Sharq davlatlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat qilish huquqi

0
319

Murojaat qilish huquqi siyosiy huquqning muhim elementi sifatida demokratiya mezonini baholovchi va huquqiy jamiyatning ajralmas atributi hisoblanadi.

Qoida tariqasida, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlagan har qanday davlat ilg‘or xorij tajribasi va qonunchilik amaliyotiga murojaat etadi. Shundan kelib chiqib, Xitoy, Yaponiya, Singapur kabi Osiyoning rivojlangan davlatlari qonunchiligida aks etgan murojaat qilish huquqi institutini o‘rganish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga xizmat qiladi.

Yuqorida nomlari zikr etilgan davlatlarda murojaat qilish huquqi instituti demokratik jarayonlarda progress tartibda siljishlarga erishishning muhim sharti deya e’tirof etiladi. Shu bois, ular milliy qonunchiligida konteksdagi masalaga doir huquqiy normalar belgilab qo‘yilgan.

Masalan, Xitoy Xalq Respublikasi konstitutsiyasining “Fuqarolarning asosiy huquq va burchlari” deb nomlangan 2-bob 41-moddasida “XXR fuqarolari har qanday davlat organlari va xizmatchilariga tanqid va takliflar bilan murojaat qilish huquqiga egadirlar; tegishli davlat organlariga shikoyatlar bilan murojaat qilishga, ayblashga yoki qonun buzilishi holatlari, xizmat vazifalarini (mansabini) suiiste’mol qilayotgan har qanday davlat organlari yoki davlat xizmatchilari ustidan shikoyatlar yozish huquqiga egadirlar. Biroq insonlarga tuhmat qilishga, ular bo‘yicha yolg‘on ma’lumotlar tarqatishga, faktlarni soxtalashtirish orqali ularning sha’ni, qadr-qimmatiga zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tegishli vakolatli davlat organlari ularga fuqarolardan kelib tushgan shikoyat, ayblov, arizalarda keltirilgan faktlarni har tomonlama tekshirgan holda, ushbu murojaatlarni hal qilish uchun javobgardirlar. Hech kimga fuqarolarga tazyiq o‘tkazish yoki ulardan qasd olinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat organlari va davlat xizmatchilari tomonidan fuqarolarning huquqlariga tajovuz qilishlari sababli ularga zarar yetkazilganda, fuqarolar qonunga asosan kompensatsiya olish huquqiga egadirlar”, degan qoida belgilab qo‘yilgan.

Yaponiyada murojaat qilish huquqi davlat boshqaruvini demokratik tarzda amalga oshirishda muhim vosita sifatida e’tirof etiladi. Shu bois, yapon konstitutsiyasining “Murojaat qilish huquqi va siyosiy huquqlar” deb nomlangan VI bo‘limida murojaat qilish huquqi (16-modda), sudga da’vo qilish huquqi (32-modda), shuningdek, davlatdan kompensatsiya talab qilish (17-modda), reabilitatsiya natijasida ko‘rilgan zararni talab qilish (17-modda) kabi qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan.

Murojaat qilish huquqi haqida tasavvur hosil qilish biroz qiyin bo‘lishi mumkin. Bu inson huquqlarini yana ham mustahkamlashga xizmat qiladigan, davlat tomonidan kafolatlash yoki davlatdan talab qilish huquqidir. Davlatdan talab qilishga bo‘lgan huquqlar guruhi murojaat qilish huquqi deb nomlanadi.

Yapon jamiyatida insonlar o‘rtasidagi guruhiy aloqalarni saqlab turish muhim hisoblanadi: anglo-sakson huquqidagi huquq ustuvorligi ham emas, roman-german huquqidagi qonun ustuvorligi ham emas, balki bularga umuman o‘xshamaydigan “shaxs ustuvorligi” amalda bo‘lgan. Bunda yuzaga kelgan nizolar o‘zaro kelishish orqali tinch yo‘llar bilan hal etilgan. Aksincha, sudga murojaat qilinsa bir guruhdagi insonlar o‘rtasidagi munosabatga katta zarar yetkazuvchi, nizo tagiga olov yoqish sifatida qabul qilingan. Mana shunday huquq va sudga murojaat etmasdan nizoni hal etishga informalizm deyiladi.

Informalizm masalasini dastlab ilmiy muammo sifatida ko‘targan inson yuridik fanlari doktori Takeshi Kamashima bo‘ldi. U o‘zining “Yaponlarning huquqiy ongi” (1967-yil) kitobida umumiy qilib shunday deydi: yaponlarning o‘z huquqlarini tushunish va qonunni qo‘riqlash ongi anchagina past bo‘lib, yana nizolashishni ham yomon ko‘radilar. Yaponiyada huquqning mazmun-mohiyati g‘arb mamlakatlaridan farq qilmasa-da, amalda fuqarolarning kundalik hayoti va huquqning mazmun-mohiyati o‘rtasida bo‘shliq bor. Buning sababi esa jamoa bo‘lib harakatlanishga asoslangan jamiyat tuzilmasi va uyda ota bosh bo‘lgan tizimdan qolgan huquqiy ongning asoratlaridir. Lekin bular Yaponiya yanada zamonaviylashsa hal etiladigan muammolardir.

Biroq doktor Kamashimaning ayrim fikrlari bugungi kunda shubha ostiga olinmoqda. Masalan, Yaponiya yuqori iqtisodiy o‘sishga erishgan yetmishinchi yillardan keyingi davrda hayoti zamonaviylashganiga qaramay aholining huquqiy ongida unchalik ham katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmagani haqidagi qarashi munozarali. Shuningdek, nizolarni sudga murojaat qilmasdan hal etishni orqada qolganlik deb aytish ham bahsli masaladir. Chunki so‘nggi yillarda Yevropa davlatlarida ham nizolarni suddan tashqarida muqobil yo‘llar vositasida hal etish mexanizmlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Qolaversa, “nizolashishni yomon ko‘radi” degan tendensiya mavjudligi, aslida huquqiy yechimni taqdim etuvchi sud xizmatining yetarli darajada rivojlanmaganidan yuzaga kelishi ham mumkin. Ushbu xizmat talab darajasida bo‘lmasa insonlar suddan tashqari va huquqiy bo‘lmagan xizmatlarni tanlashlari ehtimoli katta.

Yana bir holat: yapon jamiyati inson huquqlarini himoya qilishda muhim ustun sifatida “xalqning talablariga mos keladigan sud tizimi”ni yuzaga keltirib, nizolarni aniq va tez fursatlarda hal etadigan, mohiyati boy bo‘lgan sud hokimiyatini barpo etish orqali fuqarolarni sudlarga yaqinlashtirish va ulardan yetarli darajada foydalanish mexanizmini yaratishni ko‘zlagan. Yaponiya huquqiy yordam markazi (Japan Legal Support Center) ana shu muhim vazifani bajaruvchi mexanizm sifatida ko‘rilmoqda.

Mazkur markaz “Umumiy yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga asoslanib tashkil etilgan. U bunday masalalar bo‘yicha maslahatlar darchasini tashkil etish, advokatlar palatasi va boshqa turdosh mutaxassislik vakillari (notarius, patent beruvchi, ma’muriy ishlar bo‘yicha huquqshunos, yer masalalari bo‘yicha huquqshunos kabilar) bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan holda huquqiy nizolarni hal etishda yordami tegadigan huquqiy ma’lumotlarni taqdim etish va ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, kam ta’minlanganlarga davlat bojini to‘lashda ko‘mak berish, huquqshunos kadrlar kam bo‘lgan hududlarga borib yuridik xizmatlar ko‘rsatish ishlarini ham amalga oshiradi. Bu tashkilot jamiyatdagi barcha insonlarni huquqning nurlari ostida oydin hayotga boshlash va quyosh nuri tushib turadigan makondek bir jamiyat yaratishni maqsad qilgani bois “Hou terasu – Huquq ayvoni” deb ham ataladi. Mamlakatimizda ham ushbu markaz ko‘rinishidagi maxsus tuzilmalar tashkil etish tavsiya etiladi.

Murojaat qilish huquqi xalq bilan hukumatning hamkorlikda faoliyat yuritishida muhim vosita bo‘lib xizmat qilishi Singapur davlati amaliyotida o‘z samarasini bergan. Bu holatni Singapur Bosh vaziri Li Kuan Yu quyidagicha izohlaydi: “Ma’lumki, basketbol o‘yinida kimning qo‘liga to‘p tushsa hamma raqib o‘yinchilari o‘sha o‘yinchidan to‘pni olish uchun hujum qilishadi. U esa to‘pdan tezroq qutilish uchun o‘z jamoasining o‘yinchisiga to‘pni uzatib yuboradi. O‘yin shu tarzda davom etaveradi”. Li Kuan Yu mamlakatga rahbar bo‘lib kelganida davlatning barcha tizimlarida “basketbol qoidasi” hukm surar edi. Ya’ni tadbirkor yoki investor biror masala bilan moliya tashkilotiga murojaat qilsa, 3-4 kundan keyin bu masala bank tizimiga, o‘z navbatida bank tizimi esa soliq idorasiga, u esa bojxona tashkilotiga, bojxona esa yana moliya tashkilotiga, bu tashkilot o‘z navbatida xavfsizlik tashkilotiga uzatishardi. Shunday qilib, hujjatlar tegishli tashkilotning “qalbi yumshatilmaguncha” bir-biriga uzatilib, aylanib yurar edi. Li Kuan Yu mamlakatdagi ildiz otib ketgan mana shu “basketbol qoidasi”ni, ya’ni murojaatlarning bir tashkilotdan ikkinchisiga “koptok” qilib uzatish mexanizmini yo‘qotdi”.

Singapurni uchinchi dunyodan birinchi dunyoga olib chiqqan Li Kuan Yu sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish instituti g‘oyasini ilgari suradi. O‘z xotiralarida u shunday yozadi: “Odatda, opponentlarim tuhmatlar bilan chiqish qilish va menga maksimal ziyon yetkazish uchun saylovoldi kampaniyalarining boshlanishini kutib turishar edi. Agar sudga murojaat qilmasam, xalq bu ayblovlarga ishonishi mumkin edi. G‘arb liberal tanqidchilari oldida obro‘yim shu qadar ediki, ular menga yo‘naltirilgan asossiz ayblovlarga hech kim ishonmasligini tasdiqlashar, ularning fikricha, men o‘ch olishga intilib bu kabi tuhmatlarning mualliflarini sudga bermasdan, bag‘rikenglik bilan iddaolarini rad etishim kerak edi. Ammo bu xunuk ayblovlarga ular qat’iy rad etilgani uchun ham ishonishmasdi. Agar sudga murojaat qilmasam, bu «shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi» degan gapning isboti bo‘lar edi… Singapur aholisi sha’nimga nisbatan bildirilgan har qanday bo‘htonni sud tartibida hal qilishimni bilardi”.

Muxtasar aytganda, rivojlangan Osiyo mamlakatlarining murojaatlar instituti sohasida erishgan yutuqlarni milliy xususiyatlarimizni inobatga olgan holda qonunchiligimizga singdirish inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Sodiq YULDASHOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti
professori v.v.b, yu.f.f.d. (PhD)

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here