Tezkor-qidiruv tadbirlari tushunchasi va mohiyati

0
615

Insoniyat taraqqiyotining bugungi bosqichida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish va barham berish, sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash, shuningdek jinoyat sodir etib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yashiringan jinoyatchilarni qidirib topish va jazo muqarrarligini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinguniga
qadar “tezkor‑qidiruv tadbirlari” idoraviy normativ‑huquqiy hujjatlar (buyruq, yo‘riqnoma va qo‘llanmalar) asosida tartibga solingan. Qonun fuqarolarga tezkor‑qidiruv tadbirlarining turlari, tushunchasi, shu jumladan ularning huquqlarini cheklaydigan holatlar bilan tanishish imkonini berdi.

“Tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 3‑moddasida tezkor-qidiruv faoliyati tushunchasiga ta’rif berilgan: “Tezkor-qidiruv faoliyati ushbu Qonun bilan maxsus vakolat berilgan davlat organlarining tezkor bo‘linmalari (bundan buyon matnda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar deb yuritiladi) tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazish orqali amalga oshiriladigan faoliyat turidir”.

Ushbu ta’rifdan tezkor‑qidiruv tadbirlari mazkur faoliyatning o‘zagini tashkil etishini ko‘rish mumkin. Lekin qonunda umumiy “tezkor-qidiruv tadbirlari” tushunchasining mazmuni ochib berilmagan. Bu esa fikrimizcha, tezkor‑qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda qonuniylikka rioya etilishi hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga salbiy ta’sir etishi mumkin.

Shu bilan birga qonunda tezkor‑qidiruv tadbirlariga ta’rif berilmagani hozirga qadar soha olimlari o‘rtasida turli xil qarashlar paydo bo‘lishiga, eng achinarlisi, tezkor‑qidiruv tadbirlarining noto‘g‘ri talqin etilishiga olib kelmoqda. Natijada, soha mutaxassislari orasida tezkor‑qidiruv tadbirlarining mazmun‑mohiyati, tushunchasi, asosiy belgilari va tuzilishini aniqlashtirish borasida hamon bir to‘xtamga kelinmagan.

Jumladan, Oleg Firsov tezkor‑qidiruv tadbiri to‘g‘risida fikr bildirib, unga quyidagicha ta’rif bergan: “Tezkor-qidiruv tadbirlari – vakolatli shaxslar tomonidan qonun hamda boshqa normativ‑huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan asoslar va tartibda tezkor‑qidiruv faoliyatini amalga oshirishning aniq shaklidir”. Mazkur fikrga qo‘shilish qiyin, chunki keltirilgan ta’rifda tezkor‑qidiruv tadbirlarining zaruriy elementi “obyekt”, “maqsad” va “tashkiliy chora-tadbirlar” o‘z ifodasini topmagan.

Shuningdek, tezkor‑qidiruv tadbirlarining “Tezkor-qidiruv faoliyati vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni bevosita aniqlash va ulardan foydalanish”ga qaratilgan o‘ziga xos xususiyati nazardan chetda qolgan.

K. Goryainov, Y. Kvasha va K. Surkov esa: “Tezkor-qidiruv tadbirlari deganda maqbul vaqt­da jinoyat fakti va jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlab, ularga ta’sir ko‘rsatish imkonini beradigan dalillarni (obyektlar, holatlar va boshqalarni) izlash maqsadida birlashtirilgan, muvofiqlashtirilgan harakatlar majmui”ni tushunishni taklif etadi. Ushbu olimlarning “tezkor‑qidiruv tadbirlari” tushunchasiga bergan ta’rifiga ham qo‘shilish qiyin. Chunki unda tezkor‑qidiruv tadbirlarini o‘tkazuvchi subyekt ko‘rsatilmagan, maqsad esa juda tor ifodalangan. Qolaversa, tezkor‑qidiruv tadbirlarining “faqat vakolatli subyektlar tomonidan tezkor-qidiruv faoliyati vazifalarini bajarish uchun belgilangan asoslarga va shartlarga muvofiq amalga oshirilishi” kabi o‘ziga xos xususiyatlari qamrab olinmagan.

Bundan tashqari, K. Goryainov va boshqa mualliflar tezkor‑qidiruv tadbirlariga “tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risidagi qonunda belgilangan tezkor‑qidiruv faoliyati vazifalarini bajarishga qaratilgan oshkora va nooshkora kuch, vosita va usullar qo‘llanadigan harakat yoki harakatlar majmui” deb ta’rif beradilar. Ushbu ta’rifga ham faqat qisman qo‘shilish mumkin. Chunki unda tezkor‑qidiruv tadbirlarining eng asosiy elementlari – subyekt va obyekt ko‘rsatilmagan. Shuningdek, tezkor‑qidiruv tadbirlarining “normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan asoslarga va shartlarga muvofiq amalga oshirish va zarur ma’lumotlarni bevosita aniqlash va ulardan foydalanish” xususiyati nazardan chetda qolgan.

V. Bobrov tezkor-qidiruv tadbirlarini: “Noqonuniy harakatlarni aniqlash, oldini olish, to‘xtatish va ochish, qidiruvdagi jinoyatchilar va bedarak yo‘qolgan shaxslarni izlab topish, shuningdek jinoyatchilikka qarshi kurashda boshqa tezkor‑taktik masalalarni hal qilish uchun muhim bo‘lgan tezkor‑qidiruv va boshqa ma’lumotlarni, narsa va hujjatlarni olish hamda ulardan foydalanishga qaratilgan normativ‑huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq tashkil etilgan o‘zaro bog‘liq harakatlar tizimi” sifatida ta’riflaydi. Ushbu ta’rif yuqoridagi keltirilgan variantlarga qaraganda birmuncha to‘liq bo‘lsa‑da, lekin unda tezkor‑qidiruv tadbirlarining tarkibiy elementi bo‘lgan subyekt keltirilmagan. Ta’rifda tezkor‑qidiruv tadbirlarining “faqat vakolatli subyektlar tomonidan amalga oshirish, oshkora, nooshkora kuch, vosita va usullardan foydalanish” kabi xususiyatlari qamrab olinmagan.

D. Rivman tezkor‑qidiruv tadbirlari deganda: “Tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risidagi qonun bilan vakolat berilgan subyektlar tomonidan o‘tkaziladigan murakkab (tizimlashtirilgan), tashkiliy jihatdan maqsadga yo‘naltirilgan, jinoyatchilikka qarshi kurashda aniq tezkor vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan, maxsus usul va vositalar yordamida amalga oshiriladigan, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini buzish, shuningdek noo‘rin (asossiz) tajovuz qilishni istisno etadigan qat’iy protsessual, taktik va makon‑vaqt cheklovlariga ega bo‘lgan normativ tartibga solingan oshkora va nooshkora harakatlar” ni tushunadi. Tushuncha birmuncha to‘liq berilganiga qaramay, obyekt keltirilmagan.

Tezkor‑qidiruv tadbirlarining “qonunda belgilangani, zarur ma’lumotlarni bevosita aniqlash va ulardan foydalanishga qaratilgani hamda oshkora, nooshkora kuch, vosita va usullardan foydalanish” bilan bog‘liq xususiyatlari e’tibordan chetda qolgan.

A. Xalikov tezkor‑qidiruv tadbirlari “Tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risidagi qonunda belgilangan tezkor‑qidiruv faoliyati subyektlari tomonidan tezkor‑qidiruv faoliyati vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan aniq ma’lumotlarni olish va qayd etish maqsadida normativ‑huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq oshkora va nooshkora vositalar va usullarni birlashtirib amalga oshiriladigan harakatlar” sifatida izohlaydi. Ushbu ta’rifga qisman qo‘shilish mumkin, chunki muallif tezkor‑qidiruv tadbirlarining maqsadini “zarur bo‘lgan aniq ma’lumotlarni olish va ularni qayd etish” sifatida ifodalagan. Fikrimizcha, maqsad “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan vazifalarini bajarish bo‘lishi kerak.

Shuningdek, ta’rifda tezkor‑qidiruv tadbirlarining “qonunda belgilangan asoslar va shartlarga binoan oshkora, nooshkora kuch, vosita va usullar uyg‘unligida o‘tkazilishi” bilan bog‘liq xususiyati ko‘rsatilmagan.

A. Zakurlayev va Y. Pulatovning fikricha: “Tezkor-qidiruv tadbirlari – tezkor‑qidiruv faoliyatini amalga oshirishda o‘tkaziladigan, to‘liq ro‘yxati “Tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan aniq harakatlar, tezkor‑qidiruv faoliyatining tarkibiy elementlarini o‘zida ifodalaydi, bu elementlar jamuljam holda tezkor‑qidiruv faoliyatini tashkil etadi”. Fikrimizcha, ushbu mualliflarning ta’rifi to‘liq emas. Chunki unda tezkor‑qidiruv tadbirlarining elementlari bo‘lmish subyekt, obyekt va maqsad ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish asoslari va shartlari kabi xususiyatlari nazardan chetda qolgan.

Huquqshunos olimlar A. Xamdamov, T. Saitbayev, S. Gordeyev, V. Karimov va A. Chechetinning tezkor‑qidiruv tadbirlari yuzasidan bergan ta’riflari boshqa olimlarnikiga nisbatan mazmunan to‘liqroq chiqqan. Jumladan, A. Xamdamov, R. Saitbayev va S. Gordeyev tezkor-qidiruv tadbirlariga: “Tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlangan razvedik izlov xususiyatiga ega bo‘lgan, vakolatli subyektlar tomonidan normativ‑huquqiy hujjat talablariga muvofiq o‘tkaziladigan hamda asosan nooshkora vosita va usullarni oshkora vosita va usullar bilan uyg‘unlashtirgan holda qo‘llashga asoslangan hamda tezkor‑qidiruv faoliyati masalalarini hal qilish uchun zarur faktik ma’lumotlarni bevosita aniqlashga qaratilgan chora va harakatlar tizimi sifatida ta’rif berishgan.

V. Karimov: “Tezkor-qidiruv tadbirlari – tezkor‑qidiruv faoliyatining tarkibiy qismi bo‘lib, vakolatli subyektlar tomonidan qonunda belgilangan asoslar va shartlarga binoan oshkora va nooshkora usul va vositalar uyg‘unligida o‘tkaziladigan, tezkor‑qidiruv faoliyatining vazifalarini bajarishga yo‘naltirilgan o‘zaro mushtarak tadbirlar majmuidir”, deb izohlagan.

A. Chechetin esa tezkor-qidiruv tadbirlariga: “Tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risidagi qonun bilan belgilangan vakolatli subyektlar tomonidan normativ‑huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq tezkor‑qidiruv faoliyati vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan faktlarni bevosita aniqlash va ulardan foydalanishga qaratilgan, oshkora vosita va usullar bilan birga asosan nooshkora vosita va usullardan foydalanib o‘tkaziladigan harakatlar” deb ta’rif bergan.

Biz yuqorida olimlarning tezkor‑qidiruv tadbirlariga bergan ta’riflarini tahlil qilish orqali tushunchalarni yoritishda tezkor‑qidiruv tadbirlarining ayrim elementlari yoki xususiyatlarini e’tibordan chetda qoldirganliklariga guvoh bo‘ldik.

Fikrimizcha, mazkur ta’riflar tezkor‑qidiruv tadbirlarining mohiyatini to‘liq tushunish va yoritishga imkon bermaydi. Fikrimizcha, “Tezkor‑qidiruv tadbirlari” tushunchasiga ta’rif berishda asosiy e’tiborni tezkor‑qidiruv tadbirlarining element va xususiyatlariga qaratish zarur.

Tezkor‑qidiruv tadbirlari – qonun talablaridan kelib chiqib, obyekt, subyekt, maqsad, tashkiliy chora‑tadbirlar, mazmun kabi asosiy elementlardan iborat bo‘lishi lozim.

Tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilar:

– qonun bilan belgilangani;

– faqat vakolatli subyektlar tomonidan amalga oshirilishi;

– qonunda belgilangan asos va shartlarga binoan o‘tkazilishi;

– oshkora va nooshkora kuch, vosita, usullardan foydalangan holda o‘tkazish mumkinligi;

– tezkor­-qidiruv faoliyati vazifalarini hal qilish maqsadida zarur bo‘lgan ma’lumotlarni aniqlash va ulardan foydalanishga qaratilgan bo‘lishi.

Fikrimizcha, tezkor‑qidiruv tadbirlarining elementlari va xususiyatlari tahlilidan kelib chiqib, tezkor‑qidiruv tadbirlariga quyidagicha ta’rif berish maqsadga muvofiq: “Tezkor-qidiruv tadbirlari – tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risidagi qonunga muvofiq vakolatli subyektlar tomonidan qonunda belgilangan asoslar va shartlarga binoan tezkor‑qidiruv faoliyati vazifalarini bajarish maqsadida zarur bo‘lgan faktik ma’lumotlarni bevosita aniqlash va ulardan foydalanish uchun oshkora va nooshkora kuch, vosita, usullarni qo‘llab o‘tkaziladigan harakatlar majmui”.

Qonunchilik texnikasiga ko‘ra yangi qabul qilinayotgan qonunlarda sohaga taalluqli asosiy tushunchalarning mazmuni ochib berilayotganini inobatga olib, “tezkor‑qidiruv tadbirlari” tushunchasining noto‘g‘ri talqin etilishiga barham berish hamda amaliyotchi xodimlarning faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli holatlarga aniqlik kiritish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor‑qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonuniga asosiy tushunchalar deb nomlangan 31‑moddani qo‘shib, unda “tezkor-qidiruv tadbirlari” tushunchasiga ta’rif berish lozim.

Mazkur takliflarning amaldagi qonunchilikda o‘z ifodasini topishi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirib, qonuniylikka rioya etilishiga hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qiladi, shuningdek soha olimlari orasidagi “tezkor‑qidiruv tadbirlari” tushunchasining talqini bilan bog‘liq kelishmovchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi.

Sherzod RAHMONOV,
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistratura tinglovchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here