Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘nikmalarni oshirishning o‘ziga xos jihatlari

0
247

Birlashgan millatlar tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga muvofiq har bir ishtirokchi davlat saylanmaydigan mansabdorlar davlat vazifalarini to‘g‘ri, vijdonan bajarishi uchun taʼlim va o‘qitish dasturlarini amalga oshirishga harakat qiladi.

Xalqaro konvensiyaning ushbu minimal talabi bugungi kunga qadar har bir davlatning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining ham eng dolzarb vazifalaridan biri sifatida saqlanib qolmoqda.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda konvensiyada nazarda tutilgan vazifalarni keng ko‘lamda amalga oshirish “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan so‘ng boshlanganini taʼkidlash lozim.

Xususan, konvensiyada belgilangan fuqarolar va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini oshirish bo‘yicha bandiga ko‘ra yurtimizda 2017–2018-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturining 18-bandiga muvofiq taʼlim muassasalari pedagog kadrlari va davlat organlari mutaxassislarini o‘qitish, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlariga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida maxsus mashg‘ulotlarni olib borishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Аmmo korrupsiyaga oid jinoyatlar tahlili bu turdagi o‘qitish ishlari kerakli darajada yo‘lga qo‘yilmaganidan dalolat bermoqda.

Xususan, 2022-yilda jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 110 nafari respublika, 264 nafari viloyat va 2742 nafari tuman (shahar) miqyosidagi idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan bo‘lib, shulardan eng asosiy qismi, yaʼni 2103 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishga oid jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan.

Ilmiy tadqiqotchilarning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ilmiy-huquqiy bazani alohida huquqiy institut sifatida shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib kelmoqda. Chunki, yuqorida aytib o‘tilganidek, korrupsiya o‘z xususiyatlariga ko‘ra boshqa mamlakatlardagi korrupsiya bilan bir xil bo‘lishi mumkin emas. Ushbu qarashni A.Laxman, A.Komarova, S.Alekseyev kabi xorijiy olimlar hamda N.Salayev, B.Hidoyatov, G.To‘laganova, S.Niyozova va boshqa olimlarning fikrlari asosida asoslantirish mumkin.

Taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa huquq sohalaridan mustaqil ravishda shakllantirilmaganligi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Misol uchun, korrupsiyaga oid mavzular doirasida tadqiq qilingan muammolar yuzasidan ilmiy yechimlar sayoz bo‘lib, korrupsiyaga oid tadqiqotlarning o‘zaro bir nuqtada muhokama qilinmaganligi amaliyotda turli soha mutaxasislari o‘rtasida ko‘rinmas ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Bu borada Rossiya ва Norvegiya olimlari ham bir qator muammolar mavjudligini taʼkidlashmoqda. Xususan, tadqiqotlarni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlardan tortib, kelajak tadqiqotchilari mavzular doirasida bildirishi mumkin bo‘lgan ilmiy yechimlarning aniqligiga salbiy taʼsir qiluvchi holatlargacha ziddiyatlar mavjud deb hisoblanmoqda.

Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ilmiy fikrlarni jamlash va “milliy korrupsiyaga qarshi kurashish” asoslarini tushunishga yagona yondashuvni yaratish korrupsiyaga qarshi kurashish uchun muhim hisoblanadi. Chunki har bir davlatning ijtimoiy-siyosiy holati bir xil emas hamda milliy anʼana va qadriyatlar ijtimoiy munosabatlarda o‘ziga xos taʼsir qilish xususiyatlariga ega.

Shu bilan birga, “Korrupsiyaga qarshi kurashish” huquqida ijtimoiy-huquqiy munosabatlardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni tizimlashtirish natijasida aniq nazariy va huquqiy yechimlarga erishish mumkin.

Mazkur holatlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish” huquqini mustaqil huquq sohasi sifatida quyidagi huquq institutlariga bo‘lgan holda tashkil etish lozim:

– davlat boshqaruvida korrupsiyaga qarshi kurashish;

– kundalik hayotda korruptsiyaga qarshi kurashish;

– tijorat faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish huquqi;

– notijorat faoliyatda korrupsiyaga qarshi kurashish huquqi;

– xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish huquqi.

Shu bilan birga, mazkur huquq institutlari ushbu huquq sohasining yaxlit tizimini tashkil etishga hamda maktab o‘quvchilari, turli oliy o‘quv yurtlari talabalari, davlat xizmatchilari va boshqalarni o‘qitish bo‘yicha o‘quv dasturlari va standartlarni yaratishga yagona yondashuvni shakllantirish imkonini beradi.

O‘z navbatida, korrupsiyaga qarshi taʼlim va muloqot turlari fuqarolarda huquqiy ongni shakllantirishga, ularni korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning maishiy va kasbiy miqyosdagi mexanizmlari haqida maʼlumot berishga xizmat qilishini taʼkidlash lozim.

А.Kupriyanovning taʼkidlashicha, korrupsiyaga qarshi kadrlarni o‘qitishning asosiy maqsadi ularda korrupsiyaga qarshi dunyoqarashni, shaxsda yuksak axloqiy qadriyatlarni, korrupsiyaga qarshi xulq-atvorni shakllantirishdan iborat.

Shu fikrga qo‘shilgan holda, bugungi kunda kadrlarning huquqiy ongida huquqiy nigilizm va
shaxsning korrupsiya xavfini bartaraf etishga intilishini shakllantirish muhim ahamiyatga ega va korrupsiyaga qarshi o‘qitishning maqsadini yanada aniqlashtiradi deb hisoblaymiz.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasiga muvofiq davlat organlari va boshqa tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘radi, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir tushuntirish ishlarini amalga oshirish, huquqiy tarbiya va taʼlimni, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni ishlab chiqish yo‘li bilan zarur chora-tadbirlar ko‘radi.

Korrupsiyaga qarshi kadrlarni o‘qitishga oid munosabatlar subyekti – taʼlim standartlari va ushbu sohadagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq davlatning taʼlim berish funksiyasini amalga oshiruvchi taʼlim muassasalari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonunida keltirilgan taʼlim turlaridan kelib chiqib, ular taʼlim berish huquqiga ega bo‘lgan quyidagi subyektlardan iborat:

– maktabgacha taʼlim va tarbiya – maktabgacha taʼlim muassasalari;

– umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim – maktablar;

– kasb-hunar taʼlimi – kasb-hunar maktablari, kollejlar yoki texnikumlar;

– oliy taʼlim – oliy o‘quv yurtlari;

– oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlim – oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar;

– kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish – oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, malaka oshirish markazlari;

– maktabdan tashqari taʼlim – maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari.

Shuni taʼkidlash kerakki, korrupsiyaga qarshi o‘quv kurslari tinglovchilari 3 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan resepientlar hisoblanadi. Resepientlarning xarakteri va xususiyatlaridan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi taʼlimni ikki turga bo‘lish mumkin:

– umumiy taʼlim, barcha fuqarolar uchun mo‘ljallangan taʼlim shakli;

– professional, davlat va xususiy sektorda ishlovchi hamda o‘z faoliyatidagi korrupsiya holatlariga murosasizlikni shakllantirishga muhtoj bo‘lgan xodimlar uchun mo‘ljallangan taʼlim shakli.

Korrupsiyaga qarshi o‘qitish va muloqot qilish korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining muhim elementi bo‘lib, korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni shakllantirish orqali korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali profilaktika vositasidir.

Firibgarlikka qarshi kurashish bo‘yicha sertifikatlangan ekspertlar assotsiatsiyasining (АCFE)
2022-yilda o‘tkazilgan so‘roviga ko‘ra, hukumatda aniqlangan qonunbuzarlik holatlarining 57 foizi korrupsiyaga to‘g‘ri kelishi va har bir korrupsiya o‘rtacha 150 000 АQSh dollari miqdoirida zarar yetkazishi mumkin deb baholangan.

Shu munosabat bilan assotsiatsiyaning tahlil natijalariga ko‘ra korrupsiyaga qarshi muntazam tekshiruvlar quyidagi ijobiy tomonlarga ega deb baholanmoqda:

1) firibgarlik va korrupsiyaga qarshi o‘quv mashg‘ulotlari xodimlarning ushbu holatlar haqida xabar berish ehtimolini oshiradi.

Misol uchun, qoidabuzarlik holatlarining 45 foizi xodimlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan tashkilotlarda ular bergan xabarlar asosida aniqlangan;.

2) xodimlar, agar ular o‘qitilgan bo‘lsa, qoidabuzarliklar haqida xabar berish uchun ishonch telefonlaridan foydalanishi ehtimoli ko‘proq. Masalan, xodimlar uchun o‘qitish ishlari tashkil etgan tashkilotlarda xabarlarning 58 foizi “ishonch telefoni” orqali berilgan;

3) oddiy xodimlar va rahbar xodimlar uchun o‘quv tadbirlarini o‘tkazish. Masalan, bitta qoidabuzarlikdan kelib chiqadigan o‘rtacha zararni mos ravishda 45 foiz va 39 foizga kamaytiradi va huquqbuzarliklarni aniqlash muddatini mos ravishda 6 oydan 3 oygacha qisqartiradi.

Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi o‘qitish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:

– barcha xodimlar uchun korrupsiyaga qarshi umumiy trening;

– korrupsiya xavfiga eng ko‘p duchor bo‘lgan lavozimlar uchun korrupsiyaga qarshi trening;

– davlat organlarining masʼul xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi maxsus trening.

Yuqoridagi mulohazalar asosida o‘qitiladigan materiallar sifatini oshirish maqsadida ularni ishlab chiqishda quyidagilarni qamrab olish taklif etiladi:

– korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlarining davlat xizmatchilariga qo‘yiladigan umumiy talablar (korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga tushuntirishlar bilan);

– korrupsiyaga qarshi ichki hujjatlar bo‘yicha interaktiv materiallar (misollar bilan);

– o‘quv materialini o‘zlashtirishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha vaziyatli o‘yin dasturlarini ishlab chiqish;

– davlat xizmatchilariga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bepul maslahat olish uchun sharoit yaratish.

Xulosa qilib aytganda, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga qarshi madaniyatning yuksalishi nafaqat davlat xizmatchilari, balki fuqarolarning ham hayotiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Shuningdek, fuqarolarning davlat xizmatchilariga ishonchi mustahkamlanishi, ularda qonunlarga hurmat tuyg‘usining rivojlanishiga turtki beradi. Bu esa davlat organlari faoliyatida xolislikni taʼminlab, boshqaruv sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Temur SAFAROV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
mustaqil izlanuvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here