O‘zbekiston yuridik amaliyotida “Legal tech” zarurati

0
781

“Legal tech” haqida ma’lumotga ega bo‘lish va eshitish oddiy holga aylandi. Ushbu tushuncha nafaqat huquqiy sohada, balki dunyo aholisi orasida keng ommalashdi. “Legal tech” (inglizcha “huquqiy texnologiya”) – bu yuristlarning kasbiy faoliyatini tashkil etuvchi jarayonlarni soddalashtirish va optimallashtirish uchun maxsus ishlab chiqilgan turli xil platformalar, dasturlar, mahsulotlar va vositalar hisoblanadi.

Ya’ni, “Legal tech” yuridik xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirish yoki biznesni yuridik
qo‘llab-quvvatlash maqsadida texnologik yechimlarni namoyish etadi va yuridik xizmatlar sohasi imkoniyatlarini kengaytiradi.

2020-yil 5-oktabrda Prezidentning “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6079-farmoni imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekiston amaliyotida “Legal tech” texnologiyasini qo‘llash uchun huquqiy baza bo‘lib xizmat qiladi. Farmonga asosan o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish – “Legal tech” elektron axborot tizimini joriy etish belgilangan.

Shu bilan birga, 2020-yili huquqiy texnologiyalar va tizimlarni (Legal tech) ishlab chiqqan holda ilmiy va innovatsion tadqiqotlarni o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar “Legal tech” tizimining rivojlanishi uchun asos bo‘lishi maqsad qilingan. “Legal tech” elektron axborot tizimi kichik va o‘rta biznes vakillari, aholining kam ta’minlan gan qatlamlariga hamda boshqa tashkilotlarga yuristlar (advokat) ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni (arizalar, shartnomalar, tashkilotlarning ta’sis hujjatlari va h.) avtomatlashtirilgan (konstruktor) holda tayyorlash imkoniyatini yaratadi. Iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda fuqarolar yuristlar (advokatlar) ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni tayyorlashi uchun “Legal tech” elektron axborot tizimlari yaratilgan. Davlatimizda bunday tizimlarni yaratishimiz uchun birinchi navbatda fuqarolarimizning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish lozim.

So‘nggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash borasida sezilarli ishlar qilindi. Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklariga hurmatni shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar bor.

Har bir davlat qaysidir sohani rivojlantirish uchun o‘sha sohaga e’tiborni kuchaytirish, mablag‘ ajratish bilan birga, ushbu soha faoliyati uchun huquqiy asos ham yaratib olishi lozim.

Dunyoning rivojlangan davlatlari kelajakdagi amaliyot uchun ham huquqiy baza yaratish ishlarini olib borishadi. Chunki yuridik ishlov berilmasdan qolib ketgan har qanday soha salbiy huquqiy oqibatlarni keltiradi. Uni o‘nglash uchun esa juda ko‘p vaqt hamda mablag‘ talab etiladi.

Ushbu sohada strategik va taktik jihatdan yutish maqsadida 2020-yil 5-oktabrda O‘zbekiston Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 6079-farmoni imzolandi1. Farmonning ahamiyati shundaki, u bizni kelajak sari yetaklaydi va kelajakni ko‘rish uchun reja va loyihalar tuzishga majbur qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 5618-farmoni imzolandi2. Farmonga ko‘ra, quyidagilar jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalari etib belgilandi:

• aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmuni va mohiyatini izchil yetkazish tizimini shakllantirish, fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish – demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy g‘oyani mustahkamlash;

• jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda eng avvalo ta’lim-tarbiyaning tizimli va uzviy ravishda olib borilishiga alohida e’tibor qaratish, maktabgacha ta’lim tizimidan boshlab, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni chuqur singdirish, shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash g‘oyalarini keng targ‘ib qilish;

• yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab o‘rgatish;

• aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish, shuningdek, har bir fuqaroda davlat ramzlari bilan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirish orqali mamlakatga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirish;

• davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish;

• davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining manzilli huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish borasidagi hamkorligini mustahkamlash;

• jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga doir tadbirlarni tashkil etishda ijtimoiy sheriklik prinsiplaridan keng va unumli foydalanishni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish;

• ommaviy axborot vositalarining huquqiy axborot bilan ta’minlashdagi rolini oshirish, huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullaridan keng foydalanish, shu jumladan, veb-texnologiyalarni qo‘llashni kengaytirish;

• yuridik ta’limni takomillashtirish, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;

• jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini chuqur tadqiq etish.

Bu vazifalarning barchasi jamiyatning huquqiy ongi rivojlanishiga va huquqiy hayotiga bevosita ta’sir etadi. Shundan tushunish mumkinki, “Legal tech” sohasini fuqarolarimiz yaxshi tushunishi uchun ularning huquqiy ongi rivojlangan bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, “Legal tech” sohasi ham fuqarolarimizning huquqiy ongi va madaniyati rivojlanishiga hissasini qo‘shadi.

Ommaviy axborot vositalarining huquqiy axborot bilan ta’minlashdagi rolini oshirish, huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullaridan keng foydalanish, shu jumladan, veb-texnologiyalarni qo‘llashni kengaytirish vazifalari “Legal tech” sohasi bilan chambarchas bog‘liq.

“Legal tech” deganda fuqarolar uchun zarur bo‘lgan yuridik xizmatlarni tushunib qolamiz. Ammo “Legal tech” kengroq tushuncha hisoblanadi. “Legal tech” deganda huquqiy sohada texnologiyalarni qo‘llashni tushunishimiz lozim.

Fuqarolar va davlat o‘rtasidagi har qanday munosabat huquqiy tusga kiradi va huquqiy oqibatni keltirib chiqaradi. Demak, biz davlat va fuqarolar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarga texnologiyalarni qo‘llasak, ushbu munosabatlarni biz “Legal tech” deb atay olamiz. Bunga misol tarzida huquq va davlatchiligimiz sohasiga yangi kirgan “Elektron hukumat” tushunchasini keltirishimiz mumkin.

O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” gi 4947-farmoniga muvofiq 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlangan edi. Harakatlar strategiyasi beshta yo‘nalishining birinchisi hisoblangan “davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish” yo‘nalishida “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Elektron hukumat – davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi hisoblanadi. Elektron hukumat tizimini yo‘lga qo‘yish va unga huquqiy asos yaratish maqsadida 2015-yil 9-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida” gi 395-qonuni qabul qilindi.

Ushbu qonun davlat boshqaruvi va huquq sohasini raqamlashtirish uchun muhim asos bo‘ldi. Qonunga ko‘ra elektron hukumatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish;

• ariza beruvchilar uchun mamlakatning butun hududida davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarni elektron hukumat doirasida amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlar yaratish;

• o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida davlat organlarining ma’lumotlar bazalarini, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini va Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrini shakllantirish;

• aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining o‘zaro hamkorligi va ularning ma’lumotlar bazalari o‘rtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida “bir darcha” prinsipini joriy etish;

• tadbirkorlik subyektlarini elektron hujjat aylanishidan foydalanishga, shu jumladan statistika hisobotini taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar berish jarayonlarida, shuningdek davlat organlaridan axborot olish jarayonlarida elektron hujjat aylanishidan foydalanishga o‘tkazish;

• tadbirkorlik subyektlarining elektron tijorat, internet jahon axborot tarmog‘i orqali mahsulotni sotish va xaridlarni amalga oshirish tizimlaridan foydalanishini, shuningdek, kommunal xizmatlarni hisobga olishning, nazorat qilishning va ular uchun haq to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni kengaytirish;

• naqd bo‘lmagan elektron to‘lovlar, davlat xaridlarini amalga oshirish, masofadan foydalanish tizimlarini va bank-moliya sohasidagi faoliyatning boshqa elektron shakllarini rivojlantirish.

Yuqorida sanab o‘tilgan vazifalardan maqsad jismoniy va yuridik shaxslarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish bilan birga, ularga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining sifatini oshirish hamda internet orqali arizalarga tez javoblar berish, shu orqali fuqarolarni sarson qilmaslikka erishish bo‘lib turibdi. Ushbu harakatlar nafaqat fuqarolarga, balki davlatning o‘zi ham ortiqcha xarajat qilishining oldini oladi. Ammo ushbu vazifalarning barchasi ham haligacha to‘liq amalga oshirilganicha yo‘q. Bunga har xil moddiy sabablar bor. “Elektron hukumat”ni shakllantirishga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatadi:

birinchidan, davlat sektorining aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish imkoniyatini beruvchi AKT infratuzilmasini yo‘lga qo‘yish salohiyati yoki qobiliyati, ya’ni hokimiyatning elektron institutlarini yaratishga tayyorligi;

ikkinchidan, tayyor turish hokimiyat institutlarining aholini axborot bilan ta’minlash va axborot savodxonligini (yoki qoniqish darajasini) oshirishga yo‘naltirilgan harakatlari mavjudligini anglatadi.

“Elektron hukumat” tushunchasi bilan “elektron hisobot berish” tushunchasi bir-birini to‘ldirib turadi. Hozir ushbu tushuncha juda ham ommalashib bormoqda.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida3 ko‘rsatilgan ma’lumotlar va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyuldagi “Elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 444-qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati yuzasidan jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, ularning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, hokimliklar 2020-yil 1-sentabrdan boshlab yarim yillik va yillik faoliyati yuzasidan jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibi joriy etildi.

Yana bir muhim jihat: hisobot jamoatchilikka tushunarli shaklda, oddiy va ravon tilda taqdim etilishi lozim. Shuningdek, ularni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi shart.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra hisobot uch bosqichda tashkil etiladi:

1-bosqich – hisobot yakunlangan kundan e’tiboran 10 kun muddatda davlat organi va tashkilotning internetdagi rasmiy veb-saytida, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda, mobil messenjerlardagi rasmiy sahifalarida joylashtiradi.

2-bosqich – hisobot haqidagi xabarnoma markaziy (hududiy) bosma ommaviy axborot vositalarida va davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda tadbir rejalashtirilayotgan kundan kamida 10 kun oldin e’lon qilinadi.

3-bosqich – hisobot yakunlangan kundan e’tiboran 30 kun muddatda rasmiy veb-saytda hamda ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar orqali brifing, matbuot konferensiyalarining onlayn translyatsiyalari tashkil etiladi va uning natijalari tahlil qilinadi.

Bu bosqichlarning barchasi davlat boshqaruvining ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi. Jamiyatning davlat boshqaruvi bilan yaqindan tanishishiga va savollariga javob topishiga yordam beradi.

Furqat TOJIYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti izlanuvchisi

 

 

1 https://lex.uz/docs/5030957?ONDATE=12.08.2021&ONDATE2=02.04.2021&action=compare.

2. https://nrm.uz/contentf?doc=574581_o%E2%80%98zbekiston_respublikasi_prezidentining_09_01_2019_y_pf-5618-son_jamiyatda_huquqiy_ong_va_huquqiy_madaniyatni_yuksaltirish_tizimini_tubdan_takomillashtirish_to%E2%80%98g%E2%80%98risidagi_farmoni&products=1_vse_zakonodatelstvo_
uzbekistana.

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here