning individual ehtiyojlari asosida amalga oshirish, jazoning maqsadiga resotsializatsiyani singdirish talab etiladi.

Jazoni ijro etish muassasalarida rejim jazodan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun belgilanadi.

Muassasa ma’muriyati mahkumlarni nazorat va tekshirishning texnikaviy vositalari qo‘llanilayotganidan xabardor etishi shart.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga o‘z yonida saqlashga ruxsat etilgan narsa va buyumlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi. Mahkumlarning yonidan topilgan foydalanishga ruxsat etilmagan narsa va buyumlar muassasa boshlig‘ining qaroriga binoan olib qo‘yiladi hamda mahkum ozod bo‘lgunga qadar saqlash uchun topshiriladi yoki yo‘q qilib tashlanadi yoxud davlat foydasiga o‘tkaziladi va bu haqda tegishli hujjat tuziladi.

Jazoni ijro etish muassasalarida huquqbuzarliklarning oldini olishda rejimni qasddan buzish og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishini, taqiqlangan narsalar (masalan, uyali telefon) katta xavf manbayi bo‘lishini, tergov jarayoniga salbiy ta’sir qilishini, penitensiar muassasalarda zamonaviy aloqa vositalari yordamida kiberjinoyatlar, xususan kiber firibgarlik yoki o‘g‘irlik sodir etilishini, taqiqlangan narsalarni berish xufyona tadbirkorlik manbayiga aylanishi mumkinligini hisobga olib, Jinoyat kodeksiga “Qamoqda saqlash joylarida, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga taqiqlangan narsa va buyumlarni berish” degan yangi 2201-moddani kiritish taklif etiladi.

Penitensiar tizim faoliyatini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri fuqarolik jamiyati insitutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va tizim ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hisoblanadi. Shu maqsadda Jinoyat-ijroiya kodeksini “Jamoatchilikning mahkumlar axloqini tuzatishdagi ishtiroki” va “Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi” deb nomlangan yangi moddalar bilan to‘ldirish taklif etiladi.

Jazoni ijro etish muassasalarida psixologik yordam mahkumning ruhiy holati bilan bog‘liq muammolarini hal qilishga qaratilib, psixolog mahkumning ruhiy holatini kuzatishi va nazorat qilishi lozim. Penitensiar muassasa psixologi mahkumlar bilan munosabatni qanday qurish kerakligi, muassasaga moslashish davrida ushbu toifadagi odamlar bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlab berishi kerak. Psixolog jismoniy kuch ishlatmaslik, mahkumlarni ishontira olish, ularning qadr-qimmati va shaxsiyatini hurmat qilgan holda, barchaga “siz” deb murojaat qilishni o‘rgatishi lozim. Psixolog mahkumlar ruhiyatida o‘z tana a’zosiga shikast yetkazish, o‘z joniga qasd qilish tendensiyalarini ko‘ra bilishi mumkin. Shu jihatdan Jinoyat-ijroiya kodeksiga “Mahkumlar bilan ijtimoiy ishlar va psixologik yordam” deb nomlangan yangi moddani kiritish maqsadga muvofiq.

Axloq tuzatish muassasalarida saqlanayotgan voyaga yetmaganlar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar ham muhim masalalardan hisoblanadi. Bunday muassasalardagi voyaga yetmaganlar bilan ishlashning maqsadi ularga jamiyatda ijtimoiy foydali va samarali rolni bajarishlarida yordam ko‘rsatish uchun vasiylik, himoya, ta’lim va kasbiy tayyorgarlikni ta’minlashdan iborat. Voyaga yetmaganlarga zarur ijtimoiy, psixologik, tibbiy, jismoniy yordam, shuningdek ta’lim va kasbiy tayyorgarlik sohasida ko‘mak ko‘rsatilishi lozim.

Bu esa axloq tuzatish muassasalari xodimlarining ishini doimiy ravishda takomillashtirib borishni talab etadi. Kengroq miqyosda fikr qilinsa, voyaga yetmagan mahkumlarga nisbatan jazoni o‘tashning ertaroq muddatlarida shartli ozod qilishni qo‘llash tavsiya etiladi.

Amaldagi Jinoyat-ijroiya kodeksining 57-moddasida ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs butun jazo muddatini, odatda, bitta muassasada o‘tashi, mahkumni bir koloniyadan ayni shu turdagi boshqa koloniyaga jazoni o‘tashni davom ettirish uchun o‘tkazishga uning xavfsizligini ta’minlash maqsadida uning roziligini olgan holda, shuningdek mahkumning mazkur muassasada qolishiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa hollarda yo‘l qo‘yilishi, mahkum kasal bo‘lib qolgan taqdirda uni koloniyadan yoki turmadan ixtisoslashgan davolash muassasasiga o‘tkazishga tibbiy xulosa asosida yo‘l qo‘yilishi hamda ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni bir JIEMdan boshqasiga o‘tkazish tartibi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Biroq, Ichki ishlar vazirining 2014-yil 27-iyuldagi 103-buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga jo‘natish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” bilan mazkur norma talablari o‘rtasida qarama-qarshiliklar mavjud.

Xususan, nizomning 9-band “b” kichik bandining oltinchi xatboshisida “mahkum yoki qarindoshlarining arizasiga asosan” qoidasi kiritilgan. Jinoyat-ijroiya kodeksining 57-moddasi 2-3-qismlaridagi talablardan tashqari holatlarda mahkum jazoni bitta muassasada o‘tashi belgilanganini inobatga olsak, mahkumni uning yoki qarindoshining arizasiga asosan boshqa muassasaga o‘tkazish mantiqan noto‘g‘ri hisoblanishi mumkin.

Jazoni ijro etish departamentiga 2021-yil davomida 16632 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 8185 tasi yoki 49 foizi mahkumlarni boshqa muassasaga o‘tkazish haqida bo‘lgan. Ushbu turdagi murojaatlar o‘rganib chiqilganda mahkum va uning qarindoshlari yashash manziliga yaqin joydagi JIEMga o‘tkazishni so‘ragan. Mahkumlarni boshqa muassasaga o‘tkazish tartibi qonuniy jihatdan belgilab qo‘yilmasa yoki mazkur faoliyatni tartibga solish inson omilisiz amalga oshirilishi belgilanmasa, turli korrupsion omillarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan ishlaydigan xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish masalalari hozirgi kunda penitensiar tizimining dolzarb vazifalaridan biridir. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, JIEMda ish faoliyatini olib borish shaxsni sezilarli darajada o‘zgartiradigan omil bo‘lib, u bilan bog‘liq holda insonning kasbiy deformatsiya darajasi juda yuqori hisoblanadi.

Ma’lumki, kasbiy deformatsiya kasb faoliyatini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan va uning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan o‘zgarishlar tizimidir. Kasbiy deformatsiya natijasida shaxsning kasb bilan bog‘liq yoki shaxsiy xatti-harakatlarida nomaqbul xususiyatlar paydo bo‘ladi.

Xodimlarni reabilitatsiya qilishning yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tizimisiz uzoq muddat davomida xodimlar shaxsiyatining o‘zgarmasligiga erishib bo‘lmaydi. Jazoni ijro etish tizimini isloh qilish jarayonida, avvalo, kadrlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini takomillashtirish masalalariga ham e’tibor berish zarur.

Yuqorida tahlil qilingan masalalar bo‘yicha quyidagi takliflar ilgari suriladi:

birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga “penitensiar tizim”, “penitensiar muassasa” kabi tushunchalarni kiritish hamda ularning huquqiy ta’riflarini ishlab chiqish;

ikkinchidan, mahkumlarni deradikalizatsiya qilish jarayonida o‘ziga xos xususiyatli “yumshoq kuch” konsepsiyasini qo‘llash;

uchinchidan, mahkumlarga doir reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqishda ularning individual ehtiyojlarini inobatga olish;

to‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga “Qamoqda saqlash joylarida, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga taqiqlangan narsa va buyumlarni
berish” degan yangi 2201-moddani kiritish;

beshinchidan, Jinoyat-ijroiya kodeksini “Jamoatchilikning mahkumlar axloqini tuzatishdagi ishtiroki” va “Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi” deb nomlangan yangi moddalar bilan to‘ldirish;

oltinchidan, Jinoyat-ijroiya kodeksiga “Mahkumlar bilan ijtimoiy ishlar va psixologik yordam” deb nomlangan yangi moddani kiritish;

yettinchidan, Ichki ishlar vazirining 2014-yil 27-iyuldagi 103-buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga jo‘natish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibi to‘g‘risida”,gi nizomning 9-band “b” kichik bandi oltinchi xatboshisida belgilangan normani Jinoyat-ijroiya kodeksining 57-moddasi talablariga moslashtirish;

sakkizinchidan, jazoni ijro etish tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini takomillashtirish masalalariga alohida urg‘u berish.

Xulosa o‘rnida aytganda, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning jazo o‘tash sharoitlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, jazoni o‘tayotgan hamda tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga nisbatan qo‘llanadigan rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish, mahkum va mahbuslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sherzod ZOKIROV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

1 “Ўзбекистон Республикасининг айрим қонун ҳужжатларига маҳкумларнинг ҳуқуқлари ва қонуний манфаатларини ишончли ҳимоя қилишга қаратилган ўзгартиш ва қўшимчалар киритиш тўғрисида”ги Ўзбекистон Республикасининг қонуни. 15.02.2023 йил ЎРҚ-817-сон/ https://lex.uz/ docs/6384468.

 

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa