Shamsiddin Shavqiyning (1805-1889) “Tarixi Shavqiy” asari hali ham yetarlicha tadqiq qilinmagan. Chunki bu asarning qo‘lyozma nusxasi shu vaqtgacha topilmagan edi. Asar haqida dastlabki ma’lumotni bizga Zakiy Validiy To‘g‘on (1890-1970) bergan edi. Zakiy Validiy To‘g‘on o‘zining 1914-yildagi maqolasida shunday yozgan: “Tarixi Shavqiy” (asari), bu farg‘onalik shoir Shavqiyning Qo‘qon xonligi so‘nggi kunlari va ruslarning Farg‘onani bosib olishi haqidagi tarixiy, nazmiy asardir. Shavqiy ruslar (Rossiya imperiyasi – muallif)ning bosqinchiligini nafrat bilan tasvirlaydi. Uning asardagi xronogramma tarzida bayon etilgan “kamal darar, ya’ni dahshatli ofat” so‘zlarini abjad hisobida keltirilsa, hijriy 1291-yil, milodiy 1874-1875-yillar kelib chiqmoqda. Bu o‘sha yilda “Tarixi Shavqiy” asari yozilganligini bildiradi”1.
Shuningdek, Zakiy Validiy To‘g‘on “Tarixda usul” asarida bu asar xalq qo‘lida deb bayon qilgan2. 1934-yilda ingliz sharqshunosi Charlz Ambrouz Stori (1888-1967) “Fors adabiyoti” asarida Zakiy Validiy To‘g‘onning ma’lumotlari asosida “Tarixi Shavqiy” asarini tavsiflaydi3. Charlz Stori, tarixchi olimlar T. Beysimbiyev va Sh. Vohidovlar bu asarni avval tojik tilida bitilgan deb yozganlar. Biroq bu ma’lumot Zakiy Validiy To‘g‘on asarlarida uchramadi. Shavqiyning “Tarixi Shavqiy” asari nasrda, turkiy tilda yozilganligi asarning topilishi bilan aniqlandi.
Shamsiddin Shavqiyning ushbu asari Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Kalvak qishlog‘idagi avlodlari uyida saqlanmoqda. Shavqiyning qabri ham Kalvak qishlog‘i qabristonida joylashgan. Ushbu qishloqlik Ismoil Lutfiddinov (1968-yilda tug‘ilgan) o‘zini Shavqiyning avlodi hisoblaydi. Uning qo‘lida shoirning qo‘lyozmalari saqlanadi. U bizga Shavqiyning “Devoni Shavqiy-1” asarini tanishtirdi4. Devon qo‘lyozmasining hajmi 26×16 sm. 68 varaqdan, ya’ni 136 betdan iborat. Qo‘lyozmada 1 bodomsimon nusxali, 8 ta katta, 7 ta kichik yumaloq muhr bosilgan. Qo‘lyozma kitob tarzida tikilmagan Sochma holatda saqlangan.
Katta muhrda “Garchi Shavqi bama’siyat bandast rojiy az rahmati xudast 1299”, ya’ni “Garchi Shavqiy ma’siyatni quli bo‘lsa ham xudoning rahmatidan umidvordir. 1299/1881/82” degan yozuv tushirilgan. Aynan shu devonga Shavqiyning “Tarixi Shavqiy” asari kiritilgani ma’lum bo‘ldi.
Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini bosib olgach o‘z nizomi va boshqaruv tartibini o‘rnatadi. Biroq imperiya amaldorlari xalqni o‘z tarafiga og‘dirish uchun shariat hukmi ham joriy etilsa, imperiya qonunlariga mos kelishi mumkin deb belgilaydilar. Shavqiy asarida Rossiya imperiyasi hukumati shariat va imperiya “zakon”ini moslashtirish uchun yetti nafar ulamoga, ya’ni Muhiddinxo‘ja (1842-1902), Boqixon, Rahmatilloxo‘ja, Sarimsoqxo‘ja, Nizomiddin, Xo‘ja Yunus, Bahodurlarga amal berganini yozgan. Shavqiy “Tarixi Shavqiy” asarida yuqoridagi ulamolarni va ularning faoliyatini tavsiflagan.
Ma’lumki, 1869-yilda general-gubernator K.P.Kaufman Toshkentda qozikalon mansabini bekor qilgan va shu yili bu vazifadan chetlashtirilgan Hakimxo‘ja Eshon vafot etadi.
Uning o‘g‘li Muhammad Muhiddinxo‘ja Sebzor dahasi qoziligiga saylanadi. Generalgubernator M.G.Chernyayev nomiga uning tarafidan go‘yoki din asoslarini mustahkamlash va shariat qonunlarini tartibga solish uchun tuzilgan “Yangi nizom va tartib majlisi”ga tayinlangan a’zolar Yunusxon eshon ibn Xonxo‘ja eshon, mulla mir Nizomiddinxo‘ja Abdulg‘afforxo‘ja o‘g‘li, Rahmatullohxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li, qori Fazlulloh Mirjalol o‘g‘li, Sayidboqijon Abulqosimjon eshon o‘g‘li va Bahodurxo‘ja imom Muhammadxo‘ja o‘g‘li nomidan yozilgan arizada ular a’zolikka tayinlanganliklari uchun tashakkur bildirib, gubernatorning “Majlis”ga rais (sadr-neshin) saylash haqidagi topshirig‘iga binoan hammalari ittifoqlikda qilgan qarorlariga ko‘ra Muhammad Muhiddinxo‘ja eshon valadi marhum qozikalon Muhammad Hakimxo‘ja eshonni raislikka tayinlash hamda majlisni “Mahkamat ul-islom”, raisni “Sadr ush-shari’a” va a’zolarni “Aminiddin” deb atashni iltimos qilishgan5.
Shavqiy asarda Muhiddin xo‘jaga “Xo‘jalar hotami” deb ta’rif bergan. Turkistonda o‘n besh yilcha hukmronlik qilgan fon Kaufman raqibi Hakimxo‘ja haqida “U zot xudodan bo‘lak hech kimdan qo‘rqmagan ajoyib inson edi” deya tan beradi.
Ikkinchi ulamo Sayyid Boqixon (Sayyid Boqijon Abulqosim eshon o‘g‘li) Beshog‘och dahasi qozisi bo‘lgan. Shavqiy u haqda “Fahmu jobak fasohat ichra zarif”, “ilm daryosiga bo‘lib g‘avvos” deb ta’rif bergan. “Fahmi donishda” unga teng keladigan nozir yo‘q deb yozgan. Toshkentdagi Qozirabot mahallasining nomi aynan Boqixon qozi nomi bilan bog‘liq deb ko‘rsatiladi6.
Uchinchi ulamo Rahmatullohxo‘ja a’lam Azimxo‘ja o‘g‘li bo‘lib, u haqda dostonda “din rivojin g‘amin davomat yer”, “anga taslim etib hama ofoq” ta’rifi berilgan. Kibrdan uzoqda bu kishini “o‘zga yerda timsoli yo‘q” deb yozgan. Toshkent shahrining Shayxontohur dahasiga a’lam etib tayinlangan. Rossiya imperiyasi qonunlari shariat hukmlariga ta’sir etishini xohlamagan. Shu bois Toshkent shahar hokimidan a’lam vazifasidan ozod etishni so‘rab murojaat qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivida uning bu murojaati saqlanib qolgan. Unda “Hurmatli shahar hokimi xizmatlarig‘a Shayxontohur dahasining qozisidan rapurt. Ushbu barobarinda ma’lum qilamankim, 1890-yil 16-yanvarda Shayxontohur dahasiga a’lamlik mansabiga tayin bo‘lg‘on Rahmatxo‘ja eshon A’zamxo‘ja eshon o‘g‘li a’lamlikni xohlamas ekan. Mazkur a’lam o‘ziga tegishli a’lamlik lavozimatini ado qilolmagani sababli mazkur Rahmatxo‘ja eshon A’zamxo‘ja eshon o‘g‘lini a’lamlikdin bekor qilib, aning o‘rnig‘a a’lamlik lavozimatini ado qilmoqqa mullo Zayniddin maxdum domullo Miriso oxund o‘g‘lini tayin qildim”7 deyilgan.
To‘rtinchi ulamo Sarimsoqxo‘ja Abdusami’xo‘ja o‘g‘li bo‘lib, Shavqiy uning asli qo‘qonlik ekanligini keltirgan. Aslida u kishi Qo‘qon qozisi bo‘lgan. Dostonda “Hama ilmu ma’onilar koni”, “Fahm donishda bir chirog‘u munir”, “Peshvoyi ham kabiru sag‘ir” deb unga ta’rif berilgan.
Beshinchi ulamo mulla mir Nizomiddinxo‘ja Abdulg‘afforxo‘ja o‘g‘li bo‘lib, Shavqiy uning samarqandlik ekanini qayd qilgan. “Tarixi Shavqiy”da “Murshid muttaqiy alloma”, “mard sohib karam” deb ta’rif bergan.
Oltinchi ulamo esa Xo‘ja Yunus (Yunusxon Xonxo‘ja o‘g‘li) bo‘lib, Shavqiy uning ilm olishda tinmasligini yozgan. “Orifu asr bo‘lib balog‘atda”, “Zubdai asir adab fasohatda” deb ta’rif keltirgan. O‘z nutqi bilan hammani o‘ziga qaratib oladi deb yozgan. U Ko‘kaldosh madrasasining mutavalisi bo‘lgan.
Yettinchi ulamo esa Bahodirxo‘ja Imomxo‘ja o‘g‘li bo‘lib, “Tarixi Shavqiy”da uni Bahodurxon deb tanitilgan. Unga “Bahra olg‘on bu erdin ahli jahon”, “Ilmidin anga zib oroyish” ta’rifi berilgan.
Xulosa qilib aytganda, ushbu ulamolarni tavsif qilgan Shavqiy ularni yaqindan bilgan. Aksarining ilmiga, e’tiqodiga, insonparvarligiga qoyil qolgan. Shavqiy mazkur zotlarga ta’rif
berar ekan, doston nihoyasida arab hikoyatini keltirgan. Mazkur hikoyat Mavlono Husayn
voiz Koshifiyning (1440-1507) “Axloqi muhsiniy” asarida quyidagicha naql qilingan:
“Xalifa Ma’mun8 zamonida bir a’robiy9 bor edikim, sahroda sho‘r yerda tug‘ilib o‘sgan edi. Qishloqda quduqning bemaza suvidan boshqa suvni ko‘rmagan edi. Bir payt a’robiy yashagan qabilada qahatchilik boshlandi. Hamma yegulik axtarib har tarafga keta boshladi. A’robiy ham bola-chaqasini qoldirib, ish qidirib Bag‘dod tomonga ravona bo‘ldi. Yo‘lda ko‘rdiki, bir joyda yomg‘ir suvi to‘planib ko‘lmak bo‘lib qolibdi. Ichib ko‘rgan edi, nihoyatda totli ko‘rindi. Chunki o‘z qishlog‘idagi suv ko‘lmak suvdan ham bemaza edi. O‘ziga dediki: “Bunday shirin suv jannatda bo‘ladi deb eshitgan edim. Allohu taolo bechora va miskin ekanligimga rahmi kelib, bu suvni menga ato qilibdur”.
– Bu suvdan bir oz olib, Bag‘dod xalifasiga olib borsam, menga ko‘p ehson qilsa kerak. Shu bilan men va ahli ayolim qahat balosidan omon qolsak ajab emas, – deb meshga suv to‘ldirdi. Bag‘dod tomonga ravona bo‘ldi. Bag‘dodga bir oz masofa qolganda ko‘rdiki, xalifa shikorga chiqibdi. Darhol xalifaning oldiga bordi va xalifaga duogo‘ylikka mutavajjih bo‘ldi.
Xalifa so‘radiki: “Ey a’robiy, qayerdan bo‘lursan va ne ish bilan borursan?”.
A’robiy: “Men falon bodiyadan bo‘lurman. Qahat balosi tufayli bola-chaqam og‘ir ahvolda qoldi. Shuning uchun sizning oldingizga kelayoturman. Lekin quruq qo‘l bilan kelganim yo‘q.
Tuhfa olib keldim. Bunday tuhfani hech kim ko‘rgan emas” dedi.
Xalifa: “Tuhfangni ko‘rsat” dedi. A’robiy meshni uzatdi va: “Bunday shirin suvni yer yuzida hech kim ichgan emas. Bu jannatning suvi. Buni menga xudoyim rahm qilib ato qildi. Sizga
olib kelishimdan maqsad shu tufayli menga ehson qilsangiz, bola-chaqam bilan qahatchilikdan eson-omon chiqib olsak” dedi.
Xalifa suvni ichib, suv ko‘lmakdanligini bildi. Lekin hech kimga bildirmadi. A’robiyga ming dinor berishni buyurdi va: “Sen shu yerdan uyingga qaytgin. Bag‘dodga kirishga ruxsat yo‘q” dedi. Vazirlardan biri so‘radi: “Ey, xalifa, u suvdan hech kimga ichirmadingiz va a’robiyni shu yerdan iziga qaytardingiz. Buning hikmati nima?”.
Ma’mun dedi: “Ul suv ko‘p noxush va bemaza ekan. A’robiy o‘z bodiyasida ichib yurgan suvning oldida bu suv shirin tuyulgan. Shuning uchun bu suvni jannat suvi deb xayol qilib, menga tortiq qilgan. Sizlar u suvning qandayligini bilib, a’robiyni malomat qilar edingiz. A’robiy bu ishdan sharmisor bo‘lardi. Va agar uni bu yerdan qaytarmasam, Bag‘dod tomonga yurib, Dajla daryosini ko‘rib, suviga tahorat qilib, o‘zi olib kelgan suv qanchalik bemaza ekanini bilib, xijolat bo‘lar edi. Men sharm qildimki, bir bechora muhtoj odam mening huzurimga umid bilan kelsa-yu, xijolat bilan noumid qaytib ketsa”10.
“Tarixi Shavqiy”da bu hikoyatning xulosasi o‘zgacha talqinda berilgan:
Shoh dedi ushbu el ekan nodon,
Pastu-balandni ko‘rmagan chandon.
Maskan erkan bularga ob sho‘r,
Ushbu suvga bular ekan mag‘rur.
Safar aylab ekan bu ikki yor,
Anga yomg‘ir suvi bo‘lib duchor.
O‘z xayollarini o‘zga xol aylab,
Ani jannat suvi xayol aylab.
Ozg‘urub ani bu xayol xom,
Saltanat kishvariga solmish kom.
Bor yo‘lingda deganda hikmat bor,
Joriy suvlarga bo‘lmasun duchor.
Garchi g‘arq o‘lsalar jaholatga,
Qolmasun fosh bo‘lib xijolatga.
Bo‘lsun o‘z e’tiqodi birla ravon,
Jahli qolsun o‘z o‘rnida pinhon.
Ya’ni, Rossiya imperiyasi mustamlakachilari yomg‘ir suvini jannat suvi deb fahm qilgan ikki arab yanglig‘ xalqni zulm iskanjasida ushlab turishlarini adolatli boshqaruv deb tushuntirishga harakat qildilar. Past-balandni ko‘rmagan avom xalq esa bunga ishonishdan boshqa chora topmadilar.
Sherali KULDASHEV,
tarix fanlari nomzodi, dotsent
1 А.З. Валидов. Восточные рукописи в Ферганской области // Записки Восточного отделения императорского русского археологического общества. – Петроград, т. XXII. 1915. 86-109.
2 Zeki Velidi Togan. Tarihte usul (3 üncü Baski). İstanbul, 1981. P. 223.
3 Ч.А. Стори. Персидская литература. Том. III. – С.1199.
4 “Девони Шавқий-2” номини эса ЎзФА Шарқшунослик институтида 1872-инвентар рақами остида сақланаётган қўлёзмага нисбатан ишлатишни афзал топдик.
5 Тошкент қозикалони // ЎзМА, фонд И-164, 1-хужжат. ЎзМА. Т–1-фонд, 11-рўйхат, 326-иш. — 2-варақ.
6 Ў.А. Султонов. Тошкент вақф мулклари тарихи: тарихий ҳужжатлар тадқиқи ва талқини (1507-1917). Тошкент: Фан, 2021. 92-б.
7 Ўзбекистон Республикаси Марказий архиви, 36-фонд, 3-рўйхат, 3180-иш, 4-варақ.
8 Маъмун – Аббосийлар сулоласининг еттинчи халифаси (813-833). Хорун ар-Рашиднинг эронлик канизагидан бўлган ўғли. Маъмун илм-фанга ҳомийлиги билан шуҳрат топган.
9 Аъробий – саҳройи араб.
10 Ахлоқи муҳсиний туркий. Порцев матбаасида чоп этилган. Йили кўрсатилмаган.