HomeMaqolalarPedagoglar huquqlarini himoya qilish: biz va dunyo

Pedagoglar huquqlarini himoya qilish: biz va dunyo

Inson hayotidagi beqiyos ahamiyatga ega shaxslar qatorida pedagog-o‘qituvchilarning nomi shubhasiz oldingi safda turadi. Negaki o‘qituvchilar insonga bolaligidan nafaqat o‘qish-yozishni, balki haq-huquqlarini qanday himoya qilishni ham o‘rgatadi.

Ammo bizga haq-huquqimizni o‘rgatgan o‘qituvchilarimizning huquqlari qay darajada himoya qilinayotganini, bu qaysi hujjatlarda mustahkamlanganini bilish ayniqsa bugungi kunda jiddiy zaruriyatga aylandi.

Chunki boshqalarning huquqlarini hurmat qilmaydiganlar, o‘qituvchining qadrini anglamaydiganlar ko‘paygan. Ular har xil ko‘rinishda o‘qituvchilarning huquqlariga daxl qilishayotganiga tez-tez guvoh bo‘layapmiz.

Mamlakatimizda o‘qituvchilarning haq-huquqlari bir qator qonun hujjatlari bilan himoyalanishi belgilab qo‘yilgan.

Xususan, 2023-yil 1-maydan kuchga kirgan O‘zbekiston Konstitutsiyasida o‘qituvchi maqomining yuksakligi va uning huquqlari davlat himoyasida ekani mustahkamlandi: “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.

Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.

Nima uchun o‘qituvchi maqomi Konstitutsiya darajasida belgilanishi kerak degan savol tug‘ilishi mumkin. Sababi shuki, o‘qituvchi hurmatini Asosiy qonun darajasida mustahkamlash inson hurmati, inson qadri masalasi bilan bog‘liq. Ta’lim sifati va samaradorligini keng hamda zamonaviy bilimlarga ega o‘qituvchisiz ta’minlashning iloji yo‘q. Shu sababli o‘qituvchining ijtimoiy va moddiy farovonligi uchun g‘amxo‘rlik qilish, uning haq-huquqlarini ta’minlash zarur.

2023-yil 1-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ikkinchi o‘qishda qabul qilib, Oliy Majlis Senatiga yuborgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ham pedegog-o‘qituvchilarning haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muhim ahamiyatga ega1.

Ushbu qonun loyihasida pedagog tushunchasi, pedagogning maqomi, uning huquq va majburiyatlari hamda pedagog faoliyatining asosiy kafolatlari belgilangan. Xususan, loyihada quyidagilar taklif etilmoqda:

• pedagog xodimlarning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish;

• pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;

• ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish;

• davlat ta’lim tashkilotlarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan pedagogning bazaviy lavozim maoshiga to‘lanadigan ustamaning miqdorlarini qonun darajasida belgilash;

• davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarni davlat tomonidan o‘quv qo‘llanmalar, birlamchi o‘quv-uslubiy materiallar va o‘quv qurollari bilan bepul ta’minlash;

• pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan shaxslar toifalarini belgilash;

• davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazish;

• pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash.

Ammo shuni o‘rinda bir masalani qayd etish joiz. Mazkur qonun loyihasi birinchi bor 2020-yil noyabr oyida taqdim etilgan edi, ammo mana uch yil to‘layapti hamki, qabul qilingani yo‘q. Fikrimizga, ta’limga, pedagog-o‘qituvchilarga oid qonun hujjatlarini qabul qilishni kechiktirmaslik lozim.

O‘qituvchilar huquqlarini himoya qilish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ham o‘z aksini topgan. Kodeksning “Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash” deb nomlangan 1482-moddasi uchinchi qismida “Mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi” deb qayd etilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasining ikkinchi qismida ham pedagoglarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, shunday huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘qituvchi-pedagoglarning majburiy mehnatga jalb etilishi jamiyatimizning og‘riqli muammolaridan biri bo‘lib kelayotgan edi. Ammo 2018-yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bunga chek qo‘yildi. Biroq achinarlisi shuki, hozirgi kunda ham o‘qituvchi-pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari uchrab turibdi.

Bu esa, fikrimizcha, yuqorida zikr etilgan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslardagi choralarni yanada kuchaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1975-moddasida ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish haqida normalar belgilangan. Unga binoan, “Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.

O‘qituvchi-pedagoglar huquq-manfaatlarini himoya qilish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish maqsadida rivojlangan davlatlar tajribasini ham o‘rganish samara beradi.

