HomeMaqolalarIntellektual mulk normasi yangi Konstitutsiyadan o‘rin olishining ahamiyati

Intellektual mulk normasi yangi Konstitutsiyadan o‘rin olishining ahamiyati

Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari, xususan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, AQSH, Shveytsariya, Fransiya, Germaniyaning iqtisodiy rivojlanish yo‘llarini tahlil qilsak, bunda aynan intellektual mulk, innovatsiyalar va o‘z-o‘zidan ularning natijalarini tijoratlashtirish bilan bog‘liq masalalar turgani ma’lum bo‘ladi.

Har bir inson o‘zining sa’yi-harakatlari, bilimi va talanti natijasida yaratayotgan ilmiy-ijodiy mahsulotini davlat huquqiy himoya qilishiga intiladi.

Har bir demokratik davlatda ilm-fan bilan shug‘ullanish erkinligi va bu kabi faoliyat natijalaridan foydalanish huquqi hamda eng asosiysi intellektual mulkning davlat tomonidan muhofazaga olinishi eng muhim vazifa sifatida belgilanadi. Asosiysi, ayni ushbu huquqlar va muhofaza majburiyatining konstitutsiyada belgilanishini alohida e’tirof deb bilish mumkin.

Yuqorida nomlari qayd etilgan va boshqa taraqqiy etgan mamlakatlar asosiy qonunlarida ham ilmiy faoliyat erkinligi va intellektual mulk muhofazasi bilan bog‘liq masalalar o‘z aksini topgan. Xususan, AQSH Konstitutsiyasining 1-moddasi 8-qismi quyidagi mazmundan iborat: “Mamlakat kongressi fan va san’atning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi, muallif va ixtirochilarga ularning asarlari hamda ishlanmalari uchun cheklangan muddatda mutlaq huquqlarni taqdim etadi”.

Mutlaq huquqlar muhofazasi deganda intellektual faoliyat natijalariga nisbatan mulkiy huquqlar hamda ulardan foydalanish uchun muallif yoki huquq egasidan ruxsat olish bilan bog‘liq jihatlar tushuniladi.

Ta’kidlash kerakki, bu jarayonda birinchi navbatda davlatning o‘zi xalq uchun yetarli shart-sharoitlar, imkoniyatlarni yaratishi hamda talabgorlarning ehtiyojlarini ta’minlashi kerak bo‘ladi.

Masalan, ixtironing muhofaza muddati 20 yil, mualliflik huquqi obyekti muallif hayoti davomida va uning vafotidan keyin 70 yil va shu kabilardan iborat. Germaniya Federativ Respublikasi Konstitutsiyasining 73-moddasida esa federatsiya sanoat mulki huquqi, mualliflik huquqi va nashrlarga nisbatan mutlaq qonunchilik vakolatiga ega ekanligi keltirilgan. Koreya Respublikasi Konstitutsiyasining 22-moddasida ham “mualliflar, ixtirochilar, olimlar, muhandislar va ijodkorlar huquqlari konstitutsiya bilan himoyaga olinishi” alohida belgilangan. Shu bilan birga, hozirgi kunda iqtisodiyoti juda tez rivojlanishga erishgan Xitoyning konstitutsiyasi 47-moddasida davlat aholining fan va san’at bilan shug‘ullanishi, xususan, ilmiy tadqiqotlar, adabiy va badiiy ijod va madaniyatning boshqa turlari bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlashi belgilangan. Shuningdek, davlatning xalq manfaatlari yo‘lida ta’lim, fan-texnika, adabiyot, san’at va boshqa shu kabi faoliyat bilan shug‘ullanishga alohida e’tibor qaratishi qayd etilgan.

Rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyalarida intellektual mulk siyosati va birinchi navbatda ularni davlat muhofazaga olishi hamda muallif va patent egalari huquqlari himoyada ekaniga doir aniq normalar mavjud. Ayni ushbu jihat mazkur mamlakatlarning bugunga kelib jahonda sanoati taraqqiy etgan, dunyo bozoriga asosiy intellektual mulk natijalarini yetkazib beruvchi davlatlardan bo‘lishiga zamin yaratgan.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizning amaldagi konstitutsiyasi 53-moddasida “Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi” degan norma belgilangan.
Fikrimizcha, ayni ushbu norma nafaqat O‘zbekistonda, balki iqtisodiy rivojlanish bosqichidagi mamlakatlarda ham intellektual mulk siyosatini yanada rivojlantirishda hamda ijodkorlar uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida muhim o‘rin tutadi.

Bundan tashqari, ushbu norma mavjudligi mutasaddi davlat organlari uchun ham muhim “signal” vazifasini o‘tashi mumkin. Buni ko‘pincha ijodiy tafakkur mahsulini tijoratlashtirish bilan bog‘liq masalalarda ko‘rishimiz mumkin.

Intellektual mulkni yaratish bir jarayon bo‘lsa, uning natijasini tijoratlashtirish orqali ko‘rish
mumkin. Bu bosqichda aynan vakolatli davlat organlarining tutgan o‘rni va vazifasi muhim. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda yaratilgan intellektual mulkning keyingi taqdiriga befarq bo‘lmaslikka katta e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda ham intellektual mulk bilan bog‘liq normalar har qanday iqtisodiy va tijoriy jarayonlardan chetda qolmaydi.

Shuningdek, yuqoridagi normaning aynan konstitutsiyada ifoda etilishi quyidagilar nuqtayi nazaridan ham maqsadga muvofiq.

1. Bugungi kunda har qanday ijtimoiy va huquqiy munosabatlarda har bir davlat o‘zining konstitutsiya hamda qonunlarida mustahkamlangan normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga joriy etilishiga e’tibor qaratmoqda.

2. Amaliyotda ko‘pincha ijodkorlar va ixtirochilar bilan suhbatlashilganda ularning birinchi beradigan savoli “agarda asarimni yoki yaratgan mahsulotimni oshkor qilsam, uning o‘g‘irlanmasligiga kim kafolat beradi” yohud “agarda o‘zim yaratgan ixtiro haqida matbuotga xabar bersam undan uchinchi shaxslarning noqonuniy foydalanmasligini kim kafolatlay oladi” qabilidagi turli hadiksirashlardan iborat bo‘ladi. Intellektual mulk muhofazasiga doir normaning konstitutsiyada ifodalanishi fuqarolarda konstitutsiya eng zarur tayanch ekaniga ishonchni oshirishi lozim. Zero, bu jihat AQSHning birinchi prezidenti J. Vashingtonning quyidagi fikriga ham to‘la mos keladi. “Konstitutsiya bu – men hech qachon rad etmaydigan qo‘llanma”.

3. Bugungi kunda intellektual mulk, xususan, uning tarkibiy qismlari bo‘lgan mualliflik huquqi va patent huquqi yo‘nalishidagi sud nizolari hamda g‘irrom raqobat bilan bog‘liq nizoli ishlar ko‘lami oshib bormoqda. Bu huquqlarni talab qilish yoki tiklash nuqtayi nazaridan quvonchli jarayon hisoblanadi. Lekin intellektual mulk sohasi o‘ziga xos tor mutaxassislik hamda alohida bilimlarni talab qiladigan yo‘nalish bo‘lgani uchun turli nizoli
yoki sud ishlarida ko‘pincha huquq egalari hamda mualliflar manfaatlariga zid bo‘lgan qarorlar chiqarilgan holatlar ham ko‘p uchraydi. Yuqoridagi normaning konstitutsiyada belgilanishi esa bu soha bo‘yicha ham sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mutasaddi idoralar va boshqa mas’ul tashkilotlar uchun nizoli ishning yechimiga qonuniy va adolatli baho berish zaruriyatini ikki karra oshiradi.

Yuqoridagi ustuvor asoslar hamda sabablar konstitutsiyamizdan o‘rin olgan “Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi” mazmunidagi bandning nechog‘lik zarur ekanini ifodalaydi. Shu bilan birga kelgusi avlodlarning ijodkorligi, yaratuvchanligi hamda ayni ushbu harakatlarning huquqiy asoslariga va davlatning bu boradagi kafolatlariga zamin yaratadi.

Abdumo‘min YULDASHOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa