Aksariyat holatlarda ekspert matn vaziyati, nutq aktiga muvofiq gipotezaga asoslangan xulosa berishga majbur bo‘ladi. Bu esa ayblanuvchining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan fikrga asosan aytish mumkinki, haqorat mazmunidagi matnlar bo‘yicha lingvistik ekspertizani tashkil etish jarayonida aniqlanishi lozim bo‘lgan masalalar uch tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi:
1) nutq akti (kimga yoki nimaga qaratilganligi, mavzusi). Aynan muayyan shaxsga qaratilgan yoki ishora qilinganmi? Haqorat mazmunli matn omma oldida ishlatilganmi yoki individual holatdami?
2) nutq aktida adresantning munosabati (nutq predmetiga qanday munosabat bildiriladi va nutq predmeti qanday baholanadi?);
3) maqsad (nima uchun bu haqda xabar beriladi?).
Ushbu tarkibiy qismlarga muvofiq lingvist-ekspert tahlil usullarini tanlashi mumkin. Haqorat mazmunidagi matnlar bo‘yicha olib boriladigan lingvistik ekspertizalarda haqorat mazmunini ifodalovchi turli belgilar alohida ajratiladi.
Jadvalga muvofiq haqorat holatlarining diagnositik belgilari ko‘rsatiladi. Tasdiq ishorali shakllar haqorat belgilari bor ekanini bildiradi. Lingvistik jihatdan asoslash lozim bo‘lgan o‘rinlarda esa lingvistik ekspertiza tashkil etish ehtiyoji yuzaga keladi. Bunday holatlarda umumiy ekspertizada muallifning jinsi, yoshi, ma’lumoti, ijtimoiy, kasbiy, hududiy mansubligi, uning ijtimoiy holati kabilarga oydinlik kiritiladi. “Vaziyatning yuridik jihati esa haqorat yoki tuhmat holatlarining amalga oshirilish shakli (omma oldidami), huquqiy xavflilik belgilarini aniqlashtiradi. Matnda noma’lum va aniqlashtirilishi lozim bo‘lgan masalalar uchun esa lingvistik ekspertiza belgilanadi”1.
Haqorat mazmunidagi matnlar bo‘yicha lingvistik ekspertiza xulosalarida quyidagilar aks etadi:
– ekspertizaning o‘tkazilish sanasi, o‘tkazilgan joy; ekspertizani tayinlagan organ to‘g‘risida ma’lumotlar;
– ekspertizani amalga oshirgan ekspert haqida ma’lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, ma’lumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi);
– ekspertning qasddan notog‘ri ma’lumot berganligi yoki xulosani qalbakilashtirgani uchun javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirilganligi;
– ekspert oydinlik kiritishi lozim bo‘lgan savollar va asosiy ekspertiza obyekti bo‘lgan matn;
– ekspertiza o‘tkazilayotganda ishtirok etgan shaxslar haqida ma’lumotlar;
– ekspertiza jarayonida qo‘llangan metodlar, ekspertiza tekshiruvlari natijalari;
– ekspertlar xulosasining qonuniy asosga egaligi, manbalarning ishonchliligi, ekspertiza jarayonida olinganma’lumotlarning ahamiyatliligi ko‘rsatilishi lozim.
Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi bo‘ladi. Tekshirishning olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) talabiga binoan ishga qo‘shib qo‘yish uchun taqdim etiladi2.
Haqorat bilan bog‘liq muammoli matnlarning lingvistik ekspertizasida quyidagi muammolar ko‘zga tashlanadi:
– haqoratni baholash bo‘yicha haqoratmazmunli birliklarning maxsus tizimlashtirilmagani; vulgarizm, tabu, jargonlar lug‘ati va maxsus korpusning yo‘qligi;
– haqorat bo‘yicha matnning semantik xossalarini baholash va asoslashda malakali lingvist-ekspertlar salmog‘i kamligi;
– haqorat bo‘yicha tayinlanadigan lingvistik ekspertizalarda matnni baholashda ekspertlarga qo‘yiladigan savollarning tizimlashtirilmagani.
Boshqa masalalar qatori haqorat bo‘yicha lingvistik ekspertiza o‘tkazish metodikasi masalasi ham munozarali hisoblanadi3. Umuman olganda qanday holatlarda ishlatilgan noadabiy leksik birlikni haqorat sifatida baholash mumkin?
Haqoratning quyi/o‘rta/yuqori darajalarini baholashda “orqa o‘girish”, “ko‘rsatkich barmoqni boshning o‘ng tarafida aylantirish” yoki kuchli so‘kish mazmunini ifodalovchi noverbal vositalarning o‘rni masalasini aniqlash muammoli sanaladi. Mavjud adabiyotlarda haqorat, kamsitish, obro‘sizlantirish,sha’niga putur yetkazish kabi bevosita inson shaxsiyatiga qarshi qaratilgan holatlar izohlanadi.
Xususan, shaxsiyatiga tegmoq – muayyan shaxsni qadri, izzat-nafsi va boshqa jihatdan tahqirlovchi xatti-harakat qilmoq; tahqir qilmoq (yoki etmoq) – haqorat bo‘luvchi, xo‘rlik keltiruvchi gap-so‘z aytmoq, ish qilmoq, tahqirlamoq – tahqir qilmoq, xo‘rlamoq; tuhmat – ayblash, ayblov, birovni ayblash yoki qoralash maqsadida o‘ylab chiqarilgan asossiz da’vo; bo‘hton; haqorat qilmoq – kimsa sha’niga haqoratli gap, so‘z aytmoq, haqorat bo‘ladigan ish, xatti-harakat qilmoq4.
Lingvist-ekspert suhbatlarning mazmunini va ularning semantik yo‘nalishini belgilaydi, ammo dalillar bundan mustasno. Demak, lingvist-ekspert so‘zning, iboraning va ifodaning kontekstual ma’nosini faol nutqda va aniq foydalanish doirasida aniqlaydi.
G. Kusov haqorat mazmunidagi matnlar bo‘yicha olib boriladigan lingvistik ekspertizalarda uchta jihatni asoslaydi:
1) muallifning nutq akti doirasida ko‘zlagan maqsadlarini tahlil qilish. Bunda texnik jihatlarga e’tibor qaratilmaydi. Nutq aktining maqsadli yo‘naltirilganligi inobatga olinadi;
2) haqoratga olib keladigan holat va usullarni tahlil qilish, xususan, haqorat qilish, masxaralash va bu holatning takrorlanish chastotasi;
3) etnik, psixologik, axloqiy jihatlarga bog‘liq ravishda haqorat xususiyatlari.
Haqorat og‘zaki yoki yozma ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Uning nutqda voqelanishi etnomadaniy, sotsial, pragmatik, fiziologik, psixologik omillar bilan bog‘liq.
Haqorat mazmunida ifoda etilgan va shaxsning omma oldida obro‘sini tushirishga qaratilgan, qasddan sodir etilgan qilmish shaxs sha’nini kamsitish sifatida baholanib, haqorat deb ataladi.
Lingvistik ekspertizalarni o‘tkazishda haqoratni ifoda etuvchi verbal va noverbal vositalar (qo‘l, ko‘z, tana a’zolari harakati), ularning jarayonga ta’siri doirasi alohida izohlanishi lozim. Haqoratlimazmundagi matnlar bo‘yicha lingvistik ekspertizalar va odil sudlovni amalga oshirish uchun yuridik asosga ega bo‘lgan ma’lumotlar bazasi yaratilishi maqsadga muvofiq. Bunday ma’lumotlar bazasi haqorat mazmunini aks ettiruvchi so‘zlarni lug‘at ko‘rinishida tizimlashtirib, maxsus korpusini yaratish orqali amalga oshirilishi mumkin. Demak, haqorat bo‘yicha o‘tkaziladigan lingvistik ekspertizalar tarkibiga shaxsni obro‘sizlantirish, kamsitish, nutq orqali tahqirlash kabi holatlar kiradi.
O‘zbek tili semantik-stilistik xossalariga ko‘ra, qarg‘ish, la’nat ko‘rinishidagi matnlar ham haqorat holatlari sirasiga kiritilib, yuridik jihatdan asoslanishi maqsadga muvofiq. Demak, shaxsga nisbatan haqorat ma’nosini ifodalovchi so‘z, ibora, maqol, ishora va gaplarni qo‘llash ham haqorat hisoblanadi.
Shaxsni obro‘sizlantirish faqat o‘zbek tilidagi so‘z, ibora, maqol va boshqa til birliklari bilangina cheklanib qolmay, balki xorijiy tilda ifodalanganlari ham o‘sha tilda haqorat va obro‘sizlantirishni bildirganda haqorat va shaxsni obro‘sizlantiruvchi deb qabul qilinadi.
Nilufar NAJMIDDINOVA,
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU tadqiqotchisi
1 Стернин И.А., Антонова Л.Г., Карпов Д.Л., Шаманова М.В. Основные понятия лингвокриминалистической экспертизы. Ярославль. 2013 г. -С 8.
2 O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuni. O‘RQ-249. 01.06.2010.
3 Kusov G.V. (2004), Oskorblenie kak illokutivnyi lingvokulturnyi kontsept: dis. … kand. filol. nauk [Insult as an Illocutive Linguocultural Concept (Ph.D. Thesis)]. Krasnodar.
4 O‘zbek tilining izohli lug‘ati. – T.: – 2020, 557-b.