Bugungi kunda davlat boshqaruvida ham, qonunchilik sohasida ham muhim o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish hayotiy zaruriyatga aylanmoqda. Xalqning farovonligi oshgani sari talab va ehtiyojlarning ham ortib borishi tabiiydir. Bundan shu narsani anglash mumkinki, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun davlat va jamiyat hayotida tub islohotlarni amalga oshirish zarur.
“Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan ustuvor g‘oyaning 2023-yil 30-apreldagi referendum asosida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizga singdirilgani diqqatga sazovordir.
Yangi O‘zbekistonimizni “Ijtimoiy davlat” tamoyili asosida barpo etish Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan.
Ta’kidlash joizki, ijtimoiy davlat bu – eng avvalo inson salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyat va munosib hayot kechirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni barpo etish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, umuman olganda inson qadr-qimmatini yuksaltirish hisoblanadi.
Bu muqqadas vatanda eng avvalo inson qadrini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilgani ham bejiz emas. Chunki inson qadri har narsadan ulug‘dir. Shu nuqtayi nazardan olib qarasak, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining birinchi yo‘nalishi “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” deb nomlandi. Mazkur yo‘nalishda respublikamizda istiqomat qilayotgan millati, tili va dinidan qat’i nazar har bir fuqaroning – butun xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Inson qadri uchun” g‘oyasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu asos-da mahalliy boshqaruv organlarining muammolarni hal etishdagi roli va mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga o‘tkazilishi ko‘zda tutildi. Bu esa e’tiborga molik islohotdir. Darhaqiqat, inson qadr-qimmati ulug‘langan yurtning kelajagi porloq bo‘ladi.
Zero, Konstitutsiyamizda inson qadr-qimmati va uning haq-huquqlari to‘la o‘z aksini topgan. Konstitutsiyamizning 13-moddasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi”.
Xalqaro huquqning milliy huquqiy tizimlarga ta’siri haqida shuni aytish kerakki, ko‘pgina konstitutsiyalarda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va prinsiplari milliy konstitutsiyaviy huquqning tarkibiy qismiga kiradi.
Ular bir-biriga zid kelsa, xalqaro huquqiy normalar ustun kelishi yozib qo‘yilgan. Xalqaro huquq prinsiplari va normalarining majmui Konstitutsiyamizga Birlashgan Millatlar Tashkiloti ustavidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va inson huquqlari“ ga oid boshqa xalqaro bitimlardan olib singdirilgan. Darhaqiqat, uning 19-moddasida shunday belgilangan: “O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”.
2020-yilda mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri bo‘lgan Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylangani tarixiy voqea bo‘ldi.
Ajdodlarimizning davlatchilikni mustahkamlash yo‘lidagi g‘oya va fikrlari, ishlari, hayotiy tajribalari Asosiy qonunimizning mezoni qilib olingani e’tiborga loyiqdir. Sohibqiron Amir Temurning “Tuzuklar”ida davlatni boshqarishga oid muhim tartib-qoidalar shunday e’tirof etilgan: “Davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqardim. To‘ra va tuzukka tayanib, saltanatda o‘z martaba va maqomimni mustahkam saqlab turdim. Amirlar, vazirlar, sipoh, raiyat har biri o‘z lavozim va martabasidan mamnun holda xizmatimda bo‘lib, undan ortig‘iga da’vogarlik qila olmadi”. Bu fikrlar Amir Temur davlati boshqaruv tizimining asosiy g‘oyasi bo‘lgan va uning hozirgi kundagi ahamiyati ham beqiyosdir. Zero, davlat boshqaruvida qonun, adolat ustuvor vazifa bo‘lib, xalqning orzu-umidlarining ro‘yobga chiqishida muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi.
2023-yilning 8-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangilangan Konstitutsiyamiz Uchinchi renessansni barpo etish yo‘lida mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi”
deb nomlangan ma’ruzasida ta’kidlaganidek: “Eng muhimi, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak.
Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini albatta amalda ta’minlashimiz zarur.
Shu maqsadda Asosiy qonunimizda hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoida mustahkamlandi.
Ayblanuvchiga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qo‘yildi. Advokatlar maqomi oshirilib, ularning tergovchi va prokuror
bilan teng vakolatga ega ekani qayd etildi”.
Darhaqiqat, Konstitutsiyamizda advokatura faoliyati bilan bog‘liq masalalarning o‘z aksini topgani inson huquqlarini ta’minlashga va uni mustahkamlashga qaratilgan muhim o‘zgarishlar sirasiga kiradi.
Jumladan, Konstitutsiyaning 141-moddasida: “Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi.
Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi.
Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi” deb qayd etilgan. 142-moddada esa “Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi.
Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi” deb belgilangan.
Advokatura faoliyatini qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplari asosida tashkil etishning belgilanishi inson huquqlarini ta’minlash borasidagi amaliy harakatlardan dalolatdir.
Inson huquqlariga oid xalqaro huquqiy hujjatlarning milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilinayotgani samara bermoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ortiq asosiy hujjatga qo‘shilgan, BMT tomonidan mazkur sohada qabul qilingan 10 dan ortiq asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisiga aylangan.
Xulosa qilib aytganda, inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati va boshqa umume’tirof etilgan huquqlari Konstitutsiyada o‘z aksini topgan. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning 20-dekabrida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatida ta’kidlaganidek: “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”.
Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning konstitutsiyaviy kafolatlari mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirishga xizmat qiladi. Qonun ustuvorligi jamiyatning taraqqiy etishida muhim ahamiyatga ega. Konstitutsiyamiz jahondagi yetakchi davlatlarning konstitutsiyaviy tajribalariga to‘la mos keladi. Ko‘zlagan ezgu maqsad-muddaolarimizga erishishda mustahkam huquqiy asos bo‘ladi.
Hakimali AZIMOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori