Keng dunyoqarash, chuqur diniy va dunyoviy bilim egasi Is’hoqxon Ibrat qozi sifatida ham samarali faoliyat olib borgan. Bu haqda uning zamondoshlari, ziyolilar xotirlaydilar.
Mulla Iskandar domla Abduvahob o‘g‘li shunday yozgan: “Is’hoqxon to‘ra eng odil, eng faqirparvar qozi edi. U boyni ham, kambag‘alni ham bir xilda tinglar va hukm chiqarar edi. Men o‘n yil to‘ram xizmatida bo‘lib, biror marta pora olganini, boylarga yon bosganini bilmayman, aksincha, kambag‘al, beva-bechoralarning mushkulini yengillashtirishga harakat qilar edi. U faqat xalq manfaati uchungina qozilik mansabida ishlagan. Uning uyida, qozixonasida rus huquqshunosligiga oid kitoblar ham bo‘lib, ruscha sud qonun-qoidalaridan ham xabardor edi”1.
Hozir Is’hoqxon Ibratning ikkita qozilik muhri To‘raqo‘rg‘ondagi Ibrat muzeyida saqlanadi. Tadqiqotchi Komila Vohidova o‘z tadqiqotida Is’hoqxon Ibratning 1901-yildan to 1917-yilga qadar qozi bo‘lganini yozgan2.
Ibratning qozi bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar “Turkiston viloyatining gazeti”da Ibratning nashriyotga kelgan “Lug‘ati sitta al-sina” risolasi bilan tanishar ekan, noma’lum zamondoshi tomonidan yozilgan axborotda “Namangan uyezdiga tobe’ To‘raqo‘rg‘on qozisi Is’hoqxon to‘ra”, “ul janobi qozining bosma uchun yuborgon va tasnif aylagon lug‘at kitoblari” kabi jumlalarda tilga olingan3.
Uning 1900-yil N.P. Ostroumovga yozgan xatini tadqiq qilganimizda, bu yerda qozi martabasi uning nomiga qo‘shib yozilmaganini ko‘ramiz. Maktubda Ibrat o‘zini “Is’hoqxon to‘ra” deb yozgan4.
Is’hoqxon Ibrat haj safaridan qaytgach, dastlab Xonobodda, so‘ngra To‘raqo‘rg‘onda qozilik lavozimida ishlagan. Ibratning qozilik faoliyatiga doir uchta manba bo‘lib, bularning birinchisi – O‘z FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Turli marsiya, iborat va fikriyot masalalari” qo‘lyozmalar to‘plamida jamlangan. Ushbu to‘plamda Ibratning qozilik davridagi 121 betdan iborat ish yuritish daftari, ikkinchisi – Ibratning 1907-yilda yozgan “O‘lursan” radifli g‘azali5 va uchinchisi – 1910-yilda “Turkiston viloyatining gazeti”da Ibrat tomonidan e’lon qilingan “Namanganda qozilar saylovi” haqidagi maqolasi6dir. Yuqoridagi uchta manba Is’hoqxon Ibratning qozilik faoliyatini yoritib berish uchun yetarli manbalardir.
Is’hoqxon Ibratning qozilik vaqtida amalga oshirgan ishlari haqidagi ma’lumotlar O‘z FA Sharqshunoslik institutidagi “Turli marsiya, iborat va fikriyot masalalari” deb 11620-to‘plamning 95-107-varaqlarida saqlanadi. Ushbu to‘plamni 1964-yil 3-iyulida Ibratning o‘g‘li Rotibxon Ishoqov tartibga solgan va Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondiga topshirgan. To‘plamda Ibrat turmushda uchraydigan salbiy holatlar, jumladan, o‘g‘irlik, oilaviy kelishmovchiliklar, odamlar o‘rtasidagi ziddiyatlarga shariat asosida yechim topib bergan. Masalan, ushbu to‘plamda “Janobi Ibratning nikoh vajidan javobi”, “Da’voyi haqorat”, “Da’voyi haqorati xotun”, “Da’voyi raiyat”, “Xatti taloq” kabi muammolar ko‘rib chiqilgan.
XX asr boshlarida adolatli, xalqparvar qozilar kam edi. Is’hoqxon Ibrat shoir va tanqidchi sifatida “O‘lursan” radifli g‘azalida xalq qozisining o‘ziga xos mas’uliyati borligini ta’kidlab, lavozimidan faqat o‘z manfaati yo‘lida foydalanuvchilarga qarata shunday nasihat qilgan:
Bo‘lma amalga muxtor7 ozurda jon o‘lursan,
Badfikr fitnasidin dil to‘la qon o‘lursan.
Vallot8 yoki qozi kori9 erur mashaqqat,
Ashrorlar10 so‘zidan dardi nihon o‘lursan.
Adling bo‘lursa aqvi11, izhor aylamas hech,
Gar zarra zulm qilsang, xalqg‘a ayon o‘lursan.
Gar ushlasang shariat, pos12 ushlamoq mashaqqat,
Bir qo‘l nizomi davlat toki omon o‘lursan.
Ko‘b bo‘ldi advokatlar yo omidin vakillar,
Xufyadin bo‘lakni bilmas, fig‘on o‘lursan.
Is’hoqxon Ibrat mavjud tuzum siyosatiga befarq emasligi bois qozilikka noloyiq kimsalar haqidagi maqolalarida ham o‘z munosabatini yozib qoldirgan.
1910-yilda Turkiston o‘lkasida musulmon aholi uchun hukumat tomonidan mahalliy qozilik mansabiga yangi saylov o‘tkazish uchun nizom ishlab chiqilgan. Ushbu nizom haqidagi fikrlarini Is’hoqxon Ibrat “Turkiston viloyatining gazeti”da “Namanganda qozilar saylovi” nomli maqolasida bayon qilgan. Maqolada Ibrat o‘g‘ri, poraxo‘r, zo‘ravon kishilardan qozi yoki mingboshi chiqmasligi, nizomda xuddi shu kabi kishilarga yo‘l ochib berilgani haqida yozgan: “Polojeniyaning 223-bobida zikr qilg‘ondurki, e’tibori bor, yetti kundin ziyod hibs bo‘lmag‘on, o‘ttiz so‘mdin ziyoda shtraf to‘lamag‘on, yoshi yigirma beshdin past emas odam bo‘lur degon ekan. Olim yo ilmi axloq, yo dono kishi, yo shariat biladurgon va yoki nizom biladurgon demagani shulki, faqat inson bo‘lsun. Mazkur ayblarga duchor bo‘lmogon bo‘lsun…” degon so‘z katta vaj bo‘lub, al holda ko‘rasiz kimlarni qo‘llariga bul shariat hukmini topshirurlar. Polojeniyani bobiga muvofiq ellikboshi degan xalq xohlaganiga ko‘ra kimgaki shar ko‘p tushsa, oni yozar ekan. Na qilsunlar bu xil qilsalar polojeniyaga muvofiq”13. Maqola oxirida “Turkiston viloyatining gazeti” muharririyati tomonidan ilova qilingan izohda ko‘rsatilishicha, Ibratning rus qonunchiligi yuzasidan tanqidiy fikri ma’qullanmagan.
Is’hoqxon Ibrat Lutfullo Nasafiy (vafoti – 1349-yil)ning “Fiqhi Kaydoniy” asarini arab tilidan
o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Tarjima so‘zmaso‘z emas, shuning uchun uni asarga o‘ziga xos
nazmdagi sharh deyish to‘g‘riroq bo‘ladi – muallif ko‘proq umumiy mazmunga e’tiborini qaratgan. “Fiqhi Kaydoniy nazmi” 1908-yilda “Matbaai Is’hoqiya” nomli bosmaxonada chop etilgan.
Shuni ham aytib o‘tish joiz, “Fiqhi Kaydoniy” Movarounnahrda asrlar davomida eng ko‘p o‘qilgan, madrasalarning boshlang‘ich kurslarida undan ta’lim berilgan kitob bo‘lsa-da, hanafiylik mazhabining asosiy va e’tiborli fiqhiy manbalaridan sanalmaydi.
Hanafiy olimlari nafaqat ijtimoiy masalalar, balki ibodat masalalari orqali ham jamiyatni birlik, yaxshilik va ezgulikka chorlaganlar. Bu ularning asarlarida ham doimo o‘z aksini topib kelgan. Shu munosabat bilan Lutfulloh Nasafiyning “Fiqhi Kaydoniy” asari fiqhiy masalalar ichidagi eng katta qismni qamrab olgan.
