HomeMaqolalarSun’iy intellekt rivojlanishi va uni tasniflash mexanizmlari

Sun’iy intellekt rivojlanishi va uni tasniflash mexanizmlari

Bugungi axborot asrida dunyoda sunʼiy intellektga talab va ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda. Sababi sunʼiy intellekt o‘zining imkoniyatlari jihatidan inson aql-zakovatiga yaqin tarzda fikrlash xususiyatiga ega bo‘lib, sanʼat, adabiyot, tibbiyot, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab muhim sohalar rivojiga hissa qo‘shib, yutuqlarga erishmoqda.

UNESCO maʼlumotlariga ko‘ra, sunʼiy intellekt hukumatlar va xususiy sektor tomonidan qaror qabul qilishni ham qo‘llab-quvvatlaydi, iqlim o‘zgarishi va dunyodagi ochlik kabi global muammolarga qarshi kurashda yordam beradi.

Аyrim davlatlarda robot-qutqaruvchilar, hamshiralar, haydovchisiz transportlar, buyurtmani yetkazib beruvchi dronlar xizmatidan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Pandemiya davrida esa bunday ixtirolar o‘z samarasini berdi deyish mumkin.

Maʼlumki, zamonaviy sunʼiy intellekt turli amallarni bajarishga mo‘ljallangan algoritm va dasturiy tizimlardan iborat bo‘lib, inson ongi bajarishi mumkin bo‘lgan bir qancha vazifalarni axborot bazasiga kiritilgan maʼlumotlar asosida amalga oshiradi. Shuningdek, sunʼiy intellekt murakkab tahlillar va katta maʼlumotlar bilan ishlovchi dasturlarni o‘z ichiga olib, mantiqli izchil mulohaza qilish hamda tavsiya berish qobiliyatiga ega “aqlli” texnologiya hisoblanadi. Mutaxassislar tomonidan sunʼiy intellektga to‘rtinchi sanoat inqilobining asosi sifatida qaralmoqda.

Sun’iy intellekt (SI) iqtisodiy va madaniy tovarlar va xizmatlarni loyihalash, ishlab chiqarish
va tarqatishda katta ta’sir ko‘rsatadi. U borgan sari barcha soha va tarmoqlarda muhim o‘zgarishlarning dvigateli sifatida harakat qilmoqda.

Sunʼiy intellekt hozirgi axborot asrida nihoyatda dolzarb bo‘lib, insoniyat sunʼiy intellekt orqali XXI asrning global muammolariga ilm-fanda yangi imkoniyatlarni kashf etish yo‘li bilan ijobiy yechimlarni topmoqda.

Ayniqsa, sunʼiy intellektni rivojlantirishda oliy taʼlim muassasalarining o‘rni yildan-yilga ortib bormoqda. 2019-yil yakuni bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi o‘zining oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan dunyo mamlakatlari ichida dastlabki 10 talikda yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlarni Koreya, АQSh, Yaponiya va Yevropa davlatlari egallagan. Umuman, dunyoda sunʼiy intellektga talab va uning qo‘llanilish sohasi ham ortmoqda1.

Sunʼiy intellekt tizimlarining jadal rivojlanishi, uni chuqur o‘rganish neyron tarmoqlari asosida o‘zini yaxshilash imkonini beradi. Xususan, 2015-yildan 2018-yilgacha bo‘lgan davrda 3465 milliard dollarga, АQShda esa 1393 milliard dollarga yetgan sunʼiy intellekt startaplarining o‘sishi buni tasdiqlaydi.

2017-yilda bunday sunʼiy intellekt kompaniyalarining eng ko‘p soni АQShda ro‘yxatga olingan, o‘sha paytda ularning soni 2905 ta bo‘lgan.

“DataProt” axborot portali maʼlumotlariga ko‘ra, 2027-yilga borib sunʼiy intellektning global bozori 267 milliard dollarga yetadi. Аksariyat sunʼiy intellekt kompaniyalari mashinani o‘rganish dasturlarini ishlab chiqishga sarmoya kiritmoqda, yaʼni 2020-yilning o‘zida sunʼiy intellektga asoslangan ishlanmalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 67,9 milliard АQSh dollarini tashkil etdi. 2020-yilda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga xususiy sarmoyalarning ulushi 9,3 foizga o‘sdi va 40 milliard dollarga yetdi2.

Sunʼiy intellekt rivojlanish sur’ati oshgani sayin, uning ahamiyati va ko‘lami ortadi, bu jamiyat va iqtisodiyotga sezilarli ta’sir qiladi. Biroq, shuni unutmaslik kerakki, sunʼiy intellekt texnologiyalari inson huquqlari va qonun ustuvorligiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.

Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, sun’iy intellektning rivojlanishi yangi texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishni talab qiladi.

Xalqaro huquqiy tartibga solish Hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlar sun’iy intellektdan foydalanadigan texnologiyalarni rivojlantirish uchun faol huquqiy shart-sharoitlar yaratmoqda. Masalan, Janubiy Koreyada 2008-yilda “Intellektual robotlarni ommalashtirishga ko‘maklashish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan. Qonun aqlli robot sanoati uchun barqaror rivojlanish strategiyasini yaratish va ilgari surish orqali hayot sifatini yaxshilash va iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan. Har besh yilda hukumat ushbu maqsadlarga erishish uchun bosh dasturni ishlab chiqadi.

Janubiy Koreya qonuni SI strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ilk tashabbus edi. 2017-yilga kelib beshta davlat SI milliy strategiyasini qabul qilgan bo‘lsa, 2018–2019-yillarda ularning soni 30 taga yetdi. Shunday qilib, BAA, Xitoy, Fransiya, Shvetsiya, Meksika, Singapur, Yaponiya va Germaniyada SI sohasida strategiyalar ishlab chiqilgan3.

So‘nggi bir necha yil ichida Xitoy sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishda muvaffaqiyatga erishdi va bu sohada AQShdan keyin ikkinchi davlatga aylandi. Biroq Xitoy AQSh va Buyuk Britaniyadan farqli o‘laroq, sun’iy intellektni joriy etishning iqtisodiy foydasiga e’tibor qaratgan, ammo SI rivojlanishining axloqiy va huquqiy masalalari aniq belgilanmagan.

2018-yilda Fransiya sun’iy intellekt sohasida milliy strategiyani qabul qildi. Fransiya keyingi
besh yil ichida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard yevro sarmoya kiritmoqchi. Strategiya Milliy assambleya aʼzosi, sunʼiy intellekt sohasidagi taniqli matematik va nazariyotchi Sedrik Villani tavsiyalariga asoslanadi. Strategiya to‘rtta aniq sektor: sog‘liqni saqlash, transport, atrof-muhit va mudofaa sohalarini rivojlantirishga qaratilgan. Maqsad – muhim sohalarga e’tibor qaratish orqali kompaniyalarning global ahamiyatini oshirish bo‘lib, bunda texnologiyalarning jamoatchilik manfaatlari uchun xizmat qilishiga ahamiyat qaratilgan4.

Yevropa parlamenti tomonidan 2017-yilda robototexnika bilan bog‘liq fuqarolik-huquqiy normalar to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilinishi sun’iy intellektni tartibga solish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi. 2015-yildayoq Yevropa Ittifoqida robototexnika va sun’iy intellekt sohasidagi huquqiy masalalar bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan edi.

Rezolyutsiya majburiy xarakterga ega emas, lekin Yevropa komissiyasiga sun’iy intellekt sohasida amalga oshirish mumkin bo‘lgan harakatlar bo‘yicha tavsiyalar to‘plamini taklif qiladi.

Rezolyutsiyada “aqlli” robot datchiklar orqali atrof-muhit bilan ma’lumot almashish orqali avtonomiyaga ega bo‘lgan robot sifatida tan olinadi; u “hech bo‘lmaganda kichik jismoniy yordamga”, “o‘z xatti-harakatlarini atrof-muhitga moslashtirish” qobiliyatiga ega; u “biologik jihatdan yashovchan” emas deb ta’rif berilgan.

Qonunga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining Robototexnika va sun’iy intellekt agentligi tomonidan boshqariladigan “ilg‘or robotlarni ro‘yxatga olishning kompleks tizimi” joriy etiladi. Shuningdek, ushbu agentlik robototexnikani texnik, axloqiy va me’yoriy baholashni amalga oshiradi5.

Sun’iy intellektning ish o‘rinlariga ta’siri Insoniyat axborot asrining ulkan yangilanishi arafasida turibdi. Bu to‘ntarish sunʼiy intellekt bilan bog‘liq. Bugungi kunda shunday dasturlar borki, ular ijodiy yondashuvdan tortib, sizga hamsuhbat bo‘lishgacha jarayonlarni bajara oladi.

Oddiy qilib aytganda, sun’iy intellekt – to‘plangan ma’lumotlarni umumlashtirib, berilgan vazifani bajarish uchun inson xatti-harakatlariga taqlid qila oladigan tizim yoki mashina. Hozirgi takomillashgan sun’iy intellekt dasturlari ko‘plab xususiyatlarga ega:

– chatbotlar mijozlar so‘rovlarini tezkor tahlil qilib, javoblarni taqdim eta oladi;

– “aqlli yordamchilar” katta ma’lumotlar to‘plamidan erkin shaklda ma’lumot olish va rejalashtirish imkoniyatiga ega;

– tavsiya tizimlari avtomatik ravishda tomoshabinlar uchun o‘xshash dasturlarni oldindan ko‘rilganlar asosida tanlaydi.

“Sun’iy intellekt” deganda ko‘pchilik dunyoni zabt etishga intilayotgan aqlli gumanoid robotlarni tasavvur qiladi. Sun’iy intellekt rivojlanishi sari u ish o‘rnining qisqarishiga sabab bo‘lishi haqida xavotirlar ham uchrab turadi. Ammo haqiqatda sun’iy intellekt odamlar o‘rnini egallash yoki vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallanmagan. Uning maqsadi inson qobiliyatlari va imkoniyatlarini kengaytirishdir. Bu uni qimmatli biznes resursiga aylantirishi tabiiy.

Jahon iqtisodiy forumi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, sun’iy intellekt yaqin besh yil
ichida mehnat bozorini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.

So‘nggi oylarda “ChatGPT” va “Midjourney” kabi dasturiy vositalarning paydo bo‘lishi tufayli
sun’iy intellektga qiziqish ortib, ushbu texnologik inqilob mehnat bozoriga jiddiy ta’sir qilishi haqida xavotirlarni uyg‘otdi.

Jahon iqtisodiy forumi “Kasb kelajagi” hisobotini e’lon qilib, unda kelgusi besh yil ichida qaysi ish o‘rinlari eng ko‘p talab qilinishi va qaysilari yo‘qolib ketish xavfi borligi haqida batafsil ma’lumot berdi6.

Sun’iy intellekt va mashinalarni o‘rganish bo‘yicha mutaxassislar eng ko‘p talab qilinadigan kasblar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallashi ajablanarli emas. Ulardan keyin barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassislar, biznes-tahlilchilar va axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar talab yuqori bo‘ladigan kasb egalari sifatida ko‘rilmoqda.

Tahlilchilar fikriga ko‘ra, eng tez qisqaradigan ish o‘rinlari sifatida quyidagilar ko‘rilmoqda:
1. Bank kotiblari.
2. Pochta xodimlari.
3. Kassirlar.
4. Ma’lumotlarni kiritish operatorlari.
5. Kotiblar.
6. Mahsulotlar hajmi va ombor yurituvi xodimlari.
7. Buxgalterlar.
8. Qonun chiqaruvchi va mansabdor shaxslar.
9. Hisobchi-statist, moliya va sug‘urta xodimlari.
10. Sotuvchilar va yondosh kasblar.

Jahon iqtisodiy forumining “Kasb kelajagi” hisoboti dunyodagi eng yirik ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov maʼlumotlariga asoslanadi. Tadqiqotchilar ish beruvchilarning kelgusi besh yilda kutilayotgan ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rgandi. So‘rovda dunyoning barcha mintaqalaridan 27 ta sanoat va 45 ta iqtisodiy tarmoqni qamrab olgan 803 ta kompaniya ishtirok etib, ularda 11 milliondan ortiq kishi ish bilan band hisoblanadi.

Hisobotda ish beruvchilar 69 million yangi ish o‘rni yaratilishini bashorat qilgani, ammo yana 83 million ish o‘rni yo‘qolishi haqida ma’lumot berilgan. Bu bandlik darajasining 2 foizga yoki 14 million ish o‘rni kamayganini anglatadi. Hisobotda bu pasayish iqtisodiy muammolar, jumladan, yuqori inflyatsiya, iqtisodiy pasayish va taklif yetishmovchiligi bilan izohlangan7.

Sun’iy intellekt ish o‘rni qisqarishiga ta’sir qiladimi degan savolga quyidagi misol bilan javob
berish mumkin. GPS texnologiyasi va “Uber” kabi platformalarning joriy etilishi tufayli manzilni aniq bilish shart bo‘lmay qoldi, biroq dastur ishtiroki sababli haydovchilar maoshlari 10 foiz atrofida kamayishiga olib keldi. Natijada kunlik ishlab topiladigan maosh kamaygan bo‘lishi mumkin, ammo bu haydovchilar soniga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi.

Albatta sun’iy intellekt inson hayotida qator qulayliklar yaratadi.

MISOL UCHUN:

– “Harvard Business Review” hisobotiga ko‘ra, “Associated Press” sun’iy intellektni qisqacha yangiliklar yozishga o‘rgatish orqali 12 barobar ko‘proq maqolalar nashr etgan. O‘z o‘rnida bu qulaylik jurnalistlarga kattaroq hikoyalar ustida ishlashga e’tibor qaratish imkoniyatini yaratgan8.

– “Maunt-Sinay” kasalxonasining Ikana tibbiyot maktabi tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellektga asoslangan diagnostika vositasi bo‘lgan “Deep Patient” tashxis qo‘yishdan oldin yuqori xavfli bemorlarni aniqlashga yordam beradi. “insideBIGDATA” ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu vosita bemorning tibbiy ma’lumotlarini tahlil qilish orqali 80 ga yaqin kasalliklarni tibbiyot xodimlaridan ko‘ra ancha ilgari aniqlashi mumkin9.

– “Goldman Sachs” hisobotida aytilishicha, sun’iy intellekt kichik biznes uchun soliq deklaratsiyasini topshirish, sug‘urta da’vosini baholash yoki voqea joyini tekshirish natijalarini hujjatlashtirish kabi vazifalarni bajarishi mumkin10.

Ammo ekspertlar sun’iy intellekt sud qarorini chiqarish, reanimatsiyadagi bemor holatini tekshirish yoki xalqaro huquqni o‘rganish kabi yanada “nozik” vazifalarda qo‘llanishiga ishonmaydi.

Ko‘rinib turganidek, sun’iy intellekt turli sohalarda inson ishtirokini kamaytirib, unga ko‘makchi bo‘lishi mumkin, lekin inson tafakkuri talab etiladigan jarayonlarda uning o‘rnini bosa olmaydi.

Sun’iy intellektdan foydalanishning huquqiy jihatlari Sun’iy intellekt raqamli asrda jahon taraqqiyotiga juda katta foyda keltiradi, ammo u butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarning ma’lumot xavfsizligi va tanlov erkinligini sezilarli darajada buzishi mumkin. Shu bois sun’iy intellekt umumjahon huquq tamoyiliga asoslangan bo‘lishi, undan xavfsizlik va tinchlik yo‘lida foydalanish uchun global hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha ko‘p manfaatli tomonlarning sa’y-harakatlarini faollashtirish zarur.

Sun’iy intellekt inson huquqlariga tahdid qilishi hamda mualliflik huquqlariga rioya qilmasligi bilan xavfli. AQSh Federal savdo komissiyasi iste’molchilarni “ChatGPT”, “Microsoft” kompaniyasining “Vall-E”, “ElevenLabs” ovozli klonlash ilovasi va boshqa sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishda ehtiyot bo‘lish haqida ogohlantirdi. Misol uchun, “ElevenLabs” dasturi yordamida firibgarlar ovozni ishonchli tarzda nusxalab, tovlamachilik qurbonlaridan pul undirishi mumkin11.

Tasvir yaratish uchun neyron tarmoqlarning ba’zi ishlab chiquvchilari allaqachon ulardan foydalanish bilan bog‘liq qat’iy qoidalarni joriy qilishgan. Misol uchun, “OpenAI” hozirgi siyosiy voqealar, siyosatchilar yoki fitna nazariyalari bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tasvirlarni yaratishni taqiqladi. Shuningdek, u nafrat, zo‘ravonlik va jinsiy aloqa bilan bog‘liq kontentni ham taqiqlagan.

Sun’iy intellekt imkoniyatlarining rivojlanishi mualliflik huquqini odamlar bilan teng qo‘llash
g‘oyalarining tarqalishiga olib keldi. 2019-yilda “Sun’iy ixtirochi” loyihasi guruhi a’zolari DABUS deb nomlangan sun’iy intellekt dasturi tomonidan yaratilgan deb da’vo qilingan ixtirolar uchun ikkita xalqaro patent talabnomasini topshirdi. Ajablanarlisi, patent talabnomalarida ixtiro muallifi sifatida shaxs emas, balki dastur ko‘rsatilgan. 2019-yil 20-dekabrda Yevropa patent idorasi (EPO) unga berilgan arizalarni rad etib, Yevropa patent konvensiyasiga ko‘ra, talabnomada ixtirochi mashina emas, balki shaxs bo‘lishi kerakligini ko‘rsatdi.

Аmmo SI orqali yaratilgan ijod namunalari mualliflik huquqlarini qanday qilib himoya qilish mumkin degan savol paydo bo‘ladi.

AQSh Yozuvchilar gildiyasi filmlar va teleseriallar uchun ssenariy yozishda “ChatGPT” kabi sun’iy intellektdan foydalanish uchun titrda albatta muallif nomi ko‘rsatilishi va tegishli tovon to‘lansagina ruxsat berilishini ta’kidlagan12.

Gildiya avvalroq o‘z ishini yo‘qotishdan qo‘rqqan ssenariy mualliflari uchun muammoga aylangan sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga solishini bildirgan edi. Bunda gildiya sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlamagan. Mualliflarga “ChatGPT”dan foydalanishga ruxsat beriladi yoki studiya rahbari SI tomonidan yaratilgan ijod namunasini qayta yozish uchun muallifga topshirishi mumkin.

Ko‘pgina sohalarda sun’iy intellektdan foydalanish va u yaratgan ijod namunalari yetarli darajada huquqiy tartibga solinmagan. To‘g‘ri, plagiat tushunchasi mavjud va bu borada xalqaro normalar ishlab chiqilgan, ammo sun’iy intellekt asosida yaratilgan ishlar haqida hozircha bir qarorga kelinmagan. Xorijiy oliy o‘quv yurtlari plagiatdan saqlanish uchun o‘z ichki tartib-qoidalarni ishlab chiqmoqda.

Misol uchun, Yaponiyaning yetakchi universitetlari o‘quv va ilmiy maqolalar yozish uchun
“ChatGPT” va sun’iy intellektning boshqa turlaridan foydalanishga qarshi chiqmoqda13.

Sofiya universiteti (Bolgariya) sun’iy intellektga oid o‘z tamoyillarini ishlab chiqdi: “ma’ruzalar, insholar va kurs ishlarini yozishda sun’iy intellektdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, agar bunday holat aniqlansa, qattiq jazo qo‘llaniladi”.

Tokio universiteti ogohlantirishicha, sun’iy intellektdan foydalanish nashr etilmagan ishlar yoki maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishiga olib kelishi mumkin.

Sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish yuzasidan bir qancha siyosiy vakillar o‘z fikrlarini bildirishgan. Ulardan biri AQSh Ichki xavfsizlik departamenti kiberxavfsizlik va infratuzilmani himoya qilish agentligi (CISA) rahbari Jen Isterli sun’iy intellekt texnologiyalari, jumladan “ChatGPT” chatbotini rivojlantirish bilan bog‘liq xavflardan xavotirda14 ekanligini bildirgan.

MA’LUMOT UCHUN:

O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni 26-moddasiga ko‘ra, asardan daromad olishni ko‘zlamagan holda muallifning ismi-sharifini va olingan manbasini albatta ko‘rsatgan holda hamda asardan normal foydalanilishiga zarar yetkazmaslik va muallifning qonuniy manfaatlariga putur yetkazmaslik sharti bilan erkin foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Biroq kelgusida intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish maqsadida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ijod namunalari qanday himoya qilinishi va mualliflik huquqi kimga tegishli bo‘lishi haqida aniq mexanizm ishlab chiqish talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 1033-moddasiga binoan mualliflik huquqi shaxsiy nomulkiy huquq hisoblanadi va ijodiy mehnati bilan intellektual faoliyat natijasini yaratgan shaxsgagina tegishli bo‘ladi. Ammo mazkur holatda ham sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan ijod namunasi muallifini aniq belgilash mushkul. Chunki sun’iy intellektni harakatga keltirishda bir nechta subyekt – foydalanuvchi, dastur egasi, dastur kodini ishlab chiquvchi shaxslar bir vaqtda ishtirok etadi.

Ukraina Fuqarolik kodeksining 1187-moddasiga muvofiq xavf manbasi tomonidan yetkazilgan zarar qonuniy asosda (egalik huquqi, mulkiy huquq, shartnoma, ijara va h.) unga egalik qiluvchi shaxs tomonidan qoplanadi. Shunday qilib, bu holda javobgarlikni sun’iy intellektga egalik qiluvchi shaxs yoki uni mulk sifatida boshqarish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxs o‘z zimmasiga olishi hamda yetkazilgan zararni o‘z hisobidan qoplashi kerak.

Ehtimol, SIga yuridik shaxs maqomini berish haqidagi munozarali g‘oya ushbu muammoni hal qilish uchun yechim bo‘lishi mumkin. Biroq hozirgi sharoitda sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan asarlar ma’lum ma’noda muallifsiz asarlar bo‘lib qolmoqda. Ushbu asarlarga mutlaq intellektual huquqlarni taqsimlash masalasi SI xatti-harakati uchun javobgarlik masalasini belgilash kabi muammolidir.

Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt yanada ommalashadi, bu esa undan foydalanishni huquqiy tartibga solishni taqozo etadi. Sun’iy intellektdan foydalanish madaniyatini shakllantirish va yangi texnologiyalarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirish yo‘lidagi to‘siqlarni yengib o‘tish uchun sun’iy intellekt ekotizimini qo‘llab-quvvatlaydigan jamoaviy madaniyatni yaratish lozim.

Shunday ekan, xalqaro maydondagi huquqiy yangiliklarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya muhitida intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning samarali himoyasini ta’minlash dolzarb masala hisoblanadi.

Feruz JO‘RAYEV,
mustaqil tadqiqotchi

1 https://www.uzreport.news/politics/uzbekistonda-suniy-intellekt-rivojlantiriladi

2 Аbloqulova S.S. Sunʼiy intellekt – biznes samaradorligi va barqarorligini oshirish vositasi sifatida. – Toshkent: Tosh. dav. iqt. uni-ti, 2022. 334-b.

3 Хисамова З.И., Бегишев И.Р. Правовое регулирование искусственного интеллекта Baikal research journal, 2019. T. 10, № 2.

4 Bozarov S.S. Sun’iy intellekt sohаsini rivojlаntirish doirаsidаgi аxloqiy vа huquqiy tusdаgi mаsаlаlаr. – Toshkent: Yurist axborotnomasi. – 2022. 87-b.

5 Bozarov S.S. Sun’iy intellekt sohаsini rivojlаntirish doirаsidаgi аxloqiy vа huquqiy tusdаgi mаsаlаlаr. – Toshkent: Yurist axborotnomasi. – 2022. 87-b.

6 https://ru.euronews.com/next/2023/05/02/ai-and-the-future-of-work-here-are-the-fastest-growing-jobs-and-those-set-to-decline.

7 https://ru.euronews.com/next/2023/05/02/ai-and-the-future-of-work-here-are-the-fastest-growing-jobs-and-those-set-to-decline.

8 https://hbr.org/2017/04/how-companies-are-already-using-ai.

9 https://insidebigdata.com/2017/03/15/deep-learning-ai-success-stories.

10 https://tmcars.info/post/2897967928/goldman-sachs-iskusstvennyi-intellekt-mojet-zamestit-300-millionov-rabocih-mest-v-razvityh-stranah.

11 https://ru.euronews.com/culture/2023/03/24/how-ai-is-putting-president-macron-at-the-heart-of-the-french-pension-protests.

12 https://bb.lv/statja/lifenews/2023/03/22/v-gollivude-budut-pisat-scenarii-s-pomoshchyu-iskusstvennogo-intellekta-chatgpt.

13 https://prosud.kz/news/protiv-ispolzovaniya-chatgpt-v-uchebnyh-rabotah-vystupili-vuzy-yaponii.

14 https://ria.ru/20230310/chatgpt-1856912787.html?in=t.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni