Jarima jazosi qo‘llanishining xususiyatlari

0
344

Yangi davr ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikning zamon talablariga qanchalik javob berishini o‘rganishni, shuningdek, ma’muriy javobgarlik normalarining qo‘llanish holatini baholash, uning monitoringini muntazam o‘tkazib borishni taqozo etadi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks qoidalariga binoan sodir etilgan ma’muriy qonunchilikka xilof xatti-harakatlar uchun qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslangan holda adolatli ma’muriy jazo choralari qo‘llanishi shart.

Shuningdek, huquqiy adabiyotlarda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun yuridik javobgarlik sifatida ma’muriy javobgarlik va unda nazarda tutilgan muayyan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanishi qayd etilgan.

Ma’muriy jazo – javobgarlikka tortish chorasi bo‘lib, u ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash hamda huquqbuzar va boshqa shaxslarning yangi huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llanadi.

Ma’muriy jazo choralaridan biri ma’muriy jarima hisoblanadi.

Ma’muriy jarima ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan deyarli barcha huquqbuzarliklar uchun qo‘llanadi.

Shuningdek, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritilgan yangi ma’muriy jazo chorasi (281-modda. Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish) qo‘llanilganda huquqbuzar jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan taqdirda, sud haq to‘lanadigan jamoat ishlarining o‘talmagan muddatini haq to‘lanadigan jamoat ishlarining sakkiz soati uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng jarima bilan almashtiradi. Bunda jarimaning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oshmasligi kerak.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanishicha jarima – ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishda aybdor shaxsdan davlat hisobiga pul undirishdir.

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJTK)ning maxsus qismidagi 14 ta bobda jami 14 ta soha (tur)dagi ma’muriy huquqbuzarliklar mavjud bo‘lib, ularni sodir etganlik uchun asosiy jazo sifatida jarima qo‘llaniladi.

Jarima – moddiy xususiyatga ega bo‘lgan ma’muriy jazo chorasi bo‘lib, aybdor shaxslardan
davlat hisobiga undirib olinadigan muayyan pul miqdorida ifodalanadi. Jarimaning miqdori ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdagi belgilab qo‘yilgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Fuqarolarga solinadigan jarimaning eng kam miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ellikdan
bir qismidan, mansabdor shaxslarga esa – o‘ndan bir qismidan kam bo‘lmasligi kerak.

Fuqaro va xizmatchilarga solinadigan jarimaning eng ko‘p miqdori bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan oshmasligi kerak. Ba’zi huquqbuzarliklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin. Masalan: MJTKning 189-moddasida belgilangan pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun, shuningdek, 1891-moddasida belgilangan tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to‘rt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yuz baravaridan to‘rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Jarima tarzidagi ma’muriy jazo chorasi huquqbuzarning ongiga ta’sir ko‘rsatib, uning moddiy manfaatlariga ta’sir qiladi. Ya’ni, huquqbuzar erkinligi cheklanmaydi, maxsus huquqdan mahrum qilinmaydi. Shu bois ma’muriy jarima samarali jazo choralaridan biri hisoblanadi.

Jarima MJTKning 24-moddasiga binoan ma’muriy jazo choralarining asosiy turi hisoblanadi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda jarima qo‘shimcha ma’muriy jazo bilan birgalikda solinishi mumkin (masalan, ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish, musodara qilish yoki maxsus huquqdan (ov qilish, transportni boshqarish huquqidan mahrum qilish).

Qonun chiqaruvchi MJTKning 16-moddasida muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilariga jarima solinishi mumkin emasligini qayd etgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan so‘ng jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish muddatlari va tartibi quyidagicha belgilandi.

Jarima huquqbuzar tomonidan unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda – shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to‘g‘risida xabar berilgan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmay to‘lanishi lozim.

Biroq yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan e’tibo ran oltmish kundan kechiktirmay, bunday qaror
xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan hollarda esa shikoyat yoki protest qanoatlantirilmay qoldirilganligi to‘g‘risida xabar berilgan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay to‘lashi kerak.

O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mustaqil ish haqi bo‘lmagan taqdirda, jarima ularning ota-onalari yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslardan undirib olinadi.

Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun solingan jarima huquqbuzar tomonidan bankka to‘lanadi, huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida undirib olinadigan jarima bundan mustasno.

2020-yil 17-martdagi 612-qonun bilan MJTK quyidagi tahrirdagi “Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi” nomli 3321-modda bilan to‘ldirilishi katta mamnuniyat bilan qabul qilindi. Xususan, jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi quyidagicha amalga oshirilishi belgilandi.

Huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun
ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan (30 %) qismini to‘lashdan ozod qilinadi. Bunday jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi quyidagi holatlarda qo‘llanilmasligi belgilangan edi:

1) ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun sud tomonidan jarima solinganda;

2) jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;

3) xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilganda.

Biroq, shuni ta’kidlash kerakki, MJTKning 171-moddasining uchinchi qismida belgilangan Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnikasi orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, huquqbuzarlikning takroriyligi hisobga olinmaydi, ammo MJTKning 321-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan (Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlariga doir ish yangitdan ko‘rib chiqish uchun yuborilib, qaror bekor qilingan taqdirda, mazkur ish ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan u ilgari sodir etgan huquqbuzarliklarning takroriyligi inobatga olingan holda umumiy asoslarda ko‘rib chiqilishi lozim) hol bundan mustasno.

So‘ngi yillarda mamlakatimizda sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, ma’muriy huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan edi.

2023-yil 23-martda O‘zbekiston Prezidentining “Aholiga ma’muriy jarimalarni to‘lashda qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda sohada korrupsion omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 99-qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda 2023-yil 1-maydan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimani ixtiyoriy to‘lash tizimi yanada soddalashtirilishi belgilandi. Unga ko‘ra:

– huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, o‘ttiz kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi;

– mazkur tartib sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga mazkur qarorda nazarda tutilgan talablardan kelib chiqib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritish yuklatilgan edi.

Mazkur vazifani to‘la bajarish va “Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 3321-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi 2023-yil 18-apreldagi 830-qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan jarimaning 50 foizini o‘n besh kun ichida yoki 70 foizini o‘ttiz kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘lash tartibi joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritildi. Mazkur tartib sud qarorlariga asosan qo‘llanadigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ushbu qonun ma’muriy jarimalarni to‘lashda jarimalar yukini kamaytirishga hamda ma’muriy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lash tizimini soddalashtirishga, shuningdek sud va boshqa organlarning hujjatlari o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Amaldagi MJTKning 3321-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

“Huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining ellik foizini yoki o‘ttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:

– MJTKning 131-moddasi (Transport vositalarini mast holda boshqarish); 132-moddasi (Kema haydovchilarining kichik hajmli kemalarni mast holda boshqarishi); 136-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi);

140-moddasi (Mast holdagi haydovchilarning yoki transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishiga yo‘l qo‘yish nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda);

– jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;

– xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilganda”.

Mazkur qonun 2023-yil 1-maydan e’tiboran kuchga kirgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, amaldagi MJTKning 171-moddasining uchinchi qismida belgilangan
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnikalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, huquqbuzarlikning takroriyligi hisobga olinmaydi (ya’ni soddalashtirilgan tartibda jarimalarni to‘lashi mumkin), ammo MJTKning 321-moddasining uchinchi qis­mida nazarda tutilgan (Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlariga doir ish yangitdan ko‘rib chiqish uchun yuborilib, qaror bekor qilingan taqdirda, mazkur ish ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan u ilgari sodir etgan huquqbuzarliklarning takroriyligi inobatga olingan holda umumiy asoslarda ko‘rib chiqilishi lozim) hol bundan mustasno.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bilan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda ichki ishlar organlari faoliyati muhim ahamiyatga ega. Zero, ichki ishlar organlari qonuniylikni mustahkamlash, huquq-tartibot va jamoat tartibini saqlash uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda va jarima jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishda quyidagi vazifalarni sidqidildan amalga oshirishlari lozim:

1) har bir ishning holatini o‘z vaqtida, har tomonlama, to‘liq va obyektiv ravishda aniqlab chiqish;

2) ishni qonunchilikka muvofiq holda hal etish;

3) ish bo‘yicha chiqarilgan qarorning ijrosini ta’minlash;

4) ma’muriy huquqbuzarlikning sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

5) huquqbuzarliklarning oldini olish hamda barvaqt profilaktikasini amalga oshirish;

6) fuqarolarni konstitutsiya va qonunlarga rioya etish ruhida tarbiyalash hamda qonuniylikni mustahkamlash.

Ma’lumki, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi.

Shu bois ichki ishlar organlari xodimlari ma’muriy huquqbuzarlik uchun hech kimni qonunchilikda belgilangan asoslar va tartibdan boshqacha tarzda ta’sir chorasiga tortishi mumkin emas. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar faqat qonuniylikka rioya qilish asosida yuritilishi shart.

Xojiakbar BAXRAMOV,
IIV Malaka oshirish instituti katta o‘qituvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here