Konstitutsiyamizning mazmun va mohiyatiga inson huquqlari gʻoyasi chuqur singdirilgan. Asosiy qonunimizning ikkinchi boʻlimi yaxlit inson hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda burchlariga bagʻishlangan. Oʻzbekiston Konstitutsiyasi tom maʼnoda chinakam demokratik Konstitutsiyadir. U tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan hujjatdir. Bundan tashqari, u eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribasiga tayangan holda yaratilgan.
Ikkinchidan, inson hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolati borasida Konstitutsiyamiz “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning barcha asosiy gʻoya va qoidalarini oʻziga singdirgan. “Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi”, deyiladi Konstitutsiyamizning 54-moddasi birinchi qismida. Bu fuqarolarning huquq va manfaatlari ustuvorligini hamda ular konstitutsiyaviy darajada kafolatlanishini anglatadi.
Uchinchidan, Konstitutsiya inson huquqlari gʻoyalariga sadoqat, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatni anglash, oʻzbek davlatchiligining tarixiy tajribasiga tayanish, demokratiya va qonuniylikni hurmatlash, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan qoidalarini tan olish, mamlakat fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlash, insonparvar huquqiy demokratik jamiyat barpo etish, shuningdek, fuqarolar tinchligi va milliy hamjihatlikni kafolatlash kabi olijanob maqsadlarni koʻzlaydi.
Darhaqiqat, davlatimizning inson huquqlariga boʻlgan munosabatining konstitutsiyaviy kafolati sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida “Har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.
Har kimga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan koʻrib chiqilishi huquqi kafolatlanadi.
Har kim Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli.
Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega” degan oʻta mazmunli qoida mustahkamlangan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topgan mazkur qoidalar, oʻz navbatida, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, “Inson huquqlari va asosiy erkinliklari toʻgʻrisida”gi MDH konvensiyasi va boshqa xalqaro normativ hujjatlarda bayon qilingan shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini gʻayriqonuniy tajovuzlardan himoya qilinish huquqiga doir qoidalarga toʻla mos keladi.
Konstitutsiyaning 57-moddasi birinchi qismiga koʻra, “Mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir”. Bunday kafolatni biz aholini ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta va ijtimoiy himoya qilish masalalarida koʻrishimiz mumkin. Ayniqsa, mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga berilayotgan nafaqalarni oʻz vaqtida berilishi va ularga berilayotgan imtiyozlar ham shular jumlasiga kiradi. Bu borada soʻnggi yillarda qabul qilingan qonunchilik aktlari, farmonlar va qarorlar aholining keksa yoshdagi fuqarolar hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj boʻlgan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash orqali ularning turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Inson huquqlari – har bir davlatning demokratik taraqqiyoti darajasini koʻrsatuvchi muhim mezon hisoblanadi. Taʼkidlash joizki, birinchi navbatda, inson huquqlari davlat tomonidan himoyalanishi kerak va oʻz navbatida uning himoyalanganligi esa qonun hujjatlarida mustahkamlanishi lozim. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi bir tomondan, milliy tafakkurimizning, dinimizning, adolat, bagʻrikenglik, toʻgʻrisoʻzlik, insoniylik kabi qadriyatlarini oʻzida aks ettirsa, ikkinchi tomondan, unda xalqaro meʼyorlar, umuminsoniy qadriyatlar uygʻunlashtirilganligi, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Sanjar NISHONOV,
jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi