HomeMaqolalarFuqarolik sudlarida soddalashtirilgan tartibda ish yuritish

Fuqarolik sudlarida soddalashtirilgan tartibda ish yuritish

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibi da’vo ishlarini yuritish tartibida ko‘riladigan ishlar uchun belgilangan umumiy qoidalarga muvofiq sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining “Soddalashtirilgan tartibda ish yuritish” deb nomlangan 251-bobi 5 ta moddadan iborat. Unda ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish, soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ishlar, soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasiga doir talablar, ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari va soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarorlariga nisbatan qo‘yilgan talablar o‘z ifodasini topgan.

Har qanday holatda ham nizolashuvchi taraflar ishni sudgacha olib bormasdan o‘zaro muzokara yo‘lini tanlashdan, dalillar yuzasidan o‘zaro fikrlashishdan manfaatdor hisoblanadi. Biroq nizolarni sudgacha hal qilishda turli obyektiv-subyektiv sabablarning mavjudligidan (adolatsizlikdan) so‘nggi chora sifatida sudlarga murojaat qilish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Aslida, bu masala o‘sha vakolatli mansabdor shaxs vakolati doirasida hal qilinsa, qonun ustuvorligi ta’minlansa sudlarda kundan kunga ko‘payib borayotgan fuqarolik ishlarining biroz kamayishiga, tez va o‘z vaqtida ko‘rilib, hal etilishiga zamin yaratadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, hozirgi kunda ko‘plab rivojlangan davlatlar fuqarolik protsessida taraflarni o‘zaro murosaga keltiradigan, yarashtiradigan, ishning xususiyati va turiga qarab maxsus soddalashtirilgan va jadallashtirilgan tartib-taomillarni joriy etish yo‘lini tanlagan. Xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH kabi davlatlarning fuqarolik protsessual qonunchiligida fuqarolik ishlari uch turdagi, ya’ni oddiy, standart va murakkab tartib-taomillarga ajratilib ko‘riladi.

Germaniyada fuqarolik ishlarini sudda ko‘rish va hal etish nafaqat sudyalar sonini ko‘paytirish orqali, balki sud ishlarini hal etishning soddalashtirilgan va jadallashtirilgan tartib-taomillarini joriy etish evaziga tezlashgan. Shuning uchun ham nemis qonunchiligi fuqarolik protsessini soddalashtirish bo‘yicha bir necha bor jiddiy islohotlarga duch kelgan va oqibatda “Soddalashtirish, jadallashtirish va sudyalar yuklamalari bo‘yicha qonunlar va qonunlar to‘plami” deb nomlangan maxsus qonunlar qabul qilingan1.

Shuningdek, Germaniya fuqarolik protsessual qonunchiligida sud ishlarini soddalashtirilgan tartibda yuritish quyidagi bir qator shartlarga asoslangan:

birinchisi, talabning mazmuniga (ayniqsa, pul majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq talablarga);

ikkinchisi, taraflarning kelishuviga (yoki e’tirozning bo‘lmasligiga);

uchinchisi, yozma dalillarning asoslanganligiga (kuchiga) tayanadi.

Fuqarolik ishlari yuzasidan tuzilgan kelishuv bitimini rasmiylashtirishda soddalashtirilgan usulning qo‘llanishi alohida e’tiborga loyiqdir. Jumladan, ushbu bosqichda ish bo‘yicha guvohlar jalb etilmaydi hamda ishdagi mavjud dalillarni sud tekshirmaydi va baholamaydi. Shuningdek, taraflarning kelishuv bitimi sud hal qiluv qarorlari kabi kuchga ega bo‘lgan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ish yuzasidan kelishuvga erishilmagan taqdirdagina ish sudlov bo‘limida mazmunan hal qilinadi2.

O‘zbekiston FPKning 2792-moddasida da’voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan o‘n baravaridan, jismoniy shaxslarga nisbatan esa besh baravaridan oshmagan da’vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ishlar sifatida belgilangan.

Ushbu moddaning uchinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lmasa, da’vogarning iltimosnomasiga ko‘ra, javobgarning roziligi bilan boshqa ishlar ham soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Agar ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish chog‘ida quyidagi holatlar belgilanadigan bo‘lsa, sud ishni da’vo ishini yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘rish haqida ajrim chiqaradi:

1) ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish davlat sirining, tijorat sirining yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning oshkor etilishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa;

2) qo‘shimcha holatlarni aniqlash yoki qo‘shimcha dalillarni tekshirish, shuningdek dalillarni ular turgan joyda ko‘zdan kechirish va tekshirish, ekspertiza tayinlash yoki guvohlarning ko‘rsatuvlarini eshitish zarur bo‘lsa;

3) bildirilgan talab boshqa talablar bilan bog‘liq bo‘lsa, shu jumladan uchinchi shaxslarga taalluqli bo‘lsa yoki mazkur ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati bilan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilishi mumkin bo‘lsa;

4) ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish chog‘ida ushbu bobda belgilangan qoidalar bo‘yicha ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lmagan qarshi da’vo berilgan bo‘lsa.

G‘arbiy Yevropa davlatlarida soddalashtirilgan sud ishlarini yuritish tartibida qarzdorlikni undirish bo‘yicha umumlashtirilgan (summary) va hujjatli (Urkundenprozess) ish yuritish olib borilishi e’tiborga loyiq. Soddalashtirilgan tartibda ish yuritishning muhim shartlaridan biri sifatida yozma dalillarga alohida e’tibor beriladi. Chunki yozma dalillar boshqa dalillar ichida nisbatan ishonchliroq hisoblanadi. Mazkur dalillarning mavjudligi boshqa dalillarni yig‘ish va tekshirishni talab etmaydi, shuningdek ish bo‘yicha materiallar bilan ishlash jarayonlarini tezlashtiradi3.

Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi FPKning 2794-moddasida o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, sud arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqidagi ajrimda javobgarga da’vo arizasiga doir yozma fikrini hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar taqdim etishi zarurligi ko‘rsatilgan. Sud ajrim bilan bir vaqtda javobgarga da’vo arizasining (arizaning) ko‘chirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini darhol pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali yuboradi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilayotgan ish arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmagan muddatda sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi. Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish muddati uzaytirilmaydi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori FPKning
23-bobida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga ko‘ra, mazkur bobda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda sud tomonidan qabul qilinadi.

Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini o‘tkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan ko‘rib chiqadi.

Germaniyada sud ishlarini soddalashtirilgan tartibda hal etishdagi yana bir muhim jihat – fuqarolik protsessida sud jarayonlarini tezlashtirish, soddalashtirish prinsipining mavjudligi hisoblanadi. Mazkur prinsip sudda fuqarolik ishlarini ko‘rish vaqtini qisqartirishni nazarda tutuvchi qonunchilikda belgilangan choralar orqali ta’minlanadi. Xususan, fuqarolik ishi sudda tez va o‘z vaqtida ko‘rib hal etilishi uchun mazkur ish sud majlisiga qadar puxta tayyorgarlikdan o‘tadi. Zero, Germaniya fuqarolik protsessual qonunchiligida sud muhokamasini iloji boricha qisqa muddatda olib borish haqida norma mavjud. Sud ishni sudda ko‘rishga tayyorlash bo‘yicha talab qilinadigan barcha protsessual harakatlarni o‘z vaqtida o‘tkazish va taraflarga ish bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini aniqlab olish hamda ish bo‘yicha guvohlar, ekspertlarni sudga jalb qilish hamda boshqa shaxslardan yozma dalillarni talab qilish bo‘yicha yordam berish majburiyatini oladi. Taraflar ham o‘z manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiluvchi protsessual vositalarni o‘z vaqtida sudga taqdim etishlari kerak, aks holda ushbu dalillarni sud rad etishi mumkin4.

Tahlillarga asoslangan holda fuqarolik sud ishlarini yuritishni jadallashtirishga (soddalashtirishga) xizmat qiladigan quyidagi tartiblarni amaliyotga tatbiq etish taklif qilinadi:

1. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ishlar (FPKning 2792-moddasi) qatoriga da’vo bahosidan qat’i nazar da’vogar tomonidan taqdim etilgan javobgarning pul majburiyatlarini tasdiqlovchi va (yoki) shartnoma bo‘yicha uning qarzdorligini tasdiqlovchi hujjatlarga asoslangan da’vo arizasi bo‘yicha ishlarni ham kiritish.

2. Soddalashtirilgan tartibda yuritiladigan ishlar uchun dastlabki sud majlislari o‘tkazilmasligi va ishni ko‘rish keyinga qoldirilmasligi kabi qoidalarga rioya etish.

3. Soddalashtirilgan tartibda ish yuritishda zamonaviy texnik vositalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish.

4. Sud ishlarini yuritishga xos bo‘lgan umumiy guruh prinsiplari tizimini “Sud ishlari yuritishni jadallashtirish” deb nomlangan yangi prinsip bilan to‘ldirish.

5. Soddalashtirilgan tartibda yuritiladigan ishlarning kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish.

6. Odil sudlovga yo‘l qo‘yish va uning osonlik bilan yechilishini nazarda tutish maqsadida AQSHda mavjud bo‘lgan tajriba – advokat ishtiroki shart bo‘lmagan, ish yuzasidan dastlabki ish yuritish talab etilmaydigan, taraflar o‘rtasida bahslashishga qaratilgan hujjatlarni bir-birlariga nisbatan taqdim etish majburiyati yuklatilmagan, da’vo ariza o‘rniga sudda ish qo‘zg‘atishni osonlashtiradigan va taraflar haqida minimal ma’lumotlarni qamrab olgan arizalarni taqdim etish orqali ayrim kichik da’vo talablari bo‘yicha ish yuritishni yo‘lga qo‘yish.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, fuqarolik sud ishlarini yuritish bo‘yicha sudlar faoliyatini jadallashtirish, odil sudlovga yo‘l ochish va uning uchun shart-sharoit yaratish borasidagi vazifalarni hal etish ko‘p jihatdan sud ishlarini yuritishning maxsus soddalashtirilgan tartib-taomillarini joriy etish hamda uncha murakkab bo‘lmagan va keng ko‘lamdagi sud muhokamasini talab etmaydigan nizolarni muqobil hal etish usullarini qo‘llash bilan bog‘liqdir. Zero, da’vo taqdim etishdan to sud hal qiluv qarorini chiqarguncha bo‘lgan yo‘l qanchalik qisqa va yengil bo‘lsa, protsess shuncha takomillashgan bo‘ladi.

O‘tkirbek DAVLETOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti
kafedra boshlig‘ining o‘rinbosari,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent

 

1 Вершинин А.П. Способы защиты гражданских прав в суде. Диссертация в виде научного доклада на соискание ученой степени доктора юридических наук. – Санкт-Петербург. 1998, – 40 с.

2 Оробец В.М. Специализированные трудовые суды: зарубежный опыт и российское законодательство // Журнал российского права. 2003. – № 9.

3 Грибанов Ю.Ю. Рассмотрение дел в порядке упрощенного производства в гражданском и арбитражном процессе: Сравнительное исследование правовых систем России и Германии: Автореф. дис. соискание ученой степени канд. юрид. наук. – Томск, 2007. – 8 с.

4 Stein F. Kommentar zur Zivilprozessordnung. Tubingen. 1984. S. 82.; Baur F. Zivilprozessrecht. Frankfurt am Mein. 1985. S. 25—49; Jauernig O. Zivilprozessrecht Munchen, 1985. S. 70—100.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa