Yoy o‘qida soch qirish
Bu voqea XII asr o‘rtalarida shonli Samarqand So‘g‘diga qarashli Bulung‘ur tumani hududida mashhur Turon hukmdori saljuqli sulton Sanjar va xoqon Go‘rxon o‘rtasida bo’lib o‘tgandi. Saljuqlarning tarix sahnasiga kirib kelishi va dunyoni to’ldirgan shon-shuhrati O‘kuz va Yaksart daryolari oralig’ida boshlangan edi. Ularning bu sahnadan chiqib ketishi ham shu yerda ro‘y berdi. XII asrning ikkinchi choragida sharqdan Go‘rxon boshchiligida qoraxitoy qavmi Turonga bostirib kiradi.
Ibn al-Asir Jazariy yozadi: “So‘ngra ular Movarounnahrga yurish boshladi. Xoqon Mahmud ibn Muhammad hijriy 531-yili ramazon oyida (1137-yil may va iyun oralig‘i) Xo‘jand chegarasida ularga qarshi chiqdi.
Jang bo‘ldi. Xoqon Mahmud ibn Muhammad tor-mor qilindi va Samarqandga chekindi. Mag‘lubiyat aholini sarosimaga solib qo‘ydi, qo‘rquv va xavotir kuchaydi. Ular kecha-kunduz biror falokat sodir bo‘lishidan xavfsirardi. Buxoro va Turonning boshqa shaharlarida ham vaziyat shunday edi.
Xoqon Mahmud yordam so‘rab sulton Sanjarga chopar jo‘natdi. Musulmonlar duch kelgan balo-qazodan xabar berib, ularni himoya qilishga chaqirdi. Sanjar qo‘shin to‘pladi. Xuroson hokimlari, Sijiston va G‘ur, G‘azna, Mozandaron va boshqa viloyatlar hokimlari askarlari bilan uning qo’shiniga kelib qo’shildi. Yuz mingdan oshiq jangchi to‘plandi. Olti oy bo‘lajak to‘qnashuvga jangovar tayyorgarlik ko‘rildi. Sanjar turklarga qarshi otlandi. Hijriy 535-yil zulhijja oyida (1141-yil iyul) Movarounnahrga kirib keldi.
Mahmud ibn Muhammadxon qarluq turklaridan noroziligini bildirdi va Sanjar ularga hujum qildi. Ular Go‘rxon as-Siniy boshchiligidagi majusiylar himoyasiga qochib bordi. Sanjar Samarqandda qarorgoh tikdi.
Go‘rxon qarluq turklari orasiga tushib, ularni kechirishini tilab unga maktub yo‘lladi. Sanjar xonning so‘zlariga quloq tutmadi. Islomga kirmasa, jazolash bilan tahdid qildi. Askarlari “o‘tkir tig‘li o‘qlari bilan soch olishi”, qo‘shinining ko‘pligi, barcha jang qurollari bilan mukammal ta’minlanganini aytib qo‘rqitishga urindi.
Sultonning bu maktubini vazir Tohir ibn Faxrulmulk ibn Nizomulmulk ma’qullamadi. U bunga e’tibor bermay, xatni jo‘natdi. Maktubni xonga o‘qib berishdi. U elchining soqolini tutamlatib, qo‘liga igna tutqazdi va u bilan soqolidan bir tolasini uzib olishini buyurdi. Elchi bu ishning uddasidan chiqmadi.
Xon “Sen igna bilan soqolingning bir tolasini uzolmading, qay kimsa yoy o’qi bilan sochini qiradi?” dedi. Go‘rxon jangga shaylandi. Qo’shinida turk, xitoy va boshqa qavmlar yig’ilgan edi”.
Raqibini zarracha pisand qilmay hurmatsizlik bilan yozilgan maktub Go‘rxonning g‘ashiga tegib, g‘azabini qo‘zg‘adi. U vaqtni cho‘zib o‘tirmay, tezda Samarqand sari yurish boshladi. Shunday bo‘lishini kutgan sulton Sanjar ham Samarqanddan chiqib, Bulung‘ur daryosi (Buzmajan rustoqi) atrofida qo‘shinini jangga hozirladi.
Sulton Abarikat (bu paytda ko’proq Barkat deyishgan) qal’asida to‘xtab, ertangi jang rejasini tuzadi. U ancha xotirjam edi, g‘alaba qozonishiga ishonayotgandi. Go‘rxon qo‘shinini jangovar tartibga keltirib Qatavandizadan chiqib kelayotgandi. Ular hijriy 536-yili safar oyining beshinchi kuni (1141-yil 9-sentyabr) ikki toshqin daryo kabi Qatavan dashtida to‘qnashdi.
Sadr ash-Shahid
Turon xoqoni Sulton Sanjar qo‘shini va Yaksartdan o‘tib kelgan qudratli yog‘iy Go‘rxon qo‘shini o‘rtasidagi jangda o‘n mingdan ko‘p yurt bahodiri shahid bo‘lgan.
Ular jang maydonining bir chetiga dafn qilinib, bu joy “shahidlar qabristoni” deb atalgan. Hozir Toshkent-Samarqand yo‘nalishidagi xalqaro yo‘lning (M39) janubi-sharqiy tarafida yastangan keng dala bag‘ri bu muqaddas manzilni bekitib turibdi.
Bulung‘urda joylashgan bu dalaning o‘rtasida bitta qadimiy qabr toshi ham topgandik. Toshga minglab shahidlardan birining muborak ismi yozilgan. Ammo qabr toshi va yozuvlariga zarar yetgan.
Ushbu maqolada so‘z yuritiladigan qahramonimiz barcha tarixiy manbalarda “Sadr ash-Shahid” nomi bilan ehtirom ila qayd etilar ekan. U ham Sulton Sanjar va Go‘rxon qo‘shini savashida ishtirok etgani hamda dushmanga qarshi shonli kurashda halok bo‘lgani aniqlandi.
Sadr “Sadr ash-Shahid” – bu ism emas. Yurt ahlining e’tirofi ifodasi – bir jangchiga berilgan buyuk mukofotdir. “Sadr” arabcha so‘z. “Old”, “ko‘krak” kabi ma’nolarni anglatadi. Ba’zi musulmon mamlakatlarida ilm-fan sohasidagi ilg‘orlarga, davlat amaldorlariga hurmat, e’tibor uchun “oxun”, “maxdum” singari “sadr” so‘zi qo‘llangan. Bu omma o‘rtasida biror shaxsga nisbatan hurmatni anglatuvchi tushunchadir.
Bu so‘z tasavvufda alohida xos ifoda. So‘fiy ma’naviy dunyosi – qalb, ruh, sir, xafiy, axfo uning ko‘ksi – sadrida joylashgan edi. Solik ular orqali har bir nafasi va nafsini tarbiyalardi. Darveshning erishgan maqomi ularni tasarruf etish darajasi bilan muvofiq tarzda yuksalib boraverardi.
Turon sadrlari islom olamida huquqshunoslik ilmi bo‘yicha yetuk allomalar edi. Ular davlatning mamlakatdagi vaqf ishlarini nazorat qilib boruvchi maxsus vakillari bo‘lgan. Buxoro davlat boshqaruvida sadr va sudur ilm sohasida uchinchi oliy darajali lavozim edi.
Sadr – Buxoro shahri va uning atrofida 1 farsax masofada joylashgan vaqf mulklari boshqaruvidagi muammolarni hal etishga mas’ul edi. Shahar hududiga kiruvchi o‘quv dargohlarining iqtisodiy faoliyatini ham u taftish qilib turardi. Sho‘rolar inqilobiga qadar mazkur amaldor vazifasi o‘zgarishsiz qolavergan. Turli hujjatlarda sadrlar muhrlari ham uchraydi. Mulla Abdushukur ibn Abdurasul qozi ul-quzzot mansabiga ko‘tarilgunga qadar sadrlik amalida ishlagan. Hujjatlarning birida uning muhri ham turibdi.
Sudur Buxoro shahri boshqaruvidan tashqaridagi sadr tasarrufiga kirmaydigan tumanlar va viloyatlardagi vaqf mulklari faoliyatini nazorat qilar edi. Aksariyat vaqf hujjati shartlari bandlarida “vaqf mulkidan sudurona haqqi berilmaydi” deya alohida ta’kidlanadi. Islom huquqshunosligida sadrlik vazifasi shu tariqa qonuniy belgilab qo‘yilgan.
Davlat ma’muriy boshqaruvining bu shakli Samarqand viloyatiga ham tegishlidir. O‘lka ruslar bosqinida vayron etilib, bosib olingach, sadr ishlari to‘liq rus ma’murlari ixtiyoriga o‘tkazilgandi. Barcha mulklar boshqaruvi qat’iy tarzda to‘liq istilochilarning nazoratiga olingandi.
Qatavandiza va tahrirtalab axborot
“Sadr ash-Shahid”ning to‘liq ismi Husomiddin Abu Muhammad Umar ibn Abdulaziz ibn Umar ibn Moza al-Buxoriy edi. U hijriy 482-yili (1089) Burhon ul-aimma va Burhoniddin al-Kabir nomlari bilan dong taratgan Abdulaziz ibn Umar ibn Moza al-Buxoriy xonadonida dunyoga keladi. U ilm va jamiyatdagi yuksak maqomni ifodalovchi “Sadr al-Moziy” (avvalgi sadr, o‘tgan sadr) va “Abu as-Sudur” (sadrlar otasi) ismlari bilan ham mashhur edi. Fiqh ilmida Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shams ul-aimma Saraxsiydan (1009 – 1090) ta’lim olgan.
Burhon ul-aimma ajdodlari Marvda yashar edi. Muin al-fuqaro Ahmad ibn Muhammad Buxoriy ta’kidlashicha, buyuk Saljuqiylar davlati hukmdori sulton Sanjar ibn Malikshoh (1084/6 – 1157) ushbu sulola vakili Burhon ul-aimma Abu Muhammad Abdulaziz ibn Umar ibn Mozaga (518/1124-yilda vafot etgan) singlisini nikohlab beradi. Hijriy 495-yildan (1102) so‘ng uni Movarounnahrga jo‘natib sadr lavozimiga tayinlaydi.
Biroq Burhon ul-aimmaning sulton Sanjar singlisiga uylanishi haqidagi ushbu axborot tahrirtalabdir. Sultonning 1084-yil yo 1086-yil tug‘ilganini esda tutib, Sadr ash-Shahid uning singlisidan 1089-yilda tug‘ilgan deb hisoblashda mantiq buziladi… U ayol sultonning opasi desak, voqealar o‘z izmiga tushadi. Hozircha shu tahrir bilan cheklanib turamiz va Qatavandiza hamda Sadr ash-Shahidni uchrashtiruvchi voqea yo‘lida yurishdan to‘xtamaymiz.
Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha, davlat boshqaruvida sadr mansabi Burhon ul-aimmadan boshlangan ekan. Oradan bir qancha muddat o‘tib, 1124-yili Burhon ul-aimma vafot etgach, sadrlik lavozimini o‘g‘li Sadr ash-Shahid Husomiddin Umar qabul qiladi. Ushbu xonadonning nasab shajarasi xalifalarning uchinchisi hazrat Umar ibn Xattobga tutashadi.
Saxovat yo‘lidagi kimsa
Sadr ash-Shahid Umar hazratning o‘g‘li olimlar darg‘asi Muhammad haqidagi ushbu hikoyani Ahmad ibn Mahmud Buxoriy bir xorazmlik ishonchli kishidan eshitib, yozib olgan ekan:
“Uning dinu dunyosi ma’mur va maqbul, ilmi va himmati yuksak, ezgu xislatlari, o‘rnakli fazilatlari va jo‘mardligi bizning davrimizdagi biror kishida yo‘qdir. Buxoroga borganimda ulug‘vor otasi shahid imom Umar ibn Abdulaziz meni mehmon qildi.
Uning o‘zi xizmatda bo‘ldi. U ochiq chehrali, qaddi-qomatli ko‘rkam kishi edi. Besh vaqt namozni jamoat bilan ado etar, ramazon oyida olti, yetti yo o‘n nafar qulga ozodlik berardi. Ishi har qancha ko‘p bo‘lmasin, ramazonda har kuni Qur’onni xatm qilardi.
Qurbon hayitida oila ahli uchun o‘z qo‘li bilan yuzta qo‘y va o‘nta katta shoxli qo‘chqor so‘yardi. Olimlar, faqihlar, darveshlar va solih musulmonlarga to‘qqiz yuzta qo‘yni qurbonlik qilish uchun yuborardi. Diyonatli va taqvodor kishilarga jo‘shqin muhabbatli edi. Alloh yo‘lida ularni ma’naviy qo‘llar va baraka tilardi”.
Aytishlaricha, mol-mulkidan oladigan bir yillik daromadi yuz ming dinorga teng bo‘lgan. Ularning barchasini sarflar, zaxiraga qoldirmasdi. Mol-mulkka hirs qo‘yganlarga tanbeh berardi. Xastalanib qolganida miskinlarga o‘n ming dinor tarqatgan. Bu odamlarga ma’lum bo‘lgani. Birovga bildirmay ham ko‘p sadaqa qildi”.
Bu inson Turondagi saxovat yo‘lidan borayotgan kimsalardan biri, qidirayotgan qahramonimizdir. Abu Is’hoq Istaxriy va Ibn Havqalning Turon ahli xislatlarini ta’riflab yozganlarini Ahmad ibn Mahmud balki o‘qimagandir. Ammo u ham ikki asr o‘tib berayotgan axboroti xuddi ularniki singaridir…
Yurtimizda ibrat olsa bo‘ladigan xayrli ishlar asrlar jarayonida davom etgan ekanku! Biz ham buni ataylab qidirib topmadik. Hayotimizda ko‘p-ko‘p va qayta-qayta Turon o‘tmishiga nisbatan fasod hikoyalarni o‘qir edik.
Gunohni yuvish
Bu hikoya Sadr ash-Shahid oilasiga oid kichik bir lavhadir. Uning Muhammad, Abul Maoli Ahmad va Abul Makorim Abdulaziz ismli o‘g‘illari bor edi. Ular ham otasi kabi ilm egalari edi. Ulardan Abdulaziz ibn Husomiddin Umar ham otasining ishini davom ettirgan va “Sadr as-Said” (baxtli sadr) nomiga sazovor bo‘lgan. U Buxoro shahrida Navfaron va So‘zangaron guzarida Saqoya masjidini qurdirgan.
Uning tariqat ahli davrasiga mayli bor edi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy (1103 – 1179) suhbatiga e’timodi baland edi. Jumaga o‘tar oqshomlar Buxorodan G‘ijduvonga hazrat Xoja huzuriga borib turardi. Xoja boshini egib o‘tirgan bo‘lardi.
Sadr kutib, tik turaverardi. Xoja muborak boshini ko‘targach salom berib, o‘tirardi. Bir tun chog‘i kelganida Xoja ancha payt boshini ko‘tarmadi. Xodim “Sadr tik turib, anchadan beri kutib qoldi” dedi. Xoja “Bu – odamlar oldida tik turib qoladigan kishining gunohini yuvish kafforatidir” deb javob qaytaradi.
Sadr as-Said Abul Makorim Abdulaziz hijriy 593(1197)-yili vafot etadi. Abarikat va Qatavandiza… Maqom Hazrat Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ostonasi ziyoratidan chiqib, endi Abarikat va Qatavandiza tarafga yo‘lga tushamiz. Shoshilmasak bo‘lmaydi. O‘sha mashhur jang boshlanish arafasida turibdi. Buyuk rassom bu gal ham savash manzarasiga qizil rang qo‘shmaslikka qanchalik tirishmasin, baribir uddalay olmaydi. Hech bo‘lmaganda Buzmajanda tentirab yurgan Qatavandiza ruhi bir dumalaydi-da, chirpiragan kichikkina qora quyun qiyofasiga kirib, uning yoniga sezdirmay yetib keladi. Va… qizil rangni 1141-yil 9-sentabrdagi urush manzarasi ustiga to‘kib yuboradi. Rassom yana boshini chayqaydi, xunob bo‘ladi, o‘zicha javranadi. Bizga yelka o‘girib turgan musavvir men taniydigan Isfandiyor Haydarga o‘xshayapti. Unga ham juda qiyin bo‘lyapti. Abarikat va Qatavandiza maqomini o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Bulung‘ur suvi yoqasidagi Xoja Hofiz xonaqohida zikr davrasiga to‘plangan darveshlar maqomlar to‘g‘risida so‘z tinglayapti. Shayx tushuntiradi: “Oq o‘lim” (mavti abyaz) ochlikdir, faqir maqomiga yetkazadi. “Qora o‘lim” (mavti asvad) sabrdir, xaloyiq malomati va ozori yetganda ko‘mak beradi. “Qizil o‘lim” (mavti ahmar) nafsni mahv etuvchi yarog‘dir. “Sariq o‘lim” (mavti azhar) odmi va eski libosga qanoat qilishni o‘rgatadi”.
Shundan barcha darveshlar Abarikat va Qatavandiza nafsni mahv etguvchi buyuk “qizil o‘lim” maqomi makoni ekanini anglaydi. Nafsni shu yerda ayovsiz bo‘g‘izlasa bo‘lar ekan…
Biz Abduxoliq G‘ijduvoniyning qutlug‘ dargohidan jo‘naganimizda Husomiddin Umar ibn Abdulaziz Buxoriy Abarikatga kelgandi. U hali sharafli Sadr ash-Shahid nomini olmagandi. Bulung‘ur g‘isht ko‘prigi o‘shanda ham mustahkam edi. U tog‘asi sulton Sanjar yonida jang yarog‘i bilan Buzmajan-Qatavandiza dashtiga kirib keldi va xoqon Go‘rxonning qudratli qo‘shini qarshisiga chiqdi. Rassom ming yil oldingi qaqshatgich jang manzarasini tasvirlashga haligacha ovora. U Tuyatortar etagida taraddud ko‘radi, rang idishlarini tartibga keltiradi, yana qat’iy ishga kirishadi.
Baribir, o‘sha kichikkina quyun chirpanib to‘satdan paydo bo‘ladi va yana qizil rangni savash manzarasi ustiga to‘kib yuboradi.
Rassom bu gal ham Yarkat rustoqi tarafidan Isfandiyor Haydar qiyofasida kelibdi. Biz Abarikat-Sheroz qal’asining shamol, yomg‘ir, qor va asrlar birgalikda yemirgan devorining baland joyiga ko‘tarilib bularning barchasini kuzatyapmiz.
Husomiddin Umar ibn Abdulaziz Buxoriy 1141-yili 9-sentyabr kuni shu maydonda Sadr ash-Shahid maqomiga erishgandi. Sulton Sanjarning kibrlangan nafsi shu yerda “qizil o‘lim” maqomi yarog‘i bilan ayovsiz mahv etilgandi. Muarrixlar Abarikat-Qatavandiza voqeasini tasvirlashga ojiz qoladi. Ko‘p so‘zlar ataylab ularning xotiriga kelmaydi. Sultonning holi butkul oshkor bo‘lishini xohlamaydi ular. O‘sha kuni sulton Sanjar davreshga aylangandi. Urush endi uning ichiga ko‘chgandi. Bu hodisalarning barchasi… oliy maqomning ishi edi.
Bulung‘ur, Tuyatortar, Abarikat, Qatavandizaning o‘rtasida “Shahidlar qabristoni” ko‘p asrlar o‘tgan-qaytganga o‘sha kungi voqealarni aytib berardi. Biz ulardan yana tinglash umidida hazrat Sadr ash-Shahidni qidirib kelgandik. U jangda shahid bo‘lgan barcha jangchilar bilan birga savash maydonining bir chetiga dafn etilgan. Bir yildan keyin avlodlari uning xokini Buxoroga olib ketadi.
Odob avvali
Qadimdan o‘tganlar va muqaddas maskanlarni ziyorat qilish Turon elida keng tarqalgan xayrli an’ana – e’zoz va ehtirom ifodasidir. Ziyoratning o‘z tartib-qoidalari bor. Ular haqida maxsus risolalar yozilgan. O‘sha tartib-qoidalardan birida boriladigan joyda janob Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning muborak sochi bo‘lsa, ziyoratni avval shundan boshlash kerakligi uqtiriladi. Odob avvali shu shart bilan yo‘riqlanardi.
Ahmad ibn Muhammad ziyoratchilarga Buxoroda janob Rasulullohning muborak soch tolalari bor manzillarni quyidagicha ko‘rsatadi: “Aytishlaricha, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning muborak sochidan bir necha tolasi Buxorodagi qozi Abu Zayd Dabusiyning ustozi qozi Imom Sha’biy, Xoja Imom Abu Bakr Homid tepaligidagi Xoja Abdulloh Baraqiy, So‘fiylar mashhadi yaqinida joylashgan Xoja Imom Abu Bakr Tarxon tepaligidagi Dehqon Sug‘diy, Sadr tepaligidagi Sayyid Imom Zarangar va Sadr ash-Shahid Husomiddin qabrida saqlanadi”.
Sadr ash-Shahid xonadoni vakillari qabrlari Fathobod yo‘lida, mazkur qabrlarning qarama-qarshi tarafida yuqoriroqda sadrlar avlodlari va bir qancha ulug‘ sadrlar qabrlari keyingi zikr etilgan haziraning shimoliy qismida joylashgan.
Husomiddin ibn Abdulaziz xoki bir yildan keyin Qatavandizadagi “Shahidlar qabristoni”dan keltirilib, ulug‘ sadrlar yotgan haziraga dafn qilinadi.
Oli Moza kutubxonasi
Buxoroning XII asrdagi mashhur kutubxonalaridan edi. Oli Moza xonadoni ahli Buxoroning Sikkat ud-dehqon guzarida “Xizonat ul-kutub” deb nomlangan boy kutubxona tashkil qiladi. Husomiddin Sadr ash-Shahid ibn Burhon ul-Kabir va keyingi avlodlar mazkur kutubxonani muntazam boyitib boradi. Ular mamlakat ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shadi.
Ma’naviy meros
Janob Husomiddin Sadr ash-Shahid sadrlik faoliyati davomida tinimsiz ilm bilan ham shug‘ullanadi va huquqshunoslik ilmiga doir “Al-Fatava as-sug‘ro” (Fatvolarning kichik to‘plami), “Al-Fatava al-kubro” (Fatvolarning katta to‘plami), “Sharh odob al-qozi” (“Qozi odobi” sharhi), “Sharh al-Jome’ as-sag‘ir” (“Kichik to‘plam” sharhi) kabi asarlar yozadi. Ushbu ishimizda XII asr huquqshunoslari yetakchi olimining hayoti va ijodiga qisqagina nazar tashlab o‘tdik. Unda O‘zbekiston huquqshunoslik ilmi o‘tmishining kichik bir lavhasini ko‘rishga ulgurdik xolos. Shuning o‘zi ham bu sohaning hali o‘rganilmagan katta tarixi borligidan darak berib turibdi.
Abdusattor JUMANAZAR,
O‘zFA Sharqshunoslik instituti
katta ilmiy xodimi