Asar boshlang‘ich ta’lim uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda namoz ichida bajariladigan va tark etiladigan amallar sakkiz turga bo‘lib o‘rganiladi. Bu turlarga farz, vojib, sunnat, mustahab, muboh, harom, makruh, mufsid amallari kiradi. Muallif ularni ikki guruhga ajratib, farz, vojib, sunnat, mustahab va mubohlarni buyurilgan va ular musollining ixtiyori va beixtiyor sodir bo‘lishi mumkinligini aytsa, harom, makruh va mufsidlarni buyurilmagan amallar e’tibori bilan uni tark etishga undaydi. Ular orqali har bir amalning ijobiy va salbiy tomonlarini ochib beradi. “Fiqhiy Kaydoniy”da muallif iqtidorini namoyon etgan o‘rinlar ko‘p. Shu bois olti asrdan beri o‘z qiymatini yo‘qotmay hozirgi kunimizgacha yetib keldi. Bu bilan Lutfulloh Nasafiy madaniy, ma’rifiy hayotimizga o‘zining buyuk xizmati bilan katta hissa qo‘shgan14.
“Fiqhi Kaydoniy nazmi” risolasi muqaddima, arabiy matn va uning o‘zbek tilidagi she’riy tarjimasi tartibida tuzilgan. Ushbu asarda iymone’tiqod masalalari masnaviy yo‘lida yoritilgan. Asar 240 bayt, 29 betdan iborat. Muqaddima qismi to‘liq Is’hoqxon Ibrat qalamiga mansub bo‘lib, hamd va na’t kalimalari bilan boshlangan hamda risolaning bitilish sabablari bayon etilgan. Ibrat asar nazmiga kirishar ekan, muqaddimada o‘zini quyidagicha tanishtiradi:
Nozimning baldasi To‘raqo‘rg‘on,
Ismi ashhari Qozi Is’hoqxon.
To‘raqo‘rg‘on erur Namangondin,
O‘z avlod hazrati Sultondin.
Muallif an’anaga ko‘ra, arabcha matn tagida berilgan nazmiy tarjimani ikki ustun shaklida (o‘ngdan chapga) yozgan.
Inson qaysi davrda hayot kechirmasin, orzu-istagi, hatto qilayotgan ishini o‘zi yashayotgan tarixiy sharoit taqozosi o‘laroq taqdim etadi.
Agar bu mashg‘uloti jism bilan birga o‘lmay, undan keyin ham davom etadigan hodisaga – ma’naviyatga daxldor bo‘lsa, ayni jihat yanada kuchayadi. Qilayotgan ishi zamonning eng dolzarb masalasiga aylanadi yoki zamonning o‘zi o‘sha masala tevaragida aylanadi. Shu ma’noda hech mubolag‘asiz barcha mumtoz ajdodlarimiz kabi Ibrat shaxsi va ilmiy-ijodiy merosi, qozilik faoliyatini o‘rganish alohida ahamiyatga molik15.
Xulosa o‘rnida aytganda, Is’hoqxon Ibrat ma’rifatparvar shoir, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk o‘zbek matbaachilaridan bo‘lish barobarida huquqshunos, fiqhshunos olim sifatida muayyan davrda qozilik faoliyatini ham fidoyilik bilan olib borgan va xalq manfaatini himoya qila olgan.
Sherali QO‘LDASHEV,
O‘z FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari nomzodi, dotsent
1 Долимов У. Исҳоқхон Ибрат. – Тошкент: Шарқ, 1994. – 69-б.
2 Вохидова К. А. Исхакхан Жунайдуллаходжа Ибрат и его научно-историческое наследие: Автореф. дисс. … канд. истор. наук. – Ташкент, 2002. – 49-б.
3 Таҳрирчи. Ахборот // Туркистон вилоятининг газети. 1901. № 30. 4 август.
4 Ўз МДА, Ф-1009. 115-рўйхат. 15-16-варақлар.
5 Ибрат И. Ўлурсан // Долимов У. Исҳоқхон Ибрат. Тошкент: Шарқ, 1994. – Б. 130.
6 Ибрат И. Наманганда қозилар сайлови // Туркистон вилоятининг газети. 1910 № 22. 21 март.
7 Мухтор – сайланган, ишонарли.
8 Валлот – ҳоким.
9 Кор – иш, юмуш.
10 Ашрор – бадкирдорлар.
11 Ақви – улуғлар, кучли.
12 Пос – эътибор, ҳурмат.
13 Ибрат И. По поводу выборвъ должностныхъ туземцев въ Наманган // Туркистон вилоятининг газети. 1910. № 22.
14 Ибрат И. Фиқҳи Кайдоний назми. – Тошкент: Movarаunnahr, 2012. 10-б.
15 Буюк алломаларимиз меросида маърифий ислом. – Тошкент: Ўзбекистон халқаро ислом академияси нашриёт-матбаа бирлашмаси, 2021. –378-б.