HomeMaqolalarNodavlat notijorat tashkilotlar huquqlarini ro‘yobga chiqarish mexanizmlari

Nodavlat notijorat tashkilotlar huquqlarini ro‘yobga chiqarish mexanizmlari

Huquq – jamiyatdagi munosabatlarni tartibga soladigan, davlat tomonidan o‘rnatiladigan va muhofaza qilinadigan norma va qoidalar majmuidir. Huquqning davlat tomonidan o‘rnatilgan normalardan iborat bo‘lishi deyarli barcha yuridik adabiyot va lug‘atlarda yozilgan. Xususan, O‘zbekistonda fuqarolar va tashkilotlarning turli sohadagi huquqlari O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarida aks etgan.

Shu bilan birga, A.Sokolovning fikricha, tashkilotning huquqlari orasida qonunda belgilanmagan, lekin tashkilotning nizomida nazarda tutilgan huquqlarni ham alohida ajratib ko‘rsatish lozim.

Albatta, nizom qonunga zid bo‘lmasligi kerak, bu esa tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida tekshirib ko‘riladi1.

Darhaqiqat, normativ-huquqiy hujjatlarda belgilanmagan huquqlar ham bo‘lishi mumkin.

Masalan, O‘zbekistonning “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilot a’zolarining huquq va majburiyatlari uning nizomida ko‘rsatiladi.

Xuddi shunday, “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga muvofiq jamoat birlashmalarining huquqlari ularning nizomlarida qayd etiladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarning huquqlarini quyidagi ikki turga bo‘lish mumkin:

  • nodavlat notijorat tashkilotlarning umumiy huquqlari;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarning maxsus huquqlari.

Nodavlat notijorat tashkilotlarning umumiy huquqlaridan barch a nodavlat notijorat tashkilotlar foydalana oladi. Masalan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilot quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘z a’zolari va qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
  • ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga takliflar kiritish;
  • davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlarini ishlab chiqishda qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qatnashish;
  • o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatish;
  • ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish hamda belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
  • nizomda belgilangan vazifalarni bajarish uchun tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etish;
  • o‘z ramziy belgilarini ta’sis etish;
  • o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan yig‘ilishlar, konferensiyalar o‘tkazish;
  • qonunchilikka muvofiq vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish.

Nodavlat notijorat tashkilotlarning o‘z a’zolari va qatnashchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish tartibi asosan ularning nizomlarida belgilanadi. Shu bilan birga ayrim nodavlat notijorat tashkilotlarning o‘z a’zolari va qatnashchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ifodalashi hamda himoya qilishining o‘ziga xos xususiyatlari alohida qonunlar bilan tartibga solingan. Masalan, kasaba uyushmalari o‘z a’zolarining huquqlarini ifodalashi hamda himoya qilishi bilan bog‘liq qoidalar “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunda va Mehnat kodeksida o‘z aksini topgan.

Nodavlat notijorat tashkilotlarning ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqishi, davlat organlariga takliflar kiritishi, davlat organlarining qarorlarini ishlab chiqishda ishtirok etishga oid huquqlari ularning faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur huquqlardan qanchalik foydalana olishi nodavlat notijorat tashkilotning ijtimoiy hayotdagi faolligini ko‘rsatib turadi.

Milliy qonunchilikda nodavlat notijorat tashkilotlarning davlat organlariga takliflar kiritishi,
ularning qarorlarini ishlab chiqishda ishtirok etishi tartibi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarda o‘z aksini topgan.

Aytish joizki, nodavlat notijorat tashkilotning o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatishi uning konstitutsiyaviy huquqlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 33-moddasiga muvofiq har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Qolaversa, Konstitutsiyaning ushbu moddasiga muvofiq davlat internetdan foydalanishni ta’minlash uchun sharoit yaratish majburiyatini zimmasiga olgan.

Navbatdagi masala nodavlat notijorat tashkilotlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqi bilan bog‘liq. Ular ikki usulda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

1. Nodavlat notijorat tashkilotlar alohida tadbirkorlik subyektini tashkil etmasdan ham foyda olish bilan shug‘ullanishi mumkin. Biroq ular o‘z nizomidagi maqsadlariga mos keladigan doiralardagina tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga haqli. Masalan, tibbiyot xodimlarining huquq va erkinliklarini ifoda etish uchun tuzilgan jamoat birlashmasi sohaga taalluqli pulli o‘quv kurslarini tashkil etishi, maslahatlar berishi mumkin, biroq pulli avtopoyga yoki yakkakurashlar shousini tashkil etishga haqli emas. Chunki qo‘shimcha faoliyat turi ham tashkilotning asosiy maqsadiga mos bo‘lishi kerak.

2. Nodavlat notijorat tashkilot boshqa ta’sischilar kabi umumiy tartibda Fuqarolik kodeksi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun, “Tadbirkorlik subyektlarini
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talabiga to‘liq rioya etgan holda tadbirkorlik subyektini tashkil etishi mumkin.

 

Shu bilan birga, nazarimizda qonunchilikda nodavlat notijorat tashkilotlarning umumiy huquqlari to‘liq sanab o‘tilmagan. Binobarin, O‘zbekiston Konstitutsiyasida barcha shaxslarning hech qanday to‘siqsiz foydalanishi mumkin bo‘lgan huquqlari mavjud. Misol uchun davlat organlariga murojaat qilish, o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilish va hokazo. Aslida bunday huquqlardan har qanday nodavlat notijorat tashkilot ham erkin foydalanishi mumkin.

Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq barcha nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, mansabdorlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga davlat bojini to‘lamasdan shikoyat qilish huquqiga ega.

Qolaversa, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlar davlat organlarining va mansabdorlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish huquqiga ega.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, nodavlat notijorat tashkilotlarning qonunchiligimizda sanab o‘tilgan umumiy huquqlari doirasini quyidagilar asosida kengaytirish maqsadga muvofiq:

– davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga,
mansabdorlarga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish;

– sudda, boshqa organlar va tashkilotlarda o‘z manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish;

– o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish;

– mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar asosida mulkka ega bo‘lish;

– qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish;

– davlat organlari va mansabdorlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish;

– xalqaro aloqalar o‘rnatish, hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzish hamda xalqaro dasturlar va loyihalarda ishtirok etish.

Ayrim nodavlat notijorat tashkilotlar umumiy huquqlar bilan bir qatorda maxsus huquqlarga
ham ega bo‘ladi. Maxsus huquqlar nodavlat notijorat tashkilotlarga ularning faoliyat sohasi va boshqa belgilaridan kelib chiqib alohida qonunlar bilan beriladi. Masalan, Saylov kodeksiga muvofiq deputatlikka nomzod ko‘rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar egadir.

Xuddi shunday, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda ularni yetishtirish (qayta ishlash) masalalariga doir tavsiyalarni ishlab chiqishi hamda bepul va pulli asosda tomorqa xo‘jaliklariga taqdim etishi mumkin. Bundan tashqari, mazkur kengash Yer kodeksiga muvofiq o‘z a’zolari bo‘lgan fermer, dehqon xo‘jaliklariga hamda tomorqa yer egalariga yerdan to‘g‘ri va samarali foydalanish zarurligi to‘g‘risida tushuntirishlar berishga haqli.

Ayrim olimlar nodavlat notijorat tashkilotlarning qonun ijodkorligi jarayonida ishtirok etish huquqini e’tirof etib, uning quyidagi shakllarda namoyon bo‘lishini ta’kidlashgan:

– qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga murojaat qilgan holda muayyan qonunni qabul qilishni taklif etish hamda uning loyihasini berish;

– parlamentdagi ekspertlik va ishchi guruhlari tarkibida ishtirok etish;

– xalq vakillari orqali muayyan qonunni qabul qilish masalasini ko‘tarib chiqish;

– qonun loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish2.

Aytish joizki, O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi huquqlarini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Masalan, “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Advokatlar palatasining raisi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonun loyihalari muhokama qilinadigan majlislarida qatnashish va ular yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishga haqli3.

Xuddi shunday, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ta’sir qiladigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari majburiy tartibda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishiladi. Bunda Savdo-sanoat palatasi normativ-huquqiy hujjat loyihasining mazmuniga umuman yoki uning biror qismiga rozi bo‘lmagan taqdirda, hujjatni qabul qiladigan organga xulosa kiritishga haqli.

Ta’kidlash joizki, nodavlat notijorat tashkilotlarga alohida qonunlar bilan maxsus huquqlarning berilishi davlat zimmasidagi ayrim vazifalarni xolis, shaffof, sifatli, samarali hamda kamxarj tarzda amalga oshirish imkonini beradi.

Jahongir SHIRINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
qo‘mita raisi, mustaqil tadqiqotchi

 

1 Административное право Российской Федерации: учебник / под ред. А.Ю. Соколова. М., 2018. С. 170.

2 Бочарова С.Н. Роль общественных объединений в защите прав человека // Вестник Московского университета. Сер.11: Право. 1997. № 1. С. 103–104.

3 “Адвокатура тўғрисида”ги қонун /Ўзбекистон Олий Мажлисининг ахборотномаси, 1997 й., 2-сон, 48-модда.

 

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa