Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari yuzasidan muhim savollarga javoblar

0
3133

“Dekret ta’tili” yoki “dekret” aslida norasmiy og‘zaki ifoda hisoblanadi. Bu so‘z homiladorlik va tug‘ish ta’tillari va bola uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tilni anglatadi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, “dekret ta’tili” tushunchasi 1917-yilda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa to‘g‘risidagi dekret (qonunchilik hujjati) qabul qilinganidan keyin paydo bo‘lgan.

“Dekret ta’tili” qancha muddatga beriladi?

Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra, ayolga tug‘ruqqacha 70 kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda 70 kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to‘liq beriladi.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Lekin hali bunday qaror qabul qilinmadi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-sentabrdagi 515-qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom esa mehnat shartnomasiga asosan oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.

Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqalari berish tartibini esa “Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma tartibga soladi.

“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning 27-bandiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning 30-haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la 126 kalendar kuniga beriladi va davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda homiladorlik va tug‘ish ta’tilini uzaytirish uchun tug‘ruq muassasasi tomonidan yana 14 kalendar kuniga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.

“Dekret ta’tili”ga chiqish shartmi, uning o‘rniga pulli kompensatsiya olsa bo‘ladimi?

Mehnat kodeksining 237-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tillari (“dekret ta’tili”) ijtimoiy ta’til hisoblanadi. Mehnat kodeksining 234-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan asli holida foydalaniladi va ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Dekret puli” qanday hisoblanadi?

“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 40-48-bandlari homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani, 49-78-bandlari esa vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar hisoblashni tartibga soladi.

Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi. Varaqa yo‘qolgan hollarda nafaqa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.

Ushbu haqiqiy ish haqiga sug‘urta badallari undirilib to‘lanadigan jami ish haqi to‘lovlari kiradi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik ta’tili boshlangan oydan oldingi 12 oyda olgan va sug‘urta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qo‘shilib, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori aniqlanadi.

1 yil ishlamaganlarga “dekret puli” 75 foiz to‘lanadimi?

Mehnat kodeksining 404-moddasi 1-qismiga ko‘ra, “dekret puli” o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishi belgilangan.

Yangi ishga kirib to‘liq 12 oy ishlamagan xodimlarga “dekret puli” 75 foiz to‘lanadi.

Ayol bolasi 3 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishlash ta’tiliga chiqdi. Bolasi 2 yoshga to‘lganda yana homilador bo‘ldi. Bu ayolga ham “dekret puli” 75 foiz to‘lanadimi?

Bolani parvarishlash ta’tilidan chiqish va mehnat faoliyatini tiklash bir tushuncha emas. Ularni chalkashtirmaslik lozim. Ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan paytdan boshlab (Mehnat kodeksi 127-moddasi) 12 oydan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa, ayol homiladorlik va tug‘ish nafaqasini 100 foiz miqdori olish huquqiga ega.

Xususiy tashkilotlar “dekret puli” to‘lashga majburmi?

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi xodim davlat yo nodavlat tashkilotda ishlashidan qat’i nazar barcha ayollarga to‘lanishi shart.

Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlarga nafaqa to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar:

budjet tashkilotlari tomonidan — mehnat haqi jamg‘armasiga ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida;

xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan — foyda solig‘ini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasiga asosan oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravari miqdorida “dekret puli” to‘lab beriladi.

Ish beruvchi xodimga “dekret puli”ni bermasa javobgarlik bormi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 493-moddasiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Homila tushsa yoki bola o‘lik tug‘ilsa “dekret ta’tili” beriladimi?

“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning 28-bandiga ko‘ra, homiladorlikning 30-haftasidan ilgari tug‘ish holatlarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi tug‘ruq muassasasi tomonidan bola tug‘ilgan kundan boshlab quyidagi muddatlarga beriladi:

bola tirik tug‘ilganda — 126 kalendar kunga;

bola o‘lik tug‘ilgan yoki tug‘ruq muassasasidan chiqqunga qadar nobud bo‘lganda — 70 kunga.

Agar homiladorlikning 30-haftasidan keyin murojaat qilinganda tug‘ishga qadar necha kun qolganidan qat’i nazar hamda bola o‘lik yoki tirik tug‘ilganidan qat’i nazar, mehnatga layoqatsizlik varaqasi murojaat qilingan kundan to‘liq 126 kalendar kuniga beriladi.

Homila abort qilinsa “dekret ta’tili” beriladimi?

“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning 30-bandiga ko‘ra, davolash-profilaktika muassasasida homila sun’iy tushirilganda, shuningdek homila tushganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi mehnatga layoqatsizlikning butun davriga beriladi.

Bola o‘lik tug‘ilsa yoki ma’lum bir muddat o‘tib vafot etsa ona ishga qaytsa bo‘ladimi?

Homiladorlikning 30-haftasidan ilgari tug‘ish holatlarida bola o‘lik tug‘ilgan yoki tug‘ruq muassasasidan chiqqunga qadar nobud bo‘lganda 70 kunga “dekret ta’tili” beriladi va ayol
70 kundan so‘ng ishga qaytadi.

Homiladorlikning 30-haftasidan keyin tug‘ish holatlarida 126 (140) kunga “dekret ta’tili” beriladi. Bola o‘lik tug‘ilsa yoki ma’lum bir muddat o‘tib vafot etsa ayol ishga chiqa olmaydi. Faqatgina 126 (140) kundan so‘ng ishga chiqa oladi.

“Dekret ta’tili”dagi ayol masofadan ishlab, oylik ish haqi olsa bo‘ladimi?

Homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lib turgan xodim ishlay olmaydi. Shuning uchun homiladorlik va tug‘ish ta’tilida ish haqini hisoblash noto‘g‘ri. Asosiy xodim “dekret”dan qaytguniga qadar muddatli shartnoma asosida boshqa mutaxassis ishga olinishi mumkin.

Talabalarga ham o‘qish joyidan “dekret ta’tili” beriladimi?

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, talabalarga ham homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatga akademik ta’til beriladi. Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiya to‘lanmaydi.

Agar talaba mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan bo‘lsa, ish joyidan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi. Agar talaba hech qayerda ishlamay, faqat o‘qiyotgan bo‘lsa akademik ta’til berilib, dekret puli to‘lanmaydi.

“Dekret ta’tili”dagi ayolni ish o‘rni qisqarganligi tufayli ishdan bo‘shatish mumkinmi?

Mehnat kodeksi 408-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksi 409-moddasiga ko‘ra, 3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud uch yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga faqat ushbu kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1, 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi. Ya’ni 3 yoshgacha bolasi bor ayollarni ham qisqarishga tushganligi munosabati bilan bo‘shatib bo‘lmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.

Muddatli mehnat shartnomasi muddati tugasa “dekret ta’tili”dagi ayolni bo‘shatish mumkinmi?

Mehnat kodeksi 408-moddasi 2, 3, 4-qismlariga ko‘ra, ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilgan taqdirda esa bunday ta’tilning oxiriga qadar uzaytirishi shart. Mehnat shartnomasi homiladorlikning oxiriga qadar uzaytirilgan ayol, ish beruvchining so‘roviga binoan, lekin uch oyda ko‘pi bilan bir marta homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishi shart. Agar bunda ayol homiladorlik tugaganidan keyin haqiqatda ishlashni davom ettirsa, ish beruvchi homiladorlikning tugaganligi faktini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir hafta ichida mehnat shartnomasini uning muddati tugaganligi sababli bekor qilishga haqli.

Homilador ayol bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ayolning ushbu kodeks 404-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan davr uchun homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish huquqi saqlanib qoladi.

6 oy ishlamagan xodimlar ham “dekret ta’tili”dan oldin yoki keyin yillik asosiy ta’tilni olishi mumkinmi?

Mehnat kodeksi 227-moddasiga ko‘ra, ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin 6 oy o‘tguniga qadar xodimning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili beriladi.

Ikkinchi va keyingi ish yillarida ham ayollar “dekret ta’tili”dan oldin yoki keyin yillik asosiy ta’tilni olishi mumkinmi?

Mehnat kodeksi 228-moddasi 4-qismiga ko‘ra, ayollarga homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin xodimning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili unga qulay bo‘lgan vaqtda berilishi kerak.

Erkaklarga ayolining “dekret ta’tili”da imtiyozlar beriladimi?

Mehnat kodeksi 228-moddasi 5-qismiga ko‘ra, ishlaydigan erkaklarga har yilgi mehnat ta’tili ularning xohishiga ko‘ra xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida beriladi.

Muhammadamin KARIMJONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here