HomeMaqolalarYaponiya sud-huquq tizimining xos jihatlari

Yaponiya sud-huquq tizimining xos jihatlari

Yaponiyaning Tokio shahrida “JICA” (Yaponiya xalqaro aloqalar agentligi) hamda “UNAFEI” (BMTning Uzoq Sharq, Afrika va Amerika davlatlari uchun filiali) tashkilotlari “Jinoiy odil sudlov va jinoyatchilikning oldini olish siyosati hamda amaliyotini takomillashtirish” mavzusida xalqaro o‘quv seminarini o‘tkazdi.

Tadbirda 14 ta mamlakatdan 17 nafar huquqshunos, sudya va ekspert qatnashdi. Kamina O‘zbekiston tomonidan seminar ishtirokchisi bo‘ldim.

Unda:

  • Yaponiya sud-huquq tizimi;
  • jinoyatlar uchun jazo tayinlash amaliyoti;
  • jazoni ijro etish tizimi va uning samaradorligi;
  • qamoqxonalar hamda ozodlikdan mahrum etish muassasalarida mahbuslarni saqlash tartibi;
  • ularga yaratilgan sharoitlar;
  • shuningdek, mahkumlarni muddatidan avval yoki shartli ozod qilish tartibiga oid tajribalar bilan tanishdik.

Bu davlatning sud-huquq tizimi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Yaponiyada besh turdagi sud mavjud: Oliy sud, yuqori instansiya sudlari, okrug sudlari, umumyurisdiksiya va oilaviy sud.

Yaponiya sud tizimida Oliy sud raisi va 14 nafar sudyasi, 8 ta yirik shahardagi yuqori sudlarning raislari, yuqori, okrug va oilaviy sudyalar 1385 nafar, umumiy yurisdiksiya sudlari sudyalari 806 nafar va 735 ta sudya yordamchisi faoliyat yuritadi.

Sudya yordamchisi huquqshunos yoshlar orasidan tayinlanadi. Ular sud ishlarida hay’at tarkibida ishtirok etishadi. Maxsus qonunga muvofiq kamida besh yil sudya yordamchisi bo‘lib ishlagan va Oliy sud attestatsiyasidan o‘tgan sudya yordamchisi yakka tartibda ishlarni ko‘rishi mumkin.

Yaponiyada sudya bu lavozimga tayinlangunga qadar sudya yordamchisi, prokuror yoki advokat bo‘lib kamida 10 yil ishlashi lozim.

Sudlarda sudya va uning yordamchisidan tashqari, sud-tergov (yoki tadqiqot) bo‘limi xodimlari, sud kotiblari, oilaviy sudlarning xodimlari, sud stenograflari va sud xizmatchilari ham ishlaydi. Ular jami 22000 ta shtat birligini tashkil etadi.

Sud-tergov bo‘limidagi xodimlar sudya ko‘rsatmasi asosida tekshiruv o‘tkazadi. Ular huquqshunoslar, iqtisodchilar va soliq bo‘yicha mutaxassislardan iborat. Sud-tergov bo‘limi xodimlari Tokio, Osaka va boshqa yirik shahar sudlarida ishlaydi. Chunki bu shahar sudlarida ko‘p murakkab ishlar ko‘riladi.

Oilaviy sudlarning tergov xodimlari asosan psixolog, sotsiolog va pedagoglardan jamlanadi.
Ular oilaviy nizolarni hal etish yoki voyaga yetmaganlar reabilitatsiyasi uchun tekshirish o‘tkazib, sudga xulosalar kiritishadi.

Sud kotiblari yurisprudensiya bo‘yicha ma’ruza eshitgan va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashgan, sud yozuvlari hamda boshqa hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kursiga borganlar ichidan tanlanadi. Kotiblar bizdagi sudya yordamchilarini eslatadi: sud protsesslarida sudyaga hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashadi; sud protsessi haqida taraflarga xabar beradi; sudyaning ishlarni mazmunan ko‘rib chiqish bilan bog‘liq topshirig‘ini bajaradi.

Yaponiyada sud stenograflari sud majlisi va jarayonlarning stenografiya yozuvlarini yuritish uchun mas’ul hisoblanadi. Sud tizimida sud xizmatchilari ham faoliyat yuritadi. Ular asosan sud devonxonasi va arxiv ishlarini yuritadi.

Yaponiyada ham sudlarda davlat ayblovini prokurorlar qo‘yadi, xuddi O‘zbekistondagi kabi. Bu prokurorlarning sud binosida xizmat xonalari bo‘ladi. Ular sud qarorlarining bajarilishini nazorat qilishadi. Shuningdek, ular ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlarda ham qatnashadi. Prokuror sudda davlat ayblovlarini qo‘yish bo‘yicha belgilangan vakolatlarga ega. Misol uchun, u ayblovni quvvatlashi yoki undan voz kechishi ham mumkin. Yoki prokuror davlat ayblovidan voz kechsa, sud shaxsga jazo tayinlamaydi va jinoyat ishi tugatiladi.

Yaponiya advokatlari ham taraflarning huquq va manfaatlarini himoya qilishadi. Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma tuzishda qatnashadi, maslahat berishadi. Bundan tashqari, advokatlar nizolarni sudga qadar hal qilish va taraflarni yarashtirish huquqiga ega.

Odatda politsiya jinoyatni fosh etish, jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash, ularni qidirish,
dalillarni to‘plash bo‘yicha surishtiruv va tergov olib boradi.

Politsiya jinoyat sodir etgan shaxsni ushlagach, uni hibsga olib, so‘ng ishni prokurorga yuboradi. Yaponiyada prokurorlar barcha turdagi jinoyatlarni tergov qilish huquqiga ega. Tergov yakunlangach, davlat prokurorlari (yuqori prokuror) jinoyat ishini va dalillarni tekshirib chiqib, ayblov qo‘yish uchun jinoyat ishini sudga yuboradi. Ko‘p hollarda prokurorlar kam ahamiyatli, shuningdek, voyaga yetmaganlarga oid yoki shaxsning sodir etgan jinoyatiga iqrorligi tufayli ishni sudgacha hal etishadi.

Politsiya shaxsni jinoyat sodir etganlikda gumonlab ushlagach, gumonlanuvchi va unga oid jinoyat ishini 48 soat ichida prokurorga topshiradi. Prokuror ish hujjatlarini o‘rganib, shaxsni qamoqqa olish zarur deb hisoblasa, sanksiya olish uchun sudga murojaat qiladi. Yaponiyada gumonlanuvchini hibsga olish muddati o‘n kun. Prokuror hibs muddatini yana o‘n kunga uzaytirish to‘g‘risida sudga murojaat qilishi mumkin.

Davlat prokurorlari sudga yozma ayblov xulosasini taqdim etish orqali davlat ayblovini qo‘zg‘atadi. Davlat ayblovining ikki turi mavjud:

prokuror to‘liq sud jarayoni o‘tkazilishini so‘rab sudga iltimosnoma (bunda bizdagidek Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jarayon o‘tkaziladi) kiritadi;

yoki ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib, ayblanuvchiga jarima solish bilan kifoyalanadi.

Prokuror davlat ayblovini qo‘llagani sababli uning iltimosnomasi sudlar tomonidan qanoatlantiriladi.

Sud muhokamasi haqida taraflarga xabar beriladi. Sud ayblanuvchiga ayblov xulosasi nusxasini yuboradi. Sudlanuvchi birinchi sud majlisiga chaqiriladi. Zarurat tug‘ilsa, unga rasmiy himoyachi tayinlanadi. So‘ng  sud taraflarning fikrini eshitadi. Dalillarni tekshiradi. Tomonlarning yakuniy nutqini tinglaydi. Hukm chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi. Sudya maslahatxonadan chiqib hukmni e’lon qiladi. Hukm ustidan shikoyat qilish huquqi sudlanuvchiga tushuntiriladi.

Oilaviy sudlarning mavjudligi Yaponiya sud tizimining o‘ziga xos jihatidir. Mazkur sudlar er-xotin va qarindoshlar o‘rtasidagi muammolarni yechadi. Yarash va bitim choralarini ko‘radi. Yarashtirish jarayonlari ko‘pincha sudga qadar bo‘ladi. Agar taraflar yarashmasa, sudya sud jarayonida ham ularni yarashtirish va oilani saqlab qolish imkoniyatlaridan foydalanadi.

Oilaviy sudyalar, shuningdek, oila, farzand, mol-mulk va nikoh bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi. Bu toifadagi ishlar yopiq sudlarda va soddalashtirilgan tartibda ko‘riladi.

Voyaga yetmaganlar sodir etgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni ham oilaviy sudlar ko‘rib chiqadi. Yaponiya qonunlariga binoan 14 yoshdan 20 yoshgacha shaxslar voyaga yetmagan hisoblanadi.

Voyaga yetmaganlarning ishlari politsiya, prokuratura yoki bolalarni saqlash markazlari tomonidan oilaviy sudlarga yuboriladi. Sudya ishning yurisdiksiyasini, yoshiga doir talablarni va jinoyat yoki huquqbuzarlik holatini tekshiradi. Agar ushbu talablar bajarilgan bo‘lsa, sudya oilaviy suddagi tergov xodimlariga tegishli tartibda tergov o‘tkazishni buyuradi.

Oilaviy sudning tergov xodimlari voyaga yetmagan shaxsni, uning ota-onasi, vasiy yoki boshqa manfaatdor shaxslarni sud idorasiga chaqiradi. Ish tafsilotlari, holatlari bo‘yicha so‘rov va psixologik test o‘tkazadi. Ekspertlar voyaga yetmagan shaxsning tarbiyalanish muhiti, ruhiyati, o‘qishi, kasbga yo‘naltirilganini o‘rganadi. Voyaga yetmagan shaxs yashaydigan uyga borib sharoitini ko‘rishadi.

Ekspertlar tergov (tadqiqot) natijalari haqida xulosalarni tuzib, sudyaga voyaga yetmagan shaxs va unga oid ish bo‘yicha to‘liq asoslantirilgan ma’lumotlarni topshirishadi. So‘ng sud muhokamasida bu xulosalarni bayon etishadi. Lozim bo‘lsa, sudya voyaga yetmaganning jismoniy va ruhiy holatini to‘liqroq o‘rganish yoki uni boshqa ta’sirlardan himoya qilish uchun to‘rt haftagacha hibsga oladi. Ba’zan sudya sud tergovi xodimlarining fikrini tinglab ishni muhokamaga qo‘ymasligi mumkin.

Sudya voyaga yetmagan sudlanuvchiga sinov muddati belgilab, unga vasiy tayinlashi, vasiyning to‘liq nazoratiga topshirishi mumkin. Yoki uning xulqini tuzatish, reabilitatsiya qilish uchun to‘rt oy muddatgacha maxsus maktabga yuboradi.

Yaponiyada ham jamoatchilik vakillari sud protsesslarida ishtirok etadi. Jamoatchilik vakillaridan yarashtirish komissiyasi tuziladi. Odatda bu komissiya fuqarolik va oilaviy ishlarda qatnashadi.

Sud maslahatchilari sudyaga ishlarni ko‘rishda va ularni mazmunan hal etishda ko‘mak berishadi.

Yaponiya va respublikamiz sud-huquq tizimlarida o‘xshash jihatlar ko‘p. Lekin Yaponiya sud tizimida oilaviy sudlar katta o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ham oila institutiga katta e’tibor qaratilayotganidan kelib chiqib oilaviy sudlarni tuzish foydali bo‘lar edi.

Zafarjon OMONOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Quva tumani sudining raisi

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni