Konstitutsiyamizning 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” deya qayd etilgan. Uning 21-moddasiga muvofiq esa inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart.
Ammo afsuslar bo‘lsinki, kundalik hayotimizda ayrim yurtdoshlarimiz o‘zgalarning sha’ni va hurmatini oyoq osti qilishdan ham tap tortishmaydi. Ko‘pincha bunday holat tilga erk berish oqibatida yuzaga keladi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi Salima Azimova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) o‘ylamay, mulohaza qilmay gapirish jabrini tortishga majbur bo‘ldi. Aniqlanishicha, S. Azimova 2024-yil 4-avgust kuni tumanning Feruza ko‘chasi 5A-uy oldida ko‘p qavatli uylar boshqaruvi boshlig‘i lavozimida ishlab keluvchi G. Holisova bilan tortishib qoladi. Mojaro ko‘p qavatli uylarning suv quvurlaridan badbo‘y hid kelgani tufayli kelib chiqadi. Shunda Salima go‘yoki suv quvurlarini tuzatmaganligi vaji bilan boshliqqa “O‘g‘risizlar” deya tuhmat qiladi. Bu bilan S. Azimova G. Holisova ko‘pchilikning oldida sharmanda qiladi. Binobarin, mazkur holatga chidolmagan jabrlanuvchi huquqni muhofaza qiluvchi idoraga murojaat etadi. Shu bois Salima Azimovaga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atiladi.
Yoki fuqaro Asadullo O‘rmonov 2024-yil 28-sentabr kuni tanishi Sh. Abdullayeva bilan telefon orqali muloqot qilish asnosida bahslashib qoladi. Natijada yigit kurakda turmaydigan behayo so‘zlar bilan haqorat qilib, ayolning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitadi. Ayni holatda ham jabrlanuvchining murojaati asosida A. O‘rmonovga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Yaqinda har ikkala ish ham jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqildi. Ya’ni, sud S. Azimovani O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi bilan aybli deb topib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 (o‘ttiz) baravari – 10 million 200 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi. A. O‘rmonov esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Biroq qaramog‘ida kasalvand ota-onasi borligi inobatga olinib, kodeksning 33-moddasi tartibida bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari – 1 million 20 ming so‘m miqdorida jarima jazosiga tortildi.
Xulosa o‘rnida S. Azimova va A. O‘rmonov singari hamyurtlarimizga Konstitutsiyamizning 60-moddasi talablarini alohida eslatib qo‘ymoqchimiz. Unga binoan, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar. Boshqacha aytganda, boshingga ne balo kelsa, birovdanmas o‘zingdan ko‘r.
Dilnoza HOLIQNAZAROVA,
jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo
Ulug‘bek tuman sudining sudyasi