Yig‘ilish qarori – yuridik fakt!

0
501

Yuridik faktlar orasida yig‘ilish qarorlari huquqiy ta’limda kam o‘rganilgan. Bu yig‘ilish qarorlari uchun aniq qonuniy ta’rif yo‘qligi, uni tartibga soluvchi normalar yetarlicha mavjud emasligi bilan bog‘liq. Majlis, yig‘ilish qarorlari fuqarolik-huquqiy ahamiyatga ega omil sifatida qaraladi.

Mavjud ilmiy qarashlar asosida aytish mumkinki, korporativ huquqiy munosabatlarda yig‘ilish qarori har doim yuridik fakt hisoblanadi. Korporativ huquqiy munosabatlar doirasida quyidagi kabi qarorlar qabul qilinadi:
– yuridik shaxsni tashkil etish yoki qayta tashkil etish to‘g‘risida;
– aksiyadorlik jamiyatida yillik hisobotni tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
– bosh direktorni tayinlash va h.

Yig‘ilishda qatnashish huquqi yuridik hamjamiyat a’zosining huquqi doirasiga kiradi. Yig‘ilishda qatnashish huquqi xo‘jalik jamiyatlari va boshqa yuridik shaxslarning ishlarini boshqarish huquqining tarkibiy qismi sifatida qaraladi. Bundan tashqari, majlisda qarorlar qabul qilish yuridik hamjamiyat faoliyatini nazorat qilishning eng samarali huquqiy vositalaridan biridir. Ovoz berish va qaror qabul qilish orqali ishtirokchi jamiyatning yo‘nalishini belgilab, katta o‘zgarishlarni amalga oshirishga ta’sir qilishi mumkin. Avvalo yig‘ilishda ishtirok etish huquqi korporativ huquqlarning yetakchi tarkibiy qismidir.

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 58-moddasida aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi jamiyatning yuqori boshqaruv organi ekanligi belgilab qo‘yilgan.

“Jamiyat har yili aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazishi shart. Aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi jamiyat ustavida belgilangan muddatlarda, ammo moliya yili tugaganidan keyin olti oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishida jamiyatning kuzatuv kengashini va taftish komissiyasini (taftishchisini) saylash to‘g‘risidagi, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi, kollegial ijroiya
organining (bundan buyon matnda boshqaruv deb yuritiladi) a’zolari, ishonchli boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnomaning muddatini uzaytirish, uni qayta tuzish yoki bekor qilish mumkinligi haqidagi masalalar hal etiladi”.

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ovozga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha qaror aksiyadorlarning to‘rtdan uch qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini olib borish tartibi jamiyatning ustavida yoki jamiyatning aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlangan boshqa hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilingan qarorlar qabul qilingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay aksiyadorlar e’tiboriga yetkaziladi.

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining vakolat doirasiga quyidagilar kiradi:
– jamiyat ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoki jamiyatning yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash;
– jamiyatni qayta tashkil etish;
– jamiyatni tugatish, tugatuvchini tayinlash hamda oraliq va yakuniy tugatish balanslarini tasdiqlash;
– jamiyat kuzatuv kengashining va minoritar aksiyadorlar qo‘mitasining son tarkibini belgilash, ularning a’zolarini saylash va a’zolarning vakolatlarini
muddatidan ilgari tugatish;
– e’lon qilingan aksiyalarning eng ko‘p miqdorini belgilash;
– jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish;
– jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish;
– o‘z aksiyalarini olish;
– jamiyatning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash, ijroiya organini tuzish, uning rahbarini saylash (tayinlash) va rahbarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
– jamiyat taftish komissiyasining a’zolarini (taftishchisini) saylash va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, shuningdek, taftish komissiyasi (taftishchi) to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;
– jamiyatning yillik hisobotini va yillik biznes-rejasini, shuningdek, jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadidan kelib chiqqan holda jamiyatni o‘rta muddatga va uzoq muddatga rivojlantirishning aniq muddatlari belgilangan strategiyasini tasdiqlash.

Statistik ma’lumotlar tahlili korporativ nizo va boshqaruv organlarining qarorlariga e’tirozlar
ko‘pligi haqida xulosa chiqarishga imkon beradi.

Bu holat fuqarolik-huquqiy munosabatlarning beqarorligini ko‘rsatadi. Hamda fuqarolik-huquqiy muomala ishtirokchilari manfaatlari muvozanatini saqlash qoidalarini ishlab chiqish zarurligidan dalolat beradi. Bu albatta huquqiy davlatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, fuqarolik huquqida yig‘ilish qarorlari u yoki bu tarzda huquqiy tartibga solishning ayrim masalalari tarkibida o‘rganilgan bo‘lsa-da,mustaqil tadqiqot obyekti sifatida tizimli ravishda ko‘rib chiqilmagan.

Yig‘ilish qarorlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solishni o‘rganishdan maqsad yig‘ilish qarorining yuridik fakt sifatidagi yuridik mohiyatini aniqlash, yig‘ilishning turli qarorlarini har tomonlama o‘rganish va tahlil qilish, majlislar qarorlari haqiqiy emasligining huquqiy oqibatlarini o‘rganish, yig‘ilish qarori tarkibining elementlari va shartlarini aniqlashdan iboratdir.

Buning uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish talab etiladi.
- Xususan, majlis qarorini yuridik fakt sifatida nazariy tahlil qilish, uning huquqiy mohiyatini, tarkibini aniqlash;
- uning nuqson keltirish tarafini ko‘rib chiqish, nuqsonlarning oqibatlarini aniqlash va alohida tasniflash;
- fuqarolik muomalasi barqarorligini ta’minlash va vijdonlilik tamoyiliga rioya qilish zarurati nuqtayi nazaridan yig‘ilish qarorining haqiqiy emasligi va uchinchi shaxslarning huquqlarini himoya qilishning huquqiy oqibatlari to‘g‘risidagi munozarali masalalarni o‘rganish;
- qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Yig‘ilishning belgilarini tahlil qilib, shuni ta’kidlash kerakki, qonunchilik umumiy yig‘ilish tomonidan qaror qabul qilishning quyidagi shakllarini nazarda tutadi:
– kun tartibini muhokama qilish va qarorlar qabul
qilish uchun jamiyat a’zolarining birgalikda ishtirok
etishi tushuniladigan yig‘ilish;
– ovozga qo‘yilgan masalalar;
– uzatilayotgan va qabul qilingan xabarlarning to‘g‘riligini hamda ularning hujjatli tasdiqlanishini ta’minlovchi turli aloqa turlari orqali hujjatlarni almashish yo‘li bilan ovoz berish shaklida sirtdan o‘tkaziladigan yig‘ilish.

Shuningdek, yig‘ilishni haqiqiy deb hisoblash uchun kvorumning, ya’ni, yig‘inda ishtirok etuvchi shaxslarning minimal soni belgilanishi yig‘ilishning muhim xususiyati hisoblanadi. Aks holda, shaxslarning ishtiroki yig‘ilish tomonidan tan olinmaydi.

“Yig‘ilish” yuridik shaxslarning boshqaruv organi bo‘lib, yig‘ilishda ishtirok etish va ovoz berish orqali yuridik shaxs ishtirokchilari yuridik shaxsni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tadqiqotchi V.Mixaylovning ta’kidlashicha, umumiy yig‘ilish qaysi tashkilotning organi ekani to‘liq aniq emas, chunki “boshqaruv organi” tushunchasi uning ma’lum bir tashkilotga tegishli ekanini anglatadi va u ma’lum bir tashkilotning yuridik faoliyatini amalga oshirish uchun shakllanadi.

A.V.Mayfat, D.V.Lomakin, A.I.Kaminka kabi mualliflar yig‘ilishda qatnashish huquqini uni huquqiy layoqatning elementiga (xususan, korporativ huquq layoqati – korporativ huquqiy munosabatlarning ishtirokchisi bo‘lish qobiliyati) kiritish yoki uni subyektiv huquq deb bilish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqqanlar.

Tadqiqotchi V.A.Belov ishtirokchilarning huquqlarini va ularni yuzaga keltiradigan aniq holatlar huquqiy faktlarga bog‘liqligini tahlil qilib, bunday vaziyatda korporativ huquqlarni huquqiy munosabatlar shaklida qo‘yish mumkin emas, balki huquqiy shaklda investitsiya qilinishi mumkin degan xulosaga keladi.

“Yig‘ilish” tushunchasi aslida bir xil hodisani – yuridik shaxs organi faoliyatida yoki doimiy boshqaruvni shakllantirmasdan boshqaruvni amalga oshiruvchi shaxslarning boshqaruv funksiyasini amalga oshirish usulini aks ettiradi.

Fuqarolik-huquqiy jamiyat a’zosining yig‘ilishda ovoz berishi qarordan manfaatdorligi bilan
bevosita belgilanadi.

Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari ichida kun tartibidagi masala yuzasidan qaror qabul qilishdan manfaatdor bo‘lmagan shaxslar bo‘lsa, quyidagi amaliy muammoga e’tibor qaratish lozim.

Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida 2021-yil 10 martdagi 4-yig‘ilish qarori bilan MFY raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari D.S. lavozimidan ozod qilingan.

2021-yil 13-iyul kuni da’vogar D. S.ning Furqat tumanidagi MFYga nisbatan yig‘ilish qarorini bekor qilish, ishga tiklash hamda majburiy bekor yurgan kunlari uchun o‘rtacha oylik ish haqi va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo va qo‘shimcha da’vo arizasi yuzasidan O‘zbekiston tumanlararo sudining 2021-yil 26-maydagi hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya shikoyati Farg‘ona viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida
ko‘rib chiqilgan. Sudning ajrimi bilan Furqat tumanidagi MFY kengashining 2021-yil 10-martdagi 4-yig‘ilishi qarori g‘ayriqonuniy deb topilib, bekor qilingan va D.S. rais o‘rinbosari lavozimiga ishga tiklangan.

Bu jarayonda D.S.ning majburiy bekor yurgan kunlari uchun o‘rtacha oylik ish haqi va ma’naviy zararni undirish masalasi ochiq qolgan va shu kungacha undirilmasdan fuqaro manfaatlariga zarar yetkazilgan.

Qonunchilikdagi bo‘shliq, ya’ni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining moliyaviy asosi o‘z mablag‘laridan, mahalliy budjetlar mablag‘laridan, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalaridan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa mablag‘lardan tashkil topadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bank hisobvarag‘idagi moliyaviy mablag‘larini qonunchilikda belgilangan tartibda mustaqil tasarruf etadi. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moliyaviy mablag‘lari olib qo‘yilishi mumkin emas.

Fuqarolar yig‘inining kengashi moliyaviy mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risida har chorakda fuqarolar yig‘ini oldida hisob beradi” deb belgilangan.

Lekin fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlariga belgilangan smetadan tashqari budjetdan
mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmagan. Bundan tashqari, mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda yetkazilgan zararlarni regress tartibida, ya’ni aybdor shaxslardan undirish masalasi ham ochiq qolmoqda, chunki amaldagi Mehnat kodeksining 188-moddasida “Xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqini ish beruvchi unga to‘lashi shart.

Bunday majburiyat, agar ish haqi ishga qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi, mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi va mehnat nizolarini ko‘ruvchi organning bunday ishlar yuzasidan chiqarilgan qarori o‘z vaqtida bajarilmaganligi, mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi, har qanday yo‘llar bilan xodimning sha’niga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar tarqatilganligi natijasida, basharti bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasa, shuningdek boshqa hollarda olinmay qolgan bo‘lsa, kelib chiqadi” deb belgilangan.

Yuqorida keltirilgan misolda D.S. kengashning jamoatchilik asosida ishlovchi 17 nafar a’zosidan tarkib topgan yig‘ilish qarori bilan lavozimidan ozod etilgan. Bu vaziyatda sudning ijro varaqasida javobgar Furqat tumanidagi MFY ekanligi ko‘rsatilgan, bunday holatda ijro hujjati yuzasidan javobgarlar doirasini aniqlashning imkoni ham yo‘q.

Shu sababli ham da’vogarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning kim tomonidan to‘lab berilishi kerakligi ochiqligicha qolgan.

Shuningdek, “Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mas’ul xodimlarni lavozimga ta’yinlash yoki ozod etishda kengashga taklif kiritishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib:
birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga yig‘ilish qarorlarini fuqarolik-huquqiy tartibga soluvchi moddalar kiritilishini;
ikkinchidan, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mas’ul xodimlarni lavozimga tayinlash va ozod qilishning jamoatchilik asosida ishlovchi kengash a’zolarining emas, balki “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga asosan fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) vakolatiga kiritishni taklif qilamiz.

Xullas, yig‘ilish qarorlari muhim fuqarolik-huquqiy hujjatdir, u asosida ko‘plab huquqiy munosabatlar shakllanadi.

Sarvinoz HASANOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
mustaqil izlanuvchisi

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here