HomeIlmiy maqolalarQonunchilik taklifi institutini takomillashtirish masalalari

Qonunchilik taklifi institutini takomillashtirish masalalari

Qonun ijodkorligi mahalliy, mintaqaviy va xorijiy darajalarda mavjud bo‘lgan va o‘z darajasiga mos keladigan, yurisdiksiyalari doirasi uchun majburiy bo‘lgan qonun chiqaruvchi organlarning faoliyati hisoblanadi.

Qonun ijodkorligining asosiy qismi bo‘lgan qonunchilik tashabbusi huquqi qonun chiqaruvchi
organga qonun loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritishga oid konstitutsiyaviy vakolatdir. Tashabbus huquqi bugungi rivojlangan demokratik mamlakatlarda qonun chiqaruvchi hokimiyatga ham, ijro hokimiyatiga ham berilib, bular qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari sanaladi.

Deyarli barcha davlatlarda parlament a’zolariga individual yoki guruhning bir qismi sifatida qonunchilik tashabbusi huquqi berilgan. Mamlakatning huquqiy normalariga asoslanib, siyosiy boshqaruvning boshqa guruhlari qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

Masalan, AQSh, Xitoy Xalq Respublikasi, Germaniya singari rivojlangan mamlakatlarning huquqiy tizimida davlat rahbari, parlament, ijro etuvchi hokimiyat qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti sifatida fuqarolar ham o‘z siyosiy ta’sirini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Misol uchun Polsha Respublikasida Seymga (parlament) saylovda ovoz berish huquqiga ega kamida 100 000 fuqarodan iborat guruh ham qonunchilik tashabbusi huquqiga ega hisoblanadi.

Qonunchilik tashabbusi huquqi instituti bilan bir qatorda qonunchilik taklifini kiritish mexanizmi ham ayrim davlatlar tajribasida mavjud va amaliyotda qo‘llab kelinmoqda. Yevropaning ayrim davlatlari tizimini o‘rganish orqali qonunchilik taklifi alohida institut sifatida shakllanganini ko‘rishimiz mumkin.

Masalan, Chexiyada parlamentning yuqori palatasi a’zolariga qonun loyihalarini quyi palataga qonunchilik taklifi tartibida kiritishga ruxsat berilgan, Niderlandiyada ham qonunchilik taklifi kiritish vakolati hukumat a’zolari va vakillar palatasining boshqa a’zolariga berilgan. Shuningdek Fransiya va boshqa ayrim davlatlar tajribasida ham bu kabi mexanizmdan foydalanilayotganini kuzatish mumkin.

Yuqoridagi xorijiy mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda hamda milliy qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 98-moddasida qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishning huquqiy asoslari belgilandi va quyidagilar ushbu huquqqa ega subyektlar sifatida qayd etildi:

1) O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari;

2) Oliy Majlis Senati;

3) Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman);

4) Markaziy saylov komissiyasi.

Konstitutsiyadagi qonunchilik takliflarini ilgari surishga oid normalarni izchil qo‘llash hamda so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash maqsadida 2024-yil 19-fevraldagi 909-qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish mexanizmlari va tartibiga oid yangi normalar belgilandi. Biroq milliy qonunchiligimiz hamda huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish huquqiga ega bo‘lgan subyektlar doirasini kengaytirish to‘g‘risidagi xulosani (taklifni) keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan, mamlakatimizda bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash, ularning ma’naviy va jismoniy  rivojlanishi uchun yetarli sharoit yaratish yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada bolalar ombudsmani faoliyatining tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etadi.

Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) faoliyati O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 9-avgustda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan.

Bolalarning huquq va erkinliklari kafolatlarini to‘liq ta’minlash, bu boradagi islohotlarni izchil davom ettirish hamda sohaga oid huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 2024-yil 29-fevralda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunda vakilning huquq va majburiyatlari,
vakolat doirasi aniq belgilandi.

Ta’kidlash joizki, bolalar ombudsmani inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) singari o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga bo‘ysunmagan tarzda amalga oshiradi, shuningdek o‘z faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.

Qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish huquqiga Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ega bo‘lib, bu huquq bolalar ombudsmaniga berilmagan.

Ma’lumot uchun: 2022-yilda bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga 696 ta murojaat kelib tushgan. 374 ta murojaat ijobiy hal etilgan. Jumladan, 64 ta murojaat qanoatlantirilgan, 310 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.

2023-yil mobaynida jami 443 ta murojaat qabul qilingan. Murojaatlarning 165 tasi to‘liq nazoratga olingan hamda 274 ta murojaat ijobiy hal etilgan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti (biznes ombudsman faoliyati) tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlari asossiz aralashuvining oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini ta’minlash maqsadida Prezidentning 2017-yil 5-maydagi 5037-farmoni asosida tashkil etilgan.

Mazkur farmonda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. Qayd etish joizki, bugungi kunga qadar mazkur tizimda keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

2023-yilda tadbirkorlardan biznes ombudsmanga 8610 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 3034 tasi bo‘yicha tadbirkorning huquqlari tiklangan, 3051 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan.

2023-yilda tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunchilik ijrosi bo‘yicha 8 ta nazorat organida o‘rganish o‘tkazilgan. O‘rganish natijasida 7328 ta qonun buzilishi aniqlanib, 9 ta taqdimnoma, 1140 nafar mansabdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 68 nafar shaxs esa intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Biznes ombudsman tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida jami 3387 ta ta’sir chorasi qo‘llagan.

Yuqoridagi ma’lumotlar, xususan qonunbuzilishlardan kelib chiqib, ular yuzasidan tahlil o‘tkazish, shuningdek tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha biznes ombudsman tomonidan qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchinchidan, mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yish maqsadida Prezidentning 2020-yil 29-iyundagi farmoni asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
tashkil etildi.

Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta’minlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Eng ahamiyatlisi, agentlik o‘z faoliyatini qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida boshqa davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil amalga oshiradi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash mumkinki, birgina 2023-yilda agentlikka 3545 ta murojaat kelib tushgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 91 tasi ijobiy hal etilgan, 1022 ta murojaat huquqiy maslahat va tushuntirishlar berish orqali qanoatlantirilgan, 27 ta murojaat anonim deb topilgan, 302 ta takroriy murojaatning ko‘rib chiqilishi belgilangan tartibda tugatilgan, 8 ta murojaat ma’lumot uchun qabul qilingan, 2063 ta murojaat taalluqliligi bo‘yicha vazirlik va idoralarga yo‘naltirilgan bo‘lib, hozir 32 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda Agentlik o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan vazirlik va idoralarga 225 ta taqdimnoma, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 227 ta so‘rov yuborildi.

So‘rovlar asosida 23 ta jinoyat ishi va 96 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi, 74 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar sababli 138 ta davlat xaridi bekor qilingan.

Xulosa o‘rnida yuqorida ta’kidlab o‘tilgan 3 ta organning huquq va majburiyatlari, vakolat doirasi va qamrovi, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirishdagi roli, o‘z faoliyatini tobe bo‘lmagan tarzda olib borishini inobatga olib ularga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida parlament quyi palatasiga kiritish huquqini berish taklif etiladi.

Umidali IBRAGIMOV,
Oliy Majlis Senati devoni
Yuridik boshqarmasining bosh maslahatchisi

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni