Ayollar mehnati: xalqaro va milliy qonunchilik

0
355

Ayollar mehnatini huquqiy tartibga solish davlatning ichki ishi bo‘lmay, balki xalqaro va davlatlararo ahamiyatga ega masaladir. Shu jihatdan ayollar mehnatiga oid xalqaro standartlarni o‘rganish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirib borish dolzarb vazifa hisoblanadi1.

Ayollar mehnatiga oid xalqaro va milliy qonunchilikning xususiyatlari haqida fikr yuritishdan avval “ayollar huquqlari” tushunchasiga to‘xtalamiz.

Ayollar huquqlari – ularning ijtimoiy, iqtisodiy, fuqarolik va siyosiy mavqeyini mustahkamlaydigan huquqlardir. Ular ayollarni jinsiga qarab kamsitishdan himoya qilish uchun mo‘ljallangan.

Ayol huquqlari ko‘plab xalqaro shartnomalar, rezolyutsiyalar, deklaratsiyalarda kafolatlangan.

Xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro shartnoma Birlashgan Millatlar Tashkiloti(BMT)ning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CEDAW) (1979-yil 18-dekabr) va uning Ixtiyoriy protokoli hisoblanadi. Bundan tashqari, ayollar huquqlari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va Xalqaro Mehnat Tashkiloti(XMT)ning standartlari bilan tartibga solinadi.

O‘zbekiston Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaga 1995-yil 6-mayda qo‘shilgan. Konvensiyaning 11-moddasi ayollarga BMT standartlarida nazarda tutilgan mehnat va mashg‘ulotlar sohasidagi umumiy kafolatlardan tashqari lavozim bo‘yicha ko‘tarilish, shogirdlik, kasb bo‘yicha tayyorgarlik va qayta tayyorgarlikdan o‘tish huquqi, turmushga chiqmaganligi yoki onaligi sababli kamsitilishining oldini olish, ota-onalarning oilaviy burchlarini mehnat va ijtimoiy hayotdagi ishtiroki bilan birga bajarish imkonini yaratish kabi alohida imtiyoz va afzalliklarni nazarda tutadi.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, mehnat huquqlarini kafolatlash, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4235-qarori – shulardan biri. Unga muvofiq ayollarni ayrim sohalar yoki kasblarga jalb qilish taqiqlari bekor qilindi; ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sohalar yoki kasblarning tavsiya etiladigan yangi ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuningdek, 2019-yil 2-sentabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, unda birinchi marta “jins bo‘yicha bevosita kamsitish” va “jins bo‘yicha bilvosita kamsitish” tushunchalariga ta’rif berildi, majburiy-huquqiy ekspertiza joriy etildi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekistonda ayollar mehnatini tartibga solishga doir qonunchilikni takomillashtirishda XMTning xalqaro standartlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ayollar mehnatiga oid XMT konvensiyalarini o‘rganishda Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi 103-, Sanoatda ayollarning tungi mehnati to‘g‘risidagi 89-, Teng haq to‘lash to‘g‘risidagi 100-, Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risidagi 105-, Mehnat va ish turlari sohasida kamsitish to‘g‘risidagi 111-, To‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlash to‘g‘risidagi 175-, Kasanachilik to‘g‘risidagi 177-, Uy xizmatchilari to‘g‘risidagi 189-konvensiya alohida xususiyatga ega.

O‘zbekiston Mehnat kodeksining 10-moddasiga ko‘ra agar O‘zbekistonning xalqaro shartnomasida xodimlar uchun mamlakatning mehnat to‘g‘risidagi qonunchiligiga yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarining yoki XMTning O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan konvensiyasining qoidalari mehnatga oid munosabatlar bevosita qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan hollarda ham qo‘llanadi.

Ayollarning mehnatga oid huquqlarini tartibga solishga qaratilgan konvensiyalarning milliy qonunchilikdagi ifodasi tahlil etilganda ular o‘rtasida ayrim tafovutlar borligi aniqlandi. Masalan, O‘zbekiston qonunchiligining ayollarga homiladorlik va tug‘ish bilan bog‘liq kafolatlari Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyada nazarda tutilganidan ko‘proq imtiyozlarni nazarda tutadi. Jumladan, 103-konvensiyaning 3-moddasi 2-qismida homiladorlik va tug‘ish ta’tili kamida 12 hafta etib belgilangan. Milliy mehnat qonunchiligimizda esa bu davr 18 haftaga teng. Shuningdek, konvensiyaning 5-moddasida nazarda tutilgan bolani ovqatlantirish bilan bog‘liq tanaffus bolani emizadigan onalargagina
taalluqli bo‘lsa, bizda mazkur tanaffus bolani emizadigan yoki ovqatlantiradigan barcha onalarga tatbiq etiladi.

Olimlardan M.Isayev 103-konvensiya haqida fikr yuritib, O‘zbekistondagi bir qator jamoa shartnomalari va kelishuvlarida homilador va voyaga yetmagan bolasi bor ayollarga qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilganini qayd etadi2.

Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaning yana bir muhim jihati shundaki, uning 6-moddasiga ko‘ra ayol homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lgan payti ish beruvchining u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i haqiqiy sanalmasligi belgilangan. Bu holat O‘zbekiston qonunchiligida biroz boshqacha ifodalangan. Ya’ni, Mehnat kodeksiga asosan ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasini u homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lgan paytida ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mehnat shartnomasini bekor qilishning boshqa turlari bundan mustasno. Konvensiyaning mazkur moddasi homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasini har qanday asosga ko‘ra bekor qilib bo‘lmasligini nazarda tutadi. Bizningcha, mazkur holatlarni muvofiqlashtirish lozim.

XMTning 1952-yildagi Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi 183-konvensiyasi ishlayotgan onalarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili bo‘yicha ancha takomillashgan normalarni nazarda tutadi. Masalan, konvensiyaning 1-moddasida «ayol» deganda har qanday kamsitishdan xoli bo‘lgan ayol jinsidagi shaxsni tushunish kerakligi qayd etilgan.

3-moddada bajariladigan ishning xususiyati ona va bolaning sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan bo‘lsa ish beruvchi homilador ayol yoki emizikli onani bu turdagi ishlarga qo‘ymasligi belgilangan. Bu norma 103-konvensiyada yo‘q edi. Shuningdek, 183-konvensiyada homiladorlik va tug‘ish ta’tilining muddati ham 103-konvensiyadan farqli o‘laroq 14 hafta deb ko‘rsatilgan.

183-konvensiya hozirgi zamon talablaridan kelib chiqqan bo‘lib, u ham ish beruvchi, ham xodim uchun qulay kafolatlarni nazarda tutadi. Milliy qonunchiligimiz normalari ham mazkur konvensiya normalarining implementatsiyasi uchun shay holatda turibdi. Bizningcha, O‘zbekiston mazkur konvensiyani ratifikatsiya qilishi lozim.

XMTning 2011-yilda qabul qilingan Uy xizmatchilari to‘g‘risidagi 189-konvensiyasi uy xizmatchilarining mehnat munosabatlariga oid asosiy normalarni qamrab olgan. XMT ijtimoiy himoya departamenti direktori Izabel Ortizning ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yil mart oyida dunyo bo‘yicha uy xizmatchilarining 80 foizi ayollar bo‘lgan3. Lekin ularning mehnat sohasidagi huquqlari to‘liq kafolatlanmagan.

Uy xizmatchilari mehnati keng tarqalgan bo‘lsa-da, uning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yetarli darajada anglab yetilmayapti. Ko‘p davlatlarda qonunchilik bazasi hanuzgacha yaratilmagani tufayli uy xizmatchilariga haq konvertda to‘lanmoqda. Bu esa ularning mehnatidan qonunga zid tarzda foydalanish, ularni kamsitish, erkini cheklashning ko‘payishiga olib kelmoqda.

XMT tahliliga ko‘ra uy xizmati xususiy xo‘jaliklarda amalga oshirilishi va xizmatchilarning ikki-uchta oilada ishlashi mazkur munosabatni tartibga solishda qiyinchilik uyg‘otadi.

Uy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasiga oid muammolar nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlarda, balki ba’zi rivojlangan davlatlarda ham kuzatiladi. Masalan, Italiyada uy xizmatchilarining 60 foizi norasmiy ishlaydi. Ispaniya va Fransiyada uy xizmatchilarining 30 foizi ijtimoiy ta’minot dasturlari bilan qamrab olinmagan4.

O‘zbekiston Mehnat kodeksida ham uy xizmatchilariga oid biron-bir normani uchratmaymiz. Bizningcha, uy xizmatchilarining mehnat muhofazasi va xavfsizligiga oid universal talablar ishlab chiqilishi va barcha ish beruvchilar bajarishi zarur bo‘lgan normativ qoidalar sifatida davlatning vakolatli organlari tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Ayollar va oilaviy vazifalar bilan mashg‘ul shaxslarga taalluqli xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish mamlakatning demokratik davlat sifatidagi nufuzini oshiradi va odam savdosi, latent mehnat munosabatlarining oldini oladi. Fikrimizcha, O‘zbekiston XMTning Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi 1952-yilgi konvensiyani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi 183-, Erkak va ayol xodimlarga: oilaviy majburiyatlarga ega ishchilarga teng munosabat va teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi 156-, To‘liqsiz ish kuni to‘g‘risidagi 175- hamda Kasanachilik to‘g‘risidagi 177-konvensiyalarining implementatsiyasi uchun qonunchilik bazasini qayta ko‘rib chiqishi va mazkur konvensiyalarni ratifikatsiya qilishi maqsadga muvofiqdir.

Sayid Burhoniddin ALIMOV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
magistratura tinglovchisi

 

1 Миронова А.В. Международно-правовое регулирование труда женщин: Автореф. дис. канд. юрид. наук/ http://www.dissercat. com/content/mezhdunarodno-pravovoe-regulirovanie-truda-zhenshchin.

2 М.Исаев. Оналикни муҳофаза қилиш ҳақидаги Халқаро меҳнат ташкилоти конвенцияси ва миллий қонунчилик. Kadrlar masalalari bo‘yicha ma’lumotnoma. –№11 (131), 2017. –26-б.

3 МОТ: 90 процентов домашних работников не охвачены системами социальной защиты// http://www.ilo.org/moscow/news/ WCMS_459940/lang-ru/index.htm.

4 Central Asia Human development report. Bringing down barriers: Regional cooperation for human development and human security. UNDP Bratislava,
Slovak Republic. 2005 y. – P.160.

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here