HomeMaqolalarMa’muriy sudlar tizimini takomillashtirish zamon talabi

Ma’muriy sudlar tizimini takomillashtirish zamon talabi

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari samarali ta’minlanishi uchun davlat hokimiyati, davlat organlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining noqonuniy harakatlariga qarshi chiqish imkoniga ega bo‘lgan yangi sudni tashkil etish talab qilinadi. Buning uchun birinchi navbatda ma’muriy yustitsiya instituti joriy etilishi kerak. Ma’muriy yustitsiya organlari tizimini shakllantirishning dolzarbligini nafaqat ma’muriy-huquqiy sohadagi olimlar, balki boshqa sohalardagi mutaxassislar ham tasdiqlaydi1.

Ma’muriy yustitsiya O‘zbekiston uchun ham juda muhim hisoblanadi: mustaqil sud ish yurituvida ma’muriy tarmoqning mavjudligi ko‘p hollarda xalq hokimiyatchiligining fuqaro va yuridik shaxsning huquq va manfaatlarini himoya qilish istagini namoyon etadi. Bunda ta’kidlangan himoyaning huquqiy mexanizmi ikkita o‘zaro bog‘liq qoidaga asoslanishi lozim: mustaqil sudni rivojlantirish; insonning fuqarolik pozitsiyasini va huquqiy faolligini rag‘batlantirish2.

Ta’kidlash kerakki, ma’muriy yustitsiya vujudga kelgan Fransiyada bugungi kunda ijro hokimiyati tizimiga taalluqli bo‘lgan ma’muriy sudlar (ma’muriy tribunallar, apellyatsiya sudlari va boshqalar) mavjud bo‘lib, ular ma’muriy va ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal qilish jarayonida ma’muriy organlarning harakati yoki harakatsizligiga baho beradi.

Ma’muriy sudlar tizimidagi yuqori organ Davlat kengashi hisoblanadi. Davlat kengashidan
quyida 8 ta ma’muriy apellyatsiya sudi va 42 ta ma’muriy tribunal mavjud3.

Davlat kengashi, ma’muriy apellyatsiya sudlari va ma’muriy tribunallar ma’muriy sudlarning umumiy tizimini tashkil qiladi. Bundan tashqari, Fransiyada bir qator maxsus ma’muriy sudlar ham bor. Bunga ijtimoiy masalalar bo‘yicha sudlarni, byudjet va moliya intizomi bo‘yicha sudlarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Germaniya sud tizimida ma’muriy sudlar alohida tarmoq sifatida shakllangan. Ma’muriy sudlar tizimi Federal ma’muriy sud, yerlarning oliy ma’muriy sudlari hamda yerlarning ma’muriy sudlaridan tarkib topgan. Ular mustaqil hisoblanadi.

Germaniya sud tizimiga ayrim toifadagi ma’muriy ishlarni ko‘rishga vakolatli bo‘lgan boshqa sudlar (ijtimoiy sudlar, moliya sudlari va boshqalar) ham kiradi4.

Buyuk Britaniyada fuqaro va davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli nizolarni hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan kvazisudlov organlari (ijro hokimiyati tizimiga ham, sud hokimiyati tizimiga ham kirmaydigan) mavjud bo‘lib, ular tribunallar deb ataladi. Mazkur organlar tizimi birinchi bosqichdagi tribunallar va oliy tribunallarga bo‘linadi. Oliy tribunallar, o‘z navbatida, bir nechta palatadan iborat bo‘ladi.

Mazkur organlardan tashqari Buyuk Britaniya ma’muriy yustitsiya tizimiga Oliy sud tarkibidagi Ma’muriy sud ham kiradi. U tribunallarning qarorlarini qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan sud hisoblanadi5.

O‘zbekistonda ma’muriy sudlar tizimini shakllantirish O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4966-farmoni bilan boshlangan. Farmonning 8-bandi bilan 2017-yil 1-iyundan Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi etib qayta tashkil etilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tuman va shahar ma’muriy sudlari faoliyat ko‘rsatayapti.

Davlat organlarining ma’muriy sudlar faoliyatiga ta’sir qilishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 6034-farmonining 1-bandiga asosan tuman va shahar ma’muriy sudlari tugatilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi,viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etildi.

Shunday qilib, mamlakatimizda tumanlararoma’muriy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari hamda Oliy sud tarkibidagi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atidan iborat ma’muriy sudlar tizimi shakllantirildi.

Shaxs va davlat organi o‘rtasidagi ma’muriy va boshqa ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal qilish vakolati umumiy yurisdiksiya sudlari yoki ma’muriy sudlarga berilgan bo‘lishiga qaramasdan, bunday sudlarning har qanday tizimi faqat odil sudlov mustaqil va adolatli tarzda amalga oshirilgan taqdirdagina fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Shu o‘rinda nemis professori Otto Mayer yozib qoldirgan bir qadimiy hikoyani keltirib o‘tish lozim. “…Buyuk Fridrix o‘zining qo‘shnisidan tegirmonni sotib olish istagida bo‘lgan. Biroq har qancha pul taklif qilinganiga qaramay tegirmonchi uni sotmagani sababli qirol tegirmonni kuch bilan tortib olishini aytib, tegirmonchini qo‘rqitmoqchi bo‘lgan. Tegirmonchi esa qirolga Berlinda sudyalar borligini aytib, xotirjam javob bergan”6.

Mazkur hikoya aholining huquqiy ongi hamda sudlarga ishonchi qandayligini ko‘rsatadi. Bizda bunday tegirmonchilar borligini tasavvur qilish qiyin.

Ommaviy-huquqiy nizolar bo‘yicha sud ish yurituvi aslida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kafolatlovchi davlatning nazorat funksiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi. Bunday nazorat tizimida esa ma’muriy yustitsiya organlari ijro hokimiyatidan mustaqil bo‘lishi lozim7.

Ma’muriy sudlar faoliyatiga davlat organlarining ta’siri hamda bunday sudlarning mahalliy hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlardan mustaqilligi to‘liq ta’minlangani masalasi bahsli hisoblansa-da, fikrimizcha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahridagi tumanlararo ma’muriy sudlarni tugatib, ma’muriy va boshqa ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni birinchi instansiya sudi sifatida hal qilish vakolatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari zimmasiga yuklash kerak.

Birinchi instansiya sudining qaroridan norozi bo‘lib berilgan shikoyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining boshqa sudyalari tomonidan apellyatsiya instansiyasi sudi sifatida qayta ko‘rib chiqiladi.

Mazkur taklifning amalga oshishi ma’muriy sudlarning faoliyatiga tuman darajasidagi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar aralashishining oldini olib, aholining sud tizimiga, xususan ma’muriy sudlarga ishonchi ortishiga xizmat qiladi.

Shaxriyor BAKAYEV,
TDYU mustaqil tadqiqotchisi

 

1 Алиев Н. Создание административной юстиции как средства правовой защиты в Азербайджане // Административное судопроизводство в Российской федерации: развитие теории и формирование административно-процессуального законодательства. – Сер.; Юбилеи, конференции, форумы. – Вып. 7. – Воронеж: Издательство Воронежского государственного университета, 20

2 Хван Л. Судебный административный контроль в Республике Узбекистан: проблемы понимания и перспективность в её правовой системе // Административное судопроизводство в Российской федерации: развитие теории и формирование административно-процессуального законодательства. – Сер.; Юбилеи, конференции, форумы. – Вып. 7. – Воронеж: Издательство Воронежского государственного университета, 2013. – С. 940-957.

3 Беше-Головко К. Административная юстиция во Франции: вопрос развития правового государства // Административное судопроизводство в Российской федерации: развитие теории и формирование административно-процессуального законодательства. – Сер.; Юбилеи, конференции, форумы. – Вып. 7. – Воронеж: Издательство Воронежского государственного университета, 2013. – С. 778-796.

4 Слепченко В. Некоторые аспекты административной юстиции в зарубежных странах и в России // Вопросы российской юстиции. 2020. №5. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/nekotorye-aspekty-administrativnoy-yustitsii-v-arubezhnyh-stranah-i-v-rossii.

5 Слепченко В. Некоторые аспекты административной юстиции в зарубежных странах и в России // Вопросы российской юстиции. 2020. №5. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/nekotorye-aspekty-administrativnoy-yustitsii-v-zarubezhnyh-stranah-i-v-rossii.

6 Карадже-Искров Н. Новейшая эволюция административного права // Административная юстиция; конец XIX – начало XX века : хрестоматия.Ч. 1. С. 353.

7 Воронков А. Развитие системы административного права в России: международно- и сравнительно-правовые аспекты. СПб., 2002. С. 64.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa