“Nasoyim ul-muhabbat”da inson huquq va erkinligi

0
310

Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida mutafakkirlarning inson huquq va erkinligini aks ettiruvchi iboralaridan qaydlar bor. Ushbu elementlar empirik uslubdan ayri, huquq yoki erkinlik konsepsiyasi sifatida emas, balki mutafakkirlarning holati talqinida uchraydi.

Alisher Navoiy bayon qilgan erkinlikning haddi boshqa birovning daxlsiz huquqlari boshlangan joyda tugaydi.

Islom dinidagi tasavvuf oqimi ham inson o‘zini o‘zi taftish qilishi ustiga qurilgan ta’limotga kiradi. Tasavvufning bosh g‘oyasi inson o‘zining va boshqalarning haq-huquqini bilishi va uni ta’minlashi orqali yuksak axloqqa erishish hisoblanadi. Mutafakkir Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomayi sultoniy” nomli asarida odamlar uch guruhga ajratilgan bo‘lib, ular: muoshirlar, mutarasmlar, muhaqqiqlardir.

Muoshirlar – tariqat ahlining muxlislari bo‘lib, ular qalandar-darveshlarga muhabbat bilan qaraydilar, darveshlar suhbatida ishtirok etadilar, ularning xizmatlarini bajaradilar va savobga o‘zlarini sherik deb biladilar.

Keyingi guruhga mansub kishilar esa mutarasmlardir. “Mutarasm” so‘zining ma’nosi esa rasmu rusumga ergashuvchi demak. Ammo mutarasmlar darveshlarning odatlariga zohiran taqlid qilsalar-da, botinan hol talabgoridirlar va shu toifaga ixloslari tufayli fayzdan bahramanddirlar.

Uchinchi guruh muhaqqiqlar – Haqqa yetganlar, ularni oliy martabali so‘fiylar deb ta’riflash mumkin. Haqiqiy avliyolar, shayxi murshidlar asosan shularning ichidan yetishib chiqadi.

Bu o‘rinda muhaqqiq so‘fiylarning najib sifatlari xususida to‘xtab o‘tish joiz deb hisoblaymiz.
Masalan, “Nasoyim ul-muhabbat” asarida 51-raqam ostida kelgan yodnomada Abu Ali Sindiy haqida shunday deyiladi: “Shayx Ro‘zbehon Baqliy “Shathiyot” sharhida debdurkim, ul Boyazidning ustodlaridindur. Boyazid debdurkim, men Abu Alidin fano ilmini tavhidda o‘rganur erdim. Ul mendin “Al-hamdu” va “Qul-hu-volloh”ni…”.

Bu ma’nodan anglashiladiki, ustoz degani hamma narsa faqat undan o‘rganiladi degani emas, ustoz ham o‘z o‘rnida shogirdidan biror fan yoki biror hunar o‘rganishi kuzatiladi. Va shu o‘rinda insonning invidual huquqi hamda erkinligi ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun ham bu toifa va bu yo‘nalish ahli o‘rganilganda doimiy qoliplar, stereotiplar, standartlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.

Erkinlikning ziddi tutqunlik yoki majburiy tobelikdir. “Nasoyim ul-muhabbat” asarida esa kamolotga yetgan shayxlar faqatgina o‘z nafsini tutqun qiladi. Bu bilan ruhi erkinlikka erishadi. Bu xuddi Navoiyning “El netib topgay menikim, men o‘zimni topmamon” degan g‘oyasiga o‘xshaydi.

Bu o‘rinda “Nasoyim ul-muhabbat” asarida naql qilingan Abu Hozim Madaniy haqidagi rivoyat yaxshi misol bo‘ladi. Abu Hozim Madaniy ko‘chada ketayotganida qassob qo‘shnisi unga “Ey Abu Hozim, go‘sht olmaysanmi?” deganida u “Pulim yo‘q” deb javob beradi. Qassob “Puling yo‘q bo‘lsa ham olaver, pul topguningcha sabr qilaman” deydi. Shunda Shayx Abu Hozim “Sening menga sabr qilganingdan ko‘ra, men o‘zimning nafsimga sabr qilib kutishim yaxshiroqdir” deb javob beradi.

Bir zamonlar so‘fiy va darveshlar haqiqatan ham katta nufuz va obro‘ga ega edilar. Buni “Nasoyim ul-muhabbat” asarini mutolaa qilib bilsak ham bo‘ladi. Muqtadir shayxlargina emas, qalandarlar, eshonlar, majzub “devonalar”, oddiy darveshlarni ham odamlar hurmat qilganlar. Shuning natijasi o‘laroq, tasavvuf, tariqatlar va uning tarkibida darveshchilik harakati keng quloch yoygan, xonaqo udumlari shakllanib, darveshlar alohida bir toifa – tabaqa sifatida jamiyatda muhim o‘rin egallagan. Biroq bu birdaniga yuzaga kelgan harakat emas, tasavvuf va darveshlik harakati uzoq tadrijiy tarixga ega. Olimlar tasavvuf tarixini dastlab ikki davrga ajratadilar: birinchi – zohidlik davri, ikkinchisi – oriflik va oshiqlik davri. So‘fiylarning o‘zini ham orif so‘fiylar, zohid so‘fiylar, rind so‘fiylar, oshiqlar, faqir so‘fiylar, faylasuf so‘fiylarga ajratish mumkin.

“Nasoyim ul-muhabbat” asarida 99-raqam bilan kelgan Ruvaym haqidagi yodnomada “Ikkinchi tabaqadindur va kuniyati Abu Muhammaddur. Va Abu Bakr va Abulhasayn va Abu Shaybon ham debdurlar. Bag‘dodning mashoyixining kiboridindur. Faqih erdi, Dovud Isfahoniy mazhabida. Shayx ul-islom debdurki, ul o‘zin Junaydning shogirdi ko‘rguzur erdi, ammo aning yoronlaridindur va andin uluq.VaAbuAbdulloh Xafif debdurki, hargiz ko‘zum kishi ko‘rmaydurki, tavhidda so‘z aytqoy, andoqki, (Ruvaymdan tasavvuf haqida so‘radilar.

Aytdi: Mutasavvif biror narsani o‘ziniki deb bilmaydi va hech kim unga egalik qilolmaydi…” deyiladi. Qarang, bu o‘rinda “Mutasavvif biror narsani o‘ziniki deb bilmaydi va hech kim unga egalik qilolmaydi…” deyilmoqda. Bu inson ruhining sof erkinligi va asosan inson huquqi haqidagi ta’rifdir.

Yoki shu asarning 49-betida 167-raqam bilan yodi kelgan G‘aylon Muvasvisni misol qilaylik: “…Ani G‘ayloni Majnun ham derlar erdi. Iroq mashoyixining mutaqaddimlaridindur. Xarobalarda bo‘lur erdi va elga omizishi yo‘q erdi. Va eldin nima qabul qilmas erdi…”. Buni qarangki, bu zotning elga minnati yo‘q, o‘zi ham minnat yuklamaydi, garchi bir ehtiyoji bo‘lsa ham buni elga bildirmaydi, yana birovdan narsa so‘ramaydi. Bu so‘fiylarning horiqi odatlaridan biri edi. So‘fiylarning aksariyati yoshligidan qalbida haqiqatga tashnalik hissi borligi uchun ham riyozat atalmish dengizga, ya’ni “qo‘rqmasdan o‘zini chuqur daryoga” tashlagan toifadir. Ular har bir ilmni dadillik bilan o‘rgana boshlaydi, ular taqlidchi emas, har bir toifaning aqidasini yaxshilab tafakkurdan o‘tkazgan va qoniqmay yana o‘rgana boshlagan zotlardir.

Imom G‘azzoliyning uqtirishicha, ilm ikki xil bo‘ladi. Biri – taqlidiy ilm, ya’ni o‘tmishdan meros qolgan, ota-ona va ustozlardan olinadigan bilimlar. Ikkinchisi – kashf etilgan ilm. Taqlidiy ilm ko‘r-ko‘rona ergashish bilan bo‘ladi, kashf etilgan ilm esa har bir shaxsning qobiliyati, shuuriy izlanishi orqali qo‘lga kiritiladi. Darvoqe, hayotda juda ko‘p odamlar taqlidiy bilim bilan qanoatlanishadi.

Chunki yangilik yaratmay, tayyor hunarlar, ilmlarni o‘rganib, ko‘p qatori yashash oson. Ammo taraqqiyot uchun eng avvalo o‘z ruhini ozod qilish, insoniyat tafakkurini olg‘a siljitish uchun ilohiy va dunyoviy haqiqatlarni, mohiyatlarni izlash, kashf etish zarur. Bu esa “Nasoyim ul-muhabbat” asari kabi tazkiralarda nomlari zikr etilgan ko‘plab buyuk shaxslarning nasibasidir.

Alisher Navoiy avom deganda savodsiz, ilmsiz oddiy xalqnigina nazarda tutmagan, balki ilohiyot tajalliyotini qalban his etolmaydigan, borliqqa zohiran (yuzaki) munosabatda bo‘lib, jamiyatning rasmu odatlarini bajarishdan nari o‘tolmaydigan kishilarni ham nazarda tutgan. Bunday kishilar (avom) qatoriga ilmiga amal qilmaydigan mullalaru ilmi botindan bexabar shayx va zohidlarni ham kiritgan. Buni hazratning “Zohid, senga huru, menga jonona kerak. Mayli jannat senga, menga mayxona kerak…” deyishidan ham payqash mumkin.

Shuningdek,Alisher Navoiyning fikricha, “ahli xos”lar aslzodalar tabaqasi, shoh-amirlar emas, balki Alloh yo‘lida zaxmat chekuvchi dili va tili Haq yodidan bo‘shamaydigan chin so‘fiylardir.

So‘fiylar oddiy hayot kechirish uchun zarur bo‘ladigan tirikchilik vositalari, moddiy boylikka ega bo‘lganlari holda unga mehr qo‘ymaganlar, boylikni ko‘paytirish haqida emas, balki uni muhtojlarga tarqatish haqida ko‘proq qayg‘urganlar. Bu esa hukmdor va mulkdorlar uchun ibrat edi. Binobarin, so‘fiylar ta’limoti jamiyatni boshqarish, uning istiqboli uchun mas’ul bo‘lgan hukmdor va mulkdorlar uchun zarur edi.

Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida insonning huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat ekanini ko‘ramiz. Tasavvuf erkinlik va huquqni tanish bo‘lib qolmay, insonning xudoga komil axloq orqali yaqinlashuvi to‘g‘risidagi ta’limotdir.

Shukur JABBOR,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
tadqiqotchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here