Jumladan, “UNESCO”ning 1966-yil 5-iyuldagi “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi tavsiyasining 7-bandida pedagogning erkinligi prinsipi mustahkamlangan. Shuningdek, mazkur tavsiyada o‘qituvchilar o‘z kasbiy vazifalarini bajarishda akademik erkinlikdan foydalanishi kerakligi ham qayd etilgan2.

Ba’zi Yevropa mamlakatlarida o‘qituvchilar o‘zlarining maxsus maqomiga ega, ammo uning shartlari davlat xizmatchilarining maqomi shartlariga o‘xshaydi. Shuning uchun o‘qituvchi maqomi ko‘pincha davlat xizmatchisi maqomiga teng, masalan, Belgiyada shunday.

Aksar Yevropa davlatlarida o‘qituvchilarning huquqiy maqomi ularning qayerda ishlashiga bog‘liq: davlat yoki xususiy ta’lim sektori. Birinchi holda ular odatda davlat xizmatchilari maqomida bo‘ladi, ikkinchisida esa yo‘q.

Jumladan, Avstriya, Belgiya, Gretsiya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Portugaliya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, AQSh va Kanadada barcha o‘qituvchilar davlat xizmatchilari hisoblanadi3.

“Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi Qozog‘iston Respublikasining qonuni4 mamlakatdagi o‘qituvchilarning huquqlarini o‘zida ifoda etgan. Qonunning “O‘qituvchining maqomi” deb nomlangan 4-moddasiga binoan “Qozog‘iston Respublikasi o‘qituvchining kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlovchi alohida maqomini tan oladi”. Shuningdek, “Shaxs ta’lim sohasidagi kasbiy faoliyat davrida va Qozog‘iston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli tashkilot bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan davrda o‘qituvchi maqomiga ega”.

Mazkur qonunning “Pedagogning kasbiy faoliyatni amalga oshirishdagi huquqlari” deb nomlangan 7-moddasi 2-bandiga ko‘ra, o‘qituvchi kasbiy faoliyatni amalga oshirishda mansabdor shaxslar va boshqa shaxslarning noqonuniy aralashuvi va to‘sqinliklaridan himoya qilinadi.

Rossiyada o‘qituvchi shaxsi va sha’ni, kasbiy faoliyati va insoniy huquqi ma’muriyat, o‘quvchilar yoki ota-onalar tomonidan buzilgan taqdirda uning huquqlari Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi hamda “Rossiya Federatsiyasida ta’lim to‘g‘risida”gi federal qonun bilan himoya qilinadi.

Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 23-moddasida har bir inson shaxsiy daxlsizlik, shaxsiy va oilaviy sirlarni saqlash, o‘z sha’ni va yaxshi nomini himoya qilish huquqiga egaligi belgilangan. Ya’ni o‘qituvchiga nisbatan huquqbuzarlik, haqorat yoki nomaqbul xatti-harakatlar qilinsa, u huquqlarini himoya qilishni talab qilishi mumkin.

O‘qituvchi bo‘lish boshqalarning hayotiga doimiy ta’sir ko‘rsatish, barqaror kelajakni shakllantirishga hissa qo‘shish va shaxsiy muvaffaqiyatga erishish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi. Biroq dunyo global darajada o‘qituvchilar tanqisligiga duch kelmoqda, bu ularning ish sharoitlari va mavqeyining pasayishi bilan yanada kuchaygan5.

Xulosa tarzida 1966-yilda Parijda bo‘lib o‘tgan UNESCO hukumatlararo konferensiyasi ishtirokchisi N. Kanayevning fikrini keltirib o‘tamiz: “Inson huquqlari o‘qituvchining huquqlaridan boshlanadi. Agar o‘qituvchi huquqsiz bo‘lib, zo‘rg‘a kun kechirayotgan bo‘lsa, u Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini yoddan bilgan taqdirda ham hech qachon o‘z shogirdlariga, kelajak avlodga inson huquqlariga bo‘lgan ishonchni yetkaza olmaydi”6.

Furqat ALIMARDON, jurnalist

 

1 https://www.youtube.com/watch?v=4bU0AoBzihI.

2 https://unesdoc.unesco.org/ark:/48223/pf0000160495_rus.

3 Т. И. Еремина, “Международный опыт по законодательному оформлению статуса учителя”, Universum: Вестник Герценовского университета.
3–4/2014. C. 118.

4 https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=32091648&pos=37;-54#pos=37;-54.

5 https://www.unesco.org/en/days/teachers 

6 Канаев Н. М. ЮНЕСКО и защита прав учителей // Вестник Академии права и управления. 2010. № 19. С. 138.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa