“Law tech” va “Legal tech”: mohiyat hamda farq

0
150

Bugun ko‘p mamlakatlar inson faoliyatining turli sohalarini raqamlashtirmoqda. Yuridik amaliyotda esa “Legal tech” va “Law tech” deb nomlangan raqamli texnologiyalar samarali qo‘llanadi. Ushbu texnologik atamalar hozir ommalashgan. Lekin ayrim olimlar “Law tech” tushunchasi bo‘lishini shubha ostiga qo‘ymoqda.

“Law tech” o‘zi nima? Uning “Legal tech” bilan bog‘liqligi hamda farqi bormi? Bu savollarga
javob berish uchun, “Law tech” tushunchasining tarixini o‘rganish kerak.

Ayrim olimlar guruhi “Law tech” tushunchasi mavjud bo‘lgan paytda o‘z o‘zidan “Legal tech” tushunchasi paydo bo‘ladi deb hisoblaydi.

“Law tech” va “Legal tech” o‘rtasidagi asosiy farq bunday:

“Law tech” texnologiyalari yuridik xizmatlarning iste’molchilari uchun, advokatlarga murojaat qilmasdan yuridik maslahat yoki xizmatlarni olish imkoniyatiga ega bo‘lish tushuniladi;

“Legal tech” esa huquqshunoslar ishini raqamlashtirish va yuridik xizmat ko‘rsatishlarini yengillashtirish uchun mo‘ljallangan.

“Law tech” va “Legal tech” o‘rtasidagi asosiy farq nima degan savolga qarashlar uchga bo‘linadi:

1. “Legal tech” advokatlar uchun, “Law tech” esa mijozlar uchun degan tushuncha.

Bunda “Legal tech” bu – advokatlar o‘z ishlarini soddalashtirish uchun foydalanadigan texnologiyalar (elektron yuridik xizmatlar, shartnomaviy hujjatlarni ko‘rib chiqish va boshqalar), “Law tech” esa mijozlariga mahsulot yetkazib berish uchun ishlatiladigan dasturiy ta’minot (qonuniy chat-botlar, onlayn bozorlar) tushuniladi. Ammo bu ham bir guruh olimlarning fikridir.

Ushbu qarashni qo‘llab-quvvatlovchilar orasida yirik firma va milliy hukumatlar mustaqil maslahatchisi Richard Saskind ham bor. U huquqshunoslik sohasidagi texnologiyalar bo‘yicha dunyoning yetakchi huquqshunoslaridan biri hisoblanadi. U sohaga oid “The End of Lawyers” va “Tomorrow’s Lawyers” kitoblarini yozgan.

Saskindning fikri shundaki, “Legal tech” eng yaxshi narsalarga murojaat qilib, masalan, buxgalteriya hisobi tizimlari kabi ofis ishi texnologiyalari, sun’iy intellekt, onlayn sudlar va hokazolar bilan kamroq ish olib boradi deyishi bilan birga, “Law tech”ni esa yanada kengroq toifa deb hisoblab, uni birinchi o‘ringa qo‘yadi1.

Olimning fikri juda ham muhim bo‘lishi bilan birga u o‘zini inkor etadi. Chunki olim “Legal tech” eng yaxshi narsalar deb huquqshunoslar uchun eng kerakli deyarli barcha sohani sanab o‘tdi va shu bilan birga, “Law tech”ni kengroq tushuncha deb ta’kidladi. Ushbu sohada “Law tech” kengroq tushuncha bo‘lishi uchun u advokatlar bilan birga jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyati hamda huquqiy harakatlarida faol qatnashishi shart.

Tadqiqot davomida ushbu ikkita tushunchaning farqini aniqlash uchun birinchi navbatda ularni uyg‘unlashtirib va shu orqali optimallashtirishga erishish lozim.

https://www.tlb.law/ kompaniyasi yuqoridagi ikkala texnologiyaning ham namunalaridan foydalanib keladi. U yuridik shaxslar qo‘llaydigan2 dasturiy ta’minotni va jismoniy shaxslarga, kichik va o‘rta biznesga xizmat ko‘rsatuvchi3 huquqshunoslik mahsulotini ajratib ko‘rsatadi4. Dasturiy ta’minotlarning har xil bo‘lishidan maqsad, undan foydalanuvchi uchun qulaylik yaratish. Bunday xizmat va dasturlar O‘zbekistonda hali yaratilmagan, faqat shunga o‘xshash saytlar mavjud.

Shuni unutmaslik lozim, “Legal tech” bu yuridik sohani raqamli texnologiyalar bilan qamrab oluvchi, yuridik xizmatlarni avtomatlashtirilgan tarzda ko‘rsatish bo‘lsa, “Law tech” huquqiy xizmatlar olishni an’anaviy usulidan yangisiga almashtirishga imkon beruvchi va (yoki) foydalanuvchilarga huquqiy ma’lumotlarga kirishni osonlashtiruvchi turli xil onlayn ilovalar va xizmatlar hisoblanadi.

“Law tech” va “Legal tech” o‘rtasidagi yana bitta farq shundaki, “Law tech” texnologiyalari oxirgi iste’molchilar uchun mo‘ljallangan, ular huquqiy maslahat yoki xizmatni huquqshunoslarga murojaat qilmasdan olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. “Legal tech” esa raqamlashtirish va huquqshunoslarning ishlarini osonlashtirish uchun mo‘ljallangan.

Yuridik sanoat texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq o‘zgarishlar yangi tushunchalarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lmoqda. Angliya va Uels huquq jamiyati uchun “Legal tech” emas, faqat “Law tech” mavjud. Angliya yuridik jamiyati Angliya va Uelsdagi advokatlarni ifodalovchi professional tashkilot hisoblanadi. Ular “Legal tech”ni o‘z ishlarini arzonroq va samarali bajaradigan advokatlar uchun yechim sifatida tushunishadi. “Law tech” esa kichik kompaniyalarning advokatlarga muhtoj bo‘lmasdan qonuniy o‘z-o‘ziga xizmat qilishini nazarda tutishadi.

“Legal tech” keng tarqalgan tushuncha hisoblanadi. Yuridik xizmatlar ko‘rsatish uchun texnologiyalardan foydalanish ushbu tushunchani ifodalash uchun ko‘p qo‘llaniladi. 2015-yildan boshlab “Law tech” varianti paydo bo‘ladi.

Ilmiy adabiyotlarda aks ettirilgan “Legal tech” ancha yaxlit konsepsiya bo‘lib, sohaga sun’iy intellekt yoki mashinani o‘rganish kabi yangi texnologiyalarni kiritish bilan bog‘liq. “Law tech” esa ko‘proq yuridik sektorning o‘ziga qaratilgan. Shunday qilib, “Law tech”ni yuridik sektorga yordam berishga qaratilgan texnologiyalar yoki vositalar bilan bog‘lash odatiy holdir. Legal tech esa sun’iy intellekt, mashinani o‘rganish yoki tabiiy tilni qayta ishlash kabi vositalarni ishlab chiqishni ham o‘z ichiga oladi.

Ilmiy adabiyotlarda “Legal tech” atamasini huquqiy sohadagi barcha texnologik yutuqlarni o‘z ichiga olish uchun ishlatish taklif etiladi.

Ushbu tadqiqotning eng katta muammosi shundaki, advokatlar sohani o‘zgartiradigan va uni qayta ixtiro qilishni talab qiladigan yangi texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq katta o‘zgarishlarga duch kelmoqda.

Yana shuni inobatga olish kerakki, “Tashkent Law Spring” II xalqaro huquqiy forumining bir sessiyasi “Law tech” va “Legal tech” masalalariga bag‘ishlangan, unda quyidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan edi:

  • “Law tech” va “Legal tech”ning dolzarb jihatlari;
  • “Law tech” va “Legal tech”larni qo‘llash bo‘yicha xorijiy tajriba;
  • “Law tech” va “Legal tech”lardan foydalanishning afzalliklari;
  • “Law tech” va “Legal tech”ni yanada rivojlantirish masalalari.

Sessiyada Singapur yuridik jamiyati prezidenti Gregori Vidjayendran 2020-yillardagi murakkab epidemiologik vaziyat huquq sohasida ham texnologiya vositalaridan keng foydalanishni o‘stirganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda ham raqamli texnologiyadan foydalanish jadallashganini sessiyada Dilshod Ashurovning quyidagi iqtibosi isbotlab turibdi:

“Pandemiya sharoiti notarial harakatlarni amalga oshirishda “E-notarius” tizimida ishlashni taqozo etdi. Bu ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechish bilan bir qatorda vaqtni tejash imkonini bergani bilan nihoyatda muhim. Hozir tizimda qog‘ozdan butunlay voz kechildi. Barchasi elektron bazaga kiritilgan. Ro‘yxatdan o‘tkazish ham elektron amalga oshiriladi. Notarial harakatlarning, to‘lovlarning shaffofligi mutlaqo yangicha va jahon standartlariga mos. Yana bir yangilik shuki: distansion notarial harakatlarni amalga oshirishga o‘tamiz. Bunda, masalan, Buxoroda turib Toshkentdagi ko‘chmas mulkning oldi-sotdi shartnomasini imzolash imkoniyati yaratiladi”.

Pandemiya davri ko‘plab yuridik xizmat sohalarning tez rivojlanib ketishiga turtki berdi. Integratsiyalashgan tizimning joriy etilishi natijasida zarur ma’lumotlarni tizimdan kirib tekshirish imkoni yaratildi. Shuningdek, vokzal va aeroportda notarial kiosklar qo‘yilishi ham ko‘zda tutilgan. Davlatlar pandemiya davrida tibbiyotni rivojlantirish bilan birga yuridik xizmatlar sohasini ham tartibga keltirishdi. Masalan, O‘zbekiston onlayn o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘ydi. 2019-yilda olimlar O‘zbekistonda onlayn o‘qishni yo‘lga qo‘yish uchun milliardlab mablag‘ va ko‘p vaqt ketishini ta’kidlashgan. Tez harakat qilinsa, qisqa muddatda barcha sohani optimallashtirish mumkin ekan.

“Central Asia Tech Law” asoschisi Ammar Yunas esa Markaziy Osiyo davlatlarida sun’iy intellektni huquq sohasida qo‘llash istiqbollari masalalariga to‘xtalgan. U olimlar va amaliyotchi mutaxassislar hamkorligi lozimligini aytadi.

Shu bilan birga O‘zbekistonda yuristlar, shu jumladan, advokatlarning yetishmasligi sharoitida “Legal tech” dasturlarini yaratish va amaliyotga joriy etish yuridik xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi.

“Legal tech” va “Law tech”ning rivojlanishi uchun har kim ham harakat qilmaydi. Ammo vaqti kelib yuridik olam ushbu texnologiyalarning muhim va kerakligini tushunadi.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, ushbu ikkita atama bir-birining o‘rnida ishlatilishi mumkin. Yaxshiyamki, ikkala atama o‘rtasidagi farqlar biroz sun’iy va narsalarning katta sxemasida juda muhim ahamiyatga ega emas.

Furqat TOJIYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here