Zamonaviy siyosiy manipulyativ texnologiyalar: nazariy yondashuv va amaliyot

0
300

Manipulyatsiya tarixini o‘rgangan olimlar uning qadim zamonlardan buyon turli ko‘rinishlarda, shakl va uslublarda qo‘llanib kelayotganini qayd etishgan. Jumladan, qadimgi shumerlar afsonalar va diniy qarashlar orqali hukmdorning siyosiy hokimiyati va vorisiyligini legitimlashtirishgan, qadimgi Yunonistonda aholi nutq va mantiqiy fikrlar orqali manipulyatsiya qilinib, g‘oyaviy ta’sir o‘tkazilgan, qadimgi Rimda esa og‘zaki siyosiy reklamalar orqali fuqarolarning hokimiyatga bo‘lgan ijobiy munosabati shakllantirib borilgan.

XX asrga kelib, G‘arb tadqiqotchilari jamoatchilikni manipulyatsiya qilish yuzasidan ko‘plab tadqiqotlar olib borishdi va uni nazariy jihatdan asoslab, yangi texnologiyalarni qo‘llay boshladilar.

Birinchi jahon urushi davrida radio reklama, siyosiy multfilm, fotosurat yoki siyosiy plakatlar manipulyatsiyaning asosiy vositasi sifatida qayd etilgan. O‘tgan asrning 20-yillarida esa avstriyalik olim Z. Freydning psixoanaliz haqidagi ta’limoti katta shuhrat qozongan. Undan Hitler hukumati ham inson instinktlariga yashirin murojaat qilishda, axborot urushlarini tashkil qilishda muvaffaqiyatli foydalangan. Bir so‘z bilan aytganda, fashizm targ‘ibotchilari g‘oyaviy qo‘poruvchilik targ‘ibotining haqiqiy va dahshatli namunalarini yaratganlar.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda amerikalik reklama mutaxassisi E. Dixter ta’kidlaganidek, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi reklama agentliklari eng ilg‘or “jahon psixologiyasining laboratoriyalari”ga aylantirilgan. Keyinchalik Dixterning muvaffaqiyati uning siyosiy elita nazariga tushishiga sabab bo‘ladi va u 1960-yilda J. Kennedining saylovoldi kampaniyasini muvaffaqiyatli o‘tkazilishida ishtirok etadi.

O‘z navbatida, rossiyalik olim M. Kalashnikov “Reklama va TV yangiliklar dasturlari”ni yaratish niqobi ostida AQSH matbuot, televideniye va internet orqali jamoatchilik ongini manipulyatsiya qilish texnologiyasini ishlab chiqqanini qayd etib o‘tgandi.

Hozir zamonaviy tadqiqotchilar siyosiy manipulyatsiyani siyosiy harakatning asosiy motivi sifatida ko‘rishmoqda. Ma’lumki, har qanday manipulyatsiya muayyan bir e’tiqod yoki imtiyozlarni shakllantirish uchun ma’lum bir yaqinlik, illyuziya, ko‘rinmas mexanizm, ongga psixologik ta’sir ko‘rsatish bilan tavsiflanadi.

S. Kara-Murza “Ongni manipulyatsiya qilish” kitobida turli olimlar tomonidan qilingan manipulyatsiyaga bir nechta ta’riflarni beradi.

G. Frankening fikriga ko‘ra esa manipulyatsiya “yashirin tarzda ishlab chiqarilgan va shuning uchun u yo‘naltirilgan shaxslarning zarariga bo‘lgan ruhiy ta’sirdir”. G. Shillerning fikricha, “manipulyatsiyaning muvaffaqiyati manipulyatsiya qilinayotgan shaxslar sodir bo‘layotgan hamma narsa tabiiy va muqarrar ekanligiga ishonganida kafolatlanadi”.

“Siyosiy manipulyatsiya” lug‘atlarda “manipulyatorning manfaatlarini amalga oshirish yo‘lida uning irodasi orqali insonlarning siyosiy ongi va xulqini yashirin tarzda boshqarish jarayoni” sifatida qayd etilgan. Ya’ni “Siyosiy manipulyatsiya – jamoatchilik fikri va siyosiy xulq-atvorga ta’sir qilish jarayoni, odamlarning siyosiy ongini va xatti-harakatlarini hokimiyat yoki muayyan ijtimoiy kuchlar uchun to‘g‘ri yo‘nalishga yo‘naltirish uchun yashirin boshqarish bilan ifodalanadi”.

Masalaning siyosiy tizimga bevosita ta’sir etadigan jihati shuki, ayrim destruktiv kuchlar tomonidan aholining siyosiy manipulyatsiyasi kuchayishi ommaviy noroziliklardan rangli inqiloblargacha olib kelishi mumkin. Misol sifatida “Arab bahori”, shuningdek, postsovet mamlakatlari hududida yuz bergan turli rangli inqiloblarni keltirish mumkin.

Siyosiy manipulyatsiyaning maqsadi hokimiyatni qo‘lga kiritish, amalga oshirish va saqlab
qolishdir. Rivojlangan jamiyat hayotining hozirgi bosqichida bu maqsadlarga saylov orqali erishiladi.

Tadqiqotchi V. Amelinning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy manipulyatsiya quyidagi operatsiyalarni o‘z ichiga oladi:

– ijtimoiy ongga ma’lum bir guruh uchun kerakli mazmundagi obyektiv ma’lumot niqobi ostida joriy etish;

– qo‘rquv, xavotir, nafrat va boshqalarni qo‘zg‘atadigan jamoatchilik ongining og‘riqli nuqtalariga ta’sir qilish;

– e’lon qilingan va yashirin rejalarni amalga oshirish, unga erishish uchun manipulyator o‘z pozitsiyasini jamoatchilik fikrini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘laydi.

Yevropalik tadqiqotchilar N. Marchal va N. Liza-Mariya “jamoatchilik fikrini siyosiy manipulyatsiya qilish fuqarolarni qutblashtirish, o‘z shaxsiy siyosiy mavqeyini yaxshilash va siyosiy raqibga zarar yetkazishga bo‘lgan urinishlarda namoyon bo‘lishini” ta’kidlab o‘tadi.

Siyosiy manipulyatsiyani tadqiq etishda mutaxassislar uni 3 guruh – salbiy, ijobiy va neytral  ahamiyatga ega jarayonlarga ajratadilar.

Siyosiy manipulyatsiya destruktiv holat ekanligini ilgari suruvchi yondashuvning tarafdorlari (S. Kara-Murza, Y. Dosenko, G. Shiller, T. Van Deyk ) o‘z ilmiy qarashlarini siyosiy manipulyatsiyaning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi bilan asoslashga urinadilar:

– siyosiy manipulyatsiyaning yashirin xarakter kasb etishi;

– manipulyatsiya qilishdan manfaatdor subyektning mavjudligi;

– siyosiy manipulyatsiyani amalga oshirishning keng metodlar arsenali va texnologiyalariga ega ekanligi;

– siyosiy manipulyatsiyaning ijtimoiy me’yorlarni izdan chiqarishga olib keladigan destruktiv hodisa sifatida namoyon bo‘lishi;

– siyosiy manipulyatsiyaning o‘z xarakteriga muvofiq yashirin hodisa sifatida o‘zining ta’sir obyektiga ziyon yetkazishi.

Bundan tashqari, siyosiy manipulyatsiya so‘nggi yillarda “yumshoq kuch”ning alohida vositasi sifatida ham e’tirof etilmoqda.

Bugungi kunda destruktiv siyosiy manipulyatsiyaning yangi shakllari vujudga kelgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi “yangi mediaformatlar”: Internet-OAV, Internet-TV, Internet-radio, mobil TV, Internet-bloglar, Internet-auditoriya uchun mo‘ljallangan kino va filmlar, ijtimoiy tarmoqlar (“Faсebook”, “Twitter”, “VKontakte” va h.), messenjerlar (“Telegram”, “Viber”, “What’s app”), virtual jamiyatlar, virtual o‘yinlar, umuman olganda, internet-texnologiyalarning rivojiga asoslanadi.

Bundan tashqari, hozir “siyosiy manipulyatsiya” bilan birga, “internet manipulyatsiya” atamasi ham keng qo‘llanilib, u o‘zida siyosiy manipulyatsiyaning aynan internet orqali amalga oshiriladigan shakllarini qamrab olmoqda. Xususan, mazkur atama o‘zida “ijtimoiy tarmoqlar va avtomatlashtirilgan ssenariylar algoritmi kabi raqamli texnologiyalardan tijorat, ijtimoiy yoki siyosiy maqsadlarda foydalanishga aloqador harakatlar” yig‘indisini ifodalaydi.

Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti tomonidan chop etilgan “The Global Disinformation Order – 2020: Global Inventory of Organised Social Media Manipulation” tadqiqotiga ko‘ra, yolg‘on axborotlar tarqatish va siyosiy targ‘ibot orqali insonlar ongini manipulyatsiya qilishda xususiy firmalarning ishtiroki o‘sib bormoqda.

Ushbu tadqiqotida ijtimoiy tarmoqlar orqali manipulyatsiyani amalga oshirishning tashkiliy shakllari sifatida quyidagilar keltirib o‘tiladi:

– davlat organlari (Government Agencies);

– siyosatchilar va partiyalar (Politicians & Parties);

– shartnoma asosida ishlovchi xususiy pudratchilar (Private Contractors);

– fuqarolik jamiyati tashkilotlari (Civil Society Organisations);

– fuqarolar va ta’sirga ega (nufuzli) shaxslar (Citizens and Influencers).

O‘rganishlar natijalari bugungi kunda siyosiy jarayonlarga internet texnologiyalarning destruktiv ta’siri namoyon bo‘lishining quyidagi asosiy shakllari mavjud ekanligini ko‘rsatmoqda:

1) Amaldagi siyosiy boshqaruv (rejim) faoliyatining asossiz ravishda yoki noxolislik bilan tanqid qilinishi.

2) Jamiyatda ichki yoki transchegaraviy ijtimoiy-siyosiy tartibsizliklarni keltirib chiqarishga qaratilgan irqchilik, millatchilik, diniy (konfessional) murosasizlik, ayirmachilik (separatizm) mafkuralari targ‘ibotining kuchayishi.

3) Yoshlarning siyosiy jihatdan noto‘g‘ri ijtimoiylashuviga olib keluvchi axborot faoliyatini tashkillashtirish va shu orqali ularni destruktiv maqsadlardagi (aksilkonstitutsiyaviy) siyosiy safarbarlikka chorlash.

4) Aholi yoki uning biron-bir ijtimoiy qatlamini ruxsat olinmagan siyosiy norozilik aksiyalarini sodir etishga tayyorlab borish va undash.

Ma’lumki, internet texnologiyalarining rivoji sharoitida hokimiyat uchun kurashish, uni ushlab qolish, taqsimlash va siyosatni internet makonida qo‘llash yuzasidan axborotlar bilan ishlashning vosita va usullari yig‘indisi bo‘lib ularning destruktiv kuchlar tomonidan qo‘llanilishi eng avvalo omma ongini manipulyatsiya qilishga bo‘lgan axboriy intilishlarda namoyon bo‘ladi.

Zamonaviy siyosiy jarayonlarga internet texnologiyalarining destruktiv ta’siri namoyon bo‘lishining yuqoridagi asosiy shakllari turli destruktiv siyosiy texnologiyalar orqali amalga
oshiriladi.

Zamonaviy siyosiy internet texnologiyalariga “Sock puppet”, “Overton oynasi”, “Twitter-inqilob”, “band wagon”, “Faktoidlar” texnologiyasi”, “Name calling” kabilarni misol sifatida keltirish mumkin. Mazkur texnologiyalar XX asrning o‘rtalarida AQSHning Targ‘ibotlarni tahlil qilish instituti tomonidan shakllantirilgan bo‘lsa-da, lekin ularning deyarli barchasi bugungi kunda internet makoni orqali aksariyat davlatlarning siyosiy informatsion amaliyotida turli maqsadlarda qo‘llanilib kelinmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari, hozir saylov va boshqa muhim siyosiy tadbirlarda hamda inqirozli vaziyatlarda aholini manipulyatsiya qilishda bir qator ta’sirchan internet texnologiyalaridan ham foydalaniladi. Jumladan, “Yog‘du taratayotgan umumlashma” (glittering generality), “Obro‘-e’tibor qozongan/nufuzli shaxslarga havola qilish yoki ularning tavsiyasiga muvofiq” (testimonial), “O‘zimizning yigitlar yoki oddiy xalqqa mansubligini vaj qilish” (plain folks), “Ijtimoiy mas’uliyatni ro‘kach qilish”, “O‘yin kartasini o‘ziga moslab chiylash” (card stacking), “Ko‘chirish yoki transfer” (transfer), “Siyosiy xeppining”, “Indamaslik spirali”, “Qayta-qayta takrorlash” (spiral of silence) kabi texnologiyalarni keltirib o‘tish mumkin.

Mazkur texnologiyalar bugungi kunda internet makoni orqali aksariyat davlatlarning siyosiy amaliyotida turli maqsadlarda faol qo‘llanilib kelinmoqda. Xususan, buning uchun AQSH, Yevropa mamlakatlari hamda ayrim MDH davlatlarida (Rossiya, Qozog‘iston va h.) siyosiy texnologiyalar markazlari tashkil etilgan va ular turli fondlar orqali moliyalashtirib borilmoqda.

Destruktiv kuchlarga qarshi kurashish, siyosiy barqarorlikni ta’minlash, siyosiy hokimiyatni mustahkamlash, islohotlarga nisbatan fuqarolarning siyosiy xayrixohligi va xalqaro maydonda mamlakat imijini oshirishda bunday markazlarning o‘rni juda yuqori hisoblanadi.

Xulosa sifatida ta’kidlaydigan bo‘lsak, siyosiy texnologlar faoliyatining tizimli yo‘lga qo‘yilganligi jamiyatdagi og‘riqli muammolarga adekvat yechim topish va shu orqali aholi orasidagi norozilik o‘sishining oldini olish, eng muhimi esa siyosiy hokimiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bugun dunyoda kechayotgan geyosiyosiy o‘zgarishlar, resurslarni qayta taqsimlash uchun kurash, mintaqaviy yetakchilik raqobati siyosiy manipulyatsiya, uni chuqur o‘rganish, yangi zamonaviy texnologiyalarini yaratish va amaliyotga joriy qilishga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirmoqda desak adashmaymiz.

I. ABDIYEV,
mustaqil tadqiqotchi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here