O‘zbekistonda bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning huquqiy asoslari

0
172

Respublikamizda o‘sib kelayotgan yosh avlod ruhiyatiga ta’sir etuvchi turli xil zararli axborotlardan himoyalashning huquqiy asoslari yaratilgan.

Bolalar ruhiyati o‘ta nozik, axborotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya’ni uni idrok etmagan holda, tahlilsiz qabul qiladilar. Shu bois bolalarni zararli axborotlardan himoya qilishda davlat va jamiyat hamjihatlikda harakat qilmog‘i lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida belgilanishicha, har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega, davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi, axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi. Demak, har bir inson, jumladan bolalar ham o‘zlari xohlagan axborotdan foydalanishi mumkin, ammo bu axborot ularning barkamol rivojlanishiga ziyon yetkazmasligi lozim.

Shuningdek, Asosiy qonunimizning 81-moddasida ommaviy axborot vositalari erkin ekanligi va qonunga muvofiq ishlashi ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi, ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.

“O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonunda yoshlar orasida odob-axloqni buzishga, jumladan zo‘ravonlik, hayosizlik va shafqatsizlikni targ‘ib qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakat, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasida esa pornografiya, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etishlariga sabab bo‘luvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, adabiyotlarni tarqatish hamda filmlarni namoyish etish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga ushbu moddada har bir bolaning sog‘lig‘i, axloqiy va ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan axborotni olish huquqi ta’minlangan1.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 15-avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2017-yil 24-avgustda ma’qullangan “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun O‘zbekistonda bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish tizimini yangi bosqichga ko‘tardi. Mazkur normativ huquqiy hujjatning amalda
ishlashini ta’minlash mamlakatimizda axborot xavfsizligi sohasini boshqarishda muhim hisoblanadi. Ta’kidlash kerak, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda nafaqat bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar vakolatlari belgilab berilgan, balki bolalar uchun xavfli hisoblanuvchi axborotlar doirasi, axborotning yoshga oid tasnifi, axborotning aylanishiga qo‘yiladigan talablar, axborotning ekspertizasi va uning huquqiy oqibatlari ham aniqlashtirilgan2.

Hozir televideniye orqali efirga uzatilayotgan har bir axborot tekshiriladi, ekspertizadan o‘tkaziladi hamda yoshga oid tasnifi ham belgilangan holda uzatiladi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan “Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi hamda “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni ta’minlashga doir ma’muriy va tashkiliy chora-tadbirlar, dasturiy-apparat va texnika vositalariga doir talablarni belgilash to‘g‘risida”gi nizomlar tasdiqlanganligi va bu hujjatlar bugungi kun uchun ayni muddao bo‘lganligini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyundagi 317-qarori asosida my.gov.uz portalida “Bolalarni ularning sogʼligʼiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi ekspertlarni akkreditatsiya qilish” xizmati ishga tushirilganligi ham bir yutuq desak mubolag‘a bo‘lmaydi3.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasiga ko‘ra, pornografik mahsulotlarni tarqatgan, reklama qilgan, namoyish etish maqsadida tayyorlagan yoki O‘zbekiston hududiga olib kirgan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish vositalari musodara qilinib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to‘rt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan to‘rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solinadi4.

Ushbu kodeksning 1891-moddasida esa zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston
hududiga olib kirish, uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish vositalarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to‘rt yuz baravarigacha, mansabdorlarga esa yuz baravaridan to‘rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga
sabab bo‘ladi5.

Mazkur kodeksning 1843-moddasiga ko‘ra milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash va tarqatish uchun jazo choralari qo‘llanadi6.

Jinoyat kodeksining 130-moddasida belgilanishicha, pornografik mahsulotni namoyish qilish yoki tarqatish maqsadida tayyorlash, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etish bilan jazolanadi7.

Mazkur kodeksning 1301-moddasida keltirilishicha, tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi8.

Bugungi kunda tezlik bilan hayotimizga kirib kelayotgan axborotlarni yaxshi-yomonga yoki to‘g‘ri-noto‘g‘riga ajratish juda murakkab bo‘lib bormoqda. Shuning uchun ham mazkur jarayonda barchaning ogohligini ta’minlash zaruriyati ham ortmoqda.

Fikrimizcha, muammoni bartaraf etishning nazariy va amaliy asoslarnini yaratish lozim.

Bolalarni zararli axborotdan himoya qilishda masalaning ikki tomoniga e’tibor qaratish zarur.

Birinchidan, bolalar axborot qabul qilish manbalaridagi axborotlarning beziyonligiga erishish, ya’ni, sog‘lom axborot muhitini yaratish.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:
– axborot muhitida yoshlarni zararli axborotdan himoyalash bo‘yicha yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish;
– axborot xavfsizligini ta’minlash uchun davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
– bolalarni zararli axborotdan himoyalashning ta’sirchan mexanizmini yaratish va ishga tushirish;
– bolalarni zararli axborotdan asrash borasida ijtimoiy sherikchilik tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish;

– O‘zbekistonda bolalar uchun zararli bo‘lgan saytlar, domenlar, tarmoqdagi elektron manzillar va veb-sahifalarning yagona reyestrini tuzish va ulardan foydalanishni bolalar yoshiga nisbatan differensial tarzda cheklash bo‘yicha nazoratni kuchaytirish;

– axborotning turi va mazmuniga ko‘ra mutanosib ravishda, psixolog, pedagog va boshqa zarur mutaxassislarning ilmiy xulosalariga tayangan holda bolalar yoshi nuqtayi nazaridan differensial yondashish hamda axborot e’lon qilishdan oldin shartli belgilarni namoyish qilish orqali (misol uchun, 0+, 6+, 12+, 16+, 18+) bolalarni zararli axborotdan himoya qilish mexanizmini takomillashtirish;

– mobil telefonlarga xizmat ko‘rsatadigan (musiqa, klip, videorolik va boshqa axborot yozdiradigan) joylar, internet kafelar va CD, DVD disklar bilan savdo qiladigan shoxobchalar
faoliyatini qattiq nazoratga olish va ularning javobgarligini oshirish;

– import qilinayotgan tovarlarning axborot xavfsizligi nuqtayi nazaridan sifatini tekshirish va bolalar uchun zararli bo‘lgan rasmlar, ramzlar, yozuvlarga ega tovarlar (kiyim-kechak, kanselyariya tovarlari, o’yinchoqlar va h.) importi va savdosini cheklash;

– axborot tarmoqlarida ishlovchi axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish;

– soha bo‘yicha ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilib, yangi taklif va mulohazalarga ega bo‘lish.

Ikkinchidan, bolalarda axborot immunitetini shakllantirish. Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolaning ongini faqat o‘rab-chirmab, “uni o‘qima, buni ko‘rma” deb bir tomonlama tarbiya berish, uning atrofini “temir devor” bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsadlarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Darhaqiqat, bolalarni zararli axborotdan asrash masalasiga biryoqlama qarash, ya’ni zararli axborotni cheklash orqali yechim izlash samarasiz hisoblanadi.

XX asrda insoniyatga yadro quroli katta xavf solgan bo‘lsa, axborot asri deb nom olgan XXI asrga kelib, ayrim g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan axborot xurujlari xalqlar, davlatlar, bir so‘z bilan aytganda bashariyatni tahlikaga solmoqda. Binobarin, “g‘oyaga qarshi g‘oya, mafkuraga qarshi mafkura, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmoq lozim” degan qoidaga
amal qilgan holda, asosiy e’tiborni yoshlarimizda o‘ziga xos mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratish zarur.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:
– mahallalarda ota-onalar va bolalar o‘rtasida zararli axborot, uning salbiy oqibatlari, undan himoyalanish usullari to‘g‘risida muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish;
– ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda zararli axborot to‘g‘risida aholini xabardor qilish;
– ta’lim muassalarida bolalarga axborotning zararli ta’siri va undan himoyalanish choralari o‘qitilishi;
– har bir shaxs ogoh bo‘lishi va o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega bo‘lishi;
– axborotdan ommaviy foydalanuvchilar malakasini oshirish lozim.

Nazariy jihatdan:
– ilmiy hamda ommabop adabiyotlar soni va sifatini oshirish;
– bolalarni zararli axborotdan asrashning qonuniy asoslarini mustahkamlash;
– bu sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish;
– xorij tajribasini o‘rganib, uning O‘zbekiston sharoitiga mos jihatlaridan foydalanish kerak.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, bolalar ruhiyati o‘ta nozik, axborotni to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya’ni uni idrok etmagan holda, tahlilsiz qabul qiladi. Shu bois bolalarni zararli axborotdan himoya qilishda davlat va jamiyat hamjihatlikda harakat qilmog‘i lozim.

Dilafruz KARIMOVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti,
yuridik fanlar doktori

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here