Odam o‘g‘irlash jinoyatining boshqa o‘xshash tarkibli jinoyatlardan farqli jihatlari

0
1118

Shaxsning ozodligiga qarshi jinoyatlar bir-biridan asosan qilmishning obyektiv tomoni belgilariga ko‘ra farqlanadi. Zoʼrlik ishlatib gʼayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish normalar raqobati sifatida odam oʼgʼirlash jinoyatining tarkibi bilan oʼzaro nisbatga kirishadi. Tergov va sud amaliyoti har o‘n holatdan yettitasida zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish va odam o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyatlar kvalifikatsiya qilish, ularni bir-biridan farqlashda muammo yuzaga kelishini ko‘rsatadi.

Odam o‘g‘irlash (O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 137-moddasi) qilmishda shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish alomatlari mavjud emasligi orqali (ya’ni, nomuayyan belgi orqali) ta’riflanadi.

Odam o‘g‘irlash har doim jabrlanuvchini tutqunlikka olish, bir joydan boshqa joyga ko‘chirish va uni shu yerda ushlab turishdan iborat bo‘lgan murakkab harakat. Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish esa faqat insonni uning xohish-irodasiga zid ravishda ushlab turish va shu tariqa uning harakatlanish hamda bo‘lish joyini tanlash erkinligini cheklashdan iborat.

V. Puchnin jabrlanuvchi o‘zini keyinchalik ushlab turishgan joyga o‘zi kelgan hollarni ham odam o‘g‘irlash deb hisoblaydi1. O‘z fikrini isbotlash uchun u sud amaliyotidan olingan va o‘zi odam o‘g‘irlash sifatida tavsiflagan quyidagi misolni keltiradi: “1997-yil 25-fevral kuni kechqurun P. o‘z uyida bo‘la turib, mehmonga kelgan L. olgan qarzini qaytarmoqchi emas degan xayolga boradi. Qo‘rqitish maqsadida, P. zo‘rlik ishlatib L.ni o‘z uyining yerto‘lasiga qamab qo‘yadi. Bu yerda L. 12 soat bo‘ladi va so‘ng uyda hamma uxlayotganidan foydalanib, o‘zi topgan teshik orqali yerto‘lani tark etadi”.

Biz muallifning fikriga qo‘shila olmaymiz. Keltirilgan vaziyat faqat zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish sifatida qaralishi mumkin. Jabrlanuvchi aybdorning uyiga ixtiyoriy ravishda kelgan va aybdorda jabrlanuvchini ushlab turish niyati u kelganidan keyingina paydo bo‘lgan. Aybdor shaxsni o‘g‘irlash maqsadida uni o‘z uyiga aldov yo‘li bilan olib kelgan va bu yerda uni ushlab turganda mazkur harakatlar odam o‘g‘irlash sifatida baholanishi mumkin edi. Bir so‘z bilan aytganda, odam o‘g‘irlash o‘z obyektiv belgilariga ko‘ra kengroq tushuncha. Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishning asosiy mazmunini belgilovchi ushlab turish ham odam o‘g‘irlash deb atalgan murakkab harakatning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Odam o‘g‘irlash har doim faol harakatlar yo‘li bilan amalga oshiriladi. Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish esa harakatsizlik yo‘li bilan amalga oshirilishi ham mumkin. Harakatsizlik mustaqil harakatlana olmaydigan odamga nogironlar kajavasini bermaslikda yoki jabrlanuvchini ilgari uning roziligi bilan berkitib qo‘yilgan xonada ushlab turishda, shuningdek uni ozod qilish borasidagi harakatlarni bajarishdan bosh tortishda ifodalanishi mumkin2.

Odam o‘g‘irlashga u keyinchalik ushlab turiladigan joyning yashirin xususiyati xos. Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishda mazkur joyning “yashirinligi” hech qanday ahamiyatga ega emas. Har qanday makon, xona (aksariyat hollarda jabrlanuvchi yoki aybdorning doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi, ish joyi va h.) jabrlanuvchini ushlab turish joyi bo‘lishi mumkin. Demak, odam o‘g‘irlashda bo‘lganidek, zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishda ham shaxs zo‘rlik ishlatib ozodlikdan mahrum qilinadi va u ushlab turilgan joy oshkor etilmaydi, uning yaqinlari yoki qarindoshlariga qaratilgan tovon puli to‘lash talabi, agar u qo‘yilgudek bo‘lsa, boshqa fuqarolardan, ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlaridan sir tutiladi3.

Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish va odam o‘g‘irlash jinoyatlari o‘rtasidagi farq ularning subyekti sanalgan shaxsning yoshi bilan ham belgilanadi – tegishli ravishda 16 yosh va 14 yosh.

Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish va odam o‘g‘irlash uchun javobgarlik nazarda tutilgan normalar o‘rtasidagi farq ularni sodir etgan shaxslarga qo‘llaniladigan jazo choralarida ham namoyon bo‘ladi.

Masalan, O‘zbekiston JK 138-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jazo chorasi – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, JK 137-moddasining birinchi qismi bo‘yicha tayinlanishi mumkin bo‘lgan jazo esa – uch yildan besh
yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir.

Javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lgan holda tayinlanishi mumkin bo‘lgan jazo – JK 138-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va JK 137-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan. Odam o‘g‘irlash jinoyatidan farqli o‘laroq, zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishda javobgarlikni og‘irlashtiruvchi alohida holatlar nazarda tutilmagan.

Ko‘rsatilgan jazo muddatlari mazkur jinoyat tarkiblari ko‘p jihatdan o‘xshash ekaniga qaramay, ular ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra bir-biridan sezilarli darajada farq qilishidan va, binobarin, og‘irlik darajasi turlicha bo‘lgan jinoyatlar qatoriga kirishidan dalolat beradi.

Odam o‘g‘irlash va odam savdosi ba’zi bir umumiy belgilarga ega. Bular insonni tutqunlikka olish va uni o‘zi ko‘nikkan mikromuhitdan ajratish. Ammo odam o‘g‘irlashda jabrlanuvchiga yoki uning yaqinlariga bajarilishi o‘g‘irlangan odamni ozod qilishning muqarrar sharti hisoblanadigan muayyan talablar qo‘yish mazkur jinoyatning zaruriy bosqichi hisoblanadi.

Odam savdosida jabrlanuvchi mohiyat e’tibori bilan fuqarolik-huquqiy bitimining predmetiga
aylanadi, sotib oluvchiga hech bir shartlarsiz (haq to‘lashdan tashqari) va nomuayyan muddatga topshiriladi. Odam o‘g‘irlash ham, odam savdosi ham muayyan naf ko‘rish maqsadida sodir etiladi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, bu odam o‘g‘irlovchi va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi uchun moddiy xususiyatga ega bo‘lgan va boshqa, shu jumladan nomoddiy xususiyatga ega bo‘lgan naf (masalan, foydalanish uchun).

Shunday qilib, odam o‘g‘irlash va odam savdosi jinoyatlari bir-biridan obyektiv tomon belgilariga ko‘ra, shuningdek subyektlarning harakatlarini belgilovchi motivlar va maqsadlarga ko‘ra farqlanadi. Bu harakatlar jabrlanuvchi uchun kelib chiqadigan oqibatlarga va aybdor ko‘zlagan maqsadlarga ko‘ra ham farq qiladi. Jabrlanuvchini tutqunlikka olishni oldi-sotdi bitimining ishtirokchilaridan bittasi – sotuvchi amalga oshiradi, bitim “predmeti”ni ham u tasarruf etadi. Sotib oluvchi esa faqat “tovar”ni oladi, uni tutqunlikka olish borasidagi dastlabki harakatlarni amalga oshirmaydi.

G‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda sodir etilgan odam o‘g‘irlash (JK 137-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi) va ayni shu motivga ko‘ra sodir etilgan shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish (JKning 245-moddasi) uchun javobgarlik nazarda tutilgan normalarning mavjud raqobati mazkur jinoyat tarkiblarini farqlashning aniq mezonlarini belgilashni talab etadi.

Ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish odam o‘g‘irlashga tenglashtiriladi. Mazkur jinoyatlarning asosiy tarkiblari qonun chiqaruvchi tomonidan og‘ir jinoyatlar qatoriga, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan tarkiblar (JK 137-moddasining ikkinchi qismi va 245-moddaning ikkinchi qismi) esa – o‘ta og‘ir jinoiy qilmishlar qatoriga kiritilgan. Ammo bu jinoyatlar, ba’zi bir obyektiv va subyektiv belgilari o‘rtasida ma’lum darajada o‘xshashlik mavjudligiga qaramay, bir xil hisoblanmaydi va huquqni qo‘llovchi bir qator hollarda mazkur jinoyatlarni farqlash masalasini yechishda qiyinchiliklarga duch keladi. Ayni hol ma’lum darajada shu bilan belgilanadiki, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish aksariyat olimlar tomonidan odam o‘g‘irlash va g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishning tur xili sifatida qaraladi4.

Ko‘pgina huquqshunoslar fikriga ko‘ra, odam o‘g‘irlash va shaxsni garov sifatida tutqunlikka
olishni bir-biridan farqlash imkonini beruvchi asosiy belgi birinchi jinoyatda uchinchi shaxslarga ular muayyan talablarni bajarishlari uchun tazyiq o‘tkazish maqsadining yo‘qligi hisoblanadi5.

N. Martinenkoning fikricha, “odam o‘g‘irlash jinoyatining tarkibini o‘xshash tarkibli jinoyatlardan farqlash imkonini beruvchi belgilarga quyidagilar kiradi: a) qoida tariqasida, oldinma-ketin bajariladigan uch harakat: tutqunlikka olish, bir joydan boshqa joyga ko‘chirish va o‘g‘irlangan odamni ushlab turishning mavjudligi; b) o‘g‘irlangan odam ushlab turilgan joyning yashirinligi; v) o‘g‘irlangan odam va uni o‘g‘irlovchi shaxslar o‘rtasida yaqin qarindoshlik munosabatlarining yo‘qligi; g) talablar qo‘yilayotgan shaxslar doirasining cheklanganligi (o‘g‘irlangan odamning o‘zi, uning yaqin qarindoshlari, do‘stlari, hamkasblari)”6.

Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi: ko‘rsatilgan belgilar odam o‘g‘irlash va shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish jinoyatlarini bir-biridan aniq farqlash uchun qay darajada yetarli?

Yuqorida aytib o‘tilganidek, qonun chiqaruvchi odam o‘g‘irlash jinoyatini “Shaxsning ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan VI bobga joylashtirgan. Ayni holda shaxsning ozodligi tajovuzning asosiy obyekti hisoblanadi. Shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishga qonun chiqaruvchi garov sifatida tutqunlikka olingan shaxsni ozod qilish sharti bilan davlat, xalqaro tashkilot, jismoniy yoki yuridik shaxsdan biron-bir harakat sodir etish yoki biron-bir harakat sodir etishdan o‘zini tiyib turishni talab qilish maqsadida shaxsni garov tariqasida tutqunlikka olish yoki tutqunlikda ushlab turish (JKning 245-moddasi) deb ta’rif bergan. Mazkur jinoyatni u o‘rinli ravishda jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bobiga joylashtirgan. Shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish jinoiy uyushma tashkil etish, kontrabanda, ommaviy tartibsizliklar bilan bir qatorda jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyat hisoblanadi.

Bu xulosaga kelish uchun quyidagi asoslar mavjud:

birinchidan, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish jinoyati sodir etilishi natijasida jamiyatning ijtimoiy qadriyatlari xavf ostida qoladi. Mazkur jinoyat shaxsning ozodligiga tajovuz qilish bilan bir qatorda, turli iqtisodiy va ijtimoiy institutlarning normal faoliyatini izdan chiqaradi. Bularning barchasi mulkiy xususiyatga ega bo‘lgan ziyon yetkazilishiga sabab bo‘ladi. Mazkur harakatlar yagona qasd va yagona maqsad bilan qamrab olingani uchun ham shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishga eng avvalo jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyat sifatida qaraladi;

ikkinchidan, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish, xalqaro terrorizmning turi sifatida ham, mustaqil xalqaro jinoyat sifatida ham insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklariga qarshi tajovuzlar qatoriga emas, balki davlatlar o‘rtasidagi tinch hamkorlikka va davlatlararo munosabatlarni normal amalga oshirish jarayoniga ziyon yetkazuvchi jinoyatlar guruhiga kiradi;

uchinchidan, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish o‘z obyektiv va subyektiv belgilariga ko‘ra shaxsning ozodligiga qarshi jinoyatlardan ko‘ra jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarga yaqin turadi7. Ammo adabiyotlarda shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishning bevosita obyekti va mazkur jinoyatning JK Maxsus qismi tizimidagi o‘rni xususida boshqacha fikr ham ilgari surilgan. Ma’lumki, ilgari amalda bo‘lgan O‘zSSR JKda shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish uchun javobgarlik to‘g‘risidagi norma shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, ozodligi va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlar to‘g‘risidagi bobdan o‘rin olgan edi.

N. Kozlova shaxsning ozodligi ko‘rib chiqilayotgan qilmishning bevosita obyekti hisoblanadi va shu tufayli ham mazkur qilmish uchun javobgarlik to‘g‘risidagi norma JKning nomi zikr etilgan bobidan o‘rin olishi lozim deb hisoblaydi8.

Taniqli nemis olimi V.Middendorf shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishda tajovuz obyektlarining uch guruhini ajratgan:

1) bevosita jabrlangan (garov sifatida tutqunlikka olingan) shaxs;

2) bilvosita jabrlangan (talablar qo‘yilayotgan) shaxs;

3) manfaatlariga daxl etilishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday tashkilotlar9.

Odam o‘g‘irlash jinoyatida talablar har doim o‘g‘irlangan odamga yoki uning yaqinlariga qo‘yiladi, begona tashkilotlar esa bundan jabr ko‘rmaydi.

Ko‘rib chiqilayotgan jinoyat tarkiblarini ularning obyektiv tomoniga ko‘ra farqlash ham amalda jiddiy qiyinchiliklar tug‘diradi. G‘arazgo‘ylik niyatlarida shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish ham, odam o‘g‘irlash ham, yuqorida aytib o‘tilganidek, insonni zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatmasdan tutqunlikka olish, uni, qoida tariqasida, o‘zi ko‘nikkan mikromuhitdan ajratish, ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodligini cheklash hamda boshqa subyektlarga o‘g‘irlangan odamni ozod qilish sharti bilan muayyan talablar qo‘yishdan iborat. Shunday qilib, ikkala jinoyat tarkibining obyektiv tomonlari amalda bir-biriga to‘la mos keladi.

Qo‘yilayotgan talablarning xususiyati va adresati odam o‘g‘irlash va shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish jinoyatlarining muhim va ayni vaqtda bahsli belgisi hisoblanadi. Odam o‘g‘irlashda jinoyatchi o‘z qilmishi jamoatga oshkor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilsa, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishda jamoat e’tiborini tortish jinoyatning maqsadi hisoblanadi. Odam o‘g‘irlash o‘z mohiyatiga ko‘ra harakatlar va joyning yashirinligini nazarda tutadi, lekin jabrlanuvchini tutqunlikka olishning o‘zi odam o‘g‘irlash hech bo‘lmasa jabrlanuvchining o‘zi uchun ochiq-oydin amalga oshirilishidan iborat bo‘lishi ham mumkin.

Yashirinlik shunda ifodalanadiki, aybdor jabrlanuvchini huquqni muhofaza qilish organlari hamda o‘g‘irlangan odamning ozod qilinishidan manfaatdor shaxslarga ma’lum bo‘lmagan joyda ushlab turishga harakat qiladi10.

Shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishda aybdor, aksincha, ochiq-oshkora harakat qiladi va sodir etilayotgan qilmishning effekti uning uchun go‘yoki ayni shu ochiqlik bilan belgilanadi. Jamoatga kuchliroq ta’sir o‘tkazish uchun ba’zan bu talablarga siyosiy tus beriladi.

Jinoyatchilar o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida hech narsadan tap tortmasliklaridan darak beruvchi bu ochiqlik shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish jamiyat uchun odam o‘g‘irlashga qaraganda xavfliroq ekanini belgilaydi.

Ayni vaqtda, taklif qilinayotgan mezonlarning barchasi ikkala jinoyat tarkibiga tatbiq etilishi ham mumkin. Mazkur nuqtayi nazar tarafdorlarining “qoida tariqasida” degan izohlari ham shunga ishora qiladi.

Taklif qilinayotgan mezonlar normalar dispozitsiyalarining mazmunidan kelib chiqmaydi va ularni nazariya darajasida qonunni keng sharhlash mahsuli deb hisoblash mumkin. Garov sifatida tutqunlikka olinganlarni ozod qilishning asosiy sharti muayyan talablarni bajarish (masalan, qurol, pul berish, avtomashina taqdim etish, mahkumlarni ozod qilish va h.) hisoblanadi. Bunda mazkur talablarni kim bajarishi ahamiyatga ega emas. Garov sifatida tutqunlikka olinganlarga talablar qo‘yilmaydi, ulardan jinoyatchilar faqat o‘z talablari bajarilishiga erishish yo‘lida foydalanadilar.

Qilmishning obyektiv tomoni shu bilan belgilanadiki, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish uchinchi shaxslarga talablar qo‘yish maqsadida sodir etiladi.

Ko‘rib chiqilayotgan jinoyat tarkiblari o‘rtasidagi farqlar haqida gapirganda, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish xalqaro jinoyatlar qatoriga kiritilishi mumkinligini ham aytib o‘tish o‘rinli bo‘ladi, zero unga qarshi kurash BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1979-yil 17-dekabrda qabul qilingan Shaxslarni garov sifatida tutqunlikka olish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga muvofiq olib boriladi.

Odam o‘g‘irlash singari, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish ham subyektiv tomondan to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Faqat odam o‘g‘irlashda jinoyatning maqsadi mazkur tarkibning muqarrar belgisi hisoblanmaydi va amalda har xil (g‘arazgo‘ylik, hasad, o‘ch olish, jabrlanuvchini aybdor oldida muayyan harakatlarni bajarishga yoki ularni bajarishdan o‘zini tiyishga majburlash) bo‘lishi mumkin. Shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishning maqsadiga kelsak, u qonunda belgilangan va davlat, tashkilot yoki fuqaroni muayyan harakatni bajarishga yoki bundan o‘zini tiyishga majburlashdan iborat.

Shunday qilib, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishda jinoiy qasd jabrlanuvchining shaxsiga emas (u shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishda ikkinchi darajali ahamiyat kasb etadi), balki uchinchi shaxslarga qaratiladi, odam o‘g‘irlashda esa aybdor jabrlanuvchining aniq shaxsidan manfaatdor bo‘ladi (masalan, kelin o‘g‘irlash, raqibni bartaraf etish yoki qo‘rqitish va h.). Shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishda jabrlanuvchiga nisbatan jinoyatchining shaxsiy iddaosi mavjud bo‘lmaydi. U garovga olingan shaxsdan faqat davlatga, jismoniy va yuridik shaxslarga tazyiq o‘tkazish vositasi sifatida foydalanadi, jabrlanuvchining keyingi taqdiri ularga qo‘yilgan talablarning bajarilishi yoki bajarilmasligiga bog‘liq qilib qo‘yiladi.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: farqlanayotgan jinoyat tarkiblarining barcha belgilari mos kelsa, qilmish qanday kvalifikatsiya qilinishi kerak?

Yuqorida aytib o‘tilganidek, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish odam o‘g‘irlashning tur xili hisoblanadi. Binobarin, O‘zbekiston JKning 137-moddasi va 245-moddasi maxsus va umumiy normalar sifatida o‘zaro nisbatga kirishadi, maxsus va umumiy norma raqobatlashganda esa maxsus norma qo‘llaniladi. Bu nuqtayi nazarga V.Brilliantov ham qo‘shiladi: “G‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish va ayni shu niyatlarda sodir etilgan va uchinchi tomonga talablar qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan odam o‘g‘irlash aslida bitta jinoyat tarkibi hisoblanadi va u shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish sifatida baholanishi lozim”11.

Odam o‘g‘irlash va shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishni jinoyatlar majmuyi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish to‘g‘risidagi masala ham nazariya, ham amaliyot darajasida bahsli hisoblanadi.

E’lon qilingan sud amaliyotida ayni bir harakatlarni sodir etganlik uchun mazkur qilmishlarni
jinoyatlar majmuyi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish hollariga duch kelish mumkin. Ammo qilmish O‘zbekiston JKning 137-moddasi va 245-moddasi bo‘yicha faqat real jinoyatlar majmuyi mavjud bo‘lganda, masalan, shaxsni garov sifatida tutqunlikka olishdan tashqari boshqa shaxs o‘g‘irlangan holda kvalifikatsiya qilinishi mumkin.

Yuqorida bayon etilganlar odam o‘g‘irlash va shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish, shuningdek zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish jinoyatlarining tarkibini bir-biridan aniq farqlash mumkin emasligini, ayni hol shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish jinoyati tarkibining ta’rifi mavjud emasligi va tegishli moddalarning dispozitsiyalarida odam o‘g‘irlash jinoyatining tarkibiga aniq ta’rif berilmagani bilan izohlanishini yana bir karra tasdiqlaydi.

O‘zbekiston JKning 137-moddasida nazarda tutilgan jinoyat qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish (JKning 234-moddasi) jinoyatining tarkibi bilan o‘xshash jihatlarga ega.

Ko‘rsatilgan moddalarning barchasida insonning shaxsiy daxlsizlikka bo‘lgan huquqi buziladi, faqat 137-moddasida bu huquq tajovuzning asosiy obyekti hisoblansa, JKning 234-moddasida nazarda tutilgan qilmishlar, eng avvalo, asossiz tajovuzlardan shaxsning daxlsizligini ta’minlovchi sud, prokuratura va surishtiruv organlarining normal faoliyatiga tajovuz qiladi.

O‘zbekiston JKning 234 va 137-moddalarini taqqoslash muayyan o‘xshashliklarni kuzatish imkonini beradi. Odam o‘g‘irlash bir-biri bilan bog‘langan uch harakat: tutqunlikka olish, bir joydan boshqa joyga ko‘chirish va ushlab turishning sodir etilishini nazarda tutadi. Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish ham shu uch harakatdan iborat bo‘lishi mumkin, lekin odam o‘g‘irlashga boshqa bir qancha maxsus belgilar (o‘g‘irlangan odamning qarindoshlariga talablar qo‘yish, jabrlanuvchini ushlab turishning yashirin xususiyati) xos ekanini hisobga olsak, O‘zbekiston JKning 137 va 234-moddalarini bir-biridan farqlash qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Odam o‘g‘irlash jinoyatini zo‘rlik ishlatish bilan bog‘liq holda sodir etilgan tovlamachilikdan ham farqlash kerak. Qonunda tovlamachilikka “jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish” deb ta’rif berilgan.

Biz ko‘rib chiqayotgan holatda gap zo‘rlik ishlatgan holda sodir etilgan tovlamachilik haqida boradi.

V. Safonov zo‘rlik ishlatgan holda sodir etilgan tovlamachilikni kvalifikatsiya qilishda: a) qasdning yo‘nalishini; b) sanksiyalar miqdorlarining nisbatini; v) tovlamachilikdagi harakatlarning tegishli moddalarda tavsiflangan shaxsga qarshi jinoyatlarning belgilari bilan amalda mos kelishini hisobga olish zarurligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, ayni shu holatlarga qarab gap yo zo‘rlik ishlatgan holda sodir etilgan tovlamachilik zo‘rlik ishlatishning muayyan turlarini qamrab olgani, yo jinoyatlar majmuyi haqida borishi mumkin12.

Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq holda sodir etilgan tovlamachilikning g‘arazgo‘ylik niyatlarida odam o‘g‘irlashdan farqi shundaki, u mulkka qarshi jinoyat hisoblanadi. Binobarin, u shaxsning ozodligiga tajovuz qiluvchi odam o‘g‘irlashni qamrab olishi mumkin emas va ayni hol odam o‘g‘irlash bilan bog‘liq holda tovlamachilik sodir etilgan taqdirda, qilmish jinoyatlar majmuyi (O‘zbekiston JKning 165 va 137-moddalari) bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozim degan xulosaga kelish imkonini beradi.

Otabek TOSHEV,
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi
o‘qituvchisi, y.f.f.d (PhD)

 

1 https://www.dissercat.com/content/pokhishchenie-cheloveka-kriminologicheskii-aspekt-issledovaniya.

2 Бойко Н.В. Ответственность за незаконное лишение свободы по советскому уголовному праву. Автореф. дисс. …канд. юрид. наук. – Харьков, 1989. – С. 11.

3 Уголовное право России. Т.2. Особенная часть / Под ред. А.Н.Игнатова и Ю.А.Красикова. – М., 1998. – С. 356.

4 Курс уголовного права в 5 т. Под ред. Г.Н.Борзенкова и В.С.Комиссарова. Т. 4. – М., 2002.; Комиссаров В.С. Захват заложника: стремление к наживе или преступление от безвыходности // Законность. №3. 2001. – С. 20.

5 Бриллиантов В. Похищение человека или захват заложника // Российская юстиция. 1999. №9. – С. 43.; Лысов М. Ответственность за незаконное лишение свободы, похищение человека и захват заложника // Российская юстиция. 1994. №5. – С. 41.; Беляева Н., Орешкина Т., Муратов Э. Квалификация захвата заложников // Законность. 1994. №7. – С. 21.

6 Мартыненко Н.Э. Похищение человека: уголовно-правовой и криминологический аспекты: Автореф. дисс. …канд. юрид. наук. – М., 1994. – С. 12–13.

7 Комиссаров В.С. Ответственность за захват заложников по УК РСФСР. Вестн. МГУ. Сер. 11. Право. 1995. №5. – С. 45.

8 Козлова Н.Н. Уголовная ответственность за захват заложника. Автореф. …канд. юрид. наук. – М., 1992. – С. 19.

9 Миддендорф В. Виктимология взятия заложников // Криминалистика. 1974. №4. (ФРГ, Гамбург).

10 Павлинов А. Уголовно-правовые меры борьбы с преступлениями против общественной безопасности // Уголовное право. 2001. №3. – С. 96.

11 Бриллиантов В. Похищение человека или захват заложника // Российская юстиция. 1999. №9. – С. 43.

12 Сафонов В.Н. Организованное вымогательство. Уголовно-правовой и криминологический анализ. – Санкт-Петербург, 2000. – С. 131.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here