Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi bevosita sohaga oid qonunlarning mukammalligi va uning amaliyotda qay darajada qo‘llanishi bilan bog‘liq. Xususan, Iqtisodiy protsessual kodeks sohadagi sud ishlarini yuritishda prokuror mustaqil protsessual maqomga ega ekanligini belgilaydi.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 41-moddasida prokuror taraflar, uchinchi shaxslar, davlat organlari va boshqa shaxslar qatorida o‘z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga ko‘ra ishda ishtirok etuvchi shaxs deb e’tirof etiladi. Iqtisodiy protsessual kodeksni tahlil qilish ishda ishtirok etuvchi shaxs sifatida prokurorning protsessda foydalanadigan huquqlarini umumiy va maxsus huquqlarga ajratish imkonini beradi.
Prokuror ishda ishtirok etuvchi shaxs sifatida Iqtisodiy protsessual kodeksning 42-moddasida ko‘rsatilgan quyidagi umumiy huquqlardan foydalanadi:
– ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish, ko‘chirma nusxa olish;
– rad qilish to‘g‘risida ariza berish;
– dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, savollar berish, iltimosnomalar
kiritish, arz qilish, sudga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni ko‘rish davomida yuzaga keladigan barcha masalalar bo‘yicha o‘z vajlarini, xulosalarini taqdim qilish;
– ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlariga e’tiroz bildirish.
Shuningdek, prokuror Iqtisodiy protsessual kodeksda nazarda tutilgan quyidagi maxsus huquqlarga ega bo‘ladi:
– faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda sudga boshqa shaxslarning huquqlari va qonun
bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida da’vo ariza kiritish (IPKning
49-moddasi);
– O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari barcha iqtisodiy sudlarga
da’vo arizasi (ariza) taqdim etishi mumkin (IPKning 49-moddasi);
– o‘z da’vo arizasidan voz kechish (IPKning 49-moddasi);
– sud hujjatlari ustidan protest keltirish (IPKning 42-moddasi).
Iqtisodiy protsessual kodeksning 42-moddasiga muvofiq ishda ishtirok etuvchi shaxs sifatida prokuror kodeksda nazarda tutilgan protsessual majburiyatlarga ega va ular o‘ziga tegishli barcha protsessual huquqlardan insofli ravishda foydalanishi kerak.
Prokurorning iqtisodiy sud ishlarini yuritish jarayonidagi protsessual huquqiy holati bilan uning fuqarolik protsessidagi maqomini qiyoslash shuni ko‘rsatadiki, Iqtisodiy protsessual kodeksni takomillashtirish zarurati mavjud. Masalan, Iqtisodiy protsessual kodeksning 49-moddasida fuqaroning, yuridik shaxsning va davlatning manfaatlarini ko‘zlab da’vo arizasi taqdim etgan prokuror da’vogarning huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi, bundan kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish huquqi mustasno ekanligi bayon etilgan. Biroq prokurorning da’vo talablaridan qisman yoki butunlay voz kechish va da’voni tan olish, da’vo predmetini yoki asosini o‘zgartirish bilan bog‘liq huquqlarni amalga oshirish tartibi va shartlari belgilanmagan. Vaholanki, Iqtisodiy protsessual kodeksdan farqli ravishda Fuqarolik protsessual kodeksining 51-moddasida ariza bergan prokuror sud xarajatlarini to‘lash majburiyatidan tashqari da’vogarning barcha protsessual huquqlaridan foydalanishi va barcha protsessual majburiyatlarini o‘z zimmasiga olish, bergan arizasidan butunlay yoki qisman voz kechish, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun o‘zi arz qilgan talablar bo‘yicha sudga tushuntirishlar berish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksining 51-moddasida agar da’vogar rozi bo‘lmasa, prokuror o‘zi arz qilgan talablarning asosini yoki predmetini o‘zgartirishga, qo‘shimcha talablar bildirishga, da’vo talablarining miqdorini ko‘paytirishga yoxud kamaytirishga haqli emasligi qayd etilgan.
Bu borada MDH davlatlarida iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatlarini tartibga solish ustuvor yo‘nalish ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi Arbitraj protsessual kodeksining 52-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, arbitraj sudiga murojaat qilgan prokuror da’vogarning barcha protsessual huquqlaridan foydalanadi va protsessual majburiyatlarini o‘z zimmasiga olishi haqidagi qoida mustahkamlangan. Shuningdek, mazkur kodeksning 52-moddasi birinchi qismida ko‘rsatilgan ishlar bo‘yicha prokuror arbitraj protsessining har qanday bosqichida qonuniylikni ta’minlash maqsadida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual huquq va majburiyatlari bilan ishga kirishishga haqli bo‘ladi.
Shulardan kelib chiqib, mamlakatimiz Iqtisodiy protsessual kodeksining 49-moddasi beshinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etishni taklif qilamiz: “Davlatning manfaatlarini ko‘zlab da’vo arizasi (ariza) taqdim etgan prokuror da’vogarning barcha huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi, bundan kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish huquqi hamda sud xarajatlarini to‘lash majburiyati mustasno. Fuqaroning va yuridik shaxsning manfaatlarini ko‘zlab da’vo arizasi (ariza) taqdim etgan prokuror agar da’vogar rozi bo‘lmasa, o‘zi arz qilgan talablarning asosini yoki predmetini o‘zgartirishga, qo‘shimcha talablar bildirishga, da’vo talablarining miqdorini ko‘paytirishga yoxud kamaytirishga haqli bo‘lmaydi”.
Prokurorning huquqiy holati va uning iqtisodiy sud ishlarini yuritishda qonuniylikka rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha vakolatlarini huquqiy tartibga solish borasida turli bahs-munozaralar bo‘lib turadi. Yuridik adabiyotlarda bu kabi holat ko‘pincha sudning mustaqilligi va uning faqat qonunga bo‘ysunishini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy prinsipga zid kelishi bilan izohlanadi.
Hozirgi vaqtda prokurorning iqtisodiy protsessda ishtirok etishining dolzarb muammolari quyidagilardan iborat:
Birinchisi – iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokurorning funksiyalari va ularning chegarasini belgilash muammosi.
Iqtisodiy protsessual qonunchilikni tahlil qilish prokurorning iqtisodiy protsessda quyidagi uchta funksiyasi haqida gapirishga imkon beradi:
– fuqaroning, yuridik shaxsning va davlatning manfaatlarini ko‘zlab da’vo arizasi (ariza) taqdim etish;
– ishning mazmuni bo‘yicha fikrini bayon etish, prokurorning boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga doir da’vo arizasi (arizasi) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishlar bundan mustasno;
– qonunlarga zid bo‘lgan sud hujjatlariga protest keltirish.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatlari va funksiyalari hamda ularning chegarasini belgilash borasida fikr bildirish uchun avvalo mamlakatimizda amal qilib kelgan xo‘jalik (iqtisodiy) protsessual qonunchilik tarixi va tahliliga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Prokurorning iqtisodiy protsessdagi funksiyasi va huquqiy holati borasida mamlakatimizda amal qilib kelgan xo‘jalik protsessual qonunchiligini tahlil qiladigan bo‘lsak, 1991-yilning 20-noyabrida qabul qilingan “Hakamlik sudi va xo‘jalik nizolarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi qonunning 67-moddasiga ko‘ra, prokuror yoki uning o‘rinbosarlarining da’vo arizasi hakamlik sudlariga tashkilot manfaatlarini ko‘zlab yuborilgan yoxud hakamlik sudining qaroriga e’tiroz bildirilgan hollarda prokuror hakamlik jarayonida ishtirok etadi. Basharti bu tashkilotlar huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish talab etilsa, prokuror hakamlik jarayonining istalgan bosqichida ishtirok etishga haqli ekanligi belgilangan.
2018-yil 1-apreldan kuchga kirgan Iqtisodiy protsessual kodeks bilan sudda prokuror ishtirokiga doir muhim normalar belgilandi. Unga ko‘ra, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlariga da’vo arizasini – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga esa – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari yoki ularning o‘rinbosarlari taqdim etishi belgilandi. Bu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) prokurorlarining va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning o‘rinbosarlari tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlariga da’vo arizasini taqdim etish huquqidan mahrum etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasining barcha iqtisodiy sudlariga da’vo arizasi (ariza) taqdim etishga haqli ekanligi nazarda tutildi.
2021-yil 12-yanvardagi “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 663-qonun bilan prokuror barcha ish-lar bo‘yicha sud majlisida ishtirok etishga haqli ekanligi kodeksdan chiqarib yuborildi. Mazkur qonun bilan IPKga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalarga ko‘ra, prokuror boshqa shaxslarning arizalari bilan qo‘zg‘atilgan ishning muhokamasida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emasligi, sudning ham prokurorni protsessga jalb qilish vakolatiga ega emasligi belgilandi.
Bugungacha qabul qilingan xo‘jalik (iqtisodiy) protsessual qonunchiligining prokuror vakolatlariga doir normalari tahlilidan ma’lum bo‘ladiki, prokuror asosan davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudda ishtirok etgan.
Biroq yuridik adabiyotlarda prokurorning iqtisodiy sudga davlat manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi da’vo bilan murojaat qilish huquqini beruvchi qonunchilik fuqarolik muomalasi subyektlarining tengligi normalariga zid ekanligi ilgari suriladi. Masalan, huquqshunos olim Andrey Rojkov davlat iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish doirasida fuqarolik muomalasining boshqa ishtirokchilari kabi bir subyekt sifatida harakat qilishi, aynan shu joyda fuqarolik muomalasi subyektlarining tengligi qonun bilan kafolatlanishi lozimligini ta’kidlaydi.
Uning fikrini tahlil qilar ekanmiz, bosh prokurorning 2015-yil 17-noyabrdagi “Iqtisodiy sudlarda ishlar ko‘rilishida prokuror ishtirokining samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi 125-buyrug‘ida O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining iqtisodiy sudlarda ishlar ko‘rilishida asosiy vazifalari – qonunda belgilangan vakolatlar orqali sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishiga erishishdan hamda qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, iqtisodiyot sohasida korxona, muassasa, tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish hamda ushbu sohada qonunchilikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishni ta’minlashdan iborat ekanligi ta’kidlangan. Bu esa prokurorga iqtisodiy sudlarda faqatgina davlat manfaatlarini emas, balki iqtisodiyot sohasida korxona, muassasa, tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida ham sudga da’vo arizasi taqdim etish imkonini beradi.
Shu o‘rinda prokuratura organlarining iqtisodiy sohadagi nazorat faoliyatida asosiy e’tibori tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda yuzaga kelgan muammolar yechimiga ko‘maklashishga qaratilmoqda.
Xususun, keyingi uch yilda 5200 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi, 23 mingdan ziyod tadbirkorga, jumladan, 2300 dan ortiq eksportchining muammolarini hal qilishga ko‘maklashildi.
Prokurorlar yordami bilan qariyb 15 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi, faoliyati to‘xtab qolgan 20 mingga yaqin korxona tiklandi, natijada 50 mingta yangi ish
o‘rni yaratildi.
Tadbirkor huquqini buzish bilan bog‘liq 17400 ga yaqin holat aniqlanib, choralar ko‘rildi. Qariyb 40 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.
So‘nggi 5 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 413 mingdan ziyod fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Qonunga zid bo‘lgan 32 mingdan ortiq huquqiy hujjat prokuror protestlari asosida bekor qilindi, qariyb 54 mingtasi esa qonunga muvofiqlashtirildi.
Prokurorning davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudda ishtirok etish yo‘nalishini kontinental huquq tizimiga mansub ko‘plab davlatlar qonunchiligida uchratish mumkin. Ushbu davlatlar qonunchiligida belgilanishicha, prokuror ommaviy manfaatlarni, ya’ni “davlat, jamiyat manfaatlari, shuningdek alohida ijtimoiy toifadagi shaxslar manfaatini”10 himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlarida ishtirok etadi.
Yevropa davlatlarining iqtisodiy (arbitraj) protsessual qonun hujjatlarida prokurorning asosan davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudda ishtirok etish borasidagi vakolatlari nazarda tutilgan. Xususan, G‘arbiy Yevropadagi ko‘pchilik davlatlar va AQSHda prokurorlar ommaviy va davlat manfaatlarini, Fransiya va Italiyada esa boshqa shaxslarning manfaatini himoya qilish maqsadidagina sudga da’vo taqdim eta oladi.
Xorijiy davlatlar umumiy huquq tizimida prokuratura qonuniylikni yoki odil sudlovni amalga oshirish jarayonida adolatlilik ta’minlanishini kafolatlovchi organ sifatida rasman tan olinmaydi.
Prokurorning iqtisodiy sudlardagi funksiyasi ommaviy manfaatlarni himoya qiluvchi vakillik organlarining funksiyasi bilan o‘zaro mos keladi. Xorijiy davlatlar huquq tizimida prokuror sud jarayonlarida davlat nomidan da’vogar yoki javobgar sifatida ishtirok etishini uning bu toifadagi ishlardagi ishtirokining muhim shakli sifatida ko‘rsatish mumkin. Masalan, AQSHda prokuratura xizmati attorney xizmati deb nomlanadi va davlat attorney xizmatiga federal darajada bosh attorney – Adliya vaziri rahbarlik qiladi.
Uning asosiy vazifasi sudlarda AQSH hukumatining manfaatlarini himoya qilishdan iborat12.
Shuningdek, AQSHda attorneylik xizmati soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun jarima undirish to‘g‘risidagi ishlarning sudlarda ko‘rilishida da’vogar sifatida ishtirok etsa, soliq to‘lovchilarning da’vosi bo‘yicha boshlangan ishlarga esa javobgar sifatida jalb etiladi.
AQSHda attorneylik xizmati davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslari va hatto oddiy xizmatchilar yetkazgan zararni undirish to‘g‘risidagi ishlarda ishtirok etish huquqiga ham ega. Ushbu xizmat nafaqat davlat manfaatlarini, balki jamiyat manfaatlarini ham himoya qilish maqsadida sudlarda ishtirok etish huquqiga ega.
Masalan, AQSH qonun hujjatlariga ko‘ra, attorneylar sudga havoni, suvni va suv sathini ifloslanishdan muhofaza qilish, shovqinlarni nazorat qilish, xavfli yuklarni transportda tashish xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq da’volarni taqdim etish (yoki maxsus muassasalar yoxud xususiy shaxslarning bu to‘g‘ridagi talablarini qo‘llab-quvvatlash) huquqiga ega13.
Xorijiy davlatlarning xo‘jalik (iqtisodiy) sudida prokuror ishtirokiga doir qonun hujjatlari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat davlatlar qonunchiligida prokurorga nomuayyan shaxslar doirasining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudga da’vo arizasi taqdim etish huquqi berilgan. Mamlakatimiz iqtisodiy protsessual qonunchiligida fuqaroning, yuridik shaxsning va davlatning manfaatlarini ko‘zlab prokuror da’vo arizasi taqdim etishi vakolati ko‘rsatilgan bo‘lsada (IPKning 49-moddasi beshinchi qismi), biroq nomuayyan shaxslar doirasining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudga da’vo arizasi taqdim etish huquqi nazarda tutilmagan.
Yuridik adabiyotlarimiz va milliy qonunchiligimizda “nomuayyan shaxslar doirasi”, “nomuayyan shaxslar doirasining huquqlari” tushunchasini aniqlovchi ta’riflar mavjud emas.
Milliy qonunchilik tahlili shuni ko‘rsatadiki, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari iste’molchilarning (iste’molchilar nomuayyan doirasining) huquqlarini himoya qilib, sudga murojaat etish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilgan. Mazkur qonunning 24-moddasiga ko‘ra, xuddi shunday vakolat mahalliy hokimiyat organlarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi vakolatlarida ham o‘z ifodasini topgan14.
Biroq ushbu qonunda ham nomuayyan shaxslar doirasi deganda qanday shaxslar tushunilishiga aniq ta’rif berilmagan. Bu esa ushbu idoralarning sudga da’vo taqdim etish jarayonida muayyan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Zero, IPKning 149-moddasiga ko‘ra, sudga taqdim etilayotgan arizalarda (da’vo arizalari va shikoyatlarda) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyiga oid ma’lumotlar bo‘lishi talab etiladi. Aks holda ariza suddan arizachiga qaytariladi (IPKning 155-moddasi birinchi qismi 1-bandi.
Prokurorning nomuayyan shaxslar doirasi huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudga da’vo (ariza) taqdim etish huquqi va uni amalga oshirish mexanizmlari iqtisodiy protsessual qonunchilikda batafsil tartibga solinishi taklif qilinadi. Mazkur qoidaning qonunchilikka kiritilishi o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarning huquqlarini sud orqali himoyalashning qo‘shimcha
kafolati vazifasini bajaradi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, “nomuayyan shaxslar doirasi” manfaatlarini himoya qilishga oid huquqiy konstruksiya XX asrda Yevropa protsessual huquqida keng tarqalgan “guruh da’vosi” nomi bilan rivojlangan edi. Xususan, Fransiyada da’voga bo‘lgan mazkur huquqni 1907- va 1923-yillarda Kassatsiya sudi tasdiqlagan. Anglo-sakson huquq tizimida guruh da’vosi bir necha asrlardan buyon amal qilib keladi.
Uning yuzaga kelish tarixi inglizlarning XVII asrdagi “Tinchlik to‘g‘risidagi akt”iga borib taqaladi.
1998-yilda Angliyada Civil Procedure Rules qabul qilingan. Ana shu normativ hujjatning birinchi moddasida quyidagi qoida belgilangan: “Mazkur tartib yangi protsessual kodeks hisoblanib (New procedural code), uning asosiy maqsadi sudga ishni adolatli hal etish imkonini berishdan iboratdir”. Ushbu tartibda belgilanishicha, ishda taraf sifatida ishtirok etayotgan tashkilotlar da’voga bo‘lgan huquqqa ega bo‘lish bilan bir vaqtda bu tashkilotlarning jamoaviy va yakka tartibdagi huquqlar himoyachisi sifatida da’voga bo‘lgan huquqlari ham tan olingan. Yuridik adabiyotlardan ma’lumki, da’voga bo‘lgan huquq oldindan qonuniy tarzda belgilab qo‘yilgan va davlat tomonidan kafolatlangan shaxslarning (jismoniy va yuridik shaxslarning) buzilgan huquqlari yoki qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish uchun ularga berilgan moddiy tusdagi huquqdir. Yuqoridagi da’voning ahamiyatli jihati shundan iboratki, ularning yordamida bir vaqtning o‘zida ommaviy-huquqiy manfaatlarni ham, ko‘p sonli shaxslar guruhining xususiy manfaatlarini ham himoya qilish imkoniyati yaratiladi.
Prokurorning nomuayyan shaxslar doirasi huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
yuzasidan sudga da’vo (ariza) taqdim etish huquqi va uni amalga oshirish tartibotlarining qonunchilikka kiritilishi ayni bir vaqtda davlatga ham, jamiyatga ham birdek kerakli bo‘lib, ommaviy tusdagi manfaatlarni himoya qilishning samarali vositasi hisoblanadi. Bunday da’volarni ko‘rib chiqish uchun qabul qilgan sudlar bir vaqtning o‘zida bir guruh shaxslarning huquqlarini himoya qilish masalasini hal etib, talaygina protsessual chiqimlarning oldini oladi. Bu kabi da’volarni sudda ko‘rish va hal etish jarayonida sudlar aniq bir subyektlarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklashi masalasini ham hal etishi mumkin.
Bobur OTAJANOV,
Bosh prokuratura
akademiyasi mustaqil izlanuvchisi