Odil sudlovni amalga oshirish ham fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda xalq maslahatchilari muhim o‘rin tutadi. Jinoyat prosessual kodeksining 13-moddasida “Odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari sudyaning barcha huquqlaridan foydalanadilar. Ular sud majlisida ishni ko‘rish jarayonida kelib chiqadigan hamma masalalarni hal qilishda va hukm chiqarishda raislik qiluvchi bilan teng huquqqa egadirlar” deya qayd etilgan. Binobarin, mamlakatimizda xalq maslahatchilari tayinlaymaydi, balki saylanadi.
Shu ma’noda aytganda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 22-apreldagi “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni bilan tasdiqlangan nizom asosida joriy yilning 6-10-may kunlari respublikamizda xalq maslahatchilari saylovini o‘tkazish belgilangan.
“Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi nizomning 62-72-moddalarida xalq maslahatchilari saylovini tashkil etish tartibi qayd qilingan. Unga ko‘ra, har bir sud uchun xalq maslahatchilarining soni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va harbiy sudlar sudyalarining tegishli malaka hay’atlari tomonidan belgilanadi. Mazkur saylov tumanlar (shaharlar) hokimlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan, harbiy qismlarda esa, harbiy qismlar qo‘mondonligi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Malaka hay’ati saylov jarayoni nazorat qiladi, ayni masalaga doir arizalar va shikoyatlarni ko‘rib chiqadi, saylov yakunlarini e’lon qiladi. Qolaversa, saylangan xalq maslahatchilarining ro‘yxatini tuzadi, tasdiqlaydi, ularga tegishli guvohnomalarni beradi. Shuningdek, xalq maslahatchilarini o‘qitishni tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, xalq maslahatchilari saylovi fuqarolarning ish yoki yashash joyidagi yoxud harbiy qismlarning harbiy xizmat joyidagi yig‘ilishlarida o‘tkaziladi. Bunda saylovchilar soni kamida yuz nafar bo‘lishi talab etiladi. Agar saylovchilarning soni yuz kishidan kam bo‘lsa, saylov boshqa mehnat jamoalari, harbiy qismlar hamda boshqa aholi punktlarida yashovchi saylovchilar bilan birgalikda o‘tkaziladi.
Yirik korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va harbiy qismlarda xalq maslahatchilari saylovi bo‘yicha yig‘ilishlar ularning saylovchilar soni kamida yuz kishini tashkil etuvchi tarkibiy bo‘linmalarida o‘tkazilishi mumkin. Xalq maslahatchilari saylovi bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida fuqarolar yig‘ilishdan uch kun oldin xabardor etiladi.
Xalq maslahatchilari saylovi har bir nomzod bo‘yicha alohida-alohida, ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Mehnat jamoasining, harbiy qism harbiy xizmatchilarining yoki fuqarolar yashash joyidagi saylovchilarning yig‘ilishlari ishtirokchilarining yarmidan ko‘p ovozini olgan shaxslar xalq maslahatchilari etib saylangan deb hisoblanadi.
Nizomning 71 va 72-moddalariga muvofiq, xalq maslahatchilarining ro‘yxati sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan tasdiqlanganidan keyin tegishli sudga yuboriladi. Malaka hay’atlari xalq maslahatchilari saylovi natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Sudyalar oliy kengashiga taqdim etadi, shuningdek xalq maslahatchilarini o‘qitish ishlari qanday borayotganligi haqida vaqti-vaqti bilan Sudyalar oliy kengashiga axborot berib boradi.
Sudyalar oliy kengashi tomonidan bu galgi saylovni o‘tkazishda yuksak obro‘-e’tibor va hayotiy tajribaga, halol, yuqori malakali mutaxassislarni hamda mehnat faxriylarini gender tenglikni va faoliyat sohalarini qamrab olgan holda mahalla vakillari uchun 25 foiz, huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar va tadbirkorlar uchun 15 foizdan, tibbiyot xodimlariga 10 foiz, yoshlar (35-40 yosh) uchun 5 foizlik kvota belgilash tavsiya etilgan.
Bahromjon BERDIYEV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi