Har qanday oila muammoli vaziyatlarga duch kelishi mumkin. Ularni hal qilish esa qarama-qarshi individual ehtiyojlar, motivlar va manfaatlar sharoitida amalga oshiriladi.
Oilaviy munosabatlarda oilaviy nizolar asosiy rol o‘ynaydi. Bunda quyidagi qator omillar oilaviy nizolarning paydo bo‘lishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda: ko‘p oilalar moddiy ahvolining yomonlashishi; er-xotinning birining (yoki ikkalasining) ish joyida ortiqcha ish bilan ta’minlanishi; turmush o‘rtoqlardan birini normal ish bilan ta’minlashning iloji yo‘qligi; uzoq vaqt davomida uy-joyning yo‘qligi; bolalarni uyushtirish uchun imkoniyatning yo‘qligi va boshqalar.
Ko‘pchilik uchun ajralish – dushmanlikdan, yoqtirmaslikdan, aldashdan va umuman ular hayotini izdan chiqargan narsalardan xalos qiladi. Albatta, buning ham salbiy oqibatlari bor. Ajralishda eng zaif tomon odatda bolalari bo‘lgan ayoldir.
U ko‘proq asab-psixiatrik kasalliklarga moyil shaxs hisoblanadi. Oilaviy nizolarga olib keluvchi sabablarga quyidagilarni kiritish mumkin.
Jumladan:
– oilaviy hayot bo‘yicha qarashlarning turlicha ekani;
– zino;
– turmush o‘rtoqlarning xudbinligi;
– bir-biriga nisbatan hurmatsizlik;
– qondirilmagan ehtiyojlar;
– bola tarbiyasida yoki hayotni boshqarishda ota, ba’zida onaning ishtirok etmasligi.
Oilaviy nizolarni hal etishda ko‘pgina samarasiz usullar mavjud bo‘lib, ulardan foydalanish nafaqat vaqtni, balki munosabatlarni yanada murakkablashtirib, mojaroni kuchaytirishi mumkin. Bunda muammolardan qochmaslik, ularni hal etishning eng maqbul usullaridan foydalanish kerak. Muammoni hal qilishda konstruktiv va xotirjamlik juda muhim. Bunda g‘alaba qozonish yoki yutqazish emas, balki yechimga olib boruvchi zamonaviy yo‘llarni izlash kerak va ushbu jarayonda zamonaviy mediatsiya usuli muhim ahamiyat kasb etadi.
Oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar mediatsiya predmeti bo‘lishini inobatga olgan holda, aytish mumkinki, nikoh shartnomasi, voyaga yetmagan bolalarni ta’minlash bo‘icha aliment munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar va nikohdan ajratishda qo‘llanilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 40-moddasi 2-qismiga asosan nikohni sud tartibida ajratishda sud ishni ko’rishni keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Bu holda er-xotin yarashuviga meidatsiya jarayoni orqali erishish mumkin. Aliment munosabatlarida mediatsiya aliment to‘lashi kerak bo’lgan shaxs bilan aliment oluvchi o‘rtasida tuziladigan aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvga erishishga yordamlashuvchi vosita sifatida xizmat qiladi. Shu bilan birga, voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvga binoan to‘lanadigan alimentning miqdori sud tartibida undiriladigan aliment miqdoridan kam bo’lmasligi kerak.
Shu o‘rinda mediatsya u haqda qanday tushunchalar mavjud ekani haqida to’xtalsak. Mediatsiya (lotincha “mediatio” – “o‘rtadagi vositachilik” so‘zidan olingan) betaraf va xolis uchinchi tomon (mediator) yordamida nizolarni hal etish uslubi sanaladi. Mediatsiya turli nizolarni sudga murojaat qilmay yoki ish sudda bo‘lsa, sud qarori qabul qilingunga qadar hal etishni maqsad qiladi. Mediatsiya ixtiyoriylik, tomonlarning teng huquqliligi, mediatorning mustaqil va xolisligi, ushbu jarayonga o‘zga shaxslar aralashuvining bo‘lmasligi, maxfiylik, iroda erkinligi kabi prinsiplar asosida o‘tkazilishi talab etiladi.
Mediatsiya nizolarni xolis, manfaatdor bo‘lmagan uchinchi tomon, ya’ni muayyan kelishuvga erishishga yordam beradigan mediator ishtirokida hal etishning muqobil shakllaridan biri hisoblanadi. Mediatsiya usullari, asosan muzokaralarni hamkorlik yo‘liga burib yuborish, o‘zaro manfaatli natijaga yo‘naltirishga tayanadi. Mediator esa tomonlarga bir-birining nuqtayi nazari va qarashlarini tushunishga ko‘maklashish bilan birga, muammoning samarali yechimini izlaydi. Jamiyat rivojining zamonaviy bosqichida oilaviy nizolar shaxsiy hayotga aralashmaslik, betaraflik, maxfiylik huquqiga rioya qilgan holda hal etilishi lozim. Mediatsiya amaliyoti oilaviy nizo va kelishmovchiliklarni hal etishning yangi va muqobil usuli sifatida tatbiq etilishi zarur. Bunda 2018-yil 3-iyulda qabul qilingan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga asosan ish ko‘riladi.
Mazkur qonun fuqarolik, mehnat, oilaviy-huquqiy, iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarda mediatsiyani qo’llash bilan bog‘liq munosabatlarga tadbiq etiladi. Mediator taraflarga nizoni umumiy tushunishni ishlab chiqish va nizoni hal qilish yo‘nalishida harakat qiladi. Mediatsiyaning turli xil yondashuv (uslub)lari mavjud: baholovchi, tezlashtiruvchi va o‘zgartiruvchi.
Baholovchi yondashuv sudga murojaat qilganda har bir tarafning kuchli va kuchsiz dalillarini baholashni nazarda tutadi. Holbuki, tezlashtiruvchi va o‘zgartiruvchi yondashuvlar buni nazarda tutmaydi.
Vositachilik ham, mediatsiya ham nizoli masalalarni bildirish hamda nizo ishtirokchilari uchun maqbul keladigan kelishuv variantlarini ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Yuqorida sanab o‘tilgan nizolarning hammasida ham mediativ kelishuvga erishilmasligi mumkin. Chunki mentalitetimizga singib ketgan ba’zi tushunchalar borki, buni hech narsa bilan oqlab bo’lmaydi.
Bunga oiladagi tomonlardan birining xiyonatini misol qilish mumkin. O‘zbek oilalarida asosan ko‘pchilik yashashi barchamizga ma’lum. Bu o‘rinda ba’zi muammolarning kelib chiqishida uchinchi shaxs aralashuvini ham ko‘rishimiz mumkin. Shunday hollarda nizoning predmatidan kelib chiqqan holda va taraflar xohishiga ko‘ra, bevosita nizoga daxldor shaxs sifatida uchinchi shaxs ham ishtirok etishi mumkin. Bundan asosiy maqsad – taraflarning mediativ kelishuvga erishishi va nizoning kelib chiqishi mumkin bo‘lgan natijasini to‘liq anglab, tushunishlarning har bir taraf uchun ahamiyatini ochib berishdan iborat.
O‘tmishga nazar solsak, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yarashtiruv komissiyasi tarkibida mahalladagi ko‘pni ko‘rgan, hayotiy tajribasi katta onaxonu otaxonlar ishtirok etishgan. Shu o‘rinda, bugungi kunda yarashtiruv komissiyasi tarkibida professional mediatorlarning ham bo‘lishi ayniqsa oilaviy nizolarni hal etishda juda muhim va bu ko‘zlangan natijaga erishishda samarali xizmat qiladi.
Chunki bugungi kundagi oilaviy nizolarning asosiy ishtirokchilari bo‘lmish ikkala tarafning zamonga mos shakllangan dunyoqarashi va tushunchasidan kelib chiqqan holda ish tutish, harakat qilish kerak.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, yarashtiruv komissiyalari faoliyatida mediatsiya usuli Germaniya, Bolgariya, Ukraniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Janubiy Koreyada keng targ‘ib etib kelinmoqda. Bunda nafaqat oilaviy nizolar, balki iqtisodiy, fuqarolik va mehnat munosabatlari yuzasidan vujudga keladigan nizo va kelishmovchiliklarni hal etishda ko‘zlangan natijalarga erishilmoqda.
Bugungi tezkor zamonda yashayotgan, fikrlashi, harakati, o‘zini tutishi ham zamonga mos yoshlarga o‘xshab ish tuta oladigan subyekt, ya’ni professional mediatorning ham borligi faqat taraflarning foydasiga xizmat qiladi.
Charos G‘ANIYEVA,
Shayxontohur tuman yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti