HomeYangiliklarIsh vaqti haqida muhim 8 savolga javob

Ish vaqti haqida muhim 8 savolga javob

Mustaqillik bayrami yaqinlashib qoldi. Bayramda necha kun dam olamiz? Oyliklar 1 sentyabrdan oldin beriladimi, keyinmi? Bugun hamma ishdan 1 soat oldin ketsa bo‘ladimi? Dam olish yoki bayram kunida xodimlarni ishga chaqirish mumkinmi? Agar ishga chiqsa qancha haq to‘lanishi kerak? hudud24.uz shu kabi savollarga huquqiy javob beradi.

  1. Mustaqillik bayramida necha kun dam olamiz?

Mustaqillik bayrami arafasida barcha xodimlar 3 kun dam oladi, xususan:

– 1 sentabr (juma) – Mustaqillik bayrami kuni (Mehnat kodeksi 208-moddasiga ko‘ra ishlanmaydigan bayram);
– 2 sentabr (shanba) – dam olish kuni (Prezident Farmoniga ko‘ra 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, hech qayci kundan ko‘chirilmagan);
– 3 sentabr (yakshanba) – dam olish kuni (Mehnat kodeksi 208-moddasiga ko‘ra umumiy dam olish kuni).

  1. Oylik bayramdan keyin beriladimi?

Oylik (ish haqi) to‘lanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida to‘lanadi, ya’ni 1 sentyabrdan oldin to‘lanishi kerak.

Oylik olish vaqti kechiktirilsa kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanishi kerak.
Markaziy bank stavkasi 14 foiz, shundan kelib chiqadigan bo‘lsak oylikka nisbatan 1,4 foizda kompensatsiya berilishi kerak.

  1. Bayramdan oldingi kunda xodimlar kamida 1 soat oldin ishdan ketishi mumkin

Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.
Agar ishni qisqartirish imkoni bo‘lmasa (masalan, uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda) ortiqcha ishlaganlik uchun xodimga qo‘shimcha dam olish vaqti beriladi yoki o‘sha vaqt uchun 2 hissa haq to‘lanadi.

  1. Shoshilinch ishlarni bajarish uchun xodim roziligi bilan dam olish yoki bayram kuni ishlashga ruxsat beriladi

Tashkilotning keyingi normal faoliyati shoshilinch bajariladigan ishlarga bog‘liq bo‘lganida, o‘sha ishlarni bajarish uchun xodimlar ularning yozma roziligi bilan dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etilishi mumkin.

Bunda shoshilinch bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxati jamoa shartnomasida yoki kasaba uyushmasi bilan kelishib ish beruvchi tomonidan yoxud mehnat shartnomasida belgilanadi.

Shuningdek, ishlanmaydigan bayramlarda ishlab chiqarishni to‘xtatib turish imkoni bo‘lmagan, aholiga xizmat ko‘rsatiladigan ishlarni, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.

Bundan tashqari, madaniy-tomosha tashkilotlari, televideniye, radioeshittirish va boshqa OAV xodimlari dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etilishi mumkin.

  1. Baxtsiz hodisa ro‘y berganda xodimni roziligisiz ishga chaqirish mumkin

Quyidagi holatlarda xodimning roziligisiz dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yiladi:

tabiiy yoki texnogen halokatlar, avariyalar, baxtsiz hodisalar (yong‘in, toshqin, zilzila, epidemiya va boshqalar) davridagi ishlarni bajarish uchun;

baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun;

issiq va sovuq suv, gaz, yorug‘lik, issiqlik ta’minoti, transport, aloqaning normal ishlashini buzadigan holatlarni bartaraf etish uchun;

ish beruvchi mulkini nobud qilish yoki unga zarar yetkazishning oldini olish uchun.

  1. Homilador ayollarni har qanday holatda ularning roziligisiz dam olish kuni yoki bayram kuni ishga chaqirish mumkin emas

Nogironligi bo‘lgan xodimlar, homilador ayollar, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi bo‘lgan xodimlarni dam olish kuni va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishga jalb qilishga har qanday holatda (baxtsiz hodisada ham) faqat ularning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni esa dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi (TV, OAV, radio, sport sohasidagi ishlar mustasno).

  1. Dam olish yoki bayramdagi ish uchun 2 hissa pul to‘lanadi

Dam olish kunlari yoki ishlanmaydigan bayram kunlari uchun kamida ikki hissa haq to‘lanadi.

Ichki hujjatlarda ikki hissadan ko‘proq haq to‘lanishi belgilanishi mumkin.

Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin.

Dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish uchun xodimga o‘zining xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kuni berilishi mumkin. Bunda xodimga bir hissa haq to‘lanadi.

Xodim jadvalga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq umumiy belgilangan dam olish kunlarida (besh kunlik ish haftasida shanba yoki yakshanba kunlari yoki olti kunlik ish haftasida yakshanba kuni) ishlasa, dam olish kunlari esa unga boshqa kunda berilsa, umumiy dam olish kunlaridagi ish uchun bir hissa haq to‘lanadi.

  1. Dam olish yoki bayram kunidagi ish uchun ish beruvchi buyrug‘i kerak

Dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etish ish beruvchi buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Xodimning roziligi ariza bilan yoki buyruqqa imzo qo‘ydirish orqali olinadi.

Xodim roziligisiz ishga jalb etilganda buyruqda xodim roziligisiz ishga jalb qilish asoslari qo‘rsatilishi kerak.

Eslatma: yuqoridagi tartiblar buzilganda xodimlar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga, shuningdek mehnat, prokuratura, adliya organlariga murojaat qilishlari mumkin.

Sudga murojaat qilinganda xodimlar sud xarajatlaridan ozod qilinadi.

Dilmurod RAJABOYEV,
huquqshunos

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa