Nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini isloh qilish zarurati

0
512

Sudgacha ma’muriy adliya – ma’muriy shikoyatlarni sudgacha ko‘rib chiqish tizimi hisoblanadi. Ma’lumki, ommaviy-huquqiy nizolar ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi va hal etiladi. Biroq ma’muriy sudga ariza berishdan oldin ma’muriy tartibda nizolarni hal qilish imkoniyatlaridan foydalanish fuqarolar uchun kamxarajat taomil hisoblanadi.

Ommaviy-huquqiy nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish tizimi ma’muriy sudlarga berilayotgan arizalar sonining kamayishiga, davlat va fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan protsessual harakatlarning iqtisod qilinishiga olib keladi. Shu bilan birga, sudgacha ma’muriy adliya tizimi davlat organlarining o‘z hududiy tarkibiy bo‘linmalari faoliyati ustidan tizimli nazorat o‘rnatishi va buning oqibatida davlat boshqaruvi sifati oshishiga xizmat qilishi mumkin.

Ommaviy-huquqiy nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish yuqori turuvchi ma’muriy organga ma’muriy shikoyatni berish asosida ko‘rib chiqiladi.

Yuqori turuvchi ma’muriy organ bo‘ysunuv bo‘yicha yuqori turuvchi davlat organi yoki ma’muriy adliya sohasida maxsus vakolatga ega bo‘lgan alohida organ bo‘lishi mumkin. Rivojlangan huquqiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ma’muriy shikoyatlarning asosiy qismini sudgacha samarali hal qilish imkoni bor zarur. Biroq o‘tkazilgan o‘rganishlar mamlakatimizda ma’muriy shikoyat qilish imkoniyatlari deyarli ishlatilmay qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Buning asosiy sababi aholining ma’muriy organlarga shikoyat qilish samara berishiga ishonchsizligi hisoblanadi. Bugun ma’muriy qarordan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori turuvchi ma’muriy organga shikoyat qilish zarurligi hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Yuqori turuvchi ma’muriy organ esa nizoni xolis va “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ko‘rib chiqishiga ham asoslarimiz yetarli emas.

Shuning uchun fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy sudlarga yoki davlat boshqaruvida qonuniylikni ta’minlashni nazorat qiladigan organlarga yoxud Xalq qabulxonalariga murojaat qilishni afzal ko‘rishadi.

Ushbu holat yuzaga kelishining quyidagi sabablarini sanab o‘tish mumkin:

birinchidan, ma’muriy organlarda idoraviy rahbarning siyosatiga qaram bo‘lmagan, ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqadigan alohida mustaqil tuzilma mavjud emas. Bugungi kunda o‘z rahbariyati ko‘rsatmasidan chetga chiqib, ma’muriy shikoyat bo‘yicha idoraviy manfaatiga zid keladigan qaror qabul qila oladigan mansabdor shaxs yoki kollegial organning mavjud bo‘lishini tasavvur qilish qiyin;

ikkinchidan, ma’muriy organlar “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunni, xususan, qonunning 5-bobi bilan belgilangan ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibotini qo‘llamasdan kelmoqda. Buning o‘rniga ma’muriy organlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun asosida shikoyatlarni ko‘rib chiqmoqda va buning natijasida manfaatdor shaxslarning ma’muriy tartib-taomillar bilan o‘rnatilgan huquqlari ta’minlanmay qolmoqda;

uchinchidan, ma’muriy organlarda ma’muriy tartib-taomillar asosida shikoyatlarni ko‘rib chiqadigan malakali mutaxassislar mavjud emas.

Albatta, ma’muriy shikoyat qilishning samara berishiga ishonmaslik kecha paydo bo‘lmagan.

Uning ildizlari sobiq ittifoq davriga borib taqaladi. Ma’lumki, sovetlar davrida ham ma’muriy shikoyat qilish fuqaroni idoraviy byurokratizmdan himoya qila olmagan. Ko‘rib chiqilayotgan muammolar tarixiy ekanini inobatga olib, O‘zbekistonda sudgacha ma’muriy adliya institutini isloh qilishga tizimli yondashish lozim.

2017-yilda xalq bilan muloqot qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joylarda Xalq qabulxonalari, internet tarmog‘i va ishonch telefoni orqali murojaatlarni qabul qiladigan Prezidentning virtual qabulxonalari ochildi. Ularga millionlab shikoyatlarning yopirilib tushishi mamlakat huquqiy tizimida fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qiluvchi mexanizmlarning, xususan, samarali ma’muriy adliyaning mavjud emasligini ko‘rsatib berdi.

Davlat organlariga murojaat qilish huquqi barcha zamonaviy huquqiy davlatlarda mavjud. Lekin ularda fuqarolar o‘zlarining siyosiy yetakchilarini murojaatlar bilan ko‘mib tashlamaydi. Chunki ommaviy-huquqiy nizolar ma’muriy adliya institutlari orqali yetarlicha va samarali hal qilinadi. Bizda Prezident qabulxonalarining ochilishi ma’muriy shikoyat qilish institutini siqib chiqardi. Buning sababi tushunarli: xalqning Prezidentga, uning konstitutsion huquqlar kafolati ekaniga ishonch ma’muriy organlarga bo‘lgan ishonchdan taqqoslab bo‘lmas darajada yuqoridir. Bundan tashqari, byurokratiya mantig‘i bo‘yicha davlat xizmatchisiga “yuqoridan” tushirilgan topshiriq “pastdan” berilgan shikoyatdan ko‘ra doim yaxshiroq ta’sir qilgan. Shundan kelib chiqib, ma’muriy tartibda shikoyat qilish huquqidan ko‘ra murojaat qilish huquqi ommalashdi.

Xo‘sh, yillar, balki asrlar osha shakllanib qolgan xalqimizdagi davlat organlariga qilgan shikoyatlari samarasiz bo‘lishi va muammolarning adolatli yechimini sudgacha hal etib bo‘lmasligi haqidagi “qadriyat”larni qanday keskin islohot bilan “chippakka chiqarish” va haqiqatda samara beradigan ma’muriy adliya tizimini yaratish mumkin? Albatta, bu oson bo‘lmaydi. Biroq mavjud imkoniyatlar, xalqning ishonchi va davlat organlarining mas’uliyatini ushlab turadigan mexanizm – mamlakat Prezidenti huzurida faoliyat olib boradigan, ma’muriy shikoyatlarni sudgacha ko‘rib chiqish bo‘yicha alohida vakolatli organni ta’sis etish bu boradagi eng maqbul yechimlardan biridir.

O‘zbekiston va Fransiyaning huquqiy tizimi va davlat boshqaruvi sohasidagi o‘xshashlikni inobatga olgan holda ushbu islohotda fransuz modelidan asos sifatida foydalanish taklif etiladi.

Ma’muriy adliya sohasida Fransiya tajribasi Fransiyada ma’muriy adliya funksiyalarini Davlat kengashi va uning tarkibiy tuzilmalari hisoblanadigan ma’muriy tribunallar va apellyatsiya sudlari amalga oshirishadi. Davlat kengashi 1799-yilda Napoleon Bonapart tomonidan davlat rahbariga ekspert-konsultativ vazifalarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan. 1872-yilda u ma’muriy adliya sohasida yuqori organ sifatida belgilandi.

Bugungi kunda Fransiya ma’muriy adliya tizimi 42 ta ma’muriy tribunal, 8 ta apellyatsiya sudi va Davlat kengashidan iborat. Davlat kengashida 600 nafar davlat xizmatchisi faoliyat yuritadi. Ular ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqish bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqadi va natijasi bo‘yicha ekspert xulosalarini taqdim qiladi.

Quyi tuzilma hisoblanadigan ma’muriy tribunallar ham shikoyatlarni ko‘rib chiqishdan tashqari mahalliy davlat organlariga maslahatlar berib borish vakolatiga ega. Apellyatsiya sudlari 1987-yilda Davlat kengashi faoliyatini yengillashtirish maqsadida tuzilgan. Ular ma’muriy tribunallar qabul qilgan qarorlar ustidan beriladigan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.

Fransiya Davlat kengashi qonunosti hujjatlari ustidan berilgan shikoyatlarni ham ko‘rib chiqish vakolatiga ega.

Fransiyada dastavval ma’muriy organning o‘ziga shikoyat qilish talabi ba’zi sohalarga nisbatan majburiy qilib belgilangan. Bular soliq ma’murchiligi, harbiy xizmatni o‘tash, ommaviy ma’lumotlarni olish, nogironlikni belgilash sohalari hisoblanadi.

O‘zbekistonda ma’muriy adliya sohasini rivojlantirish istiqboli Fransiya Davlat kengashi va ma’muriy tribunallari andozasi asosida O‘zbekistonda Prezident huzurida faoliyat yuritadigan Ma’muriy kengash va uning hududiy tarkibiy tuzilmalarini tuzish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Ushbu organ ma’muriy organlar tomonidan qabul qilinadigan ma’muriy aktlar, sodir etiladigan ma’muriy harakat yoki harakatsizlikdan norozi bo‘lib beriladigan shikoyatlarni “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”­ gi qonunning 5-bobiga asosan ko‘rib chiqadi.

Ma’muriy kengash va uning hududiy tarkibiy tuzilmalariga ularning imkoniyatlaridan ortiq ravishda shikoyatlar kelib tushishining oldini olish maqsadida ma’muriy shikoyatni dastlab ma’muriy organning o‘ziga topshirish va uni ko‘rib chiqish natijasidan norozi bo‘lganda Prezident huzuridagi Ma’muriy kengashga shikoyat qilish mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Bunda Ma’muriy kengash yoki uning hududiy organi tomonidan qabul qilingan qaror ma’muriy organ uchun yakuniy (shikoyat qilinmaydigan), fuqaro yoki tadbirkorlik subyekti uchun esa yakuniy bo‘lmagan xarakterda bo‘ladi hamda Ma’muriy kengash qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda ma’muriy sudlarga murojaat qilish huquqi saqlab qolinadi.

Ma’muriy kengash yoki uning hududiy organi ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha quyidagi qarorlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘lishi lozim:

– shikoyat qilingan ma’muriy aktni bekor qilish yoki unga o‘zgartirish kiritish;

– ma’muriy organga tegishli ma’muriy aktni qabul qilish (tegishli harakatlarni amalga oshirish) yoki qabul qilmaslik (tegishli harakatlarni amalga oshirmaslik) majburiyatini yuklash;

– ma’muriy aktni haqiqiy emas deb topish;

– ma’muriy akt yoki ma’muriy harakatni noqoniy deb topish va yetkazilgan zarar uchun tovon tayinlash.

Prezident huzurida faoliyat yuritadigan sudgacha ma’muriy adliya organi tegishli vakolatga ega bo‘lgan ma’muriy organ o‘rniga yangi ma’muriy akt qabul qilmasligi kerak.

Taklif qilinayotgan islohotning yana bir muhim jihati shundaki, bu sudgacha ma’muriy adliya tizimining Xalq qabulxonalari bilan uyg‘unlashuvidir. Xalq qabulxonalari bugungi kunda barcha murojaatlarni qabul qilmoqda. Ularning ichida shaxsiy masalalar aks etgan, sudga murojaat qilinishi kerak bo‘lgan holatlar va ma’muriy shikoyat xarakteridagi murojaatlar bor. Bunda ma’muriy shikoyat xarakteridagi murojaat kelib tushganda uning Ma’muriy kengashga yoki uning hududiy bo‘linmasiga yuborilishi ta’minlanadi va shikoyat tegishliligi bo‘yicha hal etiladi. Shunday qilib, Xalq qabulxonalari ma’muriy shikoyatlarni qabul qiladigan “bir darcha” yoxud Ma’muriy kengashga shikoyatlarni qabul qiladigan front-ofis vazifasini ham bajaradi.

Ma’muriy sudlarga shikoyat qilish huquqini saqlab qolgan holda manfaatdor shaxslarga quyidagi ikki xil yo‘ldan birini tanlash orqali o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatini berish taklif etiladi:

 

Igor SAY,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
Xalqaro-huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquq
markazi direktori o‘rinbosari.
Javohir KULIZODA,
Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here