Eskrou tizimi iste’molchilar uchun qanday qulayliklar yaratadi?

0
425

Jamiyatda jismoniy va yuridik shaxslar muhim institutlardan biri bo‘lgan bitim orqali fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishadi. Bitim tufayli elektron tijorat ham tobora rivojlanib bormoqda. Xususan, statista.com saytining ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilga kelib dunyoda elektron tijoratda xaridorlar soni 2,14 mlrdga yetgan, mobil elektron tijorat 72,9 foizga oshgan.

Elektron tijoratning an’anaviy tijoratdan farqi shundaki, unda tomonlar masofadan turib huquqiy munosabatlarni o‘rnatadi. Shunda tomonlarning bir-biriga ishonchi past bo‘lishi tabiiy va majburiyatlarining bajarilmaslik xavfi yuqori bo‘ladi. Masalan, xaridor mahsulot uchun oldindan pul to‘laganidan so‘ng buyurtmani yetkazib berish bo‘yicha majburiyat bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan hollarda to‘lovni qaytarib olish bo‘yicha muammolar yuzaga keladi.

Mazkur yo‘nalishda Koreya Respublikasining tajribasini ijobiy baholash mumkin. Koreyada “Elektron tijoratda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.

Unda elektron tijoratda iste’molchi huquqlarini himoya qilish maqsadida eskrou to‘lov tizimi (shartli deponentlash) joriy qilingan.

Eskrou tizimi tovar oluvchiga tovarning yetib kelishini, tovar sotuvchi uchun mablag‘ kelib tushishini ta’minlaydi. Eskrou bitim amalga oshishi uchun vositachi sifatida namoyon bo‘ladi. Eskrou talablariga ko‘ra, xaridor tovar uchun pulini saqlash uchun uchinchi shaxsga – eskrou-agentga (masalan, elektron savdo maydonchasi operatoriga) o‘tkazadi va keyinchalik xaridorga tovar yetib kelganda bu pul sotuvchiga o‘tkaziladi. Shartnoma shartlari bajarilmaganda pul xaridorga qaytarib beriladi.

Nima uchun eskrou xizmatlaridan foydalanish zarur?

Eskroudan odatda quyidagi holatlarda foydalaniladi:

yirik mablag‘li bitimlarda (masalan, uy sotib olish);

xaridor to‘lashdan oldin ish sifatini tekshirib olishi shart bo‘lgan рolatlarda;

xizmat ko‘rsatuvchi kafolatlangan to‘lovsiz ish boshlashni rad etgan hollarda.

Eskrou xizmati, shuningdek, tranzaksiyalarni bosqichma-bosqich bajarish zarur bo‘lganda juda ham qulay hisoblanadi. Loyihani davom ettirish uchun xizmat ko‘rsatuvchiga mablag‘ kerak bo‘lishi, ammo xaridorga ish tugatilishidan oldin to‘liq miqdorni xizmat ko‘rsatuvchiga ishonib topshirish ma’qul kelmasligi mumkin. Bunday hollarda, kelishuv bosqichma-bosqich bajarilgani sari, mablag‘ eskrou xizmatini taqdim etuvchi maxsus shartli
hisob raqamidan to‘lab boriladi.

Eskrou tizimi qaysi sohalarda keng qo‘llanadi?

Onlayn bitimlarni amalga oshirayotganda tovar yoki xizmatni xarid qilayotgan subyekt haqida to‘liq ma’lumot bo‘lmasligi yoki ma’lumotlarda shaffoflik kam bo‘lishi mumkin. Shu sababli internetda xaridor va sotuvchini himoya qilish uchun onlayn tarzda eskrou xizmatlarini taklif qiluvchi litsenziyaga ega uchinchi shaxslar mavjud. Xaridor va xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtasida shartlar, shu jumladan sotib olish miqdori, tovarlarni yetkazib berish va aniq qaytarib berish muddati muhokama qilinadi hamda uchinchi tomonga yetkaziladi. Barcha shartlar bajarilib tomonlar roziligi olingandan so‘ng internet saqlash (eskrou) xizmati to‘lovni xizmat ko‘rsatuvchi hisobiga ko‘chiradi. Shu bilan bitimdagi majburiyatlar tugaydi.

Kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda bitimning adolatliligini ta’minlash uchun nizolarni hal qilish protokoli kuchga kiradi. Protokol bo‘yicha amallar bajarilgach, bitim uchun pul to‘lanishi yoki egasiga qaytarilishi to‘g‘risida kelishuvga erishiladi.

Eskrou xizmatlari internet tarmog‘idan tashqarida ham keng qo‘llanilishi mumkin. Ko‘p davlatlarda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomasida eskrou amaliyoti qo‘llanadi. Xizmat birinchi navbatda xaridorni himoya qiladi. Xaridor mulkning joriy standartlarga javob bermasligidan, sotuvchi aldash uchun harakat qilmasligidan, qolaversa u pulni to‘laganidan so‘ng ko‘chmas mulk uning nomiga o‘tkazilmay qolishidan xavotirga tushmaydi.

Xaridor eskrou hisobiga mablag‘ni joylashtiradi, sotuvchi (xizmat ko‘rsatuvchi) shartnomada avvaldan ko‘rsatilgan majburiyatlar bajarilgandan so‘ng ushbu mablag‘ni olishi mumkin bo‘ladi. Bank yoki boshqa moliyaviy tashkilot, mustaqil vositachi sifatida, barcha shartlarning bajarilishini nazorat qilib boradi.

Onlayn eskrou xorijda 2009-yildan ish boshlagan. “eBay” va “AliExpress” kabi onlayn bozorlar ushbu texnologiyadan bir necha yildan beri foydalanib kelmoqda. Masalan, “eBay” va “FedEx” platformalarida himoya bo‘yicha sherik sifatida Escrow.com litsenziyalangan onlayn xizmati mavjud. “AliExpress”, “PayPal” va “WebMoney” kabi elektron savdo maydonlarida ushbu mexanizm keng qo‘llanadi.

Mamlakatimizda eskrou tizimining joriy etilishi O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdisi amalga oshirilayotganda va boshqa sohalarda bitimlar tuzishda eskrou tizimi joriy etilishi belgilandi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi Raqamli transformatsiya markaziga “eskrou” tizimi funksiyalarini bajarishi munosabati bilan bitta shaxsiy hisobvaraqdan hisob-kitoblar va to‘lovlar hamda tomonlarning shartnoma majburiyatlari kafolatli (akkreditiv tamoyili bo‘yicha) bajarilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Farrux JO‘RAYEV,